Bosim ostida ishlatiladigan idishlarni tayyorlashga va konstruksiyasiga qo‘yiladigan asosiy xavfsizlik talablari
Ishlab chiqarishda bosim ostidagi idishlar katta potensial xavfga ega bo‘lganligi sababli ularni tayyorlashga va konstruksiyasiga yuqori talablar qo‘yiladi. Bosim ostidagi idishlarni loyihalash, tayyorlash va ularni ishlatish “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqilib amalga tatbiq qilingan “Bosim ostida ishlaydigan idishlarning tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalari”, “Bug‘ va issiq suv quvurlarining tuzilishi va xavfsiz ekspluatatsiya qilish qoidalari”, “Тexnologik quvuro‘tkazgichlarning tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalari”, “Statsionar kompressor qurilmalari, havo o‘tkazgich quvurlari va gaz quvurlarining tuzilishi hamda ulardan xavfsiz foydalanish qoidalari” kabi me’yoriy
texnik hujjatlar talablari asosida bo‘lishi kerak [43].
Хavfsizlikni ta’minlash nuqtayi nazaridan bosim ostida ishlaydigan idishlarni tayyorlashga quyidagi asosiy talablar qo‘yiladi:
idishning konstruksiyasiga qo‘yiladigan talablar;
idish tayyorlanadigan metall sifatiga qo‘yiladigan talablar;
v) idishni tayyorlashda payvandlashga qo‘yiladigan talablar (payvandchining ismi-sharifi yoziladi yoki maxsus belgi qo‘yiladi);
g) parchinlash ishlariga qo‘yiladigan talablar;
d) idishning pasporti tayyorlanadi (unda asosiy parametrlar ko‘rsatiladi:
Pish , Psin , N , tk , devorlar qalinligi).
Bunda asosiy e’tibor uni tayyorlash uchun ishlatiladigan materialning sifatiga qaratilgan bo‘lib, u barcha texnik talablar bo‘yicha sanoatda xavfsizlikni ta’minlash nazorati talablariga javob berishi lozim. Payvandlangan joylari albatta mustahkam, nazorat qilish va tekshirish uchun qulay joyda bo‘lishi zarur. Idishlar ko‘rinishi toza, ishlatishga qulay va mustahkam, xavfsizligi to‘la ta’minlangan bo‘lishi, ochib tozalash va ta’mirlash imkoniyatini berishi kerak. Muqim o‘rnatilgan idishlar EUТQ talablari asosida yerga ulangan bo‘lishi zarur.
Bosim ostidagi idishlarni tayyorlash uchun ularga ishlatiladigan metall va boshqa materiallar sifatiga alohida e’tibor berilishi kerak. Ulardagi payvand choklarining mustahkamligi va egiluvchanligi idishlarning uzoq vaqt xavfsiz ishlashi imkoniyatini beradi.
Har qanday bosim ostida ishlaydigan idishlarni tayyorlashda, ta’mirlagandan keyin qayta yig‘ishda, shuningdek, ishlatish jarayonida idishni tayyorlagan zavod qo‘ygan barcha xavfsizlik talablarini bajarish nihoyatda muhim. Shuning uchun ham bunday idishlarni tayyorlashda va ishlatishda “Sanoatgeokontexnazorat” tomonidan ishlab chiqilgan maxsus chegaralovchi qoidalarga amal qilinishi xavfsizlikni ta’minlashning asosi hisoblanadi.
Bosim ostida ishlatiladigan idishlardan foydalanganda ham ularning xavfsizliklarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llash maqsadga muvofiqdir.
Umumiy bosim ostida ishlatiladigan idishlar va qurilmalarning muqim o‘rnatiladigan yoki ko‘chirib yuriladigan turlari mavjud. Bosim ostida ishlatiladigan idishlarning nihoyatda yirik va katta hajmli turlari ham mavjud, ularni bir joyga muqim o‘rnatib foydalaniladi. Bunday muqim o‘rnatilgan idishlar
portlaganda juda katta baxtsizliklar ro‘y berib, binolar vayron bo‘lishi, odamlar jarohatlanishi mumkin. Shuning uchun ham bosim ostida ishlatiladigan idishlarning hajmi qanday bo‘lishidan qat’i nazar ularning tuzilishi pishiq, ishlatganda xavfsiz va uning holatini tekshirib turish imkoniyati bo‘lishi kerak.
Idishlarning konstruksiyasi ta’mirlash, havo yordamida yoki suyuqliklar bilan yuvish, tozalash talablariga javob berishi kerak.
Issiq gazlar bilan qizishi mumkin bo‘lgan idishlarning tashqi devorlari maxsus sovutish tizimiga ega bo‘lishi va yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan haroratdan oshib ketmasligini ta’minlashi kerak.
Bosim ostidagi muqim o‘rnatilgan idishlar elektr tizimlari bilan jihozlangan bo‘lsa, unda idish va ularning yerga ulash qurilmalari elektr qurilmalarini o‘rnatish talablariga javob berishi shart.
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan ro‘yxatga va nazoratga olinadigan idishlar o‘rnatilgandan keyin korxona rahbarlari bergan yozma ariza asosida hisobga olinadi. Bu arizaga bosim ostida ishlaydigan idish to‘g‘risidagi ma’lumotlar: qurilmaning pasporti, qurib bitirilgach, ishning to‘la bajarilganligini tasdiqlovchi akt, bosim oshganda ishlatiladigan idish ulanishi kerak bo‘lgan qurilmaning chizmasi, bosimi va saqlovchi qurilmalari ilova qilinadi.
Muqim o‘rnatilgan bosim ostida ishlaydigan idishlarda xavfli vaziyat asosan ularning noto‘g‘ri tayyorlanishi yoki o‘rnatilishi, ish bajarish jarayonlarining buzilishi, ishlatish qoidalariga amal qilmaslik, saqlovchi qurilma va asboblarning buzuqligi, shuningdek, idishning zanglab yemirilishi natijasida ro‘y beradi. Bundan tashqari bosim ostida ishlatiladigan idishlar qopqoqlarining va asosiysi ishchi qismlarining darz ketishi, ba’zi bir sabablarga ko‘ra devorlarning yorilib ketishi natijasida portlash yoki boshqa hodisa ro‘y berishi mumkin. Shuning uchun ham yuqorida keltirilgan “Sanoatgeokontexnazorat” qoidalarida bosim ostida ishlaydigan idishlarni tayyorlash, o‘rnatish, ularni hisobga olish, texnik holatini aniqlash, saqlash va ishlatishga qaratilgan maxsus talab va chegaralar belgilab qo‘yilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |