Sog`lom va xavfsizlik mehnat sharoitlarini ta`minlashga doir chora-tadbirlar
O`zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to`g`risida” 1993 yil 6 maydagi qonunining 8-moddasida ta`kidlanganidek, ish beruvchi, yollovchi mulkdor yohud ular vakolat bergan boshqaruv idorasi korxonada mehnatni muhofaza qilish standartlari, qoida va normalarining talablari, shuningdek jamoa shartnomasida ko`zda tutilgan majburiyatlar bajarilishini ta`minlaydilar.
Korxonaning xodimlari tegishli qonunlar va normativ hujjatlar, jamoa shartnomalari bilan belgilangan mehnatni muhofaza qilish qoidalari va normalari talablariga rioya etishlari shart.
Korxonalarda sog`lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini ta`minlash qonunga ish beruvchining zimmasiga yuklatilgan (Mazkur qonunning 13-moddasi).
Korxonadagi har bir ish joyida mehnat sharoiti mehnatni muhofaza qilish standartlari, qoida va normalari talablariga muvofiq bo`lishi lozim.
Korxonada sog`lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini ta`minlash, ishlab chiqarishning xavfli va zararli omillari ustidan nazorat o`rnatilishini tashkil etish va nazoratning natijalari to`g`risida mehnat jamoalarini o`z vaqtida xabardor qilish ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.
Mehnat sharoiti zararli va xavfli ishlab chiqarishlarda, shuningdek o`sha noxush xaroratli yoki ifloslanishlar bilan bog`liq bo`lgan sharoitlarda bajariladigan ishlarda mehnat qiluvchilarga qonunda belgilangan me`yorlarda maxsus kiyim, poyafzal va boshqa shaxsiy himoya vositalari, yuvish va dezinfektsiyalash vositalari, sut yoki unga tenglashtiriladigan boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, parxez ovqat bepul beriladi.
Korxonada sog`lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini ta`minlash yuzasidan ish beruvchi bilan xodimlarning o`zaro majburiyatlari jamoa shartnomasi yoki jamoa kelishuvida belgilab qo`yiladi.
Standartlar, ergonomika, mehnatni muhofaza qilishga doir qoidalar va normalar javob bermaydigan ishlab chiqarish binolari va inshootlarini loyihalash, qurish hamda qayta qurish, ishlab chiqarish vositalarini ishlab chiqarish, tayyorlash, ta`mirlash, texnologiyalarni joriy etishga, shu jumladan xorijdan sotib olinganlarini joriy etishga yo`l qo`yilmaydi.
Har bir yangi qayta qurilayotgan korxona, ishlab chiqarish vositalari, agar ular O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda beriladigan xavfsizlik shaxodatnomasiga esa bo`lmasa, foydalanishga qabul qilinishi va ishga tushirilishi mumkin emas.
O`zbekiston Respublikasining “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to`g`risida”gi 2000 yil 25 maydagi qonuni mavjud bo`lib, ushbu qonun mazmuniga ko`ra, belgilangan tartibda ro`yhatdan o`tkazilishi lozim bo`lgan korxonalar O`zbekiston Respublikasining tegishli nazorat idoralari beradigan faoliyatni amalga oshirish huquqini ta`minlovchi ruxsatnomani oldindan taqdim etishlari shart. Korxonaning ko`rsatilgan ruxsatnomani olish tartibi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan.
Mehnat xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va ishlovchilar sog`lig`i hamda hayotiga xavf tug`diruvchi korxonalar faoliyati yoki ishlab chiqarish vositalaridan foydalanish, ular mehnat xavfsizligi talablariga muvofiq holda keltirilgunga qadar, O`zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda vakolatli idoralar tomonidan to`xtatib qo`yilishi kerak.
Yo`l qo`yiladigan eng ko`p me`yorlari (kontsentratsiyasi) ishlab chiqilmagan va belgilangan tartibda ekspertizadan o`tmagan zararli moddalarni chiqarishda qo`llash ta`qiqlanadi.
O`zbekiston Respublikasida davlat va korxonalar, Oliy va o`rta maxsus o`quv yurtlarida korxonalarning mehnatni muhofaza qilish xizmatlarida ishlash uchun mutaxassislar tayyorlashni ta`minlaydilar.
Oliy va o`rta maxsus o`quv yurtlarida xalq xo`jaligining turli tarmoqlaridagi ishlab chiqarish xususiyatlarini hisobga olgan holda talabalar va o`quvchilar mehnatni muhofaza qilish kursini, albatta, o`tishlarini tashkil etishlari kerak.
Vazirliklar, idoralar, kontsernlar, assotsiatsiyalar va boshqa xo`jalik boshqaruvi idoralari mehnatni muhofaza qilish tizimida ishlash uchun mutaxassislarning qayta ixtisoslashuvini ta`minlaydilar (qonunning 16-moddasi).
Ma`lumki, Mehnat muhofazasini tashkil qilish uni moliyaviy jihatdan ta`mnlashni rejalashtirish bilan bevosita bog`liqdir. qonunning 11-moddasiga ko`ra, mehnatni muhofaza qilishni moliyaviy jihatdan ta`minlash davlat tomonidan, shuningdek mulk shaklidan qat`iy nazar, jamoat birlashmalari, korxonalarning ixtiyoriy badallari hisobiga amalga oshiriladi.
Mehnatni muhofaza qilish uchun tegishli byudjetlardan alohida qayd bilan ajratiladigan byudjet mablag`lari (Respublika va mahalliy) boshqaruv hamda nazorat idoralarini saqlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyaviy ta`minlash, mehnatni muhofaza qilishga oid davlatning aniq maqsadga qaratilgan dasturlarini bajarish uchun foydalaniladi.
Har bir korxonada mehnat muhofazasi uchun zarur mablag`lar jamoa shartnomasida belgilanadigan miqdorda ajratiladi. Korxonalarning xodimlari ana shu maqsadlar uchun qandaydir qo`shimcha chiqim qilmaydilar.
O`sha mablag` va materiallardan foydalanish tartibi jamoa shartnomasida belgilab qo`yiladi.
Mehnat jamoalari, ularning vakillik organlari mehnat muhofazasiga mo`ljallangan mablag`lardan foydalanishni tekshirib boradilar (Mehnat kodeksining 216-moddasi).
Korxonalar o`zining xo`jalik, tijorat, tashqi iqtisodiy va boshqa faoliyatidan keladigan foyda (daromad), shuningdek boshqa mablag`lar hisobiga mehnat muhofazasi uchun markazlashtirilgan fondlar tashkil etish huquqiga egadirlar
Mehnatni muhofaza qilishga mo`ljallangan mablag`larni boshqa maqsadlarda ishlatish mumkin emas.
Fondlarni tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O`zbekiston kasabalar uyushmasi Federatsiya Kengashi ishtirokida belgilanadi.
Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzurida mehnat sharoitlari davlat ekspertizasi, uning tarkibiy bo`linmasi sifatida faoliyat ko`rsatadi. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 29 iyuldagi 378-sonli qarori bilan tasdiqlangan Mehnat sharoitlari davlat ekspertizasi to`g`risidagi nizomga muvofiq, bu organning asosiy vazifalaridan biri noqulay mehnat sharoitlari uchun beriladigan imtiyoz va kompensatsiyalarni tartibga soluvchi normativ-uslubiy asoslarni ishlab chiqish, mehnat sharoitlari bo`yicha qo`shimcha ta`til va qisqartirilgan ish kuni belgilanadigan ro`yratlar va ko`rsatkichlarning to`g`ri qo`llanilishi ustida davlat nazoratini amalga oshirish, shuningdek bu ro`yhatlarda o`zgartirishlar kiritish haqida xulosalar tayyorlash, mehnat sharoitlarini baholash, ish o`rinlarini attestatsiyadan o`tkazish usullarini va mehnat sharoitlarini ekspertiza qilish uchun normativlarni ishlab chiqish va yangilash kabi masalalardan iborat. SHunga muvofiq, mehnat sharoitlarini baholash va mehnat sharoitlari bo`yicha ish joylarini attestatsiyadan o`tkazish tartibi O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Sog`liqni saqlash vazirligi bilan kelishib tasdiqlangan va Adliya vazirligida 1996 yil 28 mayda ro`yhatga olingan Uslubiyat asosida belgilangan.
O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, shu vazirlik huzuridagi Mehnatni normalash va muhofaza qilish markazi tomonidan 1999 yil 18 noyabrda “Ishlab chiqarishda nogironlar mehnatidan foydalanishda ish joylarini attestatsiyadan o`tkazish tartibi” tasdiqlangan bo`lib, bu hujjat shu sana O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 839-son qaram bilan ro`yhatga olingan.
Ishlayotgan nogironlarning ish joylari mehnat sharoitlarini baholash attestatsiyadan o`tkazishdan ko`zlangan maqsad faoliyat imkoniyati cheklangan fuqarolarning ular sog`lig`i holati va tanlagan kasblariga munosib xavfsiz mehnat sharoitlari bilan ta`minlagan holda konstitutsion huquqlarini amalga oshirishdan iboratdir.
Nogironlar ish joylarini mehnat sharoitlari bo`yicha attestatsiyalash nogironlar mehnatidan foydalaniladigan (barcha ishlovchilarning kamida 50%i) korxonalar, tashkilotlarda, mulkchilik shakli va idoraviy bo`ysinuvidan qat`iy nazar o`tkaziladi.
Nogironlar ish joylarining mehnat sharoitlarini baholash va attestatsiyalashda asosiy ilmiy-uslubiy muassasa bo`lib, O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi huzuridagi Mehnatni normalash va muhofaza qilish markazi hamda qonunchilikda ko`rsatilgan boshqa tashkilotlar hisoblanadilar.
Shuni alohida ta`kidlash lozimki, Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 29 iyuldagi 378-son qarori bilan mehnat sharoitlari davlat ekspertizasi to`g`risida nizom tasdiqlangan.
Mazkur nizomga muvofiq, mehnat sharoitlari davlat ekspertizasi O`zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining tarkibiy bo`linmasi hisoblanadi va o`z faoliyatida O`zbekiston Respublikasining davlat nazorat organlari bilan o`zaro hamkorlikda ishlaydi.
Mehnat sharoitlari davlat ekspertizasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
-idoraviy bo`ysinishdan va mulkchilik shaklidan qat`iy nazar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda noqulay mehnat sharoitlarida ishlaydigan mehnatkashlarni ijtimoiy himoya qilish choralarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
-ishlab chiqarishdagi mehnat sharoitlari ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, noqulay mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun imtiyozlar va kompensatsiyalar berilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
-noqulay mehnat sharoitlari uchun beriladigan imtiyoz va kompensaiyalarni tartibga soluvchi normativ-uslubiy asoslarni ishlab chiqish va takomillashtirish;
-mehnat sharoitlari davlat ekspertizasi o`ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq;
-ish joylarini mehnat sharoitlari bo`yicha attestatsiyadan o`tkazishning sifatida hamda imtiyozli pensiya, qo`shimcha ta`til va qisqartirilgan ish kuni belgilanadigan ro`yhatlar va ko`rsatkichlarning ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
-korxonalar, vazirliklar va idoralarning takliflari asosida imtiyozli pensiya, qo`shimcha ta`til va qisqartirilgan ish kuni belgilanadigan ro`yhatlarga o`zgartirishlar kiritish haqida xulosalar tayyorlaydi;
-korxonalarning buyurtmalariga ko`ra, attestatsiya asosida ish joylaridagi mehnat sharoitlarini ekspertiza qilish;
-o`z vakolati doirasiga kiruvchi masalalar bo`yicha ish beruvchi va korxonalar xodimlar o`rtasidagi nizolarni ko`rib chiqadi;
-mehnat sharoitlarini baholash, ish o`rinlarini attestatsiyadan o`tkazish usullarini va mehnat sharoitlarini ekspertiza qilish uchun normativ asoslarni ishlab chiqadi va yangilaydi;
-mehnat xavfsizligi va mehnatning boshqa sharoitlari masalalari bo`yicha ilmiy-tadqiqot ishlari o`tkazilishini tashkil etadi.
Mehnat sharoitlari davlat ekspertizasiga quyidagi huquqlar beriladi:
-o`z xizmat vazifalarini bajarayotgan korxonalarga, ularning qaysi idoraga bo`ysinishidan va mulkchilik shaklidan qat`iy nazar, belgilangan namunadagi guvohnomani ko`rsatib bemalol kirish;
-qonun hujjatlariga belgilangan tartibda kirish;
-korxonalardagi mehnat sharoitlarini ekspertiza qilish va ma`muriyatga MSHE-I shaklida xulosa berish;
-ekspertiza o`tkazish uchun olim va mutaxassislarni belgilangan tartibda haq to`lab jalb etish;
-korxonalardagi xodimlarga imtiyozli pensiyalar, qo`shimcha ta`tillar va qisqartirilgan ish kuni belgilash hujjatlarini, shuningdek, jamoa shartnomalarida ko`zda tutilgan mehnat sharoitlarini yaxshilash bo`yicha tadbirlarning bajarilishini tekshirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun MSHE-2 shaklida yozma ko`rsatma berish;
-korxona ma`muriyatiga uning imtiyozli pensiyalar, qo`shimcha ta`tillar va qisqartirilgan ish kuni belgilash bo`yicha amaldagi qonunlarga muvofiq kelmaydigan qarorlarni to`xtatish to`g`risida MSHE-3 shaklida taqdimnoma berish;
-korxonalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslarini mehnat sharoiti normalari va qoidalarini buzganlik uchun amaldagi qonunlarga muvofiq javobgarlikka tortish;
-vazirliklar, idoralar va tashkilotlardan mehnat sharoitlari bo`yicha zarur ma`lumotlarni olish;
-mehnat sharoitlari bo`yicha ish joylarini nazorat tariqasida attestatsiyadan o`tkazishni tashkil etish, buning uchun shartnoma asosida zarur bo`lgan tashkilotlar va mutaxassislarni jalb etish;
-O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida ko`rib chiqishga taqdim etish uchun O`zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligiga imtiyozli pensiyalar, qo`shimcha ta`tillar va qisqartirilgan ish kuni belgilanadigan ro`yhatlarni to`ldirish, aniqlash bo`yicha takliflar kiritish;
-davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlarda o`z vakolatiga kiruvchi masalalar bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi nomidan vakillik qilish va boshqalar.
Mehnat sharoitlari davlat ekspertizasi o`z vazifalarini bajarayotgan paytda tekshirilayotgan korxona ma`muriyati unga yordam berishga majburdir.
Mehnat vazirligining mehnat sharoitlari davlat ekspertizasi tarkibiga quyidagilar kiradi:
-Mehnat vazirligi markaziy apparatining mehnat sharoitlari davlat ekspertizasi organi;
-Mehnat vazirligi huzuridagi mehnat sharoitlari davlat ekspertizasi respublika marzakiy laboratoriyasi;
-mehnat sharoitlari davlat ekspertizasining hududiy (qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar) organlari o`z laboratoriyalari bilan, shuningdek, rayon va shahar birjalari hududidagi organlar.
Mehnat sharoitlari davlat ekspertizasini moliyaviy jihatdan ta`minlash respublika va mahalliy byudjetlar hisobidan amalga oshiriladi.
Mehnat sharoitlari davlat ekspertizasiga rahbarlik qilish, tegishli ravishda O`zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, qoraqalpog`iston Respublikasi Mehnat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat, aholini ish bilan ta`minlash va ijtimoiy himoya qilish Bosh boshqarmalari, tumanlar va shaharlar mehnat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |