DALOLATNOMA
Dalolatnoma ham kundalik hayotimizda ko`p qo`llanadigan hujjatlar sirasiga kiradi. Dalolatnoma, odatda, ma’lum muassasa, korxona, tashkilot yoki ayrim shaxslar faoliyati bilan bog`liq bo`lgan biror-bir voqea-hodisa, xatti-harakat yoki mavjud holatni tasdiqlash maqsadida kamida uch kishi tomonidan tuzilib imzolanadigan hujjatdir.
Dalolatnoma ikki yoki uch nusxada tuzilishi mumkin. Dalolatnomada tekshirilgan voqea, hodisa, xatti-harakat tafsiloti, jihozlar, asbob-uskuna, ashyolar, texnika, binolarning yaroqli-yaroqsiz holati o`z aksini topishi lozim. Chunki dalolatnomada qayd etilgan holat, dalillar ma’lum korxona, bo`lim yoki shaxs, uning yashash sharoiti, iqtisodiy imkoniyati, faoliyati haqida tegishli xulosa chiqarish uchun imkoniyat beradi.
Dalolatnomalarning zaruriy qismlari:
- muassasa, korxona yoki tashkilot nomi;
- hujjat nomi – dalolatnoma;
- tuzilgan sana va joy;
- dalolatnomani tuzish uchun asos bo`lgan hujjat (buyruq, qaror, ko`rsatma, ariza, farmoyish va hokazo);
- komissiya tarkibi (rais va a’zolarning lavozimi, familiyalari, ismlari);
- matn (tasdiqlanayotgan voqea-hodisa yoki mavjud holatning batafsil bayoni);
- ilovalar ro`yxati, ularning hajmi;
- dalolatnoma tuzuvchilar, ishtirok etuvchilar yoki guvohlarning imzolari, familiyalari, ismlari.
O`zbekiston Respublikasi Tasdiqlayman
Oliy va o`rta maxsus ta’lm vazirligi Tasdiqlangan
Guliston davlat universiteti
Universitet arxivi holati va
faoliyatini o`rganish haqida
DALOLATNOMA
2014-yil 28-may.
Guliston shahri.
Asos: universitet bo`yicha 2014-yil 20-mayda “Universitet arxivining holati va faoliyatini o`rganish haqida” chiqarilgan 07-F raqamli farmoyish.
Farmoyishga binoan universitet monitoring va ichki inspeksiyasi boshlig`i A.M.Uzoqov raisligida hamda huquqshunos-maslahatchi F.B.Valixo`jayeva, ma’naviyat va ma’rifat bo`limi boshlig`i X.To`xtayev, maxsus bo`lim boshlig`i A.A.Toshpo`latov, devonxona mudiri vazifasini bajaruvchi M.Boltayevlar a’zoligida komissiya tuzildi.
Komissiya shu yil 21-maydan 28-maygacha bo`lgan muddat davomida universitet arxivi holati hamda ish faoliyatini o`rganib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
1. Universitet arxivi uchun yangi qurilgan to`qqiz qavatli binoning to`qqizinchi qavatidan bir qancha xonalardan iborat joy ajratilgan, hujjatlar saqlanishi uchun metalli tokchalar o`rnatilgan, hujjatlarning xavfsizligi ta’minlangan.
2. Devonxonaning arxiv bo`limi uchun 1 mudira, 3 arxivarius, 1 EHM operatori shtat birliklari belgilangan. Avval mudir, keyinchalik arxivarius lavozimlarida ishlab kelgan Z.Rahmonova o`z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan va oqibatda bir qancha hujjatlar yaroqsiz holga kelib qolgan yoki yo`qolgan.
3. Universitet arxivining avvalgi – harbiy kafedra bilan birga joylashgan binoning ikkinchi qavatida isitish tizimida yuz bergan nosozlik tufayli bir necha bog`lam hujjatlar zangli iflos suvda qolib ketgan va natijada 1969-, 1970-, 1975-, 1977-, 1978-, 1979-, 1980-, 1982-, 1987-yillarga tegishli hujjatlar suvda bo`kib, yaroqsiz holga kelib qolgan.(Bu hujjatlarning to`liq ro`yxati dalolatnomaga ilova qilinadi)
4. Universitetning turli yillardagi faoliyati bilan bog`liq 204 nusxadagi hujjat, shaxsiy tarkibga oid 1796 hujjat turli sabablarga ko`ra yaroqsiz holga kelib qolganligi yoki yo`qolganligi tufayli hisobdan chiqarilishi lozim. (Bu hujjatlar ro`yxati va arxiv xodimlarining yaroqsiz hujjatlarni hisobdan chiqarish to`g`risidagi bildirishnomasi dalolatnomaga ilova qilinadi)
5. Sobiq pedagogika institutining turli yillarga oid faoliyati bilan bog`liq 21 nusxadagi hujjat, shaxsiy tarkibga doir 305 hujjatning yaroqsiz holga kelib qolganligi yoki yo`qolganligi tufayli ularni hisobdan chiqarish lozim. (Bu hujjatlar ro`yxati va arxiv xodimlarining yaroqsiz hujjatlarni hisobdan chiqarish to`g`risidagi bildirishnomasi dalolatnomaga ilova qilinadi)
6. Komissiya universitet arxivi yangi va uning xizmatidan foydalanuvchilar uchun qulay joyga ko`chirilib, hujjatlar saqlash uchun barcha shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratilganligini tasdiqlaydi.
7. Dalolatnoma ikki nusxada tuzildi, unga 8 betlik hujjatlar ro`yxati va ikki betdan iborat bildirishnoma ilova qilindi.
Komissiya raisi: imzo UZOQOV A.M.
Komissiya a’zolari: imzo VALIXO`JAYEVA F.B.
imzo TO`XTAYEV X.
imzo TOSHPO`LATOV A.A.
imzo BOLTAYEV M.
Do'stlaringiz bilan baham: |