O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI PFL-549/20
Mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish,ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
So‘nggi yillarda mamlakatda ta’lim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, bog‘cha tarbiyalanuvchilari, o‘quvchi va talaba yoshlarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ta’lim tizimlari hamda ilm-fan sohasi o‘rtasida yaqin hamkorlik va integratsiyani, ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, milliy ta’lim-tarbiya tizimining amaldagi holati uni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, yoshlarni yuksak bilim-ma’rifat egalari, jismoniy va ma’naviy sog‘lom insonlar etib tarbiyalash, ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari nufuzini oshirish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda hamda mamlakatimiz ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini takomillashtirish, jamiyatimizda o‘qituvchi va pedagog xodimlar, ilmiy va ijodkor ziyolilarga bo‘lgan hurmat-e’tiborni yanada oshirish, ta’lim oluvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, ta’lim tizimida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida:
1. O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
mamlakat taraqqiyoti uchun yangi tashabbus va g‘oyalar bilan maydonga chiqib, ularni amalga oshirishga qodir bo‘lgan, intellektual va ma’naviy salohiyati yuksak yangi avlod kadrlarini tayyorlash, ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari zamonaviy kasb egalari bo‘lishlari uchun ularda zarur ko‘nikma va bilimlarni shakllantirish;
dunyo miqyosidagi bugungi keskin raqobatga bardosh bera oladigan milliy ta’lim tizimini yaratish, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini zamon talablari asosida takomillashtirish, ularning yangi avlodini yaratish, o‘quv dasturlari va standartlarini optimallashtirish;
ta’lim-tarbiya muassasalarining rahbar xodimlari, pedagog va murabbiylari, professor-o‘qituvchilari va ilm-fan sohalari vakillarining jamiyatimizdagi o‘rni va maqomini oshirish, ularning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash va faoliyat samaradorligiga qarab moddiy rag‘batlantirish;
pedagog xodimlarning kasbiy mahorati va faoliyat samaradorligini muntazam oshirib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, malaka oshirish tizimini “hayot davomida o‘qish” tamoyili asosida takomillashtirib borish;
ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha xususiy sektorning salmog‘ini kengaytirish, hududlarda nodavlat ta’lim tashkilotlarini tashkil etish orqali raqobat muhitini shakllantirish, ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;
ta’lim jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan xolda ta’limni boshqarishni avtomatlashtirish va har tomonlama tahlil qilib borish tizimini yaratish, elektron resurslar
va masofaviy ta’lim texnologiyalarini yanada rivojlantirish, ta’lim oluvchilar o‘rtasida IT-sohasidagi kasblarni ommalashtirish;
ilm-fanni iqtisodiyotning asosiy drayveriga aylantirish, ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish, iqtidorli yosh olimlarning innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish, mavjud ilmiy tashkilotlar salohiyatini yanada mustahkamlash va rivojlantirish;
ta’lim tizimiga yuqori samarali xalqaro amaliyotni joriy etish, respublika ta’lim tashkilotlarini nufuzli xalqaro reytinglarga kiritish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish.
2. O‘zbekiston Respublikasida ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan kompleks ;chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik, idoralar, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining birinchi rahbarlari zimmasiga dasturda belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.
3. Xalq ta’limi vazirligi:
a) 2021 yil 1 martga qadar malakali pedagog, ilmiy xodimlar, psixolog va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Milliy o‘quv dasturini (keyingi o‘rinlarda – Dastur) ishlab chiqsin va unda quyidagilarni nazarda tutsin:
tayanch o‘quv rejasini takomillashtirish va umumiy haftalik o‘quv yuklamasini kamaytirish hamda o‘zaro uzviy bog‘liq fanlarni birlashtirish hisobiga ularning sonini optimallashtirish;
o‘quvchilarni kelgusi hayotga tayyorlash va ularga o‘z bilim
va ko‘nikmalaridan amaliyotda foydalanishni o‘rgatuvchi malaka talablarini sinflar kesimida ishlab chiqish;
fanlararo o‘zaro aloqadorlik va sinflar kesimida davriylikka to‘liq rioya qilgan holda o‘quv dasturlari o‘rtasida uzviylikni ta’minlash;
yangi avlod darsliklarini o‘qituvchining metodik qo‘llanmasi, o‘quvchining mashq daftari va multimedia ilovasi bilan birga kompleks tarzda yaratish va nashr etish;
o‘quvchilarning fan bo‘yicha egallagan bilimlari bilan bir qatorda savodxonlik, kompetensiya hamda shaxsiy sifatlarini baholash tizimini joriy etish;
b) 2021 yil 1 mayga qadar Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda Dasturni ilmiy-tadqiqot
va ta’lim muassasalarida ekspertizadan hamda keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
v) Dasturning 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab ta’lim jarayoniga bosqichma-bosqich joriy qilinishini ta’minlasin.
4. Belgilab qo‘yilsinki, umumiy o‘rta ta’lim sifatini oshirish maqsadida2021 yil 1 yanvardan boshlabXalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi tomonidan:
umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari, tayanch, variativ o‘quv rejalari va dasturlar ishlab chiqiladi hamda darslik va o‘quv qo‘llanmalari tajriba-sinovdan o‘tkaziladi;
Xalq ta’limi vazirligi buyurtmasiga asosan muallif va tuzuvchilar tanlab olinadi hamda darslik va o‘quv-metodik majmualarning maketlari yaratiladi.
5. Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining umumta’lim muassasasini saqlash uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdorini kamaytirmagan holda Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Nukus shahri va viloyatlar markazlaridagi navbatlilik koeffitsienti past bo‘lgan umumta’lim muassasalarini tajriba-sinov tariqasida xususiy sektor vakillariga 5 yilga ishonchli boshqaruvga (keyinchalik uzaytirish huquqi bilan)berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda: ishonchli boshqaruvchiga umumta’lim muassasasida ta’lim olayotgan hamda unga biriktirilgan mikrohudud o‘quvchilarini o‘qitish, ularni raqobatbardoshligini ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish va umumta’lim muassasasining binolarini ta’mirlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy o‘quv jihozlari va laboratoriya uskunalari bilan ta’minlash bo‘yicha investitsiya majburiyatlari yuklatiladi;
ishonchli boshqaruvchiga nodavlat ta’lim tashkiloti faoliyatini tashkil etish uchun umumta’lim muassasasining bo‘sh turgan binolari va yer maydonlari ajratiladi.
6. Xalq ta’limi vazirligi:
xalq ta’limi xodimlarining uzluksiz rivojlanish jarayonlariga ta’lim olishning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy qilsin;
2021 yil 1 iyunga qadar xalq ta’limi xodimlariga qayta tayyorlash va malaka oshirishga ixtisoslashgan davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida kreditlarni yig‘ib borish imkoniyatini yaratsin;
2021 yil 1 yanvarga qadar A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarida oliy ta’lim tashkilotlarining pedagogik bo‘lmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalari uchun shartnoma asosida qisqa muddatli pedagogik kurslarni tashkil qilsin;
uch oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari tomonidan sinf rahbarlarini tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslarini joriy qilsin;
2021 yil 1 mayga qadar xalq ta’limi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi faoliyatini tashkil qilish, har bir xodimning malaka oshirish jarayonlarini monitoring qilish va shaxsiy hisobini yuritish imkoniyatini ta’minlovchi “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasini ishga tushirsin.
7. Belgilab qo‘yilsinki, 2021 yil 1 apreldan boshlab:
umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog xodimlarini (keyingi o‘rinlarda – pedagog xodimlar) attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifasi berish bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy veb-saytidagi maxsus portal orqali amalga oshiriladi;
pedagog xodimlarga malaka toifalarini berish, shuningdek talabgorlarni attestatsiyadan o‘tkazish soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Bunda, pedagog xodimlarning oliy ma’lumot yoki qayta tayyorlash kurslaridan o‘tganligi haqidagi diplomida ko‘rsatilgan tayyorlov, ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassislik yoki ixtisosliklariga mos keladigan fanlardan imtihonlar tashkil qilinadi va axborot tizimlarini qo‘llagan holda ularning faoliyat samaradorligi baholanadi;
pedagog xodimlarga malaka toifalarini berish, shuningdek talabgorlarga tegishli malaka toifasi berish bo‘yicha navbatdagi attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun yig‘im undirilmaydi, navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
. Belgilansinki: 2021 yil 1 maydan boshlab nodavlat ta’lim tashkilotlari hamda pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim tashkilotlariga xalq ta’limi xodimlarining malakasini oshirish huquqi beriladi;
o‘quvchilariO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–4306-son qaroriga muvofiq xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblik (oltin, kumush, bronza medali)ni qo‘lga kiritgan umumta’lim muassasalari pedagoglariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy malaka toifasi beriladi;
umumta’lim muassasalari pedagoglariga 2020 yil 1 noyabrdan boshlab sinf (guruh) rahbarligi uchun to‘lovlar 1,5 baravarga oshiriladi;
2021 yil 1 apreldan boshlab hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari metodistlarining ish haqi miqdori oliy toifali o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.
9. Moliya vazirligi Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2024/2025 o‘quv yiliga qadar faoliyati davomidayuqori natijalargaerishganumumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari pedagoglarining oylik maoshini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 15 baravarigacha bosqichma-bosqich oshirib borish choralarini ko‘rsin.
10. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining oliy hamda professional ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirish hamda ishga joylashish ko‘rsatkichlari asosida direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan umumta’lim muassasalari rahbar xodimlari quyidagi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida rag‘batlantiriladi:
o‘quvchilarining 95 foizi va undan ortiq qismi oliy hamda professional ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilingan va (yoki) ishga joylashgan direktorlarga – 12 baravar, direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlariga – 6 baravar;
o‘quvchilarining 90–94 foiz qismi oliy hamda professional ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilingan va (yoki) ishga joylashgan direktorlarga – 9 baravar, direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlariga – 4,5 baravar;
o‘quvchilarining 85–89 foiz qismi oliy hamda professional ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilingan va (yoki) ishga joylashgan direktorlarga – 6 baravar, direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlariga – 3 baravar.
Belgilansinki, umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining ishga joylashish ko‘rsatkichlari ular maktabni tamomlagan o‘quv yilidan navbatdagi o‘quv yiliga qadar bo‘lgan davrda 3 oydan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritgan hollarda shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi ma’lumotlari asosida shakllantiriladi.
11. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining shahodatnomasi (diplom ilovasi)dagi majburiy 11 yillik ta’limning so‘nggi 6 yillik baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichi kiritiladi va ushbu ko‘rsatkich oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olinadi.
12. 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirish uchun test sinovi topshiriqlarini tuzish va ekspertizadan o‘tkazishning yangi tartibi joriy qilinsin, unga muvofiq:
test sinovi topshiriqlari Davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari asosida tuziladi;
test sinovi materiallarining ma’no-mazmuni umumta’lim tizimidagi fanlarning o‘quv dasturlariga moslashtiriladi;
abiturientlarning nazariy bilimlarini o‘zlashtirish darajasi bilan birga ularning mantiqiy fikrlashi, masala va misollarni bajara olishi qobiliyati va ta’limning keyingi bosqichiga tayyorgarligini baholaydigan, kompetensiyaga asoslangan test topshiriqlari ishlab chiqiladi.
13. Xalq ta’limi vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda:
2020 yil 15 dekabrga qadar hududiy xalq ta’limi bo‘limlari rahbarlari va metodistlari faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, ushbu lavozimlarda mehnat qiladigan xodimlarga qo‘yiladigan talablar va ularning faoliyat samaradorligini baholash mezonlarini (KPI) tasdiqlasin;
2021 yil 1 martga qadar hududiy xalq ta’limi bo‘limlari rahbarlari va metodist lavozimlarini yangi talablarga mos keladigan, yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirsin.
14. 2021 yil 1 yanvardan boshlab umumta’lim muassasalari direktorlarini lavozimga tayinlash, ularga nisbatan intizomiy jazo qo‘llash hamda ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra lavozimidan ozod etishning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar boshqarmalari va Toshkent shahar bosh boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda – hududiy xalq ta’limi boshqarmalari) tomonidan tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari bilan kelishilgan holda amalga oshirish tartibi joriy qilinsin.
Bunda: umumta’lim muassasalarining bo‘sh direktor lavozimlari uchun hududiy xalq ta’limi boshqarmalari kiritgan nomzodlar xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tanlovdan o‘tkaziladi;
umumta’lim muassasasi direktorligi uchun nomzodlar tanlovda tegishli umumta’lim muassasasi ko‘rsatkichlarini kelgusi 3 yilda yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha o‘z dasturi (keyingi o‘rinlarda – 3 yillik dastur) bilan ishtirok etadi;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tanlov natijalariga ko‘ra umumta’lim muassasasi direktori lavozimiga tayinlash uchun eng yaxshi 3 yillik dastur egasi tanlab olinadi hamda lavozimga tayinlash uchun hududiy xalq ta’limi boshqarmalariga taqdim etiladi;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tanlab olingan nomzod hududiy xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan umumta’lim muassasasi direktori lavozimiga tayinlanadi;
umumta’lim muassasasi direktori yil yakuni bo‘yicha xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari va jamoatchilik vakillariga
3 yillik dasturning ijrosi yuzasidan hisobot beradi va hisobot natijasiga ko‘ra uning faoliyatiga xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan baho berib boriladi.
15. Belgilab qo‘yilsinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmasi boshliqlari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘i, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudirlari bir vaqtning o‘zida tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar
va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlarining ta’lim va tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari hisoblanadilar.
16. Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Xalq ta’limi xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armalari tashkil etilsin.
Quyidagilar Xalq ta’limi xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armalari mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi xodimlari, jumladan metodistlarini rag‘batlantirish uchun ushbu bo‘limlar yillik ish haqi fondining 50 foizi;
umumta’lim maktablari direktorlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun umumta’lim maktablari xodimlari yillik ish haqi fondining 1 foizi.
17. Xalq ta’limi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan birgalikda Qorako‘l tumanidagi Xalqaro matematika maktabining amaliy tajribasi, metodik va metodologik boshqaruv usullari asosida hududlarda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich ixtisoslashtirilgan matematika maktablarini tashkil etsin.
18. Moliya vazirligi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda optik tolali yuqori tezlikdagi Internet liniyalari olib borilgan umumta’lim muassasalarining ichki lokal uskunalarini o‘rnatish, yagona “Elektron ta’lim” tarmog‘ini yaratish, uni boshqarish, hamda kontent yaratish va texnik qo‘llab quvvatlash uchun har yili 100 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari umumta’lim muassasalarining internetdan foydalanish xizmatlari uchun xarajatlarni o‘z vaqtida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan to‘lanishini ta’minlasin.
19. Belgilansinki, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘zining iqtidori va qiziqishlariga mos kasbni tanlab olishi, mehnat bozorida munosib o‘rnini topishi, kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatga erishishi uchun quyidagilarni nazarda tutuvchi “kasbga yo‘naltirish tizimi” joriy etiladi va uning doirasida:
a) umumiy o‘rta ta’lim tizimida Xalq ta’limi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan:
7-sinf bitiruvchilarida kasblar bo‘yicha birlamchi bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish uchun pedagog hamda psixologlar tomonidan ularni professional tashxislash orqali kasbiy moyilligi aniqlanadi hamda turli tarmoqlar faoliyati bilan tanishish uchun
shart-sharoitlar yaratiladi; umumta’lim maktabi o‘quvchilari uchun maxsus kasbiy tayyorgarlikni talab qilmaydigan mutaxassisliklarga o‘qitish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil qilinadi;
Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorida maktab bitiruvchilari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan kasb va lavozimlar belgilanadi hamda ularning professional standartlari ishlab chiqiladi;
tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlari hamda kasb-hunarga o‘qitish markazlarida maktab o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish bo‘yicha maxsus “situatsion xona”lar tashkil etiladi, kasbga yo‘naltirish bo‘yicha elektron dastur va ko‘rgazmali materiallar ishlab chiqiladi;
tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlari rahbarlari tomonidan maktab o‘quvchilari uchun kasbga yo‘naltirish bo‘yicha amaliy darslar o‘tkaziladi;
b) professional ta’lim tizimida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan:
amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlarini joriy etish maqsadida professional ta’lim muassasalarida dual ta’lim tizimi joriy etiladi;
dual ta’lim tizimi asosida ishlab chiqarish amaliyotini o‘tayotgan o‘quvchilarga ish beruvchi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq ish haqi to‘lanadi;
professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning kasbiy malakasini WorldSkills standartlari asosida baholash tartibi bosqichma-bosqich joriy qilinadi;
professional ta’lim muassasalari o‘rtasida ishchi kasblar bo‘yicha ”WorldSkills Uzbekistan” musobaqalari o‘tkaziladi;
professional ta’lim muassasalariga xorijiy mamlakatlardagi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashni tashkil etish vakolati beriladi;
rivojlangan davlatlarning IT-texnologiyalari, robototexnika, qurilish, turizm, transport, energetika va boshqa sohalar bo‘yicha yetakchi professional ta’lim muassasalari filiallari tashkil qilinadi.
20. Oliy ta’lim tashkilotlarini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining (keyingi o‘rinlarda – xalqaro reyting) birinchi 1 000 ta o‘rnidagi oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxatida munosib o‘rin egallashlarini ta’minlash maqsadida:
oliy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingida so‘nggi 5 yil davomida doimiy ravishda birinchi 3 ta o‘rindan birini egallagan oliy ta’lim tashkilotlariga oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash bo‘yicha akademik va moliyaviy mustaqillik berilsin hamda mustaqillik mezonlari Yevropa universitetlari assotsiatsiyasi standartlariga muvofiq qabul qilinsin;
oliy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingida birinchi 10 ta o‘rindan birini egallagan oliy ta’lim tashkilotiga mavjud ixtisosliklar bo‘yicha ilmiy unvonlarni mustaqil berish vakolati berilsin;
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi va tizimida oliy ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar 2021 yil 1 fevralga qadar 2030 yilgacha xalqaro reytinglarda 2 ta oliy ta’lim tashkilotini – birinchi 500 ta o‘rindagi, 8 ta oliy ta’lim tashkilotini – birinchi 1 000 ta o‘rindagi oliy ta’lim tashkilotlar ro‘yxatiga kiritish uchun tegishincha “2+500” va “8+1 000” loyihalarini ishlab chiqsin va taqdimot qilsin.
21. Oliy ta’lim sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 sentyabrga qadar har bir hududda nodavlat, jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida kamida bittadan oliy ta’lim tashkilotini tashkil qilsin.
22. Belgilansinki, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:
respublika oliy ta’lim muassasalari qaroriga muvofiq nomutaxassislik fanlari modul tizimi asosida o‘qitiladi;
oliy ta’lim dasturlari tegishli ta’lim sohasi bo‘yicha Davlat ta’lim standartlari, Milliy malakalar ramkasi va professional standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan malaka talablari, o‘quv reja
va fan dasturlaridan iborat me’yoriy-uslubiy hujjatlar majmuasi sifatida joriy etiladi.
23. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi: 2021/2022 o‘quv yiliga qadar barcha oliy ta’lim tashkilotlarida axborot-resurs markazlari bazasida mavjud adabiyot, darslik, o‘quv-uslubiy va boshqa qo‘llanmalar raqamli formatga o‘tkazilib, ularning elektron platformasi shakllantirilishini ta’minlasin hamda ular bo‘yicha raqamli yagona axborot qidiruv tizimini joriy qilsin;
har bir fan kesimida ma’ruza, amaliy (seminar) va laboratoriya mashg‘ulotlari, mustaqil ishlar bo‘yicha elektron modullarni ishlab chiqsin va 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etsin;
Respublika oliy ta’lim kengashi bilan birgalikda bir yilda kamida ikki marotaba professor-o‘qituvchilar, talabalar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazsin hamda jamoatchilik va ish beruvchilarning fikrini o‘rganish asosida oliy ta’lim sifatini oshirish, tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan zaruriy choralar ko‘rib, natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;
davlat oliy ta’lim muassasalariga xorijiy talabalarni jalb etish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida ta’lim xorijiy tillarda olib boriladigan guruhlar salmog‘ini bosqichma-bosqich oshirib borish choralarini ko‘rsin;
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab xorijiy talabalarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishni yilda ikki marta semestrning boshida tashkil qilsin;
xalqaro reytinglarda birinchi 1 000 ta o‘rindan birini egallagan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining akkreditatsiyalangan ta’lim dasturlarini respublika oliy ta’lim tashkilotlari o‘quv jarayoniga joriy qilsin va ular asosida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ysin.
24. Belgilansinki, 2021/2022 o‘quv yilida psixologiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat buyurtmasi asosidagi qabul parametrlari 30 foizga oshiriladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda psixologiya sohasi bo‘yicha kadrlarni tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalariga o‘quv rejalari va ta’lim dasturlarini ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda takomillashtirishga, ularni ish beruvchilarning talablariga moslashtirishga ko‘maklashsin. Xalq ta’limi vazirligi pedagog kadrlarni malakasini oshirishda bolalar psixologiyasi bo‘yicha o‘quv darslarni o‘tkazsin va mazkur jarayonga malakali, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb qilsin.
25. Xalq ta’limi vazirligining 2021 yilda Samarqand viloyatidagi davlat umumta’lim muassasalarining o‘quvchilariga psixologik xizmat ko‘rsatish faoliyatini tajriba sinov tariqasida xususiy tashkilotlarga autsorsingga berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
Belgilab qo‘yilsinki: davlat umumta’lim muassasalari ro‘yxati Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishilgan holda Samarqand viloyati hokiligi tomonidan belgilanadi;
autsorsing usulida psixologik xizmat ko‘rsatish Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalariga ko‘ra tashkil qilinadi;
psixolog xizmati autsorsing usulida tashkil etiladigan davlat umumta’lim muassasalarida autsorserning xizmati uchun to‘lovlar umumta’lim muassasasiga ajratilgan Davlat byudjeti mablag‘lari doirasida qoplanadi.
26. Quyidagilar:
2021 yildan boshlab mamlakatimizning olis va chekka hududlaridan kamida 100 nafar yoshlarni nufuzli olimlarga biriktirish uchun grant ajratish;
2021 yilda 500 nafar yoshlarni raqamli texnologiyalar, biologiya, genetika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 3–6 oylik xorijiy stajirovkaga yuborish;
2020 yilda va 2021 yilda 43 ta, 2022 yil yakuniga qadar 38 ta samaradorligi yuqori bo‘lgan yangi ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish;
ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish uchun xususiy sektor va ishlab chiqarish tarmoqlari bilan teng moliyalashtirish tizimiga o‘tish;
2021 yildan boshlab Fanlar akademiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari bilan kelishilgan holda ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosari, oliy ta’lim tashkilotlarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor va filial direktori o‘rinbosari faoliyati samaradorligini baholash Innovatsion rivojlanish vazirligining qo‘shimcha vazifalari etib belgilansin.
Innovatsion rivojlanish vaziri mazkur bandda belgilangan vazifalarni to‘liq va o‘z vaqtida bajarish uchun mas’ul hisoblanadi.
27. Axborot texnologiyalari, biologiya, kimyo va geologiya-mineralogiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini berish vakolati taqdim etiladigan ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
28. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq oliy ta’limdan keyingi ta’limning bir pog‘onali tizimi joriy qilingan xorijiy davlatlar hamda ro‘yxati har yili Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadigan xalqaro reytinglarda birinchi 300 ta o‘rindan birini egallagan oliy ta’lim tashkilotlarida olingan falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasi to‘g‘risidagi hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasida fan doktori (DSc) sifatida tan olinadi va nostrifikatsiya qilinadi (ekvivalentligi qayd etiladi).
Innovatsion rivojlanish vazirligi Oliy attestatsiya komissiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
vakolatli davlat organida falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajalari to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish (ekvivalentligini qayd etish) tartibini belgilash;
Oliy attestatsiya komissiyasining amaldagi vazifa va funksiyalarini qayta ko‘rib chiqib, uning faoliyat samaradorligini yanada oshirish, xodimlar mehnatiga haq to‘lash tizimini yaxshilash va oylik maoshlarini oshirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy darajali kadrlar tayyorlash va ushbu sohada davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
29. Belgilansinki, 2021 yildan boshlab oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar buyurtmasiga muvofiq ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi tematik grantlar tanlovi e’lonlari ko‘lami 3 baravargacha kengaytiriladi, doktoranturaga qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda mazkur bandning birinchi xatboshisida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.
30. Maktabgacha ta’lim vazirligi:
a) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil 1 yanvarga qadar maktabgacha ta’lim tizimida zamonaviy o‘qitish shakllari, yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy qilsin, jumladan:
xalqaro standartlar va talablar asosida maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning rivojlanishini baholash mezonlari va ko‘rsatkichlarini ishlab chiqsin;
bolalarning o‘sishi va rivojlanishi hamda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish jarayonlarini monitoring qilish bo‘yicha axborot tizimini ishga tushirsin va unga kiritiladigan ma’lumotlarning shaffofligini ta’minlasin;
maktabgacha ta’lim xizmatlari uchun elektron to‘lov tizimlarini joriy qilsin;
maktabgacha ta’lim sohasida elektron boshqarish tizimini boshqa vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilsin;
b) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda maktabgacha ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
31. Vazirlar Mahkamasi:
2021 yil 1 yanvarga qadar o‘qituvchi va muallimlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Pedagog xodimlarning maqomi to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqsin va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritsin;
bir oy muddatda xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;
ikki oy muddatda Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi hamda O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish
va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilsin.
32. “O‘zbekkino” Milliy agentligi Respublika Ma’naviyat
va ma’rifat markazi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ta’lim va ilm-fan sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka to‘g‘ri yetkazish maqsadida o‘qituvchilik kasbini ulug‘lovchi videoroliklar, ilmiy-ommabop ko‘rsatuvlar, badiiy va hujjatli filmlarni ishlab chiqsin, televidenie orqali doimiy namoyish qilsin hamda ijtimoiy reklama sifatida ularni televidenie va radiokanallarda joylashtirsin.
33. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ushbu Farmonning maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.
34. Xalq ta’limi vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
35. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov
va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A. Musaev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoev
Do'stlaringiz bilan baham: |