2. Ikki fuqarolik va fuqarosizlik Bir shaxsda ikki yoki undan ortiq davlat fuqaroligiga ega bo‘lish imkoniyati mavjud. «Ikki fuqarolik» atamasi ko‘p fuqarolik (uch fuqarolik va hokazo)ni ham qamrab oladi. Ikki fuqarolik turli davlatlarning fuqarolik to‘g‘risidagi qonunlar kolliziyasi oqibatida, masalan, tuproq va qon huquqiga asoslangan qonunlarda vujudga keladi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, O‘zbekiston fuqarosi boshqa davlat fuqaroligiga ega bo‘lishi mumkin emas.
Ikki fuqarolik muayyan salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Ularning ichida quyidagilarni alohida ko‘rsatib o‘tish mumkin:
birinchidan, ikki fuqarolikka ega bo‘lgan shaxslarga diplomatik himoya ko‘rsatish bilan bog‘liq oqibatlar;
ikkinchidan, ikki fuqarolikka ega bo‘lgan shaxslarning harbiy xizmatni o‘tashi bilan bog‘liq bo‘lgan oqibatlar.
Ikki fuqarolik masalalariga bag‘ishlangan xalqaro shartnomalarning ikki turi mavjud.
Bulardan birinchisi — ikki fuqarolik oqibatlarini bartaraf qilishga qaratilgan shartnomalar (Diplomatik himoya ko‘rsatish yoki harbiy xizmat bilan bog‘liq);
ikkinchisi — ikki fuqarolik to‘g‘risidagi shartnomalar — ikki fuqarolikni yo‘q qilishga qaratilgan shartnomalardir.
Fuqarosizlik— shaxsning biron-bir milliy davlatning fuqaroligiga mansub emasligidir. Fuqarosizlik mutlaq va nisbiy bo‘lishi mumkin.
Fuqarosiz shaxslar (apatridlar) huquqsiz bo‘lmasligi kerak. Umuman ularning huquqiy maqomi ular yashayotgan davlatning ichki qonunlari bilan belgilanadi. O‘zbekistonda fuqarosiz shaxslarning maqomi chet ellik fuqarolarning maqomiga tenglashtirilgan. Bunda faqat bir istisno mavjud, ya’ni ularga chet el diplomatik vakolatxonalari yordam ko‘rsatishga haqli emas. Ular chet el fuqarolari kabi harbiy majburiyatga va saylov huquqlariga ega emaslar. Fuqarosiz shaxslarga ham chet el fuqarolari singari ayrim kasbiy cheklashlar qo‘llaniladi.
O‘zbekiston ichki chora-tadbirlar bilan cheklanib, fuqarosiz shaxslarga taallukli biron-bir xalqaro shartnomada qatnashgani yo‘q. Masalan, O‘zbekistonning fuqarolik to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, O‘zbekiston hududida tug‘ilgan fuqarosiz shaxsning farzandi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanadi.
Ichki qonunlarda qanday hujjatlar va omillar shaxsning u yoki bu davlat fuqarosi ekanligining isboti bo‘lib xizmat qilishini belgilaydi. O‘zbekistan Respublikasining Fuqarolik to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq fuqarolikni tasdiqlovchi hujjat avvalo pasport, pasport olgunga qadar tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma hisoblanadi. Ko‘p xorijiy mamlakatlarda sudda fuqarolikni aniqlash protsedurasi mavjud.