Qo’ng’irotlar sulosasi 1770-1920
Muhammad Amin Inoq - 1770-1790
Avazxon - 1790-1804
Eltuzarxon - 1804-1806
Muhammad Rahimxon I - 1806-1825
Olloqulixon - 1825-1842
Rahimqulixon - 1842-1845
Muhammad Aminxon - 1846-1855
Abdullaxon - 1855-1856
Sayid Muhammadxon - 1856-1864
Muhammad Rahimxon II - 1864-1910
Asfandiyorxon - 1910-1918
Sayid Abdullaxon - 1918-1920
XVIII asrning 60-yillaridan badavlat shaharliklar va ruhoniylarning qo‘llab-quvatlashishiga erishgan qo‘ng‘irot urug‘lari Xiva xonligida hokimiyatni qo‘lga ola boshlaydilar.
Inoq Muhammad Amin (1763-1790) 1770-yilda turkmanlarning, 1782-yilda buxoroliklarning hujumini qaytarib, Xiva xonligida qo‘ng‘irotlarning amaldagi hokimiyatini mustahkamlaydi. Avaz Inoq (1790-1804) davrida Xiva xonligida markaziy hokimiyat mustahkamlanib, xonlikdagi iqtisodiy ahvol yaxshilandi. Bu XIX asr boshlarida qo‘ng‘irotlar sulolasining hokimiyatni rasman egallashlariga zamin bo‘ldi. 1804-1806 yillarda hukmronlik qilgan Eltuzarxon Inoq Xiva taxtiga o‘tirgan qo‘ng‘irotlar sulolasining birinchi xoni hisoblanadi. Uning vorisi Muhammad Rahimxon I (1806-1825) Xiva xonligini birlashtirishni nihoyasiga yetkazdi. 1811-yilda bo‘ysunmas orolliklar-qoraqalpoqlarni ham Xiva tarkibiga qo‘shib oldi. U o‘tkazgan siyosiy, iqtisodiy, ma’muriy islohotlar natijasida boshqaruv tizim takomillashib, soliqlar tartibga tushdi. Xazina daromadlari ko‘paydi.
Olloqulixon (1825-1842), Rahimqulixon (1842-1845) va Muhammad Aminxon (1845-1855) davrlarida Xiva qo‘shinlarining Xurosonga yurishlari kuchaydi, Marv shahri uchun Buxoro amirligi bilan tez-tez urushlar bo‘lib turdi. Xiva xonlari bu davrda Sirdaryoning Orol dengiziga quyiladigan joyidan Turkmaniston hududidagi Kushkagacha bo‘lgan yerlarni boshqarganlar. 1855-yilda Seraxsni qamal qilish paytida Muhammad Aminxonning halok bo‘lishi mamlakatda parokandalikka sabab bo‘ldi. Abdullaxon (1855-1856), Qutlug‘murodxonlar (1856) 6 oydan ko‘p hukmronlik qilmaslaridan o‘ldirildilar. 1856-yilda taxtni Sayid Muhammadxon (1856-1864) egalladi. U bo‘ysunmas turkmanlar va qoraqalpoqlarga qarshi urush uyushtirganligi natijasida bu xalqlarning ko‘pchiligi ko‘chib ketdilar. 1859-yilda Muhammad Panoh Orenburgdan yordam olib, Orol bo‘yida mustaqil davlat tuzish uchun qilgan harakati bostirildi. Xivaliklar tomonidan daryoga to‘siq qo‘yilishi natijasida Butakov flotiliyasi qoraqalpoqlarga yordam bera olmadi.
Xiva xonligidagi so‘nggi mustaqil hukmdor Feruz taxallusi bilan ijod qilgan Muhammad Rahimxon II (1864-1910) bo‘ldi. Uning davrida xonlikning siyosiy, iqtisodiy, madaniy jihatdan yuksalishi ko‘zga tashlanadi. Lekin 1873-yilda Rossiya Xiva xonligini bosib oldi va Muhammad Rahimxon II va Kaufman imzolagan Gandimiyon shartnomasiga ko‘ra, Xiva xonligi Rossiyaga qaram davlatga aylanib qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |