Aqliy mehnat (intellektual faoliyat).
Bu mehnat axborot qabul qilish, uni qayta ishlash bilan bog‘liq bo‘lib, qattiq fikrlash va miyaning zo‘riqish jarayonlari bilan kechadi (boshqaruv, ijod, o‘qitish, fan, o‘qish va h.k.).
Operator mehnati - katta mas‘uliyat va yuqori asabiy zo‘riqish talab qilishi bilan ajralib turadi.
Boshqaruv mehnati - axborot hajmini keskin ortishi, uni qayta ishlashda vaqt tangligi, qaror qabul qilishda shaxsiy mas‘uliyatning yuqoriligi, vaqti-vaqti bilan konflikt vaziyatlarning paydo bo‘lib turishi bilan xarakterlanadi.
Ijodiy mehnat - katta yeslab qolish hajmi, diqqatning zo‘riqishi, asab tizimining zo‘riqishi bilan xarakterlanadi.
O‘qituvchi mehnati - odamlar bilan uzluksiz muloqotda bo‘lish; javobgarlikning yuqoriligi, qaror qabul qilishda axborot va vaqtning yetishmasligi - bu asab tizimining zo‘riqishiga olib keladi.
O‘quvchi mehnati - fikrlash, diqqat, yeslab qolish, stress hollarining mavjudligi bilan xarakterlanadi.
Kishi aqliy mehnat bilan shug‘ullanganda asabiy-hissiy kuchlanish paytida insonning vegetativ funksiyalarida qon bosimining ortishi, EKGdagi o‘zgarishlar, o‘pka ventilyasiyasining va kislorod talabining ortishi, tana haroratining ko‘tarilishi kabi o‘zgarishlar kuzatiladi. Aqliy mehnat tugagandan keyin charchoq jismoniy mehnatga nisbatan ancha vaqtgacha davom etadi.
Ayollar va yoshlar mehnatining o‟ziga xos tomonlari.
Ishlab chiqarishda ayollar va yoshlar mehnatidan foydalanishda ular organizmning o‘ziga xos anotomik - fiziologik xususiyat-larini hisobga olish kerak.
O‘smirlik davrining asosiy o‘ziga xosligi barcha hayotiy funksiyalarning keskin rivojlanishi, tananing quvvat va jismoniy o‘sishidadir. Bu yoshda skelet suyaklari va mushaklarning jadal o‘sishi biriktiruvchi apparatlarning bo‘shligi, mushaklar-ning tez toliqishi, nafas, qon aylanishi va oshqozon- ichak tizimi ishidagi tez-tez o‘zgarishlar kuzatiladi.
Shuning uchun balog‘at yoshiga yetmagan (16-18 yosh) o‘smirlar uchun ish xaftasi 36 soatga, 15 yoshdagilar uchun 24 soatga qisqartirilgan. Ularni dam olish kunlari, ish vaqtidan tashqari ishlarga va kechasi smenadagi ishlarga jalb qilish ta‘qiqlangan. Ularni og‘ir ishlarda va og‘ir yuklarni ko‘tarishda ishlatilmaydi. Ularni ishga olinayotganda albatta tibbiy profilaktik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Ayollar organizmining anotomik-fiziologik o‘ziga xosligi ayrim nohush ishlab chiqarish sharoitlarida ginekologik kasalliklarning kelib chiqishiga va zurriyotiga ta‘sir qilishi mumkin. Ayollar sog‘lig‘iga ayniqsa og‘ir va mashaqqatli ish, asabiy zo‘riqish va ishning monotonligi nohush ta‘sir qiladi. Shuning uchun ishlovchi ayollarga yuklarni ko‘tarish va tashish me‘yorlanadi, tungi smenalarda ular mehnatidan foydalanish cheklanadi, va shunga o‘xshash boshqa engilliklar yaratiladi.
Ayollar organizmi, ayniqsa homiladorlik paytida, nozik bo‘lgani uchun ularni ma‘lum muddatga og‘ir va zararli mehnat sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lmagan engil ishlarga o‘tkaziladi, navbatdan tashqari ishlarga qo‘yilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |