Mehnat jarayonida ishlovchilarning alohida kategoriyalariga beriladigan yengilliklar va huquqlar tizimi
Ish faoliyatida insonning charchashi, toliqishi, zo‘riqishi, kasallanishi ehtimoli bajarilayotgan ish turi, sharoiti va inson organlarining xususiyatlari kabi omillarga bog‘liq. Ushbu holatda salbiy oqibatlarning, kasalliklarning kelib chiqishining oldini olishda ishchi xodimlarning alohida kategoriyalari mehnat faoliyatiga ahamiyat berilishi zarur. Ish faoliyatida yoshlar, ayollar va boshqa alohida kategoriyaga mansub ishlovchilarga turli imtiyozlar va yengilliklar beriladi.
Mehnat jarayonida ishlovchilarning alohida kategoriyalariga beriladigan yengilliklar va huquqlar tizimidagi muhim masalalardan biri ishlovchilarning ishlash va dam olish vaqtining to‘g‘ri tashkil etilishidir. Shuningdek, ishlovchilar ish vaqtining to‘g‘ri tashkil etilishi ishlab chiqarishda ish unumdorligi va samaradorligi oshishining, shikastlanishlar kamayishining asoslaridan biridir.
Ishlovchilarning ishlash va dam olish vaqti. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 38-moddasiga binoan “Barcha yollanib ishlayotgan fuqarolar dam olish huquqiga egalar”. “Ish vaqti va haq to‘lanadigan mehnat ta’tilining muddati qonun bilan belgilanadi” deyilgan jumla ham katta ijobiy xususiyatga ega. Ishlash va dam olish huquqini ta’minlash, hamda mana shu huquqning amalga oshirilishini ta’minlaydigan ijtimoiy baza O‘zbekiston Respublikasining “Mehnat kodeksi” va “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuniga asoslangan.
Ish vaqti, bu xodim ish tartibi yoki grafigiga, yoxud mehnat shartnomasiga muvofiq, o‘z mehnat vazifalarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan vaqt hisoblanadi. Хodimlar ish vaqtining muddati haftasiga qirq soat qilib belgilangan. Ishchi xodimlar olti kunlik ish haftasida kunlik yetti soat, besh kunlik ish haftasida esa kunlik sakkiz soatdan ortiq ishlamasliklari kerak.
Korxonada ayrim toifadagi xodimlar, o‘smirlar, ayollar va alohida kategoriyaga mansub xodimlar uchun yoshi, sog‘lig‘i holati, mehnat sharoitlarini, o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olinib, ish vaqtining qisqartirilgan muddati bo‘yicha ishlaydilar. Yuqorida ta’kidlangandek, mehnat jarayonida mashg‘ul bo‘lgan ishchi xodimlarning mehnatini to‘g‘ri tashkil etilishi muhim ahamiyatga ega. Ushbu holatni hisobga olib mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlar, shuningdek, mehnat shartnomasi shartlari hisobga olinib, mehnatga to‘lanadigan haqni kamaytirmasdan, ish vaqtining qisqartirilgan muddati quyidagilar uchun belgilanadi: o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlar; I va II guruh nogironi bo‘lgan xodimlar; noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar; alohida tusga ega bo‘lgan ishlardagi xodimlar; uch yoshga to‘lmagan bolalari bor, moliyaviy jihatdan budjet hisobidan ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollar.
Noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan ishlovchilar ish vaqtining haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmaydigan ish rejimiga asosan ishlaydilar. Agar ish sharoitida xodim sog‘lig‘iga fizikaviy, kimyoviy, biologik va ishlab chiqarishning boshqa zararli omillari ta’sir etadigan bo‘lsa bunday holatda noqulay mehnat sharoiti yuzaga keladi. Korxonadagi bunday ishlarning ro‘yxati va ularni
bajarishda ish vaqtining muayyan muddati tarmoq (tarif) kelishuvlarida, jamoa shartnomalarida belgilab qo‘yiladi. Ayrim hollarda, bunday ishlar ro‘yxati tuzilmagan bo‘lsa, ro‘yxat mehnat sharoitlariga baho berishning O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan uslubiyat asosida tuziladi.
Ba’zi bir sharoiti o‘ta zararli va o‘ta og‘ir ishlar davlat tomonidan belgilangan ish vaqtining muddatiga rioya qilinib olib boriladi.
Alohida tusga ega bo‘lgan ishlarda, ya’ni yuqori darajadagi his-hayajon, aqliy zo‘riqish, asab tangligi bilan bog‘liq ishlarda, faoliyat olib boradigan xodimlar uchun (tibbiyot xodimlari, pedagoglar va boshqalar) ish vaqtining muddati, Mehnat kodeksining 118-moddasiga binoan, haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi. Ishchi-xodimlar, to‘liq ish kunida ishlay olmaydigan holda bo‘lsa, korxona bilan kelishuvga binoan ishga qabul qilish chog‘ida ham, keyinchalik ham to‘liqsiz ish kuni yoki to‘liqsiz ish haftasi bo‘yicha ish kunlari belgilanadi va shu kunlarda xodim ishlaydi.
Тo‘liqsiz ish vaqti sharti bilan ishlagan xodimga ish haqi, ishlangan vaqtga yoki ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi yoki miqdoriga mutanosib ravishda to‘lanadi.
Ish haftasining kunlari, ish vaqti rejimi korxonalarda ichki mehnat tartibi qoidalarida, boshqa lokal me’yoriy hujjatlar asosida, bu hujjatlar bo‘lmaganda esa, xodim bilan ish beruvchining kelishuviga binoan, ish vaqtiga aniqliklar kiritilishi ko‘zda tutiladi.
Хodimni, surunkasiga ikki smena davomida ishga jalb etishga, ayrim hollarda ish smenasining muddati o‘n ikki soat bo‘lganda, o‘ta og‘ir va o‘ta zararli ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Korxonadagi xodimlar bayram (ishlanmaydigan) kunlari arafasida ish muddati va tungi vaqtdagi ishning muddati bir soatga qisqartirilgan tartibda ishlaydilar.
Хodim uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatidan tashqari ishlash, ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi shuningdek, ish vaqtidan tashqari ishning muddati har bir xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida to‘rt soatdan va yiliga bir yuz yigirma soatdan oshmasligi kerak va xodimning roziligi bilan qo‘llanishi mumkin.
Korxonada xodim mehnat vazifalarini bajarishdan xoli bo‘lgan va bundan u o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanishi mumkin bo‘lgan vaqt dam olish vaqti hisoblanadi. Ishchi-xodimga ish kuni (smena) davomida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus beriladi va bu tanaffuslar ish vaqti hisoblanmaydi. Тanaffus berish, dam olish vaqti va uning aniq muddati ichki mehnat tartibi qoidalarida, smena grafiklarida yoki xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilab
qo‘yiladi, ushbu tartibga barcha ishchi-xodimlar amal qilishlari kerak.
Ishlab chiqarish korxonalarida, to‘xtovsiz ish olib boriladigan ish sharoitiga ko‘ra, dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish imkoniyati va xodimga ish vaqtida ovqatlanib olishga sharoit yaratiladi. Bunday ishlarning ro‘yxati, ovqatlanish tartibi va joyi ichki mehnat tartibi qoidalarida ko‘rsatiladi. Mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlar bilan, ish kuni (smena) davomida boshqa tanaffuslar ham belgilab qo‘yilgan:
smenada ish boshlanishi o‘rtasidagi kundalik dam olish vaqtining muddati o‘n ikki soat bo‘lishi;
ishchi xodimlarga ish davomidagi tanaffuslardan tashqari dam olish kunlari, besh kunlik ish haftasida xodimlarga haftada ikki dam olish kuni, olti kunlik ish haftasida esa, bir dam olish kuni berilishi;
umumiy dam olish kuni yakshanbaligi.
Ish beruvchining farmoyishi bo‘yicha ayrim xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb etish alohida hollardagina kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Хodimlarni ular dam oladigan kunlari ishga jalb etish Mehnat kodeksining 220-moddasi beshinchi qismida va 228, 245-moddalarida, belgilangan
cheklashlarga rioya etgan holda dam olish kunlarida bajarilgan ish uchun kompensatsiya va haq to‘lash esa 157-moddasiga binoan amalga oshiriladi.
Quyidagi kunlar bayram (ishlanmaydigan) kunlar qilib belgilangan:
1 yanvar – Yangi yil; 8 mart – Хotin-qizlar kuni; 21 mart – Navro‘z bayrami; 9 may – Хotira va qadrlash kuni; 1 sentabr – Mustaqillik kuni; 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni; 8 dekabr – Konstitutsiya kuni; Ro‘za hayit diniy bayramining birinchi kuni; Qurbon hayit diniy bayramining birinchi kuni.
Bayram kunlari xodimlar alohida hollardagina ish beruvchining farmoyishi bilan belgilangan tartibda ishga jalb etiladi. Ishlab chiqarish sharoitlari va boshqa sharoitlarga (uzluksiz ishlaydigan korxonalar, obyektlarni qo‘riqlash, ularning xavfsizligini ta’minlash kabilarga) ko‘ra ishni to‘xtatib turish mumkin bo‘lmagan joylarda, aholiga xizmat ko‘rsatish zarurati bo‘lgan ishlarda, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan ta’mirlash va yuk ortish-tushirish ishlarida bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlashga yo‘l qo‘yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |