Ish haqi- ishchilar, xizmatchilar mehnatining sifati va unumdorligiga qarab belgilanadigan, ularning milliy mahsulotdan oladigan pul ko’rinishidagi ifodasi. Ish haqining asosiy vazifasi xodimlarning o’zi va yoki ularning oila a’zolarining hayotiy sharoitlarini ta’minlashdir. Nominal va real ish haqi insonlarning turmush darajasini ifodalaydi, ya’ni nominal ish haqi xodimlarning o’z mehnati evaziga olgan pul daromadlari. Real ish haqi esa xodimning o’z ish haqiga qancha va qanday iste’mol buyumlari yoki qanday madaniy xizmatlardan foydalana olishi mumkinligini ko’rsatadi. Real ish haqini nominal ish haqining “xarid etish” qobiliyati desa ham bo’ladi. Bozor iqtisodiyoti davlatlarida haq to’lashda, asosan vaqtbay va ishbay tizimlari qo’laniladi. Vaqtbay ish haqi- xodim oladigan ish haqi miqdori ishlagan vaqtiga qarab beriladi. Ishbay ish haqi- xodimning ma’lum bir vaqt davomida tayyorlagan mahsuloti, qilgan ishlari bilan o’lchab beriladi. Masalan, banklardagi xodimlarga ham ish haqi vaqtbay hisobida beriladi.
Ish haqini belgilab beruvchi asosiy omillar- Ishchi kuchining qiymati, mehnatning sifati va miqdori, xodimlarning mehnat samaradorligini oshishi, ish haqini umumiylashtirish darajasi va millat, jins, din va boshqa belgilar. Ish haqiga ta’sir etuvchi omillar ham mavjud. Masalan, bozor iqtisodiyotida ish haqi hajmiga bir qator bozor omillari ta’sir ko’rsatadi: bozorda talab va taklif o’zgarishlari, mehnatga bo’lgan talab o’zgaruvchanligi, iste’mol tovarlari va xizmat narxlarining o’zgarishi kabilar. Bu omillar ish haqining tushishiga yoki ko’tarilishiga ta’sir etadi. Ish haqi davlat tomonidan tartibga solinadi. Uni tartibga solishda va tashkil etishda davlatga tarif setkasi(tizimi) yordam beradi. Davlat tomonidan har bir korxona, tashkilotlar uchun yagona tarif setkasi joriy etiladi. Ish haqini tartibga solish 3 yo’nalishda amalga oshiriladi: 1) ish haqi minimumini belgilash. 2) O’rtacha ish haqining ortib borishini ma’lum darajada cheklash. Bu usul orqali inflatsiya su’ratlarini pasaytirish mumkin. 3) ish haqining o’rtacha oshib borishiga qarab, soliq stavkalarini ham oshirib borish. Shu 3 ta yo’l orqali ish haqi darajasi bir maromda ushlab turilishiga harakat qilinadi.