II. BADIIY ASARLARDA MILLIY PSIXOLOGIZMNING QO`LLANILISHI
II.1 “Martin Eden” asari qahramonlari talqini
“Martin Iden” romani dunyo tan olgan adabiyot durdonalaridan biri. O`tgan asrning boshlarida hech bir asar “Martin Iden” kabi tezda mashhurlikka erishib millionlab tirajlarda chop etilgan emas.
“Martin Iden” romani “Temir tovon” dan farqli ravishda o`zgacha tarixiy sharoitda yaratilgan. Dunyo katta o`zgarishlar to`lqini arafasida turgan paytda bu asar dunyoda kelgan. Mana shunday bir sharoitda Jek London “Martin Iden“ ustida ishni boshladi.
Uilyam Geysmar, mashhur amerikalik tanqidchi “Martin Iden”ni “o’zi o’qigan asarlarning eng yaxshisi” deb aytadi.1
“Martin Iden” xarakteriga ko`ra antiburjuaz asardir. Asarda muallif burjua jamiyatini o`rganish asosidagi fikrlariga nuqta qo`yadi va burjua jamiyatini o`sha davrdagi barcha kamchiliklarga aybdor qiladi. Ulkan mahorat bilan romanda Amerika burjuaziyasining nuqsonli tomonlari, reaksion kuchlari, betartib siyosati hamda talantlarni toptab, poymol qilishi, insondagi eng nozik va sof tuyg`ularni yakson qilishi, hamma narsani, hattoki, his-tuyg’ularni ham pul bilan o’lchashi yaqqol ko’rsatilgan.2
“Jek Londonning yangi romani “Martin Iden” nashrga chiqdi. Garchi, uning bu asari ham boshqalari singari yuksak e’tirofga loyiq bo`lsa-da, ko`pchilik tanqidchilar unga loy chaplash bilan ovora” - deydi mashhur AQSH lik adabiyotshunos Ingmar Stoun.3
Yana bir mashhur yozuvchi Epton Sinkler roman haqida shunday deydi: “Idenni Amerikada yaxshi bilishmaydi, uni hali ko’pchilik o’qib chiqmagan…”4
Boylar, burjuaziyaning yorqin misoli asarda – Morzlar oilasi. Mister Morz – shuhrat qozongan korchalon, ishbilarmon, yuridik firmaning rahbari – o’zini juda aqlli va bilimli kishi deb hisoblaydi. Biroq aslida u elementar fan qonuniyatlarini bilmaydi. Mister Morz o’ziga haddan tashqari qattiq ishongan, o`zining hammaga kerakligini ko`z-ko`z qilib yuradigan kishi, Mister Morz kambag`allarga jirkanch mavjudotlar sifatida qaraydi. Uning nazdida ular hech qachon o`zidek ko`p pul topish qobiliyatiga ega emas.
Martin Iden Morzlar uchun jirkanch bir dengizchi, zaharlangan o’y-xayollarga berilgan bir “sotsialist”. U hech ham bo`lajak kuyovi oldiga qo`yadigan talablarga javob bermaydi, shuning uchun ham Morz Martin Idenni ularning uylariga mehmonga kelishini to`xtatadi va uning Ruf bilan unashtirishini bekor qiladi. Morzning rafiqasi ham xuddi o`zidek – doimo pul ko`ziga ko`rinadigan ayyor ayol. Ruf onasiga Martinga bo`lgan bo`lgan sevgisi haqida aytganda Missis Morz Martin ularga mos emasligini aytadi. Missis Morz Rufga uning tanloviga ta’sir ko`rsatishni aslo xohlamasligini, lekin nima bo`lgan taqdirda ham Ruf ularning qizi ekanligini va ular Rufning Martinga turmushga chiqishiga yo`l qo`ymasligini va shunday qarab turolmasligini aytadi. Missis Morz Martinni qo`polligi va tarbiyasizligi Rufning nozikligi va dilbarligi oldida juda xunuk ko`rinishini aytadi. Martin Ruf uchun yaxshi hayotni ta’minlab ham berolmaydi deb hisoblaydi Missis Morz. Uning fikricha ular boylik ortidan quvmaydilar, ammo er degan xotiniga qulaylik va to`kin-sochinlikni ta’minlab berishi kerak. Ruf ularning yakka-yu yagona qizi va u albatta o`ziga to`q kishiga turmushga chiqishi kerak deb hisoblaydi. Martin esa zoti-zurriyodi noma’lum, qallob, qo`yboqar, kir yuvuvchi, matros. Unga turmushga chiqishi aslo mumkin emas.
Morzlar oilasi bilan sudya Blount, korchalon Batler, Charlz Xengud va boshqa o’zlariga o’xshagan burjualar yaqin munosabatda. Ular uchun hayotda faqat bir maqsad bor – pul, boylik to`plash edi.
Martin boyigandan so`ng, bular hammasining unga nisbatan munosabati keskin o`zgaradi. Morzlar oilasi, Blount va boshqalar yoppasiga uning atrofida girdikapalak bo`lishadi. Mana shu “tarbiya kodeksi” asosida Ruf ham ulg`aygan. Muallif shunday deydi:
“ Tabiatiga ko`ra Ruf ham konservativ tarbiya topgan edi. Tarbiya esa uni yashagan, ulg`aygan muhitiga xos ravishda fikrlashga undar edi.”1
Ruf romanda katta o`rin egallaydi va uning obrazi to`laligicha ochib berilgan.
Roman chop etilgandan so`ng ko`pchilik uni tanqid qilishga kirishdi, Jek Londonga esa bu yomon ta’sir o`tkazardi. F. Foner bu haqida shunday deydi:
“Londonni shu hayratga solar ediki, romanni tanqidchilar bilan bir qatorda, sotsialistlar ham unda individualizm g`oyalari jo bo’lganligi sababli qoralashar edi.”2
Ruf va uning oilasi uchun Martin asar boshida “bir qiziqarli, yovvoyi odam edi.”3
Ruf Martinda qandaydir g’ayritabiiylik, yovvoyilik va kuchni ko`rardi. Unga Martinning kuchi, energiyaga to`laligi yoqardi, lekin uning qo`llarining qadoqligi seskantirar, muomalasi qo`polligi qo`rqitar edi. Boshida uni sevib qolishiga hecham ishona olmasdi, biroq keyinchalik o`zi bilmagan holda unga mehr uyg`ondi. Birinchi marta Martinga bo`lgan mehrini dengizga sayohatga birga chiqqanlarida sezdi: Ruf birdaniga uning yelkasiga suyangisi keldi, undan suyanch qidirdi.
Universitetda ta’lim olgan va san’at fanlari bakalavri darajasiga ega bo`lsa-da, Ruf aqliy salohiyati jihatidan Martindan ancha quyi turardi.
“Unda hech qanday o’ziga xos qobiliyat yo’q edi, u har qanday ijodiy yondashuvdan xoli edi, - deydi London, - Ruf faqat qolganlarning fikrlarini yodlab olib xuddi to`tiqushdek takrorlar edi.”4
Ruf Martinning talanti va boshqalarga o`xshamasligini baholashga qodir emas edi. Uning fikrlari Rufga butunlay yot edi, garchi u san’at fanlari bakalavri bo`lsa ham...
“Ruth does not understand his feelings, his views, and thought that Martin could not explain them thoroughly...”1
Agar Iden Rufga ko`nglini ochsa, yuragining tub-tubidagi tilaklarini, xohishlarini aytsa, Ruf o`zini boshqacha tutardi. U Martindan o’z fikrlarini yashirardi, o`zini go`ldek tutardi va mug`ombirlik qilardi.
“She was not sincere with him, and she does not know whether she can be in the future...”2
Rufning maqsadi Martinni o`ziga ideal deb bilgan otasi va Mister Betlerga o`xshash odamga aylantirish edi. Ruf Martinning adabiy talantiga va uning yozuvchi bo`la olishiga mutlaqo ishonmasdi.
“- Do not you believe me? – asked Martin her.
- Not you, - said her, - but you talent of writing and that you can be the real writer.”3
Idenni tushunmay, uning siyosiy dunyoqarashlarini anglamay, u ham otasi, Mister Morz, kabi Martinni radikal deb hisoblardi va uning fikrlari unga shubhali tuyulardi.
“- Do you also think that my ideas are too radical? – asked Martin.
- To my mind, they are very suspicious, -- said she.”4
Ruf Martinga salbiy ta’sir o`tkazadi. U Martinga o`zining tor fikrli, burjua g`oyalarini singdirishga urinadi va uning har qanday fikrini qoralaydi.
Rufning o`zining oilasiga xos an’analarga qarab tutishi Martinni gazetalarda “sotsialist” deb qoralashganda yaqqol namoyon bo`ladi. Ana shu nuqtada Ruf Martin bilan munosabatlarini to`xtatadi. O`zini xudbinlarcha tutib, undan voz kechadi. Oila a’zolarining undashlari muhabbatdan ustun keladi. Uni darbadar va nopok hayot kechirganlikda ayblab, uning ota-onasi haq bo`lganligini va ular bir-birlariga aslo to`g`ri kelmasligini aytadi.
Idenni u uchun og`ir bir paytda tashlab ketadi va u mashhur va boy bo`lgandan so`ng uning yoniga qaytadi.
“No one knows that I am here” said Ruth to Martin coming close to him.”1
Martin uyiga kuzatib qo`yadi va yo`lda uning akasi Normanni uchratishadi, Norman Martinga bepisandlik bilan qaraydi.
Ruf asarda oilasining ta’siriga berilgan, ularning “chizgan chizig`idan chiqmaydigan”, yuzsiz, boylikka o`ch kishilar timsoli hisoblanadi.
Boylikka o`ch kishilar romanda nafaqat yuqori tabaqa vakillari – Morzlar, Blount, Betler va boshqalar tomonidan ochib berilgan, balkim ulardan ancha quyi pog`onada turuvchi shaxslar orqali ham ifodalangan. Ular - Martinning pochchalari Higginbotam va Shmidt. Ularning har ikkalasi ham kapitalistik jamiyatning jirkanch mavjudotlari. Ayniqsa, Bernard Higginbotam juda jirkanch va pastkash odam, u juda ham xasis va baxil.
Jek London asarlarining ba’zilarida o`sha davr individualizm nazariyasiga qarshi fikrlar bayon etiladi. Uning “Martin Iden” romani ma’lum darajada avtobiografik asar. London Shimoliy dengiz sayohati davrida ushbu asarni yozdi. U birinchi marta 1905 yil 25 noyabrda opasi Elizaga yozgan xatida yangi roman yozayotganiga sha’ma qiladi:
“Har kuni ishlayman. Yangi romanning 95 ming so’zini yozdim. Bu mening eng uzun asarim bo’ladi.”2
Uch oydan so’ng 1908 yilning fevralida yozuvchi o’zining do’sti Klaudsli Jonsga:
“Yaqinda men o’zimning 145 ming so`zdan iborat romanimni tugatdim. U Amerika hukmron sinfiga har tomonlama zarba beruvchi asar bo`ldi. Men bir necha yil oldin faylasuf Nitsshening insonning buyukligi g`oyasiga tayanib, “Dengiz bo`risi” asarini yozgan edim. Ko`plar o`zidilar, lekin inson yuksakligi falsafasiga qarshi fikrlarimni ilg`ay olmadilar. Endi esa “Martin Iden”da ham xuddi shunday fikrlarni bayon etdim. Bu roman menga do’st orttirmaydi” deb yozadi.
Roman dastlab “Pacific monthly” jurnalida chop etildi. 1909 yilning 1sentabrida esa alohida asar bo’lib nashrdan chiqdi.
“Martin Iden”- Jek Londonning yigirma birinchi asari. Bu davrda u ommaga tanilgan yozuvchi, “Bo`ri o`g`li”, “Hayotga muhabbat” kabi hikoyalar to’plami muallifi, “Dengiz bo`risi”, “Temir tovon” kabi romanlar yaratuvchisi sifatida kitobxonlar ommasiga yaxshi tanish edi. Faqatgina “Martin Iden” asari juda tez kitobxonlarning diqqatini oldi.
Romandagi voqealar o`zaro bog`liq ravishda takomillashib boradi. Martinning Ruga bo`lgan sevgisi, ularning shaxsiy munosabatlari, Martinning bilim olish uchun tinimsiz shug`ullanishi, uning zodagonlar jamiyatida o`z o`rnini topishi, bu jamiyat uning yozuvchilik qobiliyatini tan olishi uchun kurashi- asarning asl mohiyatini tashkil etadi.
Martin Iden kunida 19 soatlab ishlab, katta ishtiyoq bilan ta’lim oladi va o`zining betakror qobiliyati sababli taniladi. Iden asarning boshida burjua jamiyatiga nisbatan soxta tasavvurlarga ega edi, biroq Morzlar dunyosiga kirgandan so`ng Martin “universitetda tahsil olish va haqiqiy ta’lim olish bir narsa emasligini”, yuzaki go`zallik, bekamu-ko`stlik ostida ta’magirlik, qalloblik va ochko`zlik yotishini tushunib yetdi.
London behudaga “Martin Iden”ni “burjuaziyaga ikkinchi zarba” deb atamaydi (uning romani “Temir tovon”dan so’ng). Haqiqatdan ham romanda muallifning va bosh qahramon Martin Idenning amerikalik yirik mulkdorlarga nafrati poyonsiz( Qahramonlardan ishi gullab-yashnayotgan Morzlar, Batler, sudya Blant, qo`pol savdogarlar, Xiggenbotam va Shmidt kabi kichik chakana savdogarlar). Bu obrazlar orqali inson qadr-qimmati uning chek daftarchasidagi pul miqdori va uning pul topa olish qobiliyati bilan belgilanadi.
Iden jondan ortiq sevgan Ruf ham shu burjua jamiyati muhitining qarashlariga amal qiladi. O`zicha Martinni sevgan Ruf uning intilishlarini tushunmaydi, Rufni Martinning ichki ozod ruhi qo`rqitadi, burjua jamiyatiga nafrati esa dahshatga soladi.
Ruf Martinning iste’dodiga toki burjua jamiyati uni tan olmasa, yohud asarlari uchun yetarlicha pul topa olmasa ishonmaydi.
Sevgisiga xiyonat qilib, Ruf Martin bilan u uchun eng qiyin bir sharoitda munosabatlariga nuqta qo`yadi, biroq Martin mashhur yozuvchiga aylangandan so`ng unga qaytishga tayyor edi. Ularning oxirgi uchrashuvini tasvirlovchi sahna burjuaziyaga nafratga to`la, oxir-oqibatda Martin Rufga nisbatan nafratdan bo`lak hech narsa his qilmaydi.
Martin oxir-oqibatda mashhurlikka erishgandan so`ng, uning atrofidagi kishilarning haqiqiy niyatlarini bilib oladi, badavlat kishilarning faqatgina uning puliga, obro`siga o`chligini tushunadi. Hatto sevgilisi ham u bilan faqat uning obro`si uchun birga ekanligini anglaydi. Martin uchun bu qattiq zarba edi.
Londondagi demokratizm g`oyalari romandagi xalqdan chiqqan bosh va ikkinchi darajali qahramonlarda ko`rinadi. Martin Idendan bo`lak, o`zining sof va beg`ubor sevgisi bilan Lizzi Konnolli, Martinning o`rtoqlari Jo va Jimmi, portugaliyalik uy bekasi Maria Silva, kir yuvuvchi va boshqalar yorqin ranglarda tasvirlangan.
Jek London asarlarida doimo ham ruhan, ham jismonan kuchli, kuchli irodali, hech kimga o’xshamaydigan shaxslarni odat qilgani sababli bu safar ham romanning bosh qahramoni sifatida Martin Idenni tanlaydi.
Jek London asarlarida hayot haqiqatiga to`la qahramonlarni tasvirlashga urinadi, hayot dahshatlari go`zalligi va ulug`vorligini ko`rsatishga urinadi, aslo qandaydir Mister Batlerlar mashhurlikka erishadigan, isqirt, dollar ortidan quvadigan shaxslar ulug`lanadigan romanlar emas.
O`z ichki ruhiyatining kuchi va jismoniy kuchini omad ortidan quvishga sarflagan Martin Iden, uning shaxsiy hayoti ham shunga bog`liqligini bilgan holda kundan kunga yanada ko`proq o`zi intilgan burjua jamiyatiga, burjua kitobxonlariga nafrati oshadi. Tasodif tufayli mashhurlikka va boylikka erishgan Martin Iden endi bu jamiyatda “o`ziniki” bo`ladi, biroq u befarqlik va bo`shliqdan bo`lak hech narsa his qilmaydi: Martin o`limdan najot tilaydi.
Martin Iden hayotining tragediyasi – burjua jamiyati “boshini yegan” haqiqiy san’atkor tragediyasi. Vaholanki, bu fojeaning yana bir sababi ham bor – burjuaziyaga nafrati to`lib toshgan Iden endi oddiy xalqdan ham uzilib qolgan edi, u shaxsiy va ijtimoiy yolg`izlikni his qilardi, u do`stlaridan ajralib qolgan edi, ularning hayoti Martinga jirkanch tuyulardi. Martin allaqachon bunday hayotdan ancha uzoqlashib ketgan edi. Minglab kitoblar xuddi devordek ularni ajratib turardi. Martin o`z-o`zini quvg`inga duchor etgan edi. Jek London behudaga o`z qahramonini Nitsshe falsafasining tarafdori, o`taketgan individualist sifatida ko`rsatgan emas. Burjuaziyaga nafrati bo`la turib, sotsializmga ham qarshi edi
II.2 “Sarob” asari qhramonlari talqini
Abdulla Qahhor o`zbek adabiyotining atoqli adiblaridan biri. U umri davomida ko`plab hikoyalar, qissalar, dramalar va romanlar yozdi. Abdulla Qahhor asarlari ko`pgina chet tillariga tarjima etildi. Adib o`zbek adabiyotining jahon miqyosidagi nufuzini oshishiga hissa qo`shdi. Shu o’rinda yirik tadqiqotchi, prfessor Umarali Normatovning Abdulla Qahhor hikoyalari haqidagi quyidagi fikrlarini kiritib o`tish maqsadga muvofiq deb o`ylaymiz:
“Qahhor tabiati, iste’dodi yo`nalishi jihatidan hayotdagi, odamlar qismatidagi fojeiylikni teran his etadigan adibdir. Uning eng etuk hikoyalari ayni fojeiy holat, qismatlar ifodalangan asarlardir. Hikoyalaridagi personajlar hayotidan olingan epizodlar, lavhalar garchi muayyan intiho, badiiy yechim bilan yakunlansa-da, bunday yakun galdagi fojealar, ko`rguliklarning debochasi vazifasini o`taydi. «Bemor» dagi Sotiboldi xotinining o`limi uyqu aralash ayasining dardiga davo tilagan qizaloq va xotini dardiga davo qidirib bor-budidan judo bo`lgan erning yangidan-yangi sarson-sargardonliklari ibtidosidir. “Anor”dagi Turobjonning oxirida jinoyatga qo`l urishi bu oila boshiga tushajak galdagi chigal savdolarning boshlanishidir. “O`g`ri”dagi jabrdiyda cholning najot izlab mansab-martabaning turli zinapoyalarida turgan yulg`ichlarga duch kelib, shilinib, oxirida «najot» topishi - Egamberdi paxtafurushning himmatiga sazovor bo`lishi, bu himmat esa kelgusida yuz berajak avvalgilardan-da og`irroq talonchilikning o`zginasidir. «Dahshat» hikoyasida Unsinning «tiriklar go`ristoni» bo`lgan Olimbek dodxo xonadonidan qutulish yo`lidagi mislsiz jasorati qahramonning halokati bilan tugaydi, biroq qahramon o`limi dodxo xonadonini izdan chiqaradi, talotumlarga griftor etadi. «Asrorbobo»dagi chol bilan kampirning jangda halok bo`lgan o`g`li haqidagi sovuq xabarni bir-birlarini ayab sir tutishlari, cheksiz dard-alam, qalb iztiroblarini ichga yutishlari - bir umr davom etadigan fojeaning alomat ko`rinishi-badiiy ixtirosidir.
Xullas, odamlar turmushidan olingan epizodlarda, lavhalarda ular hayotiga, qismatiga daxldor fojeiy mohiyatni ko`rish, teran his etish, personajlar xarakteri va qismatini ularning ruhiyati ifodasi orqali yorqin badiiy detallar vositasida gavdalantirish Qahhor hikoyanavislik san’atining eng muhim jihatlaridir”.
“Sarob” romani hayotning murakkab davri – o`ttizinchi yillarning boshlarida yaratilgan. U yaratilishi bilan faqat kitobxonnigina emas, balki rasmiy tashkilotlarning ham e’tiborini o`ziga jalb qildi. O`sha kezlari yaratilgan “Kecha va kunduz”, “Qullar” romanlari va “Obid ketmon” qissasi qatorida mukofotga ham sazovor bo`ldi. Gazeta va jurnallarda asar haqida taqrizlar, maqolalar e’lon qilindi. Ularning ba’zilari asarni yuqori baholadilar. Biroq o`ttizinchi yillarning iikinchi yarimlariga kelib “Sarob” haqida mafkuraviy jihatdan keskin tanqidiy fikrlar aytila boshladi. Rasmiy ravishda munaqqidlar uni “yangi tuzum”ga xos ijobiy kuchlarni mensimaslikda va sinfiy dushmanlarni, ya’ni millatchilarni tashviq qiluvchi asar sifatida aybladilar. Mafkuraviy yakkahokimlik avjiga chiqib borayotgan bu paytlarda “Sarob” zararli asar deb e’lon qilindi. Abdulla Qodiriy romanlari qatorida qatag`onga uchradi. Uzoq vaqtlar tanqidchilar uni tilga olmadilar. Qayta nashr ham qilinmadi. Asar deyarli o`zbek romanchiligi safidan o`chirilgan edi.
Elliginchi yillarning ikkinchi yarmida Stalin shaxsiga sig`inish oqibatlari fosh qilindi va mafkura jabhasida iliqlik patdo bo`ldi. Abdulla Qodiriy rasmiy ravishda oqlandi. Uning roman va qissalari qayta chop qilinadigan bo`ldi. Navbat “Sarob”ga ham yetib keldi. Abdulla Qahhor “Sarob”ni qayta tahrir qildi va shu yo`sinda asar ikkinchi marta yorug` dunyoni ko`rdi.
Asrning bosh qahramoni Saidiy o`sha davr tushunchasidagi ijobiy qahramonlardan uzoqlashib, yana o`sha davr tushunchasidagi “millatchi”larga yaqinlashgandek bo`ldi.
Bu asar 1934 yilda yozilgan bo`lib, adib unda 20-yillar oxiri, 30-yillarning boshlaridagi “millatchilar” deb atalgan ijtimoiy kuchning mahv etilishi, o`z g`oya va orzularini amalga oshirolmay, inqirozga yuz tutishi jarayonini badiiy gavdalantirgan. Asarda bosh qahramon - Rahimjon Saidiy. Uning hammaslaklari Salimxon, Abbosxon, Murodxo`ja singari obrazlar orqali sho`rolarga qarshi olib borilgan maxfiy kurashlarni badiiy gavdalantirgan. Saidiylar yo`li halokatli yo`ldir, bu orzular hech qachon amalga oshmaydigan ro`yo va sarobdir, degan badiiy xulosa chiqarilgan.
Yozuvchi o`z g`oyasiga mos keladigan qahramonni tanladi. U izlanuvchi shaxs. Biroq izlana-izlana turib, tez-tez adashadi. Aksariyat hollarda arosatda qoladi. Ba’zan xudbinlik kayfiyatga beriladi, og`machilik ham uning xarakteriga yot emas.
Talabalik chog`larida ikki yosh – Saidiy va Munisxonlar bir-birlariga ko`ngil qo`yadilar. Biroq Saidiyning Munisxonga munosabati g`ayritabiiy, faqat xudbin shaxslarga xos xislatdir. U Munisxonga nisbatano`ylaydi: qizning boshiga o`g`ir biror mushkul ish tushsa-yu, uni qutqarib qoluvchi faqat o`zi, ya’ni Saidiy bo`lsa.1
Biroq bunday hol ro`y beravermaydi. Bora-bora ularning o`rtasidagi munosabat soviydi. Munisxon Saidiydan uzoqlashadi. Saidiy ilgari go`zal va latofatli bo`lib ko`ringan Munisxondan kamchiliklar izlaydi va topgandek bo’ladi. O`z xarakter xislatlari bilan Munisxon ham Saidiyga munosib. Undan uzoqlashib, akasi Salimxonning tavsiyasi bilan “numjon xotinchalish” Muxtorxonga ko`ngil qo`yadi va kamchiliklaridan ko`z yumiob, undan fazilat izlay boshlaydi.
Masalaning shu tarzda qo`yilishida ham zamon nafasi bor edi. Birinchisi o`z muhabbati yo`lida qat’iy turolmaydi. Ikkinchisi muhabbatdan osongina voz kechib o`ziga nomunosib bir odam bilan hayot qurishga rozi. Asrlar osha odat tusiga kirib qolgan an’analarimiz buzilgan, “yangi”lari hali aniq bir yo`lga tushmagandi. Zamon alg`ov-dalg`ov. Bunday paytlarda odamlar orasida an’anaviy munosabatlar buziladi, albatta.
Saidiy izzattalab shaxs. Hayotning ilk bosqichlarida Saidiy o`sha davr tushunchasi bilan aytganda ijobiy qahramon deb ataluvchi Ehson, Sharif va Kenjalar bilan yaqin bo`ladi. Aslida ular nosamimiy odamlar emas. Saidiyga munosabati xolis va xayrixoh. Biroq unda bor bo`lgan fazilatlarni sun’iy ravishda ko`klarga ko`tarib maqtayverishni ham lozim ko`rmaydilar. Shu boisdan Saidiy ulardan ham uzoqlashadi.
Saidiy, ehtimol, Ehsonlarga xos andozavozlikdan qochmoqchi bo`lgandir. Biroq yozuvchi bu haqida biror narsa demaydi. Kitobxon taxmin qiladi, xolos.
Saidiy yozuvchi bo`lmoqchi. Jild-jild kitoblar yozib, nomi og`izlardan-og`izlarga o`tib, mashhur adib darajasiga ko`tarilmoqchi. Afsuski, uning bu yo`ldagi xatti-harakatlari ham o`z xarakter xususiyatlari talablariga mos. U bu shuhratli amalga o`z iqtidori va mehnati bilan erishishnio`ylamaydi. Balki, uning nazarida, kimdandir madad bo`lishi kerak. Madadkor ham topilgandek bo`ladi. Bu Saidiyga boobro` bo`lib ko`ringan ziyolisifat odam Abbosxon edi. “Umuman, kishilarda biron san’atga qobiliyat, uquv bo`ladi.Umuman, kishilarda biron san’atga qobiliyat, uquv bo`ladi, ammo bu bilangina kishi o`z san’atining vakili bo`lavermaydi. Shu talantni ishga solish uchun allaqanday bir doridan bir necha tomizish kerak.”1
“Allaqanday qudratli dori”ga umidvorlik uni o`sha davr tushunchasi bilan aytganda “millatchilar” guruhi orasida e’tiborli Abbosxon bilan yaqinlashtirib qo`ydi. Abbosxon bilan yaqinlik uni Murodxo`ja domla va Salimxonlar guruhiga olib borib bog`ladi. Shu bilan Saidiy Sharif va Ehsonlar bilan orani tamom uzdi va Abbosxonlar guruhiga kelib qo`shildi.
Davr “dohiychilik” davri edi. Saidiy Abbosxonlar guruhiga qo`shildim deguncha faol harakatga tushdi. Bu o`rinda ham o`ylab ko`rish kerak bo`lgan gap bor. “Sarob” bitilgan davrda iikita “dohiy” – Lenin va Stalinlarga sajda qilardik. Adabiyotning ham o`z “dohiy”si bor edi. Bu Maksim Gorkiy edi. Uning Lenin, Stalinlar bilan tushgan rasmining keng tarqalishi bejiz emas edi. O`zbek adabiyotida ham “dohiycha”larning bo`lishi tabiiy tushunilardi. Saidiy nazarida shunday “dohiycha”lardan biri Abbosxon edi. Buning uchun unda asos ham bor edi. Adabiyot ishiga qiziquvchilar Abbosxon atrofida girdi-kapalak. Doim kimlardir undan maslahat oladi. Kimlardir xat yozib undan javob kutadi. Saidiy ham shular qatorida edi. U maqsad sari shoshildi, “qahramonlik” ko`rsatmoqchi bo`ldi. Nimalardadir birinchi o`ringa chiqib, atrofdagilarni o`ziga qaratmoqchi bo`ldi. Biroq Abbosxon, Salimxon, Muridxo`ja domlalar o`z sohalarining korchalonlari ekanligini anglashga farosati yetavermasdi. Hali Abbosxonlar guruhining sir-asrorini to`liq tanishib ulgurmasdanoq Saidiy ularga saboq bermoqchi – uzilgan zanjirni qayta ulash uchun qudratli tashkilot zarur ekani to`g`risida kuyunib gapiradigan va o`z takliflarini olg`a suradigan bo`lib qoldi. Va bu tashkilotga rahbarlik qilish o`ziga munosib ekanligini aytishdan ham qaytmadi. Biroq keyinchalik Saidiyga ma’lum bo`ldiki, bu tashkilot mavjud va uning “dohiy”lari ham mavjud. Buni angalagan Saidiyning hafsalasi pir va o`z oldiga qo`ygan “ulug” vazifani ado etolmagan shaxs holatiga tushib qoladi.
Saidiy bamisoli qo`g`irchoq. Uni zamon har xil ko`yga soladi, har xil yo`lga boshlar edi. Biroq birirtasida u o`z istak-orzulariga erisholmasdi.
Saidiyning “dohiylik” orzusi qay darajada puchga chiqsa, uning boshqa orzu-istaklari ham ham shu tarzda puchga chiqaveradi. Mana uning hayolidan o`tib yurgan orzu-istaklaridan biri:
“... U olamshumul yozuvchi: amerikalik mashhur muharrir singari har kuni bit stunlik narsa yozib, yiliga o`n ming oltin maosh olad; turli mamalkatlardan frank, dollar, rupiyalar kelib turadi...”
Bu havoyi orzu uni o`sha davrning mashhur badavlat odamlaridan biri bo`lgan Murodxo`ja domla xonadoniga yaqinlashtiradi.
Domlaning bittayu-bitta qiz farzandi bor – Soraxon. Domla xonadoni bilan yaqinlashgandan keyin Saidiy Soraxondan umidvor bo`ladi. Domla ham bunga tarafdor. Saidiy qay darajada xudbin bo`lmasin, uning orzu-istaklarining barbod bo`laverishida roman yaratilgan davrdagi diqqinafas hayotning ta’siri yo`q emas. Saidiydagi keyingi diqqinafaslik Soraxon bilan bog`liq.
Soraxon Munisxonga nisbatan o`ta xunuk qiz. Munisxondan voz kechish uchun Saidiy undan salbiy xislatlar izladi. Uning barcha fazilatlari saidiyga asta-sekinlik bilan kamchilik bo`lib ko`rindi. Soraxonning kamchiliklari esa asta-sekin fazilat bo`lib namoyon bo`la boshladi.
Adib Soraxon shaxsiga tegishli xislatlarni shunday bir mahorat bilan chizadi-ki, bular faqat Abdulla Qahhor qalamiga mansub bo`lishi mumkin.
“Soraxon eng oriq qizlarga qaraganda ham oriq, shuning uchun bo`lsa kerak, odatdan tashqari novcha ko`rinadi, yurganda xuddi ikki-uch yeridan bukilib ketayotgandek tuyuladi: shundan o`zi ham xavfsiraganday, gavdasini olg`a tashlabroq yuradi. Ko`k qarg`ashohi ko`ylakning keng etagi ostidan chiqqan sava cho`p singari oyoqlari doim gavdasidan keyinda qolib muvozanatni saqlashga shoshiladi. Uning uzun-uzunva ingincha barmoqli, ko`k tomirlari ko`rinib turgan qo`llari ikki yonida emas, qornining ustida qimirlaydi. Yelkasidan ozgina pastga tushib turadigan ikki o`rim qora, zotli sigirning dumi singari qo`ng`iroq sochlari tez-tez ko`kragiga tushib, uni qahr bilan olib yelkasiga tashlashga majbur qilmasa, orqadan ko`rgan kishi Soraxonni og`ir bir narsa olib ketayotgan gumon qiladi... Soraxon qorachadan kelgan, kulganda… yupqa lablarini qimtib, yuqoridagi labini ko`taribroq turgan o`g`ri tishini ko`rsatmaslikka tirishadi: gapirganda ham shunday; qanday kayfiyatda va qanday qattiq gapirmasin, yupqa lablari xuddi pichirlaganday harakat qiladi. Uchli peshonasining o`rtasidan farq ochilib, jingalak sochi qoshlariga tegay-tegay deb, quloqlari orqasiga o`tib ketgan. Achchig`i kelganda qoshining biri past, biri baland bo`lib, kichkina ko`zlarining osti pirpirab uchadi va kichkina, o`ta ko`rinarli darajada yupqa burnidan uncha-muncha bor qon ham qochadi, teshiklari keriladi”.1
Ma’naviy xunuklik Soraxon ko`rinishidagi xunuklikdan ham oshib tushadi. U na ro`zg`or uchun, na jamiyat uchun biror ish bilan band. Ba’zi qiloqlari esa esi past bolalarning harakatini eslatadi.
Bularda ham o`ziga xos ma’no bor. “O`lganning ustiga tepgan” deganlaridek ijtimoiy faoliyatda ishi o`ng kelavermagan Saidiyning oilaviy hayotda ham ishlari chappasidan keladi. Bu bilan Saidiy obraziga beriladigan bo`yoq quyuqlashtiriladi. Kitobxonda Saidiyga nisbatan achinish hissi uyg`onadi. Buning ustiga, Murodxo`ja domla anoyilardan emas. Boshqalar uchun o`tmas chaqadek bo`lib qolgan qiziga xaridor topildi. Shunga qanoat hosil qilib, bir me’yorda yashayverishi mumkin edi. Biroq unga kuyovdan ko`ra pultopar kerak edi. U Saidiy topganlarini tortib olar, hatto pulni ko`proq ishlasin ma’nosida oshna-og`aynilarini ishga solib, Saidiyga yangi-yangi ishlar – tarjimonlikmi, o`qituvchilikmi topar edi va Saidiyni kecha-yu kunduz ish bil;an band bo’lib, pul topishga majbur qilar edi. Orzu-havaslarda oxirgi ilinj domla xonadoni edi. Pul topish bilan band bo`lgan Saidiyning endi ular haqida o`ylashga vaqti ham qolmadi.
Murodxo`ja domlaning to`ymas nafsi, Soraxonning bema;ni qiliqlari Saidiy uchun orzu-havaslarning barbod bo`lishidagi oxirgi nuqta bo`ldi. Ma’naviy jihatdan uning hayoti oxirlab borardi. Saidiy qulay shart-sharoitda yashab, o`z umrini o`tkazaverishi mumkin edi. Biroq, ijtimoiy muhiy, o`sha davrga mos alg`ov-dalg`ovlar uni shaxs sifatida, jamiyat a’zosi sifatida yemirdi. Bu hol ham so`zsiz kitobxonda achinish hissini uyg`otadi. Saidiyning qismati hali adabiyotimizda aks etmagan fojea edi.
O`zlarini millatchi deb atagan guruh – Abbosxon, Salimxon Murodxo`ja domlalar Saidiyni bu guruhga foydasi tegadigan zo`r shaxs deb hisoblamaydilar ham. Nazarimizda, uning xarakteridagi manfaatparastlik, ortiqcha da’vatlar ularning guruhiga ma’qul kelavermaydi. Shu sababdan, unga biror muhimroq vazifa yoki topshiriq beri undan foydalanish uchun harakat ham qilmaydilar. Ularning nazarida Saidiy faqat “ergashuvchi”gina xols. O`z navbatida bu hol Saidiyga ham ta’sir qiladi. Shunday bir vaziyat yuzaga keladiki, Saidiy go`yo hayotining daryosida oqib borayotgan bir kimsa, u o`zini bir qirg`oqqa oladi, biroq bu qirg`oq uning manfaatlarini qoniqtiravermaydi; ikkinchi qirg`oqqa og`adi. Unda ham ishi o`ng kelavermaydi. Niyat qilgan orzu-istaklari amalga oshavermaydi. Shu sababdan, Saidiy o`zini hayot daryosining girdobiga uradi va hayotini yakunlngan hisoblaydi.
Uning nazarida hammaning ishi o`ng keladiyu, faqat uning ishlari istagan yo`liga tushavermaydi. Bu hol unda salbiy shiddat hissini uyg`otadi. O`zini nobud qiladi. Shu bilan roman yakun topadi.
Saidiy ma’lum darajada XIX asr rus adabiyotida yaratilgan “ortiqcha kishilar” obrazini eslatadi. Biroq, jamiyat tazyiqini boshdan o`tkazishda Saidiy qismati ularninkidan ortiqroq.
Bizning nazrimizda “Sarob” badiiyat nuqtai nazaridan kitobxonda zavq uyg`otadigan, mazmun jihatidan saboq bo`ladigan, ibrat bo`lib xizmat qiladigan hodisalar aks ettirilgan roman sifatida qoladi va keyin ham uni kitobxonlar sevib o`qiydi.
Abdulla Qahhor, o`zi e’tirof etganidek, Jek London asarlari bilan tanish bo`lgan. Adabiyotshunoslarning kuzatishlariga ko`ra esa, u Jek London adabiy maktabidan bevosita ta’sirlangan. Aytish mumkin-ki, Abdulla Qahhor o`zining "Sarob" romanini yaratishda amerikalik adaibning nafaqat "Martin Iden" romani syujeti skeletidan, balki yozuvchining biografiyasidan ham foydalangan.
Abdulla Qahhor - o`zi nazarda tutgan-tutmaganidan qat`i nazar, realistik uslub kuchi bilan - mustabid tuzum hosil qilgan yana bir psixologiya - kimlarnidir "xalq dushmani"ga chiqarish orqali, bir millatga mansub kishilarni o`zaro qarama-qarshi qo`yish psixologiyasini ham real aks ettirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |