Xalqaro shartnomalar Shartnoma – subyektlar o‘rtasida yuridik jihatdan bajarilishi shart bo‘lgan normalarni yaratish haqidagi ularning o‘zaro huquq va majburiyatlarini belgilaydigan o‘zaro kelishuvning oshkora ifodasidir.
Xalqaro sud Nizomining 38-moddasiga muvofiq xalqaro huquqning manbalari ta’kidlab o‘tilganda birinchi o‘ringa “nizolashayotgan davlatlar tomonidan aniq tan olingan, qoidalarni o‘rnatuvchi, umumiy hamda maxsus yo‘sindagi xalqaro konvensiyalar” qo‘yilgan. “Xalqaro konvensiyalar” atamasi bunda xalqaro shartnomalarni anglatadi. 1969-yildagi Xalqaro shartnomalar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga muvofiq “shartnoma” davlatlar o‘rtasida yozma shaklda tuzilgan va xalqaro huquq bilan tartibga solinadigan, bunday kelishuv bitta hujjatda yoxud bir nechtasida o‘z ifodasini topganligidan, shuningdek uning nomlanishidan qat’i nazar, xalqaro kelishuv ma’nosini anglatadi (2-m.). Hozirgi zamon xalqaro huquqida uning manbasi hisoblangan xalqaro shartnomalarning roli oshmoqda.
Xalqaro shartnoma – bu davlatlar va xalqaro huquqning boshqa subyektlari tomonidan yozma shaklda tuzilgan, bunday kelishuv bitta, ikkita hujjatda yoxud bir nechtasida o‘z ifodasini topganligidan, shuningdek uning aniq nomlanishidan qat’i nazar, xalqaro huquq bilan tartibga solinadigan kelishuv hisoblanadi1.
Garchi unda og‘zaki shakldagi shartnoma haqida biron bir so‘z deyilmagan bo‘lsa-da, davlatlar va xalqaro huquqning boshqa subyektlari o‘zaro rozilik asosida Vena konvensiyasining 1969-yilgi va 1986-yillardagi qoidalarini og‘zaki kelishuvlarga nisbatan ham joriy qilishlari mumkin. Xalqaro shartnomaning tushunchasi O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi Qonunida aniq belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi – respublikaning bir yoki bir necha davlat, xalqaro tashkilot yoxud xalqaro huquqning boshqa subyektlari bilan xalqaro munosabatlar sohasidagi huquq va majburiyatlariga doir teng huquqli va ixtiyoriy kelishuvidir1.
Hozirgi paytda xalqaro shartnomalar normalari ma’lum sabablar bois xalqaro huquqda asosiy o‘rinda turadi, jumladan:
1) odat normalarini yaratish uzoq davom etadigan jarayon bo‘lib, ba’zan ularni aniq mohiyatini o‘rnatishda qiyinchiliklar vujudga keladi. Shartnomaviy normani yaratish jarayoni uncha uzoq davom etmaydi hamda xalqaro huquq subyektlarining erklari ma’noli xususiyatga ega;
2) shartnomalarni tuzish va ijro etish jarayoni batafsil belgilangan va ishlab chiqilgan (“Xalqaro shartnomalar huquqi to‘g‘risida”gi 1969-yilgi va 1986-yillardagi Vena konvensiyasi);
3) shartnomaviy shakl subyektlar erkining ifodalanishiga yanada imkoniyatlarni yaratadi.
Ushbu va boshqa sabablar xalqaro-huquqiy normalarni yaratishning shartnomaviy jarayonini juda keng miqyosda qo‘llanilishini yuzaga keltiradi. Xalqaro huquq subyektlari xalqaro munosabatlarda shartnomalarning muhim rolini inobatga oladi hamda ularning xalqaro huquq manbasi sifatida yuksak ahamiyatini va davlatlar o‘rtasidagi tinchlik yo‘lidagi hamkorligini tan oladi.
Shartnomalarning umumajburiyligiga rozilik bildirish shartnomalarni imzolash yo‘li bilan amalga oshiriladi, agarda:
a) shartnomani imzolash shunday kuchga ega bo‘lishini nazarda tutsa;
b) muzokaralarda ishtirok etuvchi davlatlarning boshqacha tarzda o‘rnatilgan kelishuvi imzolanganligi shunday ahamiyat kasb etsa;
d) davlatlarning imzolash jarayoniga shunday ahamiyat berish niyati ular vakillarining vakolatlari orqali yuzaga kelishi yoki muzokoralar paytida qayd etilgan bo‘lsa.
Xalqaro shartnomalarning muhimligi shundan dalolat beradiki, xalqaro huquqda alohida bir soha – xalqaro shartnomalar huquqi mavjud.