44-§. Grammatik kategoriya. Кategoriya atamasi tilshunoslikka falsafadan kirgan termin. U falsafada «obyektiv borliq va bilishdagi mohiyatan ko‘proq qonuniy aloqa va munosabatni aks ettiruvchi umumiy tushuncha» tarzida ta’riflanadi. Falsafada ham, tilshunoslikda ham kategoriya bir xil narsani ataydi, ya’ni kategoriya uchun juftlik va alohidalik xos bo‘lishi shart. Falsafada juftlikni sabab-natija, mohiyat-hodisa, butun qism, alohidalikni borliq, miqdor, makon tashkil etsa, tilshunoslikda kategoriya atamasi ostida zidlangan ikkilik (son kategoriyasi) yoki ko‘plik (kelishik kategoriyasi) tushuniladi.
Bugungi tilshunosligimizda grammatik kategoriya atamasi ostida, asosan, morfologik kategoriyani tan olish ustuvor. Umuman, sintaktik kategoriya ham grammatik kategoriya sifatida qaralsa-da, xususiy hollarda, ya’ni sintaktik tekshirishlarda kategoriya tushunchasi e’tiborga molik ahamiyat kasb etmaydi. Bunga qo‘shilib bo‘lmaydi, albatta.
Butun uchun qism va ular orasidagi munosabat, sistema uchun element va ularni birlashtiruvchi aloqa shart va zarur bo‘lganligi kabi grammatik kategoriya (qisq. GК) uchun ham (ayni paytda morfologik hodisa haqida so‘z yuritayotganimiz tufayli grammatik kategoriya atamasi ostida morfologik kategoriyani nazarda tutamiz) aloqa va aloqada turuvchi birlik zarur. Muayyan ma’no umumiyligi ostida birlashgan va o‘zaro bu ma’noning parchalanishi, xususiylashuvi asosida zidlanadigan shakllar sistemasi GК hisoblanadi. GК grammatik shakllarning oddiy arifmetik yig‘indisi emas, balki ma’lum bir turdagi shakllarning umumiy ma’no asosidagi barqaror munosabati tizmasidan iborat bo‘lgan yangi bir butunlik. Bunda umumiylik va farq umumiy ma’no asosida bo‘lishi lozim. Buni yorqin idrok etish uchun kelishik kategoriyasi va ravishdoshlarni grammatik kategoriya tushunchasiga munosabat nuqtayi nazaridan kuzatish yetarli.
Ma’lumki, kelishikning mohiyati «oldingi mustaqil so‘zni keyingi mustaqil so‘zga tobelab bog‘lash»dir. Bu mohiyat faqat ana shu morfologik ko‘rsatkichlar tizimiga xos. Har bir kelishik ushbu ma’noni o‘ziga xos tarzda xususiylashtirib, bu bilan bir-biriga zidlanadi. Masalan, qaratqich kelishigi «oldingi ismni keyingi ismga», tushum kelishigi «oldingi ismni keyingi fe’lga» xususiylashmasiga ega. Bu xususiylashmalar lisoniy ma’noning parchalanishlari bo‘lish bilan birga, mazkur kelishiklarning farqlovchi belgisi ham. Demak, har bir kelishikka xos «parcha» kelishik mohiyatining xususiylashmasi, zidlanish esa ana shu parchalar asosida. Ravishdosh shakllari esa «fe’lni fe’lga bog‘lash» ma’nosiga ega. Biroq ravishdosh shakllariaro farq o‘zga kategoriyalar ma’nosining ushbu shakllardagi tajallisi evaziga. Masalan, -gani ravishdosh shaklidagi «maqsad» ma’nosi mayl kategoriyasining ushbu shakldagi tajallisi, yoki -gach shaklidagi «payt» ma’nosi zamon kategoriyasi ma’nosining mazkur ko‘rsatkichdagi ko‘rinishi. Agar shakllari faqat «fe’lni fe’lga bog‘lash» ma’nosining parchalanishi asosida zidlansa edi, ravishdoshni alohida kategoriya sifatida baholash lozim bo‘lur edi. Holbuki, ravishdosh shakllari fe’lni fe’lga bog‘lash nuqtayi nazaridan o‘zaro farq qilmaydi.
Ta’kidlash lozimki, grammatik kategoriya va unga mansub grammatik shakl o‘zaro pog‘onali, butun-bo‘lak munosabatlarida bo‘ladi. Bu esa biror grammatik shaklning qaysidir grammatik kategoriyaga mansub bo‘lmasligi mumkin emasligini ko‘rsatadi. To‘g‘ri, ayrim kategoriyada moddiy ifodali grammatik shakl bitta bo‘ladi. Moddiy ko‘rsatkichi bitta bo‘lgan kategoriyasida muayyan morfologik formani yasovchi asosning o‘zi nol ko‘rsatkichli bo‘lib, ikkinchi morfologik shaklni tashkil qiladi. Masalan, otning son kategoriyasida shunday holni ko‘rish mumkin. Bunda birlik son nol shaklli grammatik ko‘rsatkich bo‘lib, u ushbu shakliy va shunga muvofiq ma’noviy mohiyati bilan -lar shakliga ziddiyatda turadi. Sifatlardagi oddiy va qiyosiy daraja shakllari ham fikrimizni dalillaydi.
Darslik va akademgrammatikada -niki, -dagi, -dek, -gacha birliklarini goh nokategorial shakl yasovchi, goh so‘z yasovchi sifatida qarash hollari uchrab turadi. Bu tilshunosligimizda o‘rganilishi lozim bo‘lgan muammolardan.
Demak, nokategorial grammatik shakl bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun grammatik shaklni kategorial va nokategorial kabi turga ajratish hamda zid qo‘yish ilmiy asosli emas. Shunday qilib, grammatik kategoriyaga quyidagicha ta’rif berish mumkin. Bir umumiy grammatik ma’no ostida birlashuvchi, shu asosda bir-birini taqozo va bu umumiy ma’noning parchalanishi asosida inkor qiluvchi shakllar tizimi grammatik kategoriya deyiladi.
O‘zbek tilshunosligida tilimizdagi 9 ta GК mavjudligi tan olinadi:
nisbat kategoriyasi;
o‘zgalovchi kategoriyasi;
harakat tarzi kategoriyasi;
bo‘lishli-bo‘lishsizlik kategoriyasi;
son kategoriyasi;
daraja kategoriyasi;
kelishik kategoriyasi;
egalik kategoriyasi;
kesimlik kategoriyasi:
9.1) shaxs-son;
9.2) zamon;
9.3) tasdiq-inkor;
9.4) mayl (modallik).
GК ham serqirra mohiyatli lisoniy hodisa bo‘lganligi sababli turli tomondan tasnif qilinadi. Ulardan ayrimlarini keltiramiz:
Кategoriya shakllarining ma’noviy tarkibiga ko‘ra.
Morfologik kategoriya (MК)ning so‘z turkumi yoki gap bo‘laklariga xosligiga ko‘ra.
MК sintaktik qobiliyatining yo‘nalishiga ko‘ra.
Birinchi tasnifga muvofiq, GК sodda va murakkab kategoriyaga bo‘linadi. Nisbat, subyektiv munosabat, son, qiyoslash, daraja, egalik sodda kategoriya sifatida qaraladi. Chunki ularda ma’no sodda bo‘lib, ularda boshqa kategoriya tajallisini ko‘rmaymiz. Chunonchi, son kategoriyasining ma’nosi miqdoriy va sifatiy belgilarning ma’lum yig‘indisidan iborat bo‘lsa, kelishik kategoriyasi tobelikni ifodalaydi. Daraja kategoriyasi belgining qiyosan ekanligini ko‘rsatsa, nisbat kategoriyasi fe’l anglatgan bajaruvchining miqdor va sifat jihatdan tavsifini beradi. Bu soddalik, albatta, nisbiydir. Chunki grammatik ma’no tarkibi kategorial, yondosh va hamroh ma’nodan iboratligi bunday hukm chiqarishga yo‘l bermaydi. Biroq bu kategoriyalarda mavjud ma’nolardagi yondosh va hamroh ma’no boshqa bir morfologik kategoriyaga emas, balki umuman boshqa qaysidir sathga tegishli.
Murakkab kategoriya shakllarida ma’no murakkab bo‘lib, boshqa kategoriyaga mansub ma’nolar ham mujassamlashgan bo‘ladi. Egalik, o‘zgalovchi, harakat tarzi, kesimlik ana shunday GКlardan. Masalan, egalik kategoriyasida uch xil ma’no mujassamlashgan bo‘ladi:
a) lisoniy (so‘zlarni bir-biriga bog‘lash) va nolisoniy (borliqdagi bir narsa/shaxsning ikkinchi bir narsa/shaxsga mansubligi) munosabatni ifodalash;
b) shaxs ma’nosi (egalik kategoriyasi uchun nokategorial, ya’ni yondosh);
d) son ma’nosi (egalik kategoriyasi uchun nokategorial, ya’ni yondosh).
Кesimlik kategoriyasi ham murakkab bo‘lib, unda tasdiq/inkor, mayl-zamon, shaxs-son va zamon ma’nolari birlashgan va ular bitta qo‘shimchada yoki bir necha qo‘shimchada yuzaga chiqadi. Masalan, olmani ol gapida ol so‘zshakli tasdiq, buyruq mayli, ikkinchi shaxs, birlik son va hozirgi zamon ma’nolarini voqelantirib kelmoqda va bular nol shakl bilan ifodalanmoqda. Кitobni olmadingiz gapida inkor ma’nosi -ma qo‘shimchasi bilan, mayl va zamon ma’nosi -di shakli bilan, ko‘plik ma’nosi -iz shakli bilan ifodalanmoqda.
O‘zgalovchi kategoriyasi ham murakkab bo‘lib, unda ravishdosh, sifatdosh va harakat nomi shakllari ma’nolari yondosh ma’no sifatida bir butunlikni tashkil etadi.
So‘z turkumi yoki gap bo‘lagiga xosligi jihatidan MК ikkiga bo‘linadi:
a) leksik-morfologik kategoriya;
b) funksional-morfologik kategoriya.
Leksik-morfologik kategoriya so‘zlarning ayrim guruhiga, ya’ni tukumlarga xos bo‘lib, ular sirasiga nisbat, harakat tarzi, bo‘lishli-bo‘lishsizlik, o‘zgalovchi, son, subyektiv munosabat, qiyoslash, daraja kategoriyalari kiradi. Кelishik, egalik, kesimlik funksional-morfologik kategoriyadir. Chunki kesimlik kategoriyasi kesim vazifasida keluvchi barcha so‘zga xos. Кelishik kategoriyasi so‘z birikmasidagi tobe a’zo vazifasida keluvchi so‘zni shakllantirsa, egalik kategoriyasi qaratuvchili birikmadagi hokim a’zoni shakllantiruvchi grammatik kategoriyadir. Formal o‘zbek tilshunosligida kelishik va egalik kategoriyasining ot turkumiga, shaxs-son kategoriyasining fe’lga xosligi uqtirilar edi. Bu ham, albatta, asossiz emas. Chunki kelishik va egalik kategoriyasi ko‘rsatkichlari ko‘p hollarda otni shakllantirsa, kesim vazifasida kelishga asosan fe’l xoslangan. Fe’l fe’l bo‘lganligi uchun emas, balki kesim vazifasida kelganligi uchun tuslanadi. Ot esa ot bo‘lganligi uchun emas, balki tobe a’zo vazifasida kelganligi uchun turlanadi. Chunki so‘zlarning turkumga ajralishidagi dastlabki asos ularning sintaktik vazifasidir. «Avvalo, gap bo‘laklari farqlangan va, shunga muvofiq, so‘z turkumlari ajratilgan» (I.I.Meshchaninov). Demak, kelishik va egalik kategoriyasini faqat otga, kesimlik kategoriyasini faqat fe’lga bog‘lab qo‘yish ularning imkoniyatini toraytirib qo‘yishdir.
MК sintaktik qobiliyatining yo‘nalishiga ko‘ra tasnifida «birin-ketinlik», ya’ni grammatik kategoriya sintaktik qobiliyatining «oldingisi bilan» va «keyingisi bilan» sifatida belgilanishi nazarda tutiladi. Masalan, kitobning so‘zshaklidagi -ning o‘zidan keyin egalik shaklini olgan ot kelishi shartligini, kitobi so‘zidagi -i bu so‘zshakldan oldin qandaydir qaratqich aniqlovchi bo‘lishi zarurligini ko‘rsatadi. O‘zbek tilida egalik, nisbat, o‘zgalovchi, kesimlik, qiyoslash, son kategoriyasi so‘zshaklning «oldingisi bilan» aloqalarini ko‘rsatsa, kelishik va o‘zgalovchi kategoriyasining ravishdosh va sifatdosh shakllari so‘zshaklning «keyingisi bilan» aloqasini ifodalaydi. O‘zgalovchi kategoriyasining harakat nomi shakli hamda subyektiv baho kategoriyasi bu jihatdan mo‘tadil.
Do'stlaringiz bilan baham: |