Muhtaram anjuman ishtirokchilari! Yana sanoqli kunlardan keyin yurtimizga yangi – 2019 yil kirib keladi. Yangi yil arafasida anʼanamizga koʻra 2019 yilga qanday nom berish toʻgʻrisida bugun sizlar bilan maslahatlashib, bir qarorga kelsak, ayni muddao boʻladi. Albatta, biz bu haqda koʻp oʻyladik. Joylarda xalq bilan muloqotlar davomida va murojaatlarda bildirilgan fikrlar, taklif-mulohazalarni atroflicha koʻrib chiqdik. Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, qaysi davlat faol investitsiya siyosatini yuritgan boʻlsa, oʻz iqtisodiyotining barqaror oʻsishiga erishgan. Shu sababli ham investitsiya – bu iqtisodiyot drayveri, oʻzbekcha aytganda, iqtisodiyotning yuragi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Investitsiya bilan birga turli soha va tarmoqlarga, hududlarga yangi texnologiyalar, ilgʻor tajribalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib keladi, tadbirkorlik jadal rivojlanadi. Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: investitsiya deymiz, islohotlar deymiz, modernizatsiya, deymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |