Notijorat tashkilotlarni sektorlarga ajratishda ham bir qancha chegaraviy muammolar mavjud. Bu tashkilotlar tashqaridan qaraganda «notijorat»bo'lib ko'rinsada, faoliyatlariga ko'ra har doim ham ularni uy xo'jaligiga xizmat ko'rsatuvchi notijorat tashkilotlar sektoriga kiritib bo'lmaydi. Notijorat tashkilotlar davlat tomonidan, rezident yoki norezident korxonalar, aholi guruhlari va alohida shaxslar tomonidan turli maqsadlarni ko'zlagan holda tuzilishi mumkin. Ularning oldiga qo'ygan maqsad va vazifalariga qarab to'g'ridan-to'g'ri qaysi sektorga kirishlarini bilish ancha mushkul. Ularning asosiylari ustida to'xtalib o'tamiz.
Bozor uchun tovar va xizmatlar ishlab chiqaruvchi notijorat tashkilotlar. Byudjet mablag'laridan moliyalashtiriladigan maktab, bog'cha, kasalxona va boshqa davolanish maskanlari, nogironlar uchun aravacha yoki protezlar ishlab chiqaradigan zavodlar, oliy o'quv yurtlari aholiga bepul xizmat ko'rsatadilar. Bu notijorat tashkilotlar bilan bir qatorda xuddi shu tovar va xizmatlarni haq evaziga ko'rsatuvchi tashkilotlar ham bor bo'lishi mumkin. Ular aholiga bozor xizmatlarini ko'rsatadilar. Bu tashkilotlar vazifalariga va maqsadlariga ko'ra nomoliya korxonalari sektoriga kiradi. Ko'p hollarda, bir tashkilotning o'zi bozor va nobozor xizmatlar ko'rsatishi mumkin. Masalan, kasalxona bepul va pulli xizmat ko'rsatadi. Bunday hollarda, bu birlik shartli ravishda ikkita birlikka bo'linadi va mos ravishda davlat boshqaruv idoralari va nomoliya korxonalar sektorlariga kiritiladi.
Bozor ishlab chiqaruvchilarga xizmat ko'rsatuvchi notijorat tashkilotlar. Bu tashkilotlar o'z a'zolarining manfaatini himoya qilishga qaratilgan xizmatlar ko'rsatadi. Ular o'z a'zolari tomonidan to'langan badallar yoki ajratmalar hisobiga faoliyat ko'rsatadilar. Bu to'lovlar ularning xizmatlariga to'langan haq deb qaraladi. Shu sababli, ular bozor ishlab chiqaruvchilar qatoriga qo'shiladi va nomoliya korxonalar sektoriga kiritiladi. Masalan, fermer va dehqon, xunarmandlar va boshqa ishlab chiqaruvchilar uyushmalari faoliyati tashqaridan qaralganda, nobozor ishlab chiqarishga o'xshasa ham, ular aslida bozor ishlab chiqaruvchilardir. Ularning faoliyati bir jihatdan davlat boshqaruv idoralarinikiga o'xshasa, ikkinchi jihatdan uy xo'jaligiga xizmat ko'rsatuvchi notijorat korxonalarga o'xshaydi. Bunday tashkilotlarni nomoliya korxonalar sektoriga kiritsa to'g'ri bo'ladi.
Davlat tomonidan mohyalashliriladigan va nazorat qilinadigan notijorat tashkilotlar. Bu tashkilotlar davlat tomonidan alohida tashkilot sifatida tashkil etilgan bo'lib, davlat byudjetidan moliya resurslari bilan ta'minlanadi. Bular qatoriga ilmiy- tekshirish institutlarini, sog'liqni saqlash bilan bog'liq xizmatlarni bajaruvchi tashkilotlar, maorif, atrof muhitni himoya qilish bilan bog'liq tashkilotlarni kiritish mumkin. Bu tashkilotlar o'z sohalari miqyosida davlat bajaradigan vazifalarni bajaradilar va davlat nazoratida bo'ladilar. Ular xo'jalik hisobidagi yoki byudjet tashkiloti bo'lishi mumkin. Nomlaridan nomoliya korxonalariga o'xshashlari mumkin. Masalan, «Kibernetika», «Quyosh» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari. Bunday tashkilotlar nomi va faoliyati qanday bo'lishidan qat'iy nazar davlat boshqaruv idoralari sektoriga kiritiladilar.
Institutsion birliklarning rezident yoki norezident birlik ekanligini bilishda ham chegaraviy muammolar mavjud. Masalan, institutsion birlikning iqtisodiy manfaati qaysi mamlakat iqtisodiy hududiga qaratilganligini bilish bu birlikning qancha muddatga kelganligi bilan(bir yil va undan ortiq), ish joylari bor yoki yo'qligi, birlikning oldiga qo'ygan maqsadiga ko'p jihatdan bog'liq. Bu belgilar orqali institutsion birlikning rezident yoki norezident ekanligini bilishga ma'lum bir vaqt kerak bo'ladi. Lekin, ular bilan operatsiyalar ularning kelgan kunidayoq bo'lishi mumkin. Shu sababli, rezident yoki norezidentlilikni belgilashda dastlab ularning maqsadlariga qarab ajratish tavsiya etiladi. Masalan, chet ellik fuqaro O'zbekistonga yuz foiz o'z kapitali hisobiga korxona ochdi. Korxonaga O'zbekiston fuqarosidan ijrochi direktor tayinladi. Bu misolda, korxona tashkil qilingan vaqtidan boshlab rezident birlik hisoblanadi. Chunki korxonaning maqsadi shu mamlakatda uning qonunlari asosida iqtisodiy faoliyat ko'rsatib, tovar va xizmatlar ishlab chiqarish va foyda ko'rish. Bu korxona 100 foiz chet el (fuqarosi) nazoratidagi korxona hisoblanadi. Shu sababli, korxona egasi(chet ellik fuqaro) norezident birlik bo'lib hisoblanadi. Chunki, uning kapital olib kirishdan maqsadi foyda olishdir. Bu misolda korxonaning soliq to'lagandan keyin qolgan foydasi uning ixtiyorida bo'ladi
Do'stlaringiz bilan baham: |