Keling,endi O’zbekiston Respublikasining tashqi siyosatda dunyo davlatlari va mintaqaviy hamkorlari bilan olib borayotgan faol aloqalari haqida gaplashamiz.
O‘zbekiston tashqi siyosatining yetakchi yo‘nalishlaridan biri Markaziy Osiyodagi davlatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston bilan do‘stlik, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan. Mintaqadagi beshta davlat o‘rtasida o‘xshash jihatlar ko‘p. Tariximiz, madaniyatimiz, tilimiz, dinimizning birligi, tomirlarimizning tutashib ketganligi bu mamlakatlar xalqlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirishning zaminidir. Yangi tarixiy sharoitlarda vujudga kelayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlarining kelib chiqishi, ularning tarixi, o‘ziga xos turmush tarzlari va yaqin qo‘shnichilik munosabatlariga har qachongidan boshqacharoq qarashni hayot taqozo eta boshladi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi siyosati mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga, mintaqaviy xavfsizlikning muhim muammolarini hal etishga, shu jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni hal qilishga ko‘maklashishga qaratilgan. O‘zbekiston mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaning transport va tranzit infratuzilmasini rivojlantirish, Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolarining suv-energetika resurslaridan oqilona va kompleks foydalanish hamda mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlash, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonini yakuniga yetkazish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi.
O‘zbekiston mintaqa davlatlari bilan do‘stona va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashdan, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishdan, parlamentlar, chegara hududlari, jamoat tashkilotlari va oddiy fuqarolar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirishdan manfaatdor.
O‘zbekiston Afg‘oniston bilan aloqalarni kengaytirishni, mazkur mamlakatdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarda faol ishtirok etishni davom ettiradi. O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklanishiga, uning transport, ishlab chiqarish, energetik va ijtimoiy infratuzilmalarini rivojlantirishga ko‘mak berishda davom etadi. Barqaror va ravnaq topayotgan Afg‘oniston Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlikning kafolatidir.
MDH malakatlari bilan hamkorlik ham O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Mazkur davlatlar bilan respublikamiz tarixan shakllangan siyosiy, iqtisodiy, transport-kommunikatsion va boshqa aloqalarga ega. O‘zbekiston Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan tenglik, o‘zaro foydalilik, bir-birining manfaatlarini hurmat qilish va e’tiborga olish tamoyillari asosida ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini qurishni davom etadi.
O’zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy kelishuvlarni amalga oshirishdagi yirik hamkorlaridan biri –Rossiya federatsiyasidir. O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasi bilan o‘zaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratdi. O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlar va hamkorlik 1992-yil imzolangan Davlatlararo munosabatlar, Do‘stlik asoslari to‘g‘risidagi shartnoma, 1998-yil imzolangan 1998–2007-yillar uchun iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi shartnomalar asosida rivojlanib bordi. Keyingi yillardagi O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilishida 2004-yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma muhim ahamiyat kasb etdi. 2005-yilda Moskvada imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek, 2012-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakuniga ko‘ra qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya” ikki davlat o‘zaro munosabatlarida alohida voqea bo‘ldi. Ikki mamlakat o‘zaro munosabatlari va hamkorligining yanada rivojlanishi va chuqurlashishiga 2013-yil aprelda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimov va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.Putin o‘rtasidagi Moskva uchrashuvi yangi turtki berdi. Ushbu uchrashuv chog‘ida davlatlarning keng qamrovli o‘zaro munosabatlaridagi hamkorlikni rivojlantirish holati va istiqboli ko‘rib chiqildi. Har ikki davlat mustaqillikka erishgandan keyingi davr ichida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 160 dan ortiq xalqaro shartnoma va 40 dan ziyod boshqa hujjatlar imzolandi. 2017-yil aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Rossiyada bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, harbiy-texnikaviy, migratsiya sohalari, shuningdek, mintaqalararo hamkorlik, turizm va sog‘liqni saqlashga oid umumiy qiymati 16 milliard dollar bo‘lgan 55 ta hujjat imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi global muammolarni hal etishda muhim rol o‘ynaydigan, yaqin mintaqaviy qo‘shni Xitoy bilan strategik hamkorlikni kuchaytirish tarafdori. Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini 1991-yil 27-dekabrda tan olgan. 1992-yil yanvarda diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida an’anaviy do‘stlik munosabatlari o‘rnatilgan. Bular ikki mamlakatga har ikki tomonni qiziqtiruvchi ko‘plab masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlik olib borish imkonini beradi. Xitoy Xalq Respublikasi Raisining 2010-yildagi O‘zbekistonga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil iyunda Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Uchrashuvlar davomida hamkorlikning istiqbollari belgilandi. Buning yaqqol dalili sifatida O‘zbekiston rahbarining Xitoyga tashrifi chog‘ida davlatlar rahbarlari tomonidan “Strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot” imzolanganini ko‘rsatish mumkin. O‘zaro manfaatli hamkorlikning huquqiy bazasini 2005-yilda imzolangan Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma, 2010-yildagi Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlarini har tomonlama chuqurlashtirish va rivojlantirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, 2012-yildagi Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya, 2013-yildagi Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi Qo‘shma deklaratsiya, 2014–2018-yillarga mo‘ljallangan Strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish dasturi hamda 2016-yilda imzolangan Qo‘shma bayonot tashkil qiladi. Mazkur hujjatlarning qabul qilinishi uzoq muddatli istiqbolda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. 2017-yil 11–13-may kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tardi. Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Shavkat Mirziyoyev Xitoyga boʻlgan tashrifi davomida umumiy qiymati 23 mlrd. dollar boʻlgan 105 ta ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri, Amerika Qo‘shma Shtatlari hisoblanadi. O‘zbekiston bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida davlatlararo aloqalar mustaqillikning dastlabki yillaridayoq yo‘lga qo‘yildi. 1992-yil fevralda AQSh davlat kotibi O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurdi va ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatildi. 1992-yil martda Toshkentda birinchi bo‘lib AQShning elchixonasi ochildi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1996-yil iyunda AQShda bo‘lishi O‘zbekiston va Amerika munosabatlarini yangi pog‘onaga ko‘tardi. Islom Karimov AQSh Prezidenti Bill Klinton bilan uchrashdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish, tomonlar manfaatiga daxldor bo‘lgan siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik masalalari muhokama etildi. Bill Klinton AQSh ma’muriyati Markaziy Osiyo mamlakatlarining mustaqilligi, barqarorligi va ravnaqidan manfaatdor ekanini, O‘zbekiston bilan qalin munosabatlar o‘rnatishni istayotganini, O‘zbekistonning tezroq dunyo hamjamiyatiga integratsiyalashuvi yo‘lida yordam berajagini ta’kidladi. 1996-yil O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi ochildi. 2002-yil 12-mart oyida imzolangan O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida Strategik sherikchilik va hamkorlikning asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiyasi asnosida o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishdan iboratdir. O‘zbekiston AQSh bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash va xalq turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan modernizatsiya jarayoni va islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitiaviy-texnologik va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor. Ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo‘nalishlari Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, transmilliy tahdid va xatarlarga qarshi kurashga ko‘maklashishdan iboratdir.2017-yil may oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan AQSh va arab-musulmon davlatlari sammitida ishtirok etdi. Sammit doirasida Shavkat Mirziyoyev va AQSh prezidenti Donald Tramp ilk bor uchrashdi. Donald Tramp davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar jarayonini yuqori baholadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi dunyoning 130 dan ortiq davlatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Toshkentda 44 ta chet el elchixonalari, 1 ta bosh konsullik, 8 ta faxriy konsullar, 17 ta xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, 13 ta xorijiy xalqaro hukumatlararo va hukumat tashkilotlari vakolatxonalari, 1 ta diplomatik maqomga ega savdo vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Xorijiy mamlakatlarda va xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining 55 ta diplomatik va konsullik vakolatxonalari mavjud. O‘zbekiston 100 dan ortiq xalqaro tashkilotlarning a’zosi bo‘lib, mamlakatimiz turli xil ko‘p tomonlama hamkorlik tuzilmalari bilan o‘zaro sherikchilik aloqalarini rivojlantiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |