Shiva oddiy xalq ommasi – kambag’allarning ilohiyati hisoblanadi. U Rigvedaning birinchi nusxalarida Rudra nomi bilan zikr etilgan. Atxarvavedada
Rudraning roli oshib boradi. Yajurvedada Rudra Agni timsolida berilgan. U Ishana, Ishvara, Maxadeva (buyuk xudo) nomlari bilan ham ataladi.
Hindistonda shivaizmning o’n uchga Yaqin asosiy oqimlari mavjud. Shivachilar orasida asosiy oqim sifatida tridandinalar (uch tayoqlilar) va smartlar (smriti so’zidan – haqqoniy rivoyatlar)ni aytib o’tish mumkin. Tridandinalarning markazi Varanasi bo’lib, unda tarkidunyochilikda hayot kechiradilar. Smartlarning bir qismi rohiblikda, yana bir qismi – dunyoviylik holatida yashaydilar. Ushbu oqimlarning har ikkalasi ham faqat braxmanlarnigina o’z saflariga qabul qiladilar. Dandilar, ya’ni zohidlar oriylarga xos bo’lmagan ba’zi marosimlarni o’tkazadilar. Jumladan, shu oqimga kirayotgan paytda oyoqlarining pastki qismidan qon chiqaradilar. O’lganlarni erga dafn qiladilar yoki muqaddas daryolardan biriga topshiradilar. Shivaizmning katta oqimlaridan yana biri lingachilar bo’lib, ular bo’yinlariga linga osib yuradilar. Kimdir uni oltin, kumush qutida olib yuradi. Ibodat vaqtida uni chap qo’llarida tutib turadilar. Lingachilar bir necha urug’larga bo’linib, o’zaro qudachilik qilmaydilar.
Yoglar o’zlarini tarkidunyo qilgan odam sifatida turli ko’yga soladilar. Uzoq vaqt nafas olmay o’zlaridan ketadilar, bu vaqtda ular Shiva bilan yolg’iz qoladilar; omma oldida havoga ko’tariladilar; yana gipnoz usulida o’rgatilgan echki yoki ilon yordamida sadaqa yig’adilar.
Shivaizmning mayda oqimlari oriylarga tegishli bo’lmagan an’analar bilan sug’orilgan. Deylik, Shaktra yoki Shakta oqimi hayvon yoki odamlarni qurbon qilishi bilan ajralib turadi. Hozir turli balo-ofatlar paytida qilinadigan bunday qurbonliklar yo yo’q bo’lib ketgan, yoki maxfiy ravishda amalga oshiriladi. Xalq orasida Shivaning 1008 ta nomi bor.
Vishnu – hozirgi Hindiston panteonida birinchilik uchun kurashayotgan ikkinchi ilohiyatdir. Rigvedada tabiatga jon ato etuvchi quyosh xudosi Vishnu birinchi darajali ilohiyatdir. Unda Vishnu juda saxiy qilib tasvirlangan. Ibodat paytida uni Savitar, Roxita, Surya, Adita nomlari bilan ham ataydilar. U butun koinotni uch qadamda bosib o’tishi va havoda muallaq yura olishi xususiyati bilan tavsiflanadi. Yarim inson, yarim xudo shaklidagi qahramon Krishna Vishnuga qo’shilib ketgan deb tasavvur qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |