Qog’ozdan narsalar yasash.
Maktabga tayyorlov guruh bolalari bilan qog’ozdan narsalar yasashda o’rta guruhda o’tkazilgan mashg’ulotlar takrorlanishi mumkin, lekin bunda uslubiy jihatdan yangiliklar kiritish zarur, bunday yangi usullar tufayli bolalarning narsalar yasash ishini avj oldirishda keng imkoniyatlar tug’iladi. Bolalarning katta guruhda qog’ozdan narsalar yasash sohasida orttirgan tajribalar tayyorlov guruhda mashg’ulot o’tkazish metodikasini murakkablashtirishga imkon beradi.
Chunonchi, al’bom tayyorlash mashg’uloti (katta guruh bolalari bilan o’tkazilgan birinchi mashg’ulot) maktabga tayyorlov guruh bolalari bilan quyidagi tartibda o’tkazilishi mumkin. Tarbiyachi tayyor al’bom namunasini ko’rsatadi va bolalarga uning qanday qilinganini diqqat bilan ko’rib chiqishni buyuradi, so’ngra al’bom qilish uchun tayyorlangan qalin qog’ozdan al’bom tayyorlashni ularning o’zlariga topshiradi. Bunda tarbiyachi al’bom muqovasini qanday qilishni va uni qanaqa qog’ozdan tayyorlash kerakligini so’raydi.
Maktabga tayyorlov guruh bolalari ko’pincha qog’oz, karton va boshqa materiallardan o’z tashabbuslari bilan o’yinchoqlar yasaydilar. O’yin vaqtida yangi o’yinchoq yasash niyati tug’iladi. Bolalarning o’ynash uchun zarur bo’ladigan o’yinchoqlarni mustaqil ravishda yasab olish uchun urinishini tarbiyachi har tomonlama qo’llab-quvvatlashi lozim. Ishlash uchun sharoit yaratib berish, maslahatlar bilan yordamlashish, o’z vaqtida yordam qilish yo’li bilan ularga ko’mak berishi kerak.
Bolalarni ishni qay tartibda bajarishni belgilab olishga, qanday material va ashyo-anjom kerakligi haqida o’ylab ko’rishga o’rgatish muhim masala. Tarbiyachi ish jarayonida bolalarda mustaqil ravishda tang ahvoldan qutulib chiqish malakasi hosil qiladi, o’rtoqlar bilan ishlashga, bir-biriga yordam berishga o’rgatadi.
Bolalarning farosati va topqirligini o’stirish maqsadida ularga andazalar tavsiya qilinadi. Ular bu andazaga qarab nimani istasalar, o’shani yasaydilar.
Xuddi shu tartibdagi ancha murakkabroq vazifalardan biri – yasalgan biror narsaning tayyor namunasi bolalarga ko’rsatishdir, ular bu namunaning uyoq-buyog’ini sinchiklab ko’rib qanday yasalganligini topib aytib berishlari kerak.
Bolalar olti-yetti yoshga qadam qo’yganlarida qog’oz bilan ishlash mashg’ulotlarida: tarbiyachining ko’rsatmasi asosida tayyor andazadan o’yinchoqlar (quticha, stul, stol, uy, tramvay, paroxod va boshqalar) yasay oladigan; berilgan andazani yopishtira oladigan; ishlar uchun material tanlay oladigan; o’z fikri bilan mustaqil ravishda ba’zi bir o’yinchoqlarni qilib olishning uddasidan chiqa oladigan bo’lishlari kerak.
O’yin vaqtida bolalar o’yinchoqlarni taxtachalardan yasab, bolg’achalarni to’g’ri ishlata bilish, mix qoqish, taxtachalarni bir-biriga jipslab mixlashga o’rganadilar.
Bolalarning bunday ishlarni qilishlari uchun hozirlangan bolg’achaning og’irligi 120 – 200 gramm, dastasining uzunligi 18 santimert bo’lishi zarur.
Mixlarni sug’urib olish uchun ombir ham kerak bo’ladi (undan tarbiyachi foydalanadi).
Bolalarga tuzilishi soddagina bir nechta buyumlarni, ya’ni skameykacha, divan, quticha, qo’g’irchoqlar uchun stol, kursi, yashik, aravachalarni mayda taxtalardan yasashga o’rgatish ham mumkin.
Yaxshi yo’lga qo’yilgan bolalar bog’chalarining tajribasi shuni ko’rsatadiki, tarbiyachi bolalarning qurish-yasash ishiga ishning ko’zini bilib rahbarlik qilganida, katta yutuqlarga erishar ekanlar.
Bolalarga qurish-yasash usullarini o’rgatish yo’li bilan tarbiyachi bolalar ijodkorligining o’sishiga ko’maklashadi.
Archa bayram o’yinchoqlari.
Bolalar qurilish materiallaridan, qog’ozdan, doskachalardan bir qancha qurilishlar bino qilishni, narsalar yasashni o’rganib olib, endi o’zlari turli-tuman qurilmalar o’ylab topa boshlaydilar, hosil qilgan malaka va ko’nikmalaridan foydalana boshlaydilar.
Savol va topshiriqlar:
Maktabga tayyorlov guruhda tarbiyachi qurish – yasash mashg’ulotini tashkillashda nimalarga asoslanadi?
Maktabga tayyorlov guruhida qaysi qurilish materiallari to’plamlaridan foydalanadilar?
Bu guruhdagi bolalar binolarni qurishda nimalarga e’tibor beradilar?
O’rta guruhda o’tkazilgan “al’bom tayyorlash” mashg’ulotini bu guruhda qanday o’tkaziladi?
Bu guruhdagi bolalar qog’oz bilan ishlash mashg’ulotida qaysi vazifalarning uddasidan chiqa olishlari kerak?
Do'stlaringiz bilan baham: |