Ushbu uslubiy qo’llanma «Gidromelioratsiya» fakulteti ilmiy kengashining 4-sentyabr 2016 yilda bo’lib o’tgan 1-sonli majlisida ko’rib chiqildi va chop etishga tavsiya etildi.
TIMI BF – 2016 yil
KIRISH
«Dinshunoslik» kursi oliy o’quv yurtlarining bakalavriat bosqichiga mo’ljallangan. Kursning asosiy vazifasi oliygoh talabalariga shu sohada chuqur bilim berish orqali kurs doirasiga kirgan masalalarni tahlil etishda ilmiylik va ob’ektivlik uslubini qo’llab, yoshlarda diniy qarashlar taraqqiyotga, inson kamolotiga xizmat qiladigan jihatlarini ajratib olish, mustaqil fikr yuritish orqali ilmiy-falsafiy dunyoqarashga asoslangan imon va e’tiqodni shakllantirishdan iborat. Talaba yoshlarni yuksak ma’naviyatli shaxs qilib tarbiyalash, ularni mustaqil hayotga tayyorlash, global fikrlash malakasini hosil qilish, dunyoqarashi va fikrlash qamrovini aqliy-kasbiy salohiyatiga uyg’unlashtirish har birimizning oldimizda turgan vazifamizdir. Hozirgi davrda yuksak ma’naviyatli shaxsni tarbiyalab voyaga etkazish ta’lim-tarbiya jarayonining muhim vazifalaridan biriga aylandi.
Barkamol avlodni tarbiyalab voyaga etkazish milliy mafkuraning asossiy g’oyasi va davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. «Biz barpo etayotgan Yangi jamiyat, - deydi I.Karimov,- yuksak ma’naviy va axloqiy qadriyatlarga tayanadi va ularni rivojlantirishga katta e’tibor qaratadi».1 Ushbu jihatlarni hal etish ko’proq kadrlar masalasiga borib taqaladi va minglab yuksak ma’naviyatli mutaxassis kadrlar tayyorlanishi ayniqsa bozor munosabatlariga o’tish davrida zarur bo’lib bormoqda. Talaba yoshlarga komil insonga xos axloqiy, ma’naviy fazilatlar, inson kamolotida ilm va bilimning o’rni haqida tushuncha berar ekanmiz, dinning yoshlar tarbiyasidagi o’rni haqida ham to’g’ri axborot berishimiz zarur. Dinning jaholat, aqidaparastlik, o’zgalar fikriga toqatsizlik, ijtimoiy taraqqiyotga to’sqinlik qiluvchi kuch ekanligi haqidagi noto’g’ri tasavvurlarga qarshiligi to’g’risidagi ijtimoiy fikrni shakllantirishga, talaba yoshlarda falsafiy-nazariy dunyoqarashni shakllanishiga erishmog’imiz darkor. Chunki dinlar - hoh islom dini, hoh xristian dini bo’lishidan qat’iy nazar insonlarni ezgulikka, poklikka, Vatanga, Yaqinlariga muhabbat va sadoqatga o’rgatadi.
Mazkur qo’llanmada jahon dinlari, ularning kelib chiqish tarixi, ta’limoti va insoniyat tarixidagi o’rni tahlil qilingan. Jahon dinlari xalqlarning ijtimoiy, siyosiy va madaniy taraqqiyotiga o’z ta’sirini ko’rsatgan. Insonlarni axloqiy jihatdan sog’lom, pok, diyonatli bo’lishlikka chaqiruvchi dinlar har doim ta’lim-tarbiyaning ajralmas qismi bo’lib kelgan. Dunyoviy taraqqiyot yo’lini tanlagan O’zbekistonda dinning ijtimoiy ahamiyati tiklanib, diniy konfessiyalarning rasmiy faoliyati uchun hamma sharoitlar yaratildi. Millatlar o’rtasida tinchlik, hamjihatlik va o’zaro ishonchga asoslangan munosabatlarni shakllantirishda dinlarning imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Bu esa dinning yosh avlodni ma’naviy tarbiyalash va dunyoqarashini shakllantirishdagi faol ishtiroki bilan bog’liq.
1 И. А. Каримов. Миллий истиқлол мафкураси - халқ эътиқоди ва буюк келажакка ишончдир. Т.: 2000, 18- бет.
Do'stlaringiz bilan baham: |