O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O'RTA MAXSUS TA'LIM VAZIRLIGI
Namangan Davlat universiteti
O'zbek tili va adabiyot kafedrasi
(3-kurs o'zbek tili yo'nalishidagi
bakalavrlar uchun) fanidan
1-qism
Tuzuvchi:
p.f.n. dots. M. Sobirova
Namangan - 2011
2
O'zbek tili o'qitish metodikasidagi tuzilgan ushbu ma'ruza matnlarida yangidan
tuzilgan namunaviy o'quv dasturi asos qilib olingan. Unda milliy mafkura va mustaqillik
g'oyalariga tayanilgan holda o'qitishninng yangi usul, yo'l va tamoyillari ko'rsatilgan.
TUZUVCHI:
pedagogika fanlari nomzodi, dots,
M. SOBIROVA
TAQRIZCHILAR:
pedagogika fanlari nomzodi
K. Abdullayev
filologiya fanlari nomzodi
M. Saidova
MAS'UL MUHARRIR:
filologiya fanlari doktori
H. Usmonova
Ma'ruza matni Namangan Davlat Universitetining 2011 yil 28 avgustida Ilmiy
Kengashning qarori bilan nashrga tavsiya etilgan.
@Namangan Davlat Universiteti
3
O'ZBEK TILI O'QITISH METODIKASI FANINING PREDMETI. MAQSAD VA
VAZIFALARI. UNING BOSHQA FANLAR BILAN ALOQASI
REJA:
1. O'zbek tili o'qitish metodikasi fanining predmeti.
2. O'zbek tili o'qitish metodikasi fanining maqsadlari.
3. Mazkur fanning o'z oldiga qo'ygan vazifalari.
4. O'zbek tili o'qitish metodikasi fanining boshqa fanlar bilan aloqasi.
Metod so'zi yunoncha (metod) so'zidan olingan bo'lib, yo'l, usul degan ma'noni bildiradi. O'zbek
tili o'qitish metodikasi fani O'zbekistondagi ta'lim maktablarida o'zbek tilini o'qitish yo'l -yo'riqlarini
o'rgatuvchi fandir. Mazkur fan, bir tomondan, pedagogikaga oid fanlar turkumiga kiradi. Ikkinchi
tomondan, uning o'z tekshirish ob'yekti bo'lib, mustaqil fan sifatida ayrim xususiyatlari bilan ajralib
turadi. Bu fan ona tilini o'rgatish vositalari hamda shart-sharoitlari, shuningdek, tilni o'zlashtirish
qonuniyatlari haqida bahs yuritadi.
Ona tilidan ta'limning maqsad va vazifalari, avvalo, tilning jamiyatda bajaradigan vazifasi, inson
hayotida tutgan o'rni bilan belgilanadi.
Maktabda ona tili ta'limiga qo'yilgan muhim talablardan biri o'quvchilarni fikr bayon qilish
faoliyatiga tayyorlashdir.
Ma'lumki, kishilar o'z faoliyatlarining barcha sohalarida bir-birlari bilan munosabatda bo'ladilar.
O'zlarini o'rab olgan borliqdagi voqea-hodisalar to'g'risida fikr yuritadilar va o'z fikrlarini bir-birlariga
ma'lum qiladilar.
Demak, jamiyatda fikr almashishi qonuniy zaruriyatdir. Fikr esa faqat til yordamida yuzaga
chiqadi. Shuning uchun har bir kishi tildan foydalana bilishi va avvalo uning o'zini to'la-to'kis o'rganib
olishga harakat qilishi zarur.
Ona tili o'qitish metodikasining maqsadi quyidagilardir:
I. Ona tili ta'limi oldiga qo'yilgan muhim talab - o'quvchilar tafakkurini rivojlantirish. Tafakkurni
o'stirish ona tili mashg'ulotlarida maxsus aqliy faoliyat usullari -til hodisalarini kuzatish, taqqoslash,
guruhlash, ajratish, umumlashtirish, o'xshash hodisalarni ichidan nutq sharoiti uchun eng qulayini to'g'ri
tanlay olish ko'nikmalarini shakllantirishda voqea bo'ladi.
2. Til ta'limi oldidagi muhim va murakkab yana bir maqsad-o'quvchilarning nutq madaniyatini
rivojlantirish. Albatta, til madaniyati juda katta va keng soha bo'lib, u o'quvchilarning kundalik oddiy
salomidan tortib kimga, nimani, qayerda, qachon, qanday, so'zlashishgacha bo'lgan barcha nutqiy
jarayonlarni o'z ichiga oladi.
Ona tili mashg'ulotlari fikrni bayon qilishda nutqning badiiy qimmatini oshiradigan vositalar:
maqollardan, frazeologik birikmalardan, badiiy asarlardan olingan o'tkir ko'chirma va yorqin
obrazlardan, o'zbek xalqining qochiriq so'zlaridan, o'xshatish, sifatlash, jonlantirish, mubolag'a kabi
badiiy tasvir vositalaridan, ritorik so'roq gaplaridan foydalanishga o'rgatmog'i lozim.
O'quvchilar nutqining ifodaligi va ta'sirchanligiga erishish ham til ta'limi oldidagi muhim
talablardan biridir.
3. Til ta'limi o'quvchilarni tarbiyalash va rivojlantirish vositasi hamdir. Shaxsning bilim olishi,
rivojlanishi, tarbiyalanishi bir butun jarayon bo'lib, biri ikkinchisidan ajratilmagan holda olib boriladi.
Ona tilining barcha bo'limlari bu muhim maqsadni amalga oshirishda katta imkoniyatlarga ega: masalan,
o'zbek tili fonetikasini o'rgatishda tovush tizimining xususiyatlarini ko'rsatish orqali o'quvchilarning
talaffuzi yaxshilanadi. So'zdagi ma'lum bir tovushni o'zgartirish orqali qofiyali so'zlar hosil qilish,
misralar oxiridagi tovushdoshlik, ohangdoshlik ustida ishlash orqali o'quvchilardagi she'riyatga havas
uyg'onadi.
4
O'quvchilar so'zning o'z ma'nosi va ko'chma ma'nosi ustida ishlar ekanlar, shu til bilan
bajariladigan o'quv topshiriqlari, foydalaniladigan rasmlar, diafilmlar, badiiy asarlarning namunalari
muhim tarbiya vositasi bo'lib xizmat qiladi.
Demak, ona tili ta'limining maqsadi - ona tili mashg'ulotlari bolalarda ijodiy, mustaqil fikrlash,
ijodiy fikr maxsulini nutq sharoitiga mos ravishda og'zaki va yozma shakllarda to'g'ri, ravon ifodalash
ko'nikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirishdir.
Ona tili o'qitish oldiga qo'yilgan yuqoridagi murakkab ishlar metodika maqsadini belgilab
beradi.
Ona tili o'qitish metodikasining vazifalari quyidagilardan iborat:
1. Ona tili predmetining hajmi, mundarijasi, maqsadi, o'ziga xos xususiyatlari, kursning
bo'limlari, ular orasidagi G'sinflarG' bog'lanish, materiallarning sinflar bo'yicha taqsimotini aniqlash.
2. O'quvchi va o'qituvchining vaqtini hamda kuchini tejash, shuningdek, darsning
samaradorligini oshirish maqsadida o'qitishning eng qulay, foydali metod va usullarini tavsiya etish.
3. O'quvchilarning ona tili dasturida belgilangan bilimlar sistemasini bir tartibda o'zlashtirib, shu
asosida muayyan malaka va iqtidor hosil qila olishlari uchun zarur bo'lgan shart-sharoitlar bilan
bog'langan masalalarni hal etish.
4. Nimani o'rgatish? Qancha o'qitish? Nima uchun o'qitish? Qanday usullar bilan o'qitish? nima
uchun (bir) u yoki bu bo'limni o'rganishda muayyan bir metoddan foydalanish kerak? kabi savollarga
javob berish.
5. O'zbek tili, talaffuzi, yozma nutqda tinish belgilarini ishlatishning asosan qoidalarini o'rgatish;
turli xildagi lug'atlardan keng foydalana olishni ijtimoiy hayot uchun zarur bo'lgan ish qog'ozlarini
yuritish ko'nikmalarini; badiiy, ilmiy, ijtimoiy asarlarni o'rganib, ular haqidagi fikr-mulohazani, shaxsiy
munosabatini og'zaki bayon eta olish madaniyatini shakllantirish.
6. Maktabda o'qitiladigan barcha fanlarni puxta o'rganishga ko'maklashish, ona tili orqali boshqa
xalqlarning tillariga ham muhabbat uyg'otish.
O'zbekistonning davlat tili haqidagi qonuni (1989 yil 21 oktabr) ta'lim maktablarida o'zbek tili
o'qitish oldiga yangi vazifalarni qo'ydi. Mana shu vaziyatdan kelib chiqqan holda til o'qitish
metodikasining ham vazifalari kengaydi.
O'zbek tili o'qitish metodikasi fanining boshqa fanlar bilan aloqasi.
1. Ona tili o'qitish metodikasi va tilshunoslik.
Maktablarda o'qitiladigan ona tili fanining ilmiy asosini va mazmunini, eng avvalo, til haqidagi
fan belgilab beradi. Ona tili o'qitishning to'g'ri tashkil etilishi va samarali bo'lishi til to'g'risidagi
lingvistik xulosalarning ilmiy va aniq bo'lishiga bog'liq.
Ona tili o'qitish metodikasini ham, uning taraqqiyotini ham tilshunoslik fanisiz tasavvur etib
bo'lmaydi.
Maktabda tilning tovush tomoni, grammatik qurilishi va lug'at boyligi haqida o'quvchilarga,
ularning yoshi hamda bilim darajasiga mos holda boshlang'ich ma'lumot beriladi. Ana shu bilimga
asoslanib yozuv va stilistika normalari o'rgatiladi. Bularning mundarijasi va hajmi ona tili dasturlarida
belgilanib, mazmun darsliklarda bayon etiladi. Masalan,
Fonetika bo'yicha ma'lumot olgan o'quvchi tovush va harf, unli va undoshlarni ongli farqlay
oladigan bo'lishi kerak.
Grammatika mashg'ulotlarida o'quvchi so'zning morfologik tuzilishini, so'z turkumlarining ma'no
va grammatik belgilarini, gap bo'laklarining o'zaro munosabatini ongli o'zlashtiradi.
O'quvchilar so'zlarning o'zaro birikib, gap hosil qilish, gaplarning o'zaro bog'lanib, qo'shma gap
hosil qilish haqidagi qonun-qoidalarini o'rganish davomida ijtimoiy borliq, undagi hodisalar orasidagi
aloqani ham tushuna boradilar.
Demak, ona tili o'qitish metodikasi o'zbek tilidan o'qitiladigan mavzular mazmunini belgilashda
tilshunoslik faniga va uning xulosalariga asoslanadi.
5
Dialektologiya fani o'qituvchiga nutqida ko'p uchraydigan va shevachiligi tufayli sodir bo'ladigan
orfografiya va orfoepiya xatolarini bartaraf etishda yordam beradi.
Keyingi paytlarda maktab grammatikasi bilan ilmiy grammatikani yagona metodologiya asosida
hal qilishga harakatlar bo'lmoqda.
Maktab darsliklarini yangi dastur asosida yaratish ishiga 60-90 yillar davomida yirik olimlardan
Ayub G'ulomov, Mazluma Asqarova, Musharraf Omilxonova, Yo'ldosh Abdullayev kabi olimlar katta
hissa qo'shishgan bo'lsa, 1990 yildan buyog'iga Hamidjon Ne'matov, Abdulhamid Nurmonov, Asqar
G'ulomov, Azim Hojiyev, Ne'mat Ahmedov kabi olimlarimiz katta izlanishlar olib borishmoqda.
II. Ona tili o'qitish metodikasining pedagogika va psixologiya fanlari bilan bog'liqligi.
Ma'lumki, pedagogika ta'lim-tarbiya prinsiplarini belgilaydi. Ona tili o'qituvchisi boshqa fan
o'qituvchilari kabi ana shu prinsiplarni yaxshi egallab, ularni amalda qo'llay olishi kerak.
Pedagogika, ayniqsa, uning didaktika qismi ona tili o'qitish metodikasining ham nazariy asosi
hisoblanadi. Ona tili o'qitish metodikasi didaktikaning onglilik, faollik, puxta o'zlashtirish, izchillik,
ko'rgazmalilik, nazariyani amaliyotga bog'lash kabi barcha prinsiplariga tayanadi.
O'qituvchi o'z o'quvchilarining psixologik qobiliyatlarini o'rganish, ona tili materiallarini
tushuntirishda ularni hisobga olishi kerak. O'qituvchining darsda o'z faniga o'quvchilarining havasini
uyg'ota bilishi, materialni esda saqlab qolish yo'llarini qo'llashi o'qitish samaradorligini yanada oshiradi.
Orfografiya va punktuasiya o'qitish maktab ona tili kursining tarkibiy qismidir. Savodxonlik
o'quvchining aqliy taraqqiyotida, madaniy saviyasida muhim o'rin tutadi. Savodxonlik o'quvchida tilga
havas uyg'otadi, uning til sezgirligini oshiradi.
O'quvchilarning ko'rish, eslash kabi xotiralarini yaxshilashda mashqlarning ahamiyati juda katta.
Mashqlarning qiziqarli, hayotiy, estetik va tarbiyaviy jihatdan puxta bo'lishini talab etadi. Shuning
uchun o'qituvchi mashq uchun misol tanlashda xushyorlik ko'rsatishi zarur. O'quvchilarning qiziqishini,
qobiliyatini, til sezgirligini, faoliyatini, o'ziga xos xususiyatini e'tiborga olish ta'lim ishida o'ziga xos
o'rin tutadi.
Tavsiya qilinadigan adabiyotlar ro'yxati:
1.
Barkamol avlod - O'zbekiston taraqqiyotining poydevori. Toshkent, "Shark" nashriyoti-
matbaa konserni, 1997 yil.
2.
Roziqov O., Mahmudov M., Adizov B., Ta'lim texnologiyasi, Toshkent, "O'qituvchi"
nashriyoti, 1999 yil.
3.
Yo. G'ulomov, Inomjon Rasulov, Hasan Rustamov, Belgi Mirzaahmedov. O'zbek tili
o'qitish metodikasi, Toshkent, "O'qituvchi", 1995 y.
4.
Asqar G'ulomov. Ona tili o'qitish prinsiplari va metodlari."Toshkent", "O'qituvchi", 1992
yil.
5.
Ona tili o'qitish samaradorligini oshirish. Toshkent, "O'qituvchi", 1996 yil.
6.
Matbuot nashrlari: "Ma'rifat", "Murabbiy" gazetalari; "Xalq ta'limi", "Til va adabiyot
ta'limi" jurnallari.
7.
G'ulomov A., Ne'matov X. Ona tilidan ta'lim mazmunini yangilashning asosiy
yo'nalishlari. Toshkent, 1993 yil.
8.
B.To'xliyev, M.Shamsiyeva, T.Ziyodova. O'zbek tili o'qitish metodikasi. Toshkent, 2006
yil
9.
Nurmonov A. Lingvistik tadqiqot metodologiyasi va metodlari. – Toshkent: Akadem
nashr., 2010. – 112 bet.
Mavzuga doir tayanch iboralar:
- metod
6
- til ta'limining maqsadlari
- til ta'limining vazifalari
- til ta'limining predmeti
- til ta'limining boshqa fanlar bilan aloqasi
- ona tili predmetining mundarijasi
- ilg'or maktab o'qituvchilari tajribasi
- yangi pedagogik texnologiya asosida o'qitish
O'ZBEK TILI O'QITISHNING UMUMDIDAKTIK PRINSIPLARI
REJA.
1. Ona tili o'qitishda ilmiylik va sistemalilik prinsipi.
2. O'qitishning tushunarli va yengil bo'lish prinsipi.
3. Nazariyaning amaliyot bilan bog'liqlik prinsipi.
4. Bilimlarni mustahkamlash prinsipi.
5. Izchillik prinsipi.
1. O'quvchilarga hozirgi o'zbek tilshunosligida qat'iy hal etilgan, ilmiy tomondan tasdiqlangan
to'g'ri ma'lumotlar beriladi. O'qituvchi til hodisalarini o'zaro aloqa va taraqqiyot nuqtai nazaridan
izohlaydi.
O'qitishning ilmiylik prinsipi o'qituvchining hamisha ziyrak bo'lishini, fan yangiliklaridan
xabardor bo'lib turishini talab qiladi. U butun fikrini ilmga asoslanib bayon etishi kerak. O'zbek tili
o'qitishda sistemalilik va izchillik prinsipi ham alohida o'rin tutadi. Ona tili fanini, uning bo'limlarini bir
tartibda o'rganish o'quvchilarning bilim olish va mantiqiy fikrlash faoliyatini yaxshilashdan tashqari,
o'zlashtirish jarayonini ham yengillashtiradi. Shuning uchun dastur, darslik qo'llanma tuzishda ham shu
prinsipga qat'iy amal qilinadi.
Maktabda ona tili o'qitish fonetika, grafika, leksika, so'z yasash, morfologiya, sintaksis va
punktuasiyani o'zida birlashtirgan ekan, bu sistemalilik va izchillik prinsipiga to'la mos tushadi.
O'quvchilarga fonetika va grafika haqida ma'lumot bermasdan leksika haqida bilim berib bo'lmaydi.
Tilning leksik boyligi bilan tanishish so'z yasash, so'z qurilishi, so'z turkumlari haqida asosli bilim
berishga imkon yaratadi. Shuning uchun leksika bo'limi morfologiyadan oldin o'rganiladi.
Morfologiyada o'quvchilar har bir so'z turkumini o'rganish davomida so'z yasash usullari bilan
kengrok tanishib boradilar.
Ot haqida puxta bilim olgan o'quvchi sifat, son, olmosh kabi mavzular bo'yicha beriladigan
bilimlarni ortiqcha qiyinchiliksiz o'zlashtirib oladi.
Gap bo'laklari haqida ma'lumot olmay turib, undalma va kirish so'zni o'zlashtirib bo'lmaydi.
Sistemalilik va izchillik prinsipi kundalik darslar oldiga ham muayyan talablar qo'yadi:
o'qituvchi har xil usullar yordamida yangi mavzuni o'tilgan mavzuga bog'lab izohlaydi. Bu yo'l
o'quvchilarning anglash faoliyatlarini yaxshilaydi, hatto ancha oldin o'tilgan materiallarni ham esga
olishlari uchun imkon beradi. Shuning uchun har safar yangi mavzuni boshlashdan oldin o'quvchilardan
o'tilgan mavzuni so'raladi. Natijada o'tilgan mavzu bilan o'rganiladigan mavzu orasida bog'lanish yuzaga
keladi. Hatto yangi bo'lim yoki bobni o'rganishga kirishishdan oldin ancha ilgari o'tilgan, lekin yangi
o'tiladigan mavzuga aloqador materiallarni masalan, ot haqidagi ma'lumotlarni so'rash ham yangi
mavzuni o'tishda muhim ahamiyatga ega.
2. Odatda, har bir sinf o'quvchilari yosh jihatdan bir xil bo'lsalar ham, bilim va malakalarni
o'zlashtirish, qabul qilish, qiziqish, mustaqil ishlash va qobiliyat kabilar nuqtai nazaridan ma'lum
darajada farqlanadilar. Bir o'quvchi juda oson o'zlashtirgan materialni o'zlashtirishda qiynalsa
umidsizlana boshlaydi, o'quvchida fanga qiziqish susaya boradi. Mavzuning hammaga tushunarli
7
bo'lishiga erishish o'qituvchiga muayyan pedagogik mas'uliyat yuklaydi. Shuning uchun o'qituvchi har
bir darsda o'quvchilar yoshini, sinfning tayyorgarligini, materialning xarakterini hisobga oladi, shunga
ko'ra dars o'tish vositasini tanlaydi.
O'qitishning bu prinsipiga ko'ra, hatto ilmiy va tarixiy nuqtai nazardan to'g'ri bo'lgan ayrim
dalillarni 5-sinf o'quvchisi uchun taqdim etish didaktik tomondan o'zini oqlamaydi. Materialning
o'quvchilarga oson va tushunarli bo'lishi ko'p jihatdan o'qituvchining nutq madaniyatiga bog'liq:
uzundan uzoq, mavhum jumlalar, faqat kitob bilan chegaralanish o'quvchilarning anglash jarayoniga
salbiy ta'sir ko'rsatadi. Shuning uchun o'qituvchining nutqi sodda, ixcham, tushunarli hamda adabiy
talaffuz normalari doirasida bo'lishi kerak. Bundan tashqari, darsda munozarali dalil va hodisalar haqida
fikr yuritish, unga o'quvchilar diqqatini jalb qilish ham ma'qul emas.
3. Til inson faoliyatining barcha sohasi bilan bog'liqdir. Til bo'lmasa, jamiyat ham bo'lmaydi, har
qanday ishlab chiqarish to'xtaydi. Bu ma'noda tilning xizmati cheksizdir.
Maktab jamiyatning kelgusi a'zolarini tarbiyalab yetishtiradi. Maktabni tamomlagan o'quvchi
ijtimoiy hayotdan o'rin oladi. Bunda unga, ayniqsa, ona tilidan bilganlari, to'g'ri yozish va o'qish
malakalari, mazmunli va chiroyli so'zlash san'ati, ish qog'ozlari bilan muomala qila olish o'quvchiga qo'l
keladi. Shuning uchun ona tili darslarida nazariya va amaliyotni o'zaro bog'lash juda muhimdir.
O'quvchilarning grammatika, orfografiya va punktuasiyaga oid nazariy bilimlar bilan amaliy
tayyorgarligi, ayniqsa, og'zaki va yozma nutq madaniyati hamda savodxonligi orasida ma'lum farq
bo'lishi mumkin.
Grammatika va yozuv qoidalarini ongli o'zlashtirmay turib, mustahkam tayyorgarlikka, puxta
malakaga ega bo'lish mumkin emas.
Shuning uchun har qanday sharoitda ona tili o'qitish jarayonini amaliy ishlarga bo'ysundirish
lozim.
Ona tili darslarini hayotga bog'lash prinsipi quyidagilarni taqozo etadi:
a) grammatik qoidalar uchun jonli nutq va badiiy adabiyot namunalaridan misol keltirish.
Hayotiy va chiroyli jumlalar o'quvchilarga chuqur singib boradi, ularning bilimlarini ongli
o'zlashtirishlariga yordam beradi.
Misollarning tarbiyaviy ahamiyati kuchli bo'lsa, ona tili darslarining saviyasi yana ortadi;
b) o'tilgan qoidalarni mustahkamlashda faktik materiallarga boy, o'quvchilarning mustaqil
fikrlashini hamda ijodiy qobiliyatini o'stirishga yordam beradigan mashqlardan foydalaniladi;
v) o'quvchilar amaliy ish davomida nazariy bilimlarini og'zaki va yozma nutqlariga tadbiq etish
malakasini egallaydilar. Turli topshiriq va mashqlarni erkin bajaradilar;
g) og'zaki va yozma nutqni o'stirish mashg'ulotlari o'quvchilarning amaliy tayyorligiga bog'lab
olib boriladi.
Sintaksis darslari o'quvchilarning bog'lanishli nutq malakalarini o'stirish uchun katta material va
imkoniyat beradi.
Muhokama - bu biror predmet, shaxs yoki narsa, hodisa haqida fikr yuritish, bu fikrni isbotlash,
uni solishtirish, nihoyat xulosa chiqarishdir.
4. O'quvchilar bilimining mustahkamligi prinsipi
Ona tilidan olingan bilim va malakalar amaliy faoliyatda yordam bersa, o'quvchilar bilimining
yanada boyishi, kengayishi va chuqurlashishi uchun asos bo'lsagina bu bilim mustahkam hisoblanadi.
Bilimlarni mustahkam o'zlashtirish quyidagi shart-sharoitlar bilan bog'liq:
a) yangi o'rganilayotgan mavzuni yaxshi tushunib olish va aniq tasavvur qilish;
b) o'quvchilarda o'tilgan mavzu bilan yangi mavzuni bog'lay olish malakasini hosil qilish;
v) o'quvchilarda o'rganilgan mavzu yoki bo'limlar bo'yicha sinfda, uyda bajargan mustaqil
ishlarining sifati;
g) takrorlash sistemasi.
d) mashg'ulotlarni bog'liqlik prinsipi asosida olib borish.
8
Bu prinsipga binoan, o'qituvchi o'quvchilarni o'rganiladigan mavzuni o'zlashtirishga oldindan
tayyorlashi mumkin. Ona tili kursida, ayniqsa orfografiya va punktuasiya bo'limlarida, o'zaro bog'langan
mavzu, mazmun va xarakteri e'tibori bilan o'tilayotgan mavzuga juda yaqin bo'lsa, materialni o'qituvchi
o'quvchilarga ma'lum darajada eslatishi va shu bilan ularni o'rganiladigan mavzuni o'zlashtirishga
oldindan tayyorlashi mumkin. Zotan, shu yo'l bilan ona tili kursining bo'limlari orasida aloqa ham
o'rnatiladi.
5. Ona tili o'qitishda izchillik
5-9 sinf ona tili mashg'ulotlarini boshlang'ich sinflarda o'rganilgan materiallarni hisobga olgan
holda o'tkazish ona tili o'qitishning muvaffakiyatini ta'min etuvchi asosiy shartlardan biridir. 1-3 sinf
dasturlarini yaxshi bilgan o'qituvchigina ta'lim jarayonini yengildan qiyinga, soddadan murakkabga,
yaqindan uzoqqa prinsipi asosida tashkil etishi mumkin. Bu narsa yangi darsni oldingi dars asosida
o'tkazish uchun imkon beradi.
O'quvchilarning boshlang'ich sinflarda olgan bilim va malakalarini hisobga olmay turib, 5-6-
sinflarda ona tili o'qitishni to'g'ri uyushtirish mumkin emas. 1-4 sinflarda o'rganilgan tushuncha va
malakalarni e'tiborga olib, o'qituvchi 5-sinfda ona tili o'qitish usullaridan eng muvofig'ini amalda tadbiq
etadi. 5- sinfdagi dastlabki mashg'ulotlar xarakteri, dars o'tish metodlari va usullari, misol va mashqlar,
o'qituvchi nutqi va boshqalar boshlang'ich sinflarda olib borilgan ish shakllarining davomi bo'lishi
kerak. 5-8 sinflardan boshlab o'qituvchining ish shakllari murakkablashib boradi.
Ma'lumki, 5-sinf o'quvchilari bir necha o'qituvchi qo'lida ta'lim oladi. Demak, 5- sinf o'quvchisi
bu yerda birinchi marta jid-diy sinovdan o'tadi. Shuni e'tiborga olib, ona tili o'qituvchilari:
a) boshlang'ich sinf dasturlari bilan juda yaxshi tanish bo'lishlari kerak;
b) 5-sinfni birinchi marta o'qitadigan o'qituvchilar 4-sinfdan boshlab o'quvchilar bilan yaqindan
tanishmoqlari, darslarga tez-tez kirib, o'qituvchining metodlarini, o'quvchilarning aqliy va psixik
faoliyatlarini o'rganishlari shart.
5-sinfda ona tilidan olib boriladigan dastlabki mashg'ulotlarda boshlang'ich sinf materiallari
muayyan tartibda qaytariladi.
Keyin ona tili fanining asosiy kursi boshlanadi. Bunda eng birinchi vazifa 5-sinfdagi mavzularni
qaysi biri o'quvchilarga boshlang'ich sinfdan ma'lum, qaysi biri yangi yoki murakkab ekanligini
aniqlashdir. Shunga qarab o'qitish usullari tanlanishi kerak.
Bu malaka keyinroq, sintaksisdan nazariy qonun-qoida o'tilganda, ongli o'qish bilan qo'shilib,
natijada o'quvchilar u yoki bu tinish belgisining vazifasi haqida atroflicha ma'lumot oladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |