O‟ng qorincha Qon o‘ng bo‘lmachadan o‘ng bo‘lmacha-qorincha teshigi orqali o‘ng qorinchaga o‘tadi. Bo‘lmacha-qorincha teshigining chetida uch tavakali klapan joylashgan bo‘lib, uni tarkibida oldingi, orqa va to‘siqli tavakalar farqlanadi. Tavakalar - endokard burmalari bo‘lib, zich tolali biriktiruvchi to‘qimadan tuzilgan. Tavakalarni tutashish joyida biriktiruvchi to‘qima o‘ng bo‘lmacha-qorinchali teshikni atrofini chegaralab turgan fibroz xalqaga aylanadi.Tavakalarning bo‘lmachali sirti silliq, qorinchali sirti esa notekis bo‘lib, bo‘rtiqlaridan payli ipchalar boshlanadi.
O‘ng qorincha uch qirrali piramida shaklida bo‘lib, qorinchaning yuzasida muskul tutamlari bir-biri bilan kesishib murakkab muskul chigali - et to‘siqlarini xosil qiladi. Qorincha devoridan bo‘shlig ichiga chiqib turadigan uchta so‘rg‘ichsimon muskullarni xosil bo‘ladi.
Uch tavakali klapanning tavakalari qorincha bo‘shlig‘iga ochilganda, qorincha diastola - bo‘shashgan xolda bo‘ladi. Qorinchalar sistolasida (qisqarganda) tavakalar yopiladi. Natijada, qon bo‘lmachaga kaytmasdan, o‘pka stvoliga qarab yo‘naladi.
O‘ng qorinchadan o‘pka stvoli boshlanadi, uning teshigida uchta yarimoysimon klapanlar bo‘ladi. Klapanlar o‘pka stvoli tomonga qarab ochiladi va qonni usha tomonga o‘tkazib, orqaga qaytarmaydi va qon qayta qorinchaga tushmaydi.
Yurakning chap bo‟lmachasi kubsimon shaklda bo‘lib, uning oldingi devoridan yurakning chap quloqchasi boshlanadi. Bu yerda tojtaroqsimon muskullar joylashgan. 4 o‘pka venasi arterial qonni yurakning chap bo‘lmachaga kelib kuyadi.
Yurakning chap bo‘lmachasi bilan chap qorinchasi o‘rtasida chap bo‟lmacha - qorincha teshigi bor. Bu teshikning chetiga ikki tavakali klapan birikkan.
CHap qorincha konus shaklida bo‘lib, bo‘shlig‘ining devoridan ikkita so‘rg‘ichsimon muskul va et to‘siqlari yaxshi ifodalangan. So‘rg‘ichsimon muskullardan klapan tavakalari chetiga payli iplar tortilgan bo‘ladi.CHap va o‘ng qorinchalar orasidagi qorinchalararo to‟siq muskul to‘qimadan tuzilgan, faqat yuqorigi qismi fibroz to‘qimali bo‘lib, ikki tomondan endokard bilan qoplangan.
Qorinchaning asosida chap arterial teshik joylashgan, undan aorta boshlanadi. Aorta teshigi uchta yarimoysimon qopkok bilan ta‘minlangan. CHap qorinchaning devori o‘ng qorinchaga nisbatan 2-3 marotaba qalinroq bo‘lib, asosan miokard xisobidan yaxshi rivojlangan.
Yurak devori uch qavatdan: 1. Ichki qavat - endokard, 2. O‘rta qavat-miokard, 3. Tashqi qavat- epikarddan tuzilgan.
Endokard - yurakning ichki pardasi, yurak kameralarining ichki yuzasini, muskul so‘rg‘ichlarini, pay iplarini qoplab turadi. Yurakning tavakali va yarimoysimon qopkoklari endakard xisobiga takomil etadi. Endokard bir necha qavatdan iborat. Yurak bo‘shlig‘iga qaragan qavati bazal membranada joylashgan yupqa endoteliy bilan qoplangan. Endoteliy ostida subendotelial qavat joylashadi. Undan chuqurroqda muskul-elastik qavat yetadi. Bu qavat tarkibiga silliq muskul xujayralari va elastik tolalari kiradi. Endokardning miokardga tegib turgan qavati tashqi biriktiruvchi to‘qimali qavat deb ataladi.
Miokard - ko‘ndalang-targ‘il muskul to‘qimadan tuzilgan. Bu qavat tipik miotsitlar va atipik miotsitlardan tashkil topgan. Tipik miotsitlar skelet muskulaturasidagi miotsitlardan tuzilishi jixatdan bir oz farqlanadi. Muskul tolalari bir-biridan qo‘shimcha disklar orqali ajraladi. Qo‘shimcha disklar skelet muskulaturasida bo‘lmaydi.
Atipik miotsitlar kelib chiqishi jixatdan muskul to‘qima xisoblanadi, lekin bajaradigan funktsiyasi nerv xujayralarni funktsiyasini eslatadi. Bu xujayralar impulslar ishlab chiqaradi. Impulslar taьsirida tipik miotsitlar qisqaradi. Morfologik jixatdan atipik miotsitlar tipik miotsitlardan farqlanadi. Atipik miotsitlarda sarqoplazmasi ko‘p, miofibrillalari kam va periferiyada (chetda) joylashgan.
Atipik miotsitlar yurakning o‟tkazuvchi tizimini xosil qiladi. Bularni Purinьe tolalari deb xam ataladi. Bu xujayralarning to‘plamlari yurakning ma‘lum joylarida uchraydi. Yurakning o‘ng quloqchasi bilan yuqoriga kovak vena oraligida Kis-Flak tuguni xosil bo‘ladi.
Bundan tashqari yurakning o‘ng bo‘lmachasi devorida joylashgan uch tavakali klapanga yaqinroq Ashof-Tavar tuguni boshlanadi. Bu tugundan qorinchalar orasiga Gis tutami kiradi, so‘ng chap va o‘ng oyoqchalarga bo‘linadi.
Yurakning o‘tkazuvchi tizimi yurak bo‘lmachalari bilan qorinchalari o‘rtasidagi sistola bilan diastola o‘rtasidagi ritmini tartibga solib turadi. Bo‘lmacha va qorincha miokardi bir-biridan ajralgan bo‘lib, shu tufayli kameralar aloxida qisqarish imkoniyatiga ega. Qorincha va bo‘lmacha muskullari chap va o‘ng bo‘lmacha-qorincha teshiklari atrofida joylashgan fiboz xalqalardan boshlanadi. Bo‘lmachalarda yuza va chuqur qavatlarni xosil qiladigan muskullar joylashgan. Yuza qavati ko‘ndalang yoki aylanma joylashib, ikkala bo‘lmachani o‘rab turadi. Chuqur qavati buylamajoylashgan muskul tolalaridan iborat bo‘lib, xar ikkala bo‘lmachani aloxida qoplab turadi. Qorinchalarda muskullar uchta qavatni xosil qiladi. Yupqa bo‘lgan yuza qavat ikkala qorincha uchun umumiy bo‘lib, uzunasiga joylashgan muskul tutamlaridan tashkil topgan. Muskul tolalari fibroz xalqalardan boshlanib pastga qarab qiya yo‘naladi va yurakning uchida burmani xosil qilib ichki buylama qavatga o‘tib, yuqorigi chetlari bilan fibroz xalqalarga birikadi. Tashqi va ichki buylama qavatlar orasida tsirkulyar joylashgan o‘rta qavati o‘rnashadi.
Epikard - yurak xaltasini xosil qiladigan seroz pardaning vistseral varagi bo‘lib, yurak, o‘pka stvoli, aorta va kovak venalar soxasini ustki tomondan qoplab, xaltaning (perikardning)seroz pardaning parietal varagiga o‘tadi. Epikard usti mezoteliy bilan qoplangan va yupqa biriktiruvchi to‘qimali plastinkadan iborat.
Yurakka keladigan nervlar simpatik chegara stvolidan, adashgan nervdan, bo‘yin va ko‘krak soxasidagi orqa miya tugunlaridan boshlanadi.
Ikkita arteriya o‘ng va chap arteriyalar yurak devorini qon bilan ta‘minlaydi. Bu arteriyalar aorta piyozchasidan boshlanib, yurak satxida toj va qorinchalararo egatlarda joylashgan. Tojsimon tomirlar yurakning uchta pardasida, so‘rg‘ichli muskullarida va go‘shtli etlarda kapillyarlargacha tarmoqlanib ketadi. Kapillyarlardan qon yurak venalariga, venoz sinusga va yurak bo‘lmachasiga iygiladi. O‘ng toj arteriyaning shoxlari o‘ng bo‘lmachani, o‘ng qorinchani orqa devorini, chap qorinchaning orqa devorining ma‘lum bir qismini, bo‘lmachalararo to‘siqni, qorinchalararo to‘siqni orqa qismining birdan uch qismini, o‘ng qorinchalarning so‘rg‘ichsimon muskullarini va chap qorinchaning orqadagi so‘rg‘ichsimon muskulini qon bilan ta‘minlaydi. CHap toj arteriyaning shoxlari chap bo‘lmachani, chap qorinchaning oldingi va orqa devorining yarimidan ko‘p qismini, qorinchalararo to‘siqni ikkidan uch qismini, chap qorinchaning oldingi so‘rg‘ichsimon muskulini qon bilan ta‘minlaydi. Ikkala toj arteriyalarni shoxlari tutashib, ikkita arterial xalqani xosil qiladilar. Perikard - berk xalta bo‘lib, ikki qavatdan tashqi - fibroz perikard va ichki - seroz perikarddan tuzilgan. Seroz perikard o‘z navbatda vistseral va parietal varaqlarga ajralib ketadi. Vistseral va parietal varaqlar orasida perikardial bo‟shliq joylashib, uni ichida seroz suyuqligi bo‘ladi. Seroz suyuqlik parietal va vistseral varaqlarining mezoteliy bilan qoplangan yuzalarini namlab turadi. Ochilmagan perikard konus shaklida bo‘lib, uning asos qismi diafragmani payli markazi bilan jiplashib ketadi, tumtoqlashgan uchi esa tepaga qaratilgan va aortani boshlang‘ich qismini, o‘pka stvolini va yirik venalarni o‘rab oladi. Perikardning orqa yuzasi qizilo‘ngach va aortaning ko‘krak qismiga yondoshadi. Yon tomonlaridan yumshoq biriktiruvchi to‘qima vositasida mediastinal plevra bilan yopishib ketadi. Perikardning bir qismi to‘sh suyagining ichki
yuzasiga taqalib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |