II.3 « Martin Iden » va « Sarob » romanlarida milliy psixologizm
Har qanday realistik roman voqealari muayyan tarixiy davrda, aniq tarixiy makonda kechadi. Har bir tarixiy davrda esa fanda milliy psixologiya deb ataladigan ommaviy ruhiy belgilar, qarash va munosabatlar sistemasi shakllanadi. Ijodkor tarixiy davrning badiiy manzarasini chizar ekan, ijtimoiy va milliy psixologiya motivlarini chetlab o`tolmaydi. Aksincha, davrning tarixiy manzarasi, katta ijtimoiy voqelik shu davr odamlarining psixologiyasi orqali badiiy qayta gavdalantiriladi.
Ma`lumki, "Martin Iden" va "Sarob" romani voqealari ikki xil tarixiy-ijtimoiy muhitda kechadi. Jek London o`zi yashagan davr - kapitalizmning yuqori bosqichi davri voqealarini qalamga olgan. Martin Iden hayoti voqealari bilan tanishar ekanmiz, ko`z oldimizda davr odamlarida shakllangan qarashlar, intilishlar konkret olingan voqealarda namoyon bo`ladi.
Tragik pafos ustivor bo`lgan romanlarda insoniylikka zid bo`lgan ommaviy psixologiyaga qarshi turgan shaxsning hayoti qalamga olinadi. Bunday asarlarda tragik pafos o`zida olijanob insoniy; ko`pinchа hamisha ham zaminiy hayotga, oddiy turmush ravishiga, hech bo`lmaganda o`sha tarixiy-maishiy sharoitga to`g`ri kelavermaydigan yuksak ideallarni mujassamlashtirgan bosh qahramon bilan intilishlari real ijtimoiy vohelik bilan chegaralangan odamlar o`rtasidagi konfliktdan kelib chiqadi. "Telba", "Jinoyat va jazo", "Anna Karenina", "Tirilish", "Martin Iden", "Sarob" kabi romanlarda davr psixologiyasiga moslasha olmagan qahramonlarning dramatik yoki tragik qismati qalamga olinadi.
Abdulla Qahhor muhim tarixiy-ijtimoiy voqealarni milliy-mahalliy kontekstda rivojlantirib boradi. Bu Martin Iden fojiasi ro`y bergan milliy koloritdan butunlay farq qiladi. Saidiy va Munisxonning muhabbatida ham, bu masalaning oila muhitida hal qilinishida ham, Saidiyning uylanishi motivida ham milliy ruh barq urib turadi.
Munisxon Saidiyga, Rufning esa Martinga bo`lgan munosabatlari o`rtasida ancha farqlar seziladi.
“Munisxonning nazarida, Saidiy nima bilandir boshqa studentlardan, hatto barcha yigitlardan ajraladi. U yuvosh, og`ir, yana qobilgina yigit, gapga tez tushunadi va kishi qanday kayfiyatda bo`lsa shunga munosib muomala qiladi. Munisxon unga bo`lgan munosabatini xolis, beg`araz, garchi o`zi uchun erishroq tuyulsada, o`rtoqlik munosabati, deb bilar va hammaning ham shunday qarashini tilar, lozim kelganda ishontirishga undar edi.”1
Munisxon Saidiyga bo`lgan tuyg`usini imkon boricha yashirar, o`zini ham faqat do`st bo`lib qolishlariga ishontirar, boshqalarning ham shunday o`ylashini tilar edi.
Ruf esa Martinga nisbatan, Munisxondan farqli ravishda, o`ziga mos qalliq sifatida, erkak sifatida qarar edi.
“And while he talked, the girl looked at him with startled eyes. His fire warmed her. She wondered if she had been cold all her days. She wanted to lean toward this burning, blazing man that was like a volcano spouting forth strength, robustness, and health. She felt that she must lean toward him, and resisted by an effort….Lean toward him, if so you will, and place your two hands upon his neck!" She wanted to cry out at the recklessness of the thought, and in vain she appraised her own cleanness and culture and balanced all that she was against what he was not.”2
Missis Morz qizining Martinga bo`lgan munosabatini eri bilan bemalol, sharqona kishi nazdida biroz behayoroq tuyuladigan, lekin amerikalik oila uchun tabiiy bo`lgan bir yo`sinda muhokama qiladi:
" - He is the first man that ever drew passing notice from Ruth, - she told her husband. - She has been so singularly backward where men are concerned that I have been worried greatly.
Mr. Morse looked at his wife curiously.
- You mean to use this young sailor to wake her up? - he questioned.
- I mean she is not to die an old maid if I can help it, - was the answer. - If this young Eden can arose her interest in mankind in general, it will be a good thing.
- A very good thing. - he commented." 1
("- Martin Rufning e`tiboriga sazovor bo`lgan birinchi erkak, - dedi u keyin eriga. - qizimiz doim erkaklarga loqayd qarardi. Bundan men hatto tashvishga ham tusha boshlagan edim.
Mister Morz xotiniga taajjublanib haradi.
- Bu matros yigitning qizingda ayollik hislarini uyg`otishini istaysanmi? - deb so`radi er.
- Qizimning olamdan qari qiz bo`lib o`tib ketishini istamayman. Agar Martin Iden tufayli unda umuman erkaklarga qiziqish uyg`onsa, juda yaxshi bo`lardi.
- Juda yaxshi bo`ladi! - deb e’tirof etdi mister Morz".)
Bu suhbat shunga olib keladiki, ota va ona Rufda balog`at yoshiga mos holda o`zga jinsga mayl uyg`onishi uchungina qizlarining Martinga bo`lgan munosabatini cheklamaslikka kelishadilar, ular o`z maqsadlariga erishgandan so`ng esa qizlariga qalliq bo`lishga noloyiq Martin o`yindan chiqarilishi lozim edi. Voqealar ancha rivojlanib, mister Morz xotinidan qizining Martinni sevib qolganini eshitgandan keyin esa shunday deydi:
" - It could hardly have come otherwise. - was Mr. Morse's judgment. - This sailor-fellow has been the only man she was in touch with. Sooner or later she was going to awaken anyway; and she did awaken, and lo! here was this sailor-fellow, the only accessible man at the moment, and of course she promptly loved him, or thought she did, which amounts to the same thing"2.
("Shunday bo`lishi muqarrar edi... chunki qizimiz shu matrosdan boshqa birorta erkak bilan yaqin munosabatda bo`lgan emas. Bir kun emas-bir kun unda ayollik hissi uyg`onishi kerak edi. Uyg`ondi ham, ammo, mana oqibat, qizimiz kelib-kelib shu beboshni sevib qolibdi... Turgan gapki, Ruf uni birpasda sevib qolgan yoki hech bo`lmaganda, sevaman, deb o`zini ishontirgan - aslini olganda, unisi ham, bunisi ham bir go`r.”)
Shuningdek, Ruf o`zi va Martin o`rtasida bo`lib o`tgan g`oyat intim holatlarni ham onasi missis Morz bilan bemalol muhokama qilaveradi.
"No, he didn't speak, - Ruth explained. - He just loved me that was all. I was as surprised as you are. He didn't say a word. He just put his arm around me. And…and I was not myself. And he kissed me, and I kissed him. I couldn't help it. I just had to. And then I knew I loved him"1.
("U bir og`iz ham so`z aytmadi", - deydi Ruf onasiga. "U shunchaki meni quchoqladi-yu, men ... men esimni yo`qotib qo`ydim. U meni o`pdi, men ham uni o`pdim... O`zga ilojim yo`q edi. Men uni o`pishim kerak edi. Ana o`shanda men uni sevishimni anglab qoldim".)
"Sarob"da esa asar syujetining asosini tashkil qilgan bu masalalar Munisxon va Saidiyning baxtiga qarshi, ammo milliy mentalitetga mos hal qilinadi. Saidiy bilan Munisxon o`rtasidagi muhabbatdan yaxshigina xabardor, hatto bu munosabatdan o`z guruhini kengaytirish yo`lida foydalangan, ammo buni bilib turib bilmaslikka olgan Salimxon Munisxonning hayotini o`zicha hal qiladi-qo`yadi - u singlisini Muxtorxonga uzatishga qaror qiladi. Bu xabar Munisxonga an`anaviy ravishda onasi orqali yetkaziladi:
"Salimxon yarim oylik komandirovkaga borib qaytgach, Munisxon onasidan xunuk bir gap eshitdi: akasi uni marg`ilonlik Muxtorxon degan bir kishiga bermoqchi emish!"2
Zamon yangilanib, ayollar paranjidan chiqib, erkaklar bilan bir jamoada o`qiyotgani, ishlayotganiga; Munisxon zamonaviy, o`qigan qiz ekanligiga; Saidiyni - o`rtadagi har ne nomuvofiqlikka qaramay - ilohiy ishq bilan sevib qolganiga va hatto bu qadar mudhish xabar tufayli "onasini vosita qilishga sabri chidamay, akasi bilan yuzma-yuz o`tirib gaplashishga majbur bo`l"3ganiga qaramay, Salimxonning kulimsirab: "Biron xohlaganing bormi?" degan savoliga "Yo`q, lekin..." deb javob beradi. Bu "yo`q, lekin..."da Munisxonning o`z muhabbatini tan olishiga monelik qilgan g`ururidan tashqari, ayolning oila qurish masalalaridagi sharqona odobi ham ifoda topgan. Salimxonning singlisi taqdiriga oid qarashi ham an`anaviy - u "hech handay e`tirozga o`rin qoldirmaydigan qat’iy so`z aytdi:
"Sening uchun men o`ylayman, senga hech o`ylash kerak emas."1
Munisxonning oila qurishi masalasida onaning ishtiroki an’anaviy tarzda Gulsumbibi ("Qutluh qon"), Qurvonbibi ("Kecha va kunduz") kabi uni sevilmagan kuyovga turmushga chiqishga ko`ndirishdan iborat edi. Buni adib ochiq aytmay, birgina jumlada ishora beradi: Munisxon Muxtorxonga turmushga chiqish masalasida Salimxon bilan gaplashib olgach, "ikki kundan so`ng onasidan Muxtorxonning boyligini eshitib, xayol surdi."2
Tabiiyki, "xilvatga kirib yig`"laydigan qizining yuragidagi faryodni ona sezmasligi mumkin emas, uning qo`lidan esa Munisxonni Muxtorxonning yagona "fazilati" - boyligini aytib ko`ndirishdan boshqa ish kelmaydi.
Saidiyning uylanishi ham sharqona mentalitet bilan shartlangan. Bo`ydoq yashab o`tish - sharq erkaklari orasida juda kamdan-kam uchraydigan holat. Boshqa omillar (Munisxondan o`ch olish, boylikka egа bo`lish, buzilgan ruhiy muvozanatni o`nglab olish, yashash ishtiyohining so`nmaganligi) qatorida ana shu an’anaga g`ayriixtiyoriy vorislik ham Saidiyni, garchand bu nikoh uning yo`qotganlari o`rnini bosa olmasligini ich-ichdan his etib tursa-da, uylanish qaroriga olib keladi.
Munisxon ham Saidiyning uylanishiga sof milliy nuqtadan turib yon beradi. Turmushga chiqqanidan keyin ham Saidiyni o`ziga og`dirish, uni o`z muhabbatining ta’sir doirasida saqlab qolishga uringan Munisxon dastlab Soraxon bilan bo`ladigan to`y haqidagi mish-mishlarga ishonmaydi. To`y aniq bo`lgach, "Munisxon birinchi martaba o`z-o`ziga Saidiyni sevganini qattiq tovush bilan aytdi: yuzini g`ijimlab, kuyunib yig`ladi va chidolmagan minutlarining birida o`zini karavotga ko`tarib urdi."3
Dastlab o`zini o`ldirmoqchi bo`lgan Munisxon keyin milliy tushunchalar olamidan o`ziga tasalli qidirib topadi:
"Axir, qiz olmagan yigit, qanday qilib bir kaltakesakning sarqitiga rozi bo`lsin, mayli, u ham qiz olsin. So`ngra baravar bo`lamiz."1
Iffat masalasining bu darajada muhim ahamiyat kasb etishi o`zbek xalqining, o`zbek qizlarining o`ziga xos xususiyatlaridan biri. Yana bir o`rinda u kulgi aralish Soraxonning Saidiydan qochish-qochmasligini so`raydi. Umuman, Munisxonda milliy belgilar juda nozik berilgan.
Martinni esa na Rufdan o`ch olish tuyg`usi, na uylanish orqali kambag`al qiz Lizzini baxtli qilish bilan xarakterlanadigan olijanoblik o`z hayotini boshqa birov bilan bog`lashga majbur qila olmaydi:
"From the dark to the Mariposa, at the sailing hour, he saw Lizzie Connolly hiding on the skirts of the crowd on the wharf. "Take her with you," came to the thought. "It is easy to be kind. She will be supremely happy." It was almost a temptation one moment, and the succeeding moment it became a terror. He was in a panic at the thought of it. His tired soul cried out in protest. He turned away from the rail with a groan, muttering, "Man, you are too sick, you are too sick!" 2
("U safarga jo`nashi oldidan "Maripoza" palubasida turib, kuzatuvchilar orasida Lizzi Konollini ko`rib qoldi. "Qizni o`zing bilan olib ket", deb pichirladi unga doxiliy bir ovoz. "Axir, olijanoblik ko`rsatish nechog`lik oson, qizni esa behad xushbaxt qilgan bo`lasan". Martin bir sekund olib ketsammikan, deb o`ylanib qoldi, lekin shu zahotiyoq bu o`y vahimaga aylandi".)
Bundan tashqari har bir qahramonning o`y-xayollari, kichik bir harakatida ham milliy ifoda namoyon bo`ladi. Misol uchun Gertruda va Saidiyning opasi ("Sarob"da opaning ismi berilmagan)ni qiyoslab ko`raylik. Ularning har ikkisi ham mushtipar, og`ir jismoniy mehnat va turmush mashaqqatlari ostidа ezilgan, erlari tomonidan xo`rlikka giriftor etilgan ayollar. Ularning erlari bilan o`rtalaridagi kelishmovchiliklardan biri Martin va Saidiy tufayli bo`ladi. Muhammadrajab Saidiyning opasiga "agar ukang qadam qo`yadigan bo`lsa, menga taloqsan" deb po`pisa qiladi, opa esa g`ing demay, ukasi bilan aloqani uzib qo`yaqoladi. Serandishalik tufayli u nafaqat eriga o`z fikrini aytish, hatto Saidiynikiga butkul ko`chib kelgandan so`ng Soraxon va uning oilasidagilarning xo`rlovchi munosabati haqida ham ukasiga og`iz juftlay olmaydi:
"...bu chaqimchilik bilan ukasining uyini buzishdan qo`rqar va har jafo bo`lsa ichiga solardi."1 Opa o`zini himoya qilish, o`z huquqini talab qilishni "chaqimchilik" deb tushunadi, o`zini bemalol tahqirlashlariga yo`l ochib beradi.
Gertruda esa ayollarga boshqacha munosabat shakllangan milliy sharoitlarda o`sib-ulg`aygan, shuning uchun u harqalay ukasini himoya qilish uchun eriga e’tiroz bildira oladi:
"U ovqat bilan kvartira pulini vaqtida to`lab turibdi, - deb e’tiroz bildirdi xotin. U mening ukam, sendan hech qanday qarzi yo`q, unga tirg`alishga haqqing yo`q. Keyin, men ham odamman, sen bilan rosa yetti yildan beri bekorga bir yostiqqa bosh qo`yib kelayotganim yo`q."
"Sarob"dagi opaning bunday fikrlarni aytishini tasavvur qilib bo`lmaydi.
Muhammadrajab opani uydan haydab yuborgandan keyin u Saidiynikiga ko`chib keladi. Ukasining "Albatta tuzalasan. Doktorga qarataman" degan so`zidan iyib ketadi. Abdulla Qahhor opaning holatini ifodalash uchun shunday ikkita milliy psixologik detal ishlatganki (1. Opa "ro`molining uchiga tukkan xatni olib, Murodxo`ja domlaga uzatdi"2; 2. "Opa ko`z yoshini ro`molining uchi bilan artdi"3) bu detal yordamida ayoldagi milliy qiyofa juda aniq ko`rsatilgan.
Yana bir o`rinda Munisxon o`zini otib o`ldiradigan kuni kechki ovqatdan so`ng qaznoqqa tushib ketar ekan ammasi "hoy yetimcha, bemahalda tushma!" deb qichqiradi. Shom mahali - milliy psixologiyaga ko`ra bemahal hisoblanadi. O`zbekiston qahramoni Abdulla Oripov ham sof milliy psixologiyadan kelib chiqib mana shu pallani "talosh pallasi" deb ataydi:
Safarga chiqilmas, o`qilmas Qur`on
Talosh pallasi bu, talosh pallasi,
deb yozadi. Ammaning qichqirig`ida ham ana shunday milliy tushuncha o`z ifodasini topgan.
"Martin Iden" va "Sarob" romani voqealari ikki xil ijtimoiy-siyosiy muhitda yuz berganligidan ularda ikki xil ijtimoiy psixologiya yoritib berilgan. Jek London XX asr boshlarida Amerikada - kapitalizmning yuqori bosqichi sharoitida yashayotgan odamlar hayotini qalamga oladi. "Sarob"da esa sho`ro mamlakatida, jumladan, O`zbekistonda ham 70 yil mobaynida hukm surgan qaramlik, qo`rquv, birxillik psixologiyasining endigina shakllana boshlagan kezlari qalamga olingan.
"Martin Iden" va "Sarob" ularda voqealar milliy muhitda rivojlantirib borilgani, qahramonlar ruhiy olami milliy psixologiyaga muvofiq kashf qilingani bilan ham o`ziga xos asarlardir.
Xulosa
Bugungi Istiqlol davrida jahon adabiyotshunosligida istifoda etilayotgan rang-barang tadqiq metodlari tadbiq etish shuni ko`rsatadiki, XX asr jahon adiblarining asarlari har qanday nuqtai nazar uchun, har qanday metod uchun material bera oladigan chuqur va qavat-qavat mazmunli badiiy matnlardir. Xususan, keyingi yillarda milliy adabiyot namunalarini jahon adiblari asarlariga qiyosan tahlil etish tamoyili kuchaydi. Bu esa, tabiiyki, o`zbek milliy adabiyotining jahon adabiyoti kontekstidagi o`rnini belgilash, ularning jahoniy adiblar ijodi paradigmasidagi o`ziga xos o`rni va qimmatini tayin etishning asosiy yo`llaridan biridir. Mazkur malakaviy bitiruv ishida Amerika adabiyotini yangi bosqichga ko`targan Jek London va o`zbek adibi Abdulla Qahhor asarlari tahlil etildi.
Bitiruv malakaviy ish doirasida olib borilgan kuzatishlar quyidagi xulosalarga olib keldi:
1. Kambag`al oiladan chiqqan amerikalik adib Jek London XIX asr oxiri - XX asr boshlarida o`z faoliyati va asarlari bilan butun jahon afkor ommasinining diqqatini o`ziga qaratdi. Jek London ijodi va hayotiy biografiyasi adib bilan zamon nuqtai nazaridan deyarli ketma-ket yashagan, ijtimoiy kelib chiqishi va hayot yo`li ham ma`lum ma`noda yaqin bo`lgan Abdulla Qahhor diqqatini ham tortdi. Abdulla Qahhor, o`zi e’tirof etganidek, Jek London asarlari bilan tanish bo`lgan. Adabiyotshunoslarning kuzatishlariga ko`ra esa, u Jek London adabiy maktabidan bevosita ta’sirlangan. Aytish mumkinki, Abdulla Qahhor o`zining "Sarob" romanini yaratishda amerikalik adaibning nafaqat "Martin Iden" romani syujeti skeletidan, balki yozuvchining biografiyasidan ham foydalangan.
2. O`zbek adabiyotshunosligida Abdulla Qahhorning to`liq ijodiy portreti yaratilganini hisobga olib, mazkur dissertatsiyada Jek London biografiyasiga to`xtab o`tildi. Jek London juda mashaqqatli hayot yo`lini bosib o`tdi. U yoshligidan muhtojlik va mashaqqatlar ichida yashadi, bolaligidan ishlashga, keyinchalik esa iqtisodiy nochorlik tufayli o`qishini tashlashga majbur bo`ldi. Moddiy ahvolini tiklash uchun oltin axtaruvchilar bilan olis Shimolda ham bo`ldi. O`sha davrda butun dunyoda to`lqinlangan siyosiy kurashlarda ishtirok etdi. Ishsizlar sinfiga qo`shilib butun Shtatlarni aylanib chiqadi, turmada ham o`tiradi. Xullas, Jek London hayotning butun mashaqqatlari, ziddiyatlari, miqyoslari bilan to`qnash keladi va keyinchalik bularning barini o`z asarlarida badiiy qayta gavdalantiradi. Jek Londonning adabiy faoliyati "Koll" gazetasi e`lon qilgan tanlovda ishtirok etish va g`olib bo`lishdan boshlanadi. Adibning siyosiy chiqish va maqolalari "Sinflar kurashi" ("The War of the Classes", 1905) hamda "Revolyutsiya" ("Revolution and Other Essays", 1910) to`plamlariga jamlandi. Jek London butun ijodi davomida 19 roman va povest, 152ta hikoya, 3 ta pyesa yaratdi. Uning "Dengiz bo`risi" ("The Sea Wolf"), "Qor mamlakati qizi" ("A Daughter of the Snows"), "Temir tovon" ("The Iron Heel"), "Martin Iden" ("Martin Eden"), "Vaqt kutmaydi" ("The Burning Daylight"), "Oy vodiysi" ("The Valley of the Moon"), "Elsinordagi isyon" ("The Mutiny of the Elsinore") kabi romanlari, qator povest va hikoyalari, pyesalari butun jahon kitobxonlarining sevimli mulkiga aylangan.
3. BMI da "psixologizm" tushunchasini ham muayyanlashtirishga harakat qildik. Badiiy psixologizm badiiy adabiyotda so`z san’atining ilk tajribalaridan boshlab qo`llangan bo`lsa, uni ilmiy masala sifatida o`rganish rus adabiyotshunosligida XIX asrdayoq N.Chernishevskiyning tadqiqotlari bilan boshlangan bo`lsa, o`zbek adabiyotshunosligida bu boshich XX asrning 60-yillariga to`g`ri keladi. Badiiy psixologizm adabiy tur va janrlar kesimida ham farqli jihatlarga ega. Lirikada badiiy psixologizm markaziy o`rinni ishg`ol qiladi, badiiy psixologizmsiz lirika mavjud bo`lolmaydi. Badiiy psixologizm - lirikaning mavjudliligi sharti. Badiiy psixologizm epik va dramatik asarlarda xarakter yaratish vositasi sifatida amal qiladi. Ammo epos bu borada katta imkoniyatga ega bo`lsa, dramada badiiy psixologizmni tasvirlash biroz cheklangan. Ayni paytda badiiy psixologizm tasviri epik janrlar kesimida ham ayrim o`ziga xosliklarga ega. Hikoyada qahramon ruhiy dunyosi izchil ravishda batafsil yoritish imkoni biroz cheklangan. Hikoya janrida psixologik tahlil ko`proq situativ xarakterga ega. Unda psixologik detal, psixologik tafsilotdan foydalanish imkoniyati ko`proq; portret esa, asosan, shtrixlar tarzida ko`rinadi. Qissa janri lirik ibtidoga ega bo`lganidan qissa badiiy psixologizm nuqtai nazaridan lirikaga yaqinlashadi, xuddi lirikadagi singari voqelik hikoyachi-qahramon ichki dunyosi prizmasidan o`tadi. Roman - psixologik tahlil uchun imkoniyatlari eng keng janrdir. Romanda ma`lum qahramonlar xarakterida namoyon bo`ladigan ijtimoiy va milliy psixologiyani ham, xarakterning "qalb dialektikasi"ni ham keng, izchil, har tomonlama ochish va bunda turli usul va vositalardan foydalanish imkoni bor.
4. Adabiyotshunoslik ilmida qo`llanib kelayotgan "ichki dunyo", "ichki hayot", "ruhiy dunyo", "psixologiya" terminlarni sinonim sifatida ishlatish mumkin. Chunki bularning barchasi insonning sub’ektiv dunyosini, shaxs hayotining boshqalarga ko`rinmaydigan nomoddiy, faqat shu shaxsninг o`zigagina aniq ma’lum bo`lgan - boshqalarga esa ishora, belgi, ramz tarzida namoyon bo`ladigan ruhiy-ma’naviy tomonini ifodalaydi. "Psixologik analiz", "psixologik tahlil", "ruhiy tahlil" atamalari ham o`zaro ma’nodosh. Bu terminlarning barchasi bir jarayonning turli bosqichlari va mahsulini anglatadi. Badiiy psixologizm - inson ruhiyatini idrok etish, tahlil qilish natijasi o`laroq, badiiy asarda aks ettirilgan ruhiy holatlar tasviri; yozuvchining matndan tashqarida qoladigan psixologik tahlillari mahsulidir. Badiiy psixologizm - mazmun bo`lsa, dialog, monolog, portret, tush, gallyutsinatsiya, maktub, psixologik detal, psixologik tafsilot, psixologik parallelizm kabilar shu mazmunning voqelanish shakllaridir.
5. "Psixoanaliz" termini esa XIX asr oxiri - XX asr boshlarida avstriyalik vrach-psixoterapevt Zigmund Freyd asos solgan nazariy qarashlar sistemasini anglatadi. Uning "psixoanaliz" terminini "psixologik analiz (yoki) tahlil" terminiga sinonim sifatida ishlatib bo`lmaydi.
6. "Martin Iden" va "Sarob" romani voqealari ikki xil ijtimoiy-siyosiy muhitda yuz berganligidan ularda ikki xil ijtimoiy psixologiya yoritib berilgan. Jek London XX asr boshlarida Amerikada - kapitalizmning yuqori bosqichi sharoitida yashayotgan odamlar hayotini qalamga oladi; bu muhitda ijtimoiy psixologiyaning ikki ko`rinishi avj olgan edi:
1. Insonga uning insoniy sifatlariga qarab emas, qancha va qanday mulk egasi ekanligiga qarab munosabatda bo`lish, insoniylik quhtai nazaridan to`g`ri yoki noto`g`riligidan qat`i nazar, ayrim bir qarashlarning keng yoyilishi, omma tomonidan ma’qullanishi va yozilmagan qat’iy qonun shaklini olishi. Martin insonning qudrati - o`zining ruhiy kuchlarini anglab, uni reallashtirishda deb hisoblasa, atrofidagilarning deyarli barchasi insonning qudrati jamiyatga moslashib olib, yaxshi kun kechirishda, mulk egasi bo`la olishda deb hisoblaydilar.
2. E’tirof etilish yoki e’tirof etilganlar psixologiyasi. Bunga ko`ra, jamiyat har bir sohada o`z liderlarini saylab oladi-da, keyin ularning soyasiga sig`inadi, har qanday o`ziga xoslikni o`sha liderlariga majburan moslashtiradi. Umuman, Jek London faqat Martin yashagan jamiyatda emas, u yoki bu darajada umuman insonlik jamiyatlariga xos bo`lgan hurfikrlilikni, o`ziga xoslikni, yangilikni sig`ishtira olmaslik psixologiyasi; yakranglik, dogmalarga mutelik psixologiyasi; ko`pchilikka xos bo`lmagan qarashlardan qo`rquv psixologiyasi; moddiyunchilik psixologiyasini fosh qiladi.
7. "Sarob"da esa sho`ro mamlakatida, jumladan, O`zbekistonda ham 70 yil mobaynida hukm surgan qaramlik, qo`rquv, birxillik psixologiyasining endigina shakllana boshlagan kezlari qalamga olingan. Abdulla Qahhor - o`zi nazarda tutgan-tutmaganidan qat`i nazar, realistik uslub kuchi bilan - mustabid tuzum hosil qilgan yana bir psixologiya - kimlarnidir "xalq dushmani"ga chiqarish orqali, bir millatga mansub kishilarni o`zaro qarama-qarshi qo`yish psixologiyasini ham real aks ettirgan. Har ikki romanda ham davr psixologiyasiga moslasha olmagan qahramonlarning tragik qismati qalamga olingan.
8. Tadqiq etilgan ikki romanda bir-biridan keskin farq qiladigan ikki xil milliy psixologiya tasvirlangan. Milliy psixologiya ko`proq oilaviy-maishiy masalalarda namoyon bo`ladi. Jumladan, Martin va Ruf munosabatining Morzlar oilasidagi muhokamasida, Gertruda va Saidiyning opasi obrazlari xarakteri ishlanishida, Saidiy va Munisxonning muhabbatida, bu masalaning oila muhitida hal qilinishida, Saidiyning uylanishi motivida milliy ruh barq urib turadi.
Xulosa shuki, Abdulla Qahhor Jek Londonning "Martin Iden" romani syujetidan ta’sirlangan bo`lsa-da, badiiy g`oya jihatdan ham, qahramonning fojeasi nuqtai nazaridan ham butunlay yangi, original asar yaratdi. Jek London orzulari amalga oshsa-da, ma’naviy tanazzulga uchragan iste’dod fojeasini qalamga olsa, Abdulla Qahhor jamiyat majaqlab tashlagan iste’dod fojeasini ochib berdi. Bu asarlar badiiy psixologizmni ifoda etish jihatdan ham usluban farq qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati
-
Karimov I. A. “Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch”, Toshkent, “Ma’naviyat”, 2010 y.
-
Karimov I. A. “Bizdan ozod va obod vatan qolsin”, Toshkent, “O’zbekiston”, 1996 y.
Do'stlaringiz bilan baham: |