2.2. O`zbek tilida qo`shma gaplarda partsellyatsiya va omonimiya.
Parsellyatli tuzilmalar (uzilmalar) badiiy matnga og`zaki nutqqa xos intonatsion xususiyatlarni olib kirishning eng qulay va ta'sirchan usuli hisoblanadi. Og`zaki so`zlashuv nutqida ohang nihoyatda erkin va o`ziga xos bo`ladi. Ayniqsa, fikr ifodalashning odatdagi silliq, standart sintaktik shakllari o`rnida jonli, harakatchan va tarkiban tabiiy shakllangan jumlalarning qo`llanilishi so`zlashuv nutqining eng xarakterli xususiyatlaridan hisoblanadi. So`zlashuv nutqida muayyan ruhiy xolatlar bilan bog`lik tarzda turli uzilishlar, ifoda parokandaliklari, fikriy notugalliklar yuzaga kelishi mumkin. "Parsellyasiyaga xos mantiqiy siljish, tuzilmaviy sinish, semantik-intonasion sakrash ixcham qismlardan tarkib topgan tarqoq; uzuq,-yuluq, sintaktik qurilishni yuzaga chiqaradi".
Bunday nome'yoriy tuzilmalar muloqot ishtirokchilari uchunfikrni idrok etish borasida qiyinchilik tug`dirmaydi. Aksincha, ular "bir chiziqli" bayonga nisbatan tinglovchi uchun tez, oson va ta'kidlanayotgan bo`lakni aniq tushunishga imkon beradi. Matnda qo`llanilgan partsellyatli konstruktsiyalarni ekspressiv sintaksisning maxsus ifoda shakli tarzida o`rganish va ularning lingvopoetik mohiyatini ochish tadqiqotchilar oldidagi dolzarb muammolar sirasiga kiradi. Ushbu lisoniy hodisa mohiyatini har bir asarida tilimizning betakror badiiyati va ifoda balog`atini bequsur namoyon qilgan adib Shukur Xolmirzaev ijodi misolida ko`rsatishga harakat qilsak.
Adib asarlaridagi qahramonlarga xos samimiyat va sarkash ruh mutolaa jarayonida kitobxonni befarq qoldirmaydi. Uning qahramonlari nutqida, ta'bir joiz bo`lsa, stenografik tasvir izi sezilib turadi. Qaxramonlarning jonli nutqida ishlatiladigan kreativ maneralar, keskin fikriy burilishlarni aynan ifodalash istagi partsellyatli konstruktsiyalarga ehtiyojni tabiiy qonuniyat darajasiga olib chiqadi. Masalan: "Yo`ldoshboy bilan do`stligimiz boshlangan kunlar edi. U meni saroylarga ergashtirib b-rib, bir echkini ko`rsatdi. Q
ip-qizil.. "Kiyikdan tarqalgan!" dedi"1 . Shukur Xolmirzaev o`z asarlarida ko`pincha ikki partsellyatdan iborat konstruktsiyalarni qo`llaydi. Bunda bir partsellyat orqali ifodalash mumkin bo`lmagan, alohida ta'kidlanishi zarur bo`lgan, muhim hisoblangan belgilar ikkinchi partsellyat halqa sifatida asosdan keyinga chiqariladi.
Asos qismdagi to`ldiruvchi maqomida kelgan echkini so`zi birinchi partsellyatda u bilan botliq rang orqali muayyanlashtirilgani holda uning kiyikdan tarqalganligini ham ta'kidlash ehtiyoji ikkinchi partsellyat orqali qondirilmoqda. Ayni konstruktsiyani qayta tartiblaganda birinchi partsellyat hech o`zgarishsiz asos bo`lak tarkibiga singib, joylashib ketaverishi ma'lum. Lekin ikkinchi partsellyatda faqatgina ko`chirma gap shunday xususiyatga ega. Muallif gapi esa har ikki partsellyatga ham dahldor hisoblanadi. Shuning uchun "belgi ta'kidi", "belgini ta'kidlash" ma'nosi asos bo`lak tashqarisiga chiqarilgan har ikki komponentda ham mavjud.
"Burgut qavoga uchardi. Tagin,qaytib kelardi. Agar ipi uzunroq qilinsa..." (19-6.). Mazkur misolda burgutning havoga uchishi va yana qaytib kelish sharti partellyat sifatida ajratilgan bo`lakda ifodalangan. Aslida, birinchi va ikkinchi asosning mazmuniy yaxlitlashuvi, birikuvi orqali anglashiladigan harakatning davomiyligi ham aynan partsellyatda ifodalangan shartga bog`liq. Aks holda mazkur harakatning bajarilishi yo`qqa chiqadi. Ya'ni, burgutning uchishi uchun ham, qaytib yerga qo`nishi uchun ham ip uzun bog`langan bo`lishi lozim. Bu konstruktsiyani standart, "bir chiziqli" jumla tarzida qayta tartiblab chiqamiz: Agar ipi uzunroqqilinsa, burgut havoga uchardi, tag`in qaytib kelardi. Ta'kidlash lozimki, bu tarzdagi gapda ta'sirchanlik yo`qolishi barobarida mazmuniy aniqlikka ham putur yetadi. Ya'ni, ayni gapdagi muhim va nomuhim jihat sezilarsiz darajaga tushishi orqali badiiy mazmun bir qadar xiralashadi. Shu ma'noda shart ifodasining partsellyat sifatida asosdan tashqariga chiqarilishi mazmun tiniqligi uchun ham, ta'kidni kuchaytirish uchun ham, qahramon nutqini konkretlashtirish uchun ham birdek xizmat qiladi deyish mumkin.
"Vo darg`q, o`shanda Jonboyev degan bir pirqa a'zosi argimchog`imdi kesib tashlab edi. Keyin qandaydir aybi bilan otuvga hukm bo`lib ketdi... He, ko`p yig`laganman. Uning uchun emas! Arqon uchun... Tavba, xudo-ya, tavba qildim. Arqimchoq ham eskilik sarqiti ekan..." (68-6.). Bu tarzdagi tuzilmalar mahoratli adib asarlarida ko`p uchraydi. Ya'ni, asos qism bilan partsellyat orasiga ta'kid yukli to`liqsiz gap kiritiladi.
Misol tahlili to`liq bo`lishi uchun Jonboyev bilan bog`liq tafsilotlar ifodalangan jumlalarni ham olishga to`g`ri keldi. Aslida, he, ko`p yig`laganman. Uning uchun emas! Arqon uchun... misolining o`zi partsellyativ konstruktsiya tahliliga yetarli. Ammo partsellyatdagi arqon so`zining ma'nosi, qahramonning nima sababdan arqon uchun yig`laganligining yetarli darajada tushunarli bo`lmasligi mumkin edi. Shu bois ayni holatlarni oydinlashtiruvchi jumlalar ham olindi. Jonboev hikoyachi qahramonning arg`imchoqni eskilik sarqiti deya kesib tashlagan va bola hech narsaga yaroqsiz holga kelgan arqon uchun ko`p yig`lagan edi. Bundan oldin Jonboyevning o`z aybi bilan otuvga hukm etilgani xabari aytib o`tiladi.
Yig`laganman so`zi Jonboyevning otuvga hukm qilinganligiga bevosita ishora qilayotgandek holatni yuzaga keltiradi. Qahramon bu holatdan chiqib ketish uchun partsellyatdan oldin Uning uchun emas! to`liqsiz gapini keltirishni ma'qul ko`radi. Bu esa partsellyatdagi ta'kidni ikki qissa kuchaytiradi, teranlashtiradi. Ya'ni, hatto arqonni ham eskilik sarqiti deb bilgan Jonboyevning o`lganida arqonchalik ham qiymat topmaganligi ana shu tarzdagi konstruktsiya orqali ifodalangan. Bunday tuzilmalarni asos va partsellyat o`rtasidagi masofaga ko`ra shartli ravishda distant partsellyatli konstruktsiya deb atash mumkin. "- Ena, siz o`zingiz shu yig`indan xursandmisizq -deb jiddiy so`radi Habibullo. - Ko`rdik, haliyam sizni hurmat qilishar ekan. Juda! Ayniqsa, Xurram aka..."(82-b.). Bu misoldan anglashilganidek, gap strukturasini atayin bo`laklarga ajratish orqali uslubiy jihatdan betaraf gapning ekspressiv variantini hosil qilish mumkin ekan. Agar ayni konstruktsiyani Ko`rdik, haliyam sizni juda hurmat qilishar ekan tarzida oladigan bo`lsak, bu jumla hech qanday jihati bilan alohidalikka ega emas. Muayyan holatga qahramonning oddiygina munosabati bildirilgan xolos. Unda qahramonning voqelikka nisbatan farqli munosabatini sezish mumkin emas. Bu tarzdagi "silliq", "jonsiz" gapni "harakatchan", "jonli" ifodaga aylantirish uchun muallifdan katta mehnat talab qilinmaydi.
Shunchaki kichik bir punktuatsion tryuk orqali ko`zlangan samaraga to`liq erishilgan. Partsellyat orqali qaysi bo`lak alohida ta'kid olishi lozimligi aniq ko`rsatib berilgan. Zero, ta'kidlanuvchi bo`lakning gap tarkibidan tashqariga chiqarilishidan asosiy maqsad ham shunda. Shu o`rinda bir savol tug`iladi. Xo`sh, partsellyat sifatida tashqariga chiqarilgan bo`lak ko`proq, kuchliroq ta'kid oladimi yoki partsellyat bilan aloqalantiriladigan bo`lakmi?
Berilgan misol asosida bunga javob qidiradigan bo`lsak har ikki bo`lak ham u yoki bu darajada ta'kid oladi. Ya'ni, gap tashqarisiga chiqarish orqali juda so`zi intonatsion jihatdan ham, grammatik jihatdan ham alohida ahamiyatga ega bo`lmoqda. Lekin uning o`zi mustaqil holda asos bo`lakdan ayri holatda hech qanday ma'noga ega emas.
U o`zi birikib kelishi kerak bo`lgan so`z bilan aloqalantirilgandagina muayyan ma'noga ega bo`ladi. Ko`rsatilgan hurmat darajasining juda kuchli ekanligini bu qadar aniq ifodalash uchun mutlaq dezartikulyatsiyaga ehtiyoj seziladi. Og`zaki nutqda bunday maqsad ifodasi uchun nihoyatda mos va qulay bo`lgan turli tarzdagi modellar, mexanizmlar mavjud. Yozma nutqda partsellyatsiya ana shunday mexanizmlarning eng harakatchani va qo`llanish uchun eng qulayi hisoblanadi. Misolda fikrni ta'sirchan ifodalash usullaridan biri sifatida e'tirof etiladigan to`liqsiz gap ham keltirilgan.
Undagi ayniqsa so`zi to`liqsiz gapni kontekst tarkibidagi to`liq gap kesimi bilan aloqalantirishga xizmat qiladi. [WPm] o`zbek tilida sodda gaplar qolipining riyoziy ifodasi bo`lib, bunda [W] - atov birlik, [Pm]-kesimlik ko`rsatkichidir. Qo`shma gaplarda [WPm,WPm] tipik ko`rinishning mohiyati shundaki, [QG] tarkibiy qismlarining markazlari sanalgan kesimlarning har biri o`ziga xos shakllarning umumiy grammatik ma'no va vazifalari asosida mustaqil qo`llana oladi.
Shuning uchun bu ko`rinishning nutqiy hosilalarida ko`p holatlarda tarkibiy qismlar orasiga nuqta qo`yib, ularni mustaqil sodda gaplarga ajratish mumkin. Boshqacha qilib aytganda, mustaqil sodda gaplar sifatida (shu ma'no va vazifada) qo`llana olish qobiliyatiga ega bo`lgan gaplar ma'lum bir nutqiy sharoit talablariga ko`ra turli-tuman bog`lovchi vositalar asosida bir-biri bilan bog`lanadi, bir nutqiy (intonatsion) tugallikka ega bo`ladi, matn ichida bitga gap to`xtami bilan (gap pauzasi) ajratiladi. Bir nutqiy (intonatsion) tugallikka ega bo`lish va matn ichida bitta gap to`xtami bilan ajratilishi [QG]larning umumiy tipologik xususiyati, belgisi bo`lganligi sababli bu xususiyat [WPm,WPm)ni [QG]larning boshqa tipli ko`rinishlaridan farqlashgagina emas, balki bu tipdagi gaplarda parsellyasiya imkoniyatlarini yuzaga keltiradi.
Partsellyatsiyaga uchragan gaplar ko`pgina holatlarda, og`zaki nutqda, kuchli hishayajonni ifodalashga xizmat qiladi. Shakl va mazmunning dialektik birligi hamda bu dialektik birlikning namoyon bo`lish tabiati masalasi har qanday fanning ham eng markaziy masalalaridandir.
Zero har qanday fanning, shu jumladan, tilshunoslikning ham, bosh maqsadi hodisaning shakli va mazmuni o`rtasidagi munosabatni hamda bu munosabatning o`ziga xos qonuniyatlarini aniqlashdan iborat. Shuning uchun ham tilshunoslikda "shakliy va mazmuniy tahlilning bir-biri bilan dialektik ravishda bog`langanligi" ko`p ta'kidlanadi. Chunki U.Veynreyx to`g`ri ko`rsatganiday, ma'no va uning ifodasi o`rtasidagi qat'iy moslik faqat ideallashtirilgan semiotik belgilargagina xosdir. Tilda, esa, xususan, uning sintaktik sathida gapning shakliy va mazmuniy tarkiblari o`rtasidagi aloqa behad murakkab va ko`pincha ziddiyatli bo`lib, ular bir-birlari bilan to`liq muvofiq kelmaydi, ko`pincha mazmuniy-sintaktik nomuvofiqlik (asimmetriya) mavjud bo`ladi. Ana shunday nomuvofiqlik bo`lmasa, tilshunoslikning oldida muammoning o`zi ham bo`lmas edi. Lekin gaplarinng aksariyatida ana shunday nomuvofiqlik bor.
Shakl va mazmunning bunday ziddiyatli tabiati tilnnng o`ziga xos xususiyatidir. Muhimi shuki, til birliklarining shakli va mazmuni o`rtasidagi dialektik ziddiyat ularning uzviy birligiga to`sqinlik qilmaydigan emas, balki bu ziddiyat ana shunday birlik mavjud bo`lgandagina mumkin bo`ladi, bu tildagi qonuniy va ob'yektiv hodisadir. O`zbek tilida sodda gaplardagi mazmuniy-sintaktik nomuvofiqlik (asimmetriya) muammosi o`rganilgan1 . Ammo bu masala qo`shma gaplar doirasida alohida o`rganilgan emas. Rus tilida esa mazkur masala qo`shma gap materialida chuqur tadqiq etilgan.2
Aytish lozimki, sodda gaplar doirasidagi mazmuniy-sintaktik nomuvofiqlik, asosan, tildagi tejash tendentsiyasining namoyon bo`lishi sifatida yuzaga kelsa, qo`shma gaplardagi bunday nomuvofiqlikning zamini tildagi ortiqchalik tendentsiyasiga borib taqaladi. Shakli bir xil bo`lgan til birliklari omonimlar deyiladi. Zamonaviy tilshunoslikda omonim atamasi til birliklari modellariga nisbatan ham qo`llaniladi. Bir denotativ voqea ifodalangan ergash gapli qo`shma gaplarda mazmuniy-sintaktik nomuvofiqlik hamisha mavjud bo`ladi va bu nomuvofiqlikning yuzaga kelishi tildagi ortiqchalik tendentsiyasining amal qilishi natijasidir.
Bu tendentsiya nutqiy aloqadagi muayyan zaruriyat bilan bog`liq, albatta. Bunday zaruriyat sifatida so`zlovchining turli sub'yektiv maqsadi, voqeaning baholashi kabilarni ko`rsatish mumkin. So`zlovchi ayni maqsadi, bahosi va shu kabilarni alohida ta'kidlab ifodalash uchun predikativ tizimlarni tanlaydi, lekin bu tizimlar denotativ voqeani emas, mazkur maqsadga ko`ra modusni ifodalaydi. Buning natijasida nazariy jihatdan ikki denotativ voqea ifodachisi bo`lgan ikki (yoki undan ortiq) predikativ birlikdan iborat ergash gapli qo`shma gap faqat bir denotativ voqeani ifodalaydigan bo`lib qoladi, ya'ni faqat bir mazmuniy "yadro"ni o`z ichiga oladi.
Bu, tayinki, mazmun va shakl jihatidan nomutanosiblikni keltirib chiqaradi. T.A.Kolosova rus tilidagi Delo v tom, chto dlya remonta... nujen... stanok kabi gaplarda ifoda planining mazmun planiga mos emasligini aytib, yozadi: "Bunday qo`shma gaplar, ikki predikativ birlikning mavjud bo`lishiga qaramasdan, bir situatsiyani ifoda qiladi. Jumlaning mazmuni aslida ergash gap qismida mujassamlashgan, bosh gap qismi esa oldin kelib, sezilarli darajada mazmunsizlashgan, u axborot berish vositasi emas, balki ergash gapdagi axborotning o`ziga xos aktuallashtiruvchisidir". Tadqiqotchi ana shuni hisobga olib, bunday gaplariiig ifoda planiga ko`ra qo`shma, mazmun planiga ko`ra esa sodda ekanligini ta'kidlaydi.
O`zbek tilidagi ergash gapli qo`shma gaplarda asosiy "axborotni aktuallashtiruvchi" sifatida, ya'ni modus ifodachisi sifatida bosh gap ham, ergash gap ham, aytib o`tilganiday, kelaverishi mumkin. Qiyos: Hamma gap shundaki, biz tezroq, ishga kirishmog`imiz kerak. Kun tartibidagi keyingi masalaga kelsak, asosiy ma'ruzani kasaba uyushmasining raisi qiladi. Birinchi gapda modus bosh gap orqali, ikkinchi gapda esa modus ergash gap orqali ifodalangan. Lekin bari bir har ikki gapda ham mazmuniy-sintaktik nomuvofiqlik mavjud. Shuni ham ta'kidlash kerakki, modus ergash gapli qo`shma gaplarning ergash qismida ifodalanganda, ergash gapda predikat sifatida ko`pincha shart maylidagi fe'l (yuqoridagi misol), -ganda shaklli fe'l (Gapning to`qrisini aytganda, siz ko`p o`qishingiz kerak) kabilar ishtirok etadi.
Ergash gapda ifodalangan mazmunning tabiatiga ko`ra mazkur shakllar bilan bog`liq. "shart" va "payt" ma'nolari neytrallashadi. Bu hol, albatta, tushunarli, chunki mazkur predikatlar denotativ voqea ifodasida ishtirok etmagan. Shunisi ham tabiiyki, modus ifodalovchi tizim ixchamlashishga moyil bo`ladi. Buni yaxlit gapda denotativ voqeaga qaraganda modusning nomuhimligi bilan izohlash mumkin. Ana shu nomuhimlik, aslida, tegishli so`z shakllaridagi ma'nolarning ("shart", "payt" kabi) kuchsizlanishiga yoki neytrallashishiga olib keladi. Bu neytrallashuv ko`pgina ergash gapli qo`shma gaplarda juda aniq bo`ladi.
Yuqorida keltirilgan Men senga aytsam, odamlarga yaxshilik qil, Keyingi masalaga kelsak, asosiy ma'ruzani kasaba uyushmasining raisi qiladi. Gapning ochig`ini aytganda, ishga jiddiy kirishmoq shart. Men o`ylaymanki, u bugun keladi kabi ergash gapli qo`shma gaplarda ana shunday neytrallashuvni ko`rish mumkin. Bu neytrallashuvga va gapning tegishli qismlarida ifodalangan modusning mantiqiy-mazmunin tabiatiga ko`ra bunday shaklan qo`shma gaplar haqli ravishda kirish tizimli sodda gaplar sifatida baholanadi.
A.G`ulomov kirish tizimlarning asosiy gapdagi fikrga bog`liq bo`lgan, shu hakidagi qo`shimcha mulohazalarni ifodalashini ta'kidlaydi. Uningcha, "bu mazmun ottenkalari juda xilma xil: so`zlovchining aytilayotgan fikrga sub'ektiv munosabatini, shu fikrga bog`liq holda tug`ilgan emotsiyalarni, fikrning umumiy bahosini va shu kabi holatlarni bildiradi"1 . Bu ma'nolar biz modus tavsifi bilan bog`liq holda aytgan ma'nolar bilan mos keladi.
Demak, kirish gap, kirish so`z, kirish tizimlarning semantikasi bevosita modusdan iborat. Modus ifodalangan va predikatlaridagi tegishli shakllar ma'nosi aniq neytrallashgan aksar ergash gaplarni kirish gaplar sifatida baholash bunday shaklan qo`shma gaplardagi mazmuniy-sintaktik nomuvofiqlikni bartaraf etadi.
Chunki bunday holatdagi ergash gapning gapligi inkor etilmagan holda u qo`shma gapning sintaktik tarkibidan tashqariga chiqariladi. Ergash gapli qo`shma gaplar konstruktsiyalari omonimiyasi tilshunoslikda kam o`rganilgan. Bu hodisa sintaktik omonimiya doirasida alohida tur sifatida lingvistik ekonomiyannng sintaktik konstruktsiyalar sathiga xos ko`rinishlaridan sanaladi. Ergash gapli qo`shma gap konstruktsiyalarida bir vaqtning o`zida xarakteran ikki xil ma'no - qo`shma gap tarkibining leksik birliklari munosabati bilan bog`lanuvchi individual hamda predikativ qismlarning o`zaro munosabatlari bilan bog`lanuvchi umumiy grammatik ma'nolar ifodalangan bo`ladi.
Qo`shma gap konstruktsiyasi bilan uning individual ma'no (mazmun)lari munosabatidagi nomutanosiblik ham, qo`shma gap konstruktsiyasi bilan uning grammatik ma'nolari munosabatlaridagi nomutanosiblik ham keng ma'nodagi sintaktikomonimiya uchun imkoniyat yaratadi. Lekin ulardan birinchisi sintaktik omofoniya, ikkinchisi sintaktik omonimiya kabi o`zaro o`xshash ikki hodisani xarakterlash uchun xizmat qiladi.
Ergash gapli qo`shma gap konstruksiyalariga xos omonimiyaning vujudga kelishida o`ziga xos qonuniyatlar amal qiladi. Sintaktik omonimiyaning bu ko`rinishi ham "substantsional elementlar munosabatidan tashkil topuvchi tegishli kategoriyalarning o`ta abstraktsiyalashuvi qonuniyati" (G.V.Kolshanskiy) tufayli sodir bo`ladi. Chunki grammatik qurilish til kommunikativ birliklarining nihoyatda mavhumlashgan ko`rinishlari sanalib, ular vositasida miqdor jihati konkret, lekin semantik jihati turli xil birliklar ayni bir grammatik formada birlashadi. Ergash gapli qo`shma gap konstruksiyalarining omonimligi xronologik jihatdan shu birliklarga tegishli polifunktsionallilik yoxud ko`p ma'nolilik kabi hodisalardan keyingi etapda turadi, ya'ni ergash gapli qo`shma gaplar omonimiyasi muayyan konstruktiv birliklar doirasidagi funktsiya va ma'nolardan birortasi ajralib chiqqan holatlardagina, grammatik ko`p ma'nolilikdan o`sib chiqadi.
Bu parsa ergash gapli qo`shma gap konstruksiyalari omonimiyasining vujudga kelishini belgilovchi asosiy omil sifatida qaraladi. Ergash gapli qo`shma gaplar tuzilishi sxemasi, modelining "turg`un elementlari" (T.P.Lomtev) huhuqida ish ko`ruvchi bog`lovchilar va shular funktsiyasidagi boshqa grammatik markerlar ana shu imkoniyat (omil)ni yuzaga keltiruvchi vositalar hisoblanadi. Bunday vositalarning polifunktsionalligi qo`shma gap umumiy konstruktsiyasining grammatik ma'nolar ifodasidagina farq qiluvchi ikki yoki undan ortiq alohida-alohida sintaktik birliklar tarzida tasavvur etilishiga sabab bo`ladi. Bu esa ergash gapli qo`shma gaplar konstruktsiyalari omonimiyasining vujudga kelishini belgilovchi faktor sifatida qaraladi.
Masalan, tuzilish sxemasida -sa markerli kesimlari "turg`un element" sanaluvchi konstruktsiyalarda, dastlab, shart ma'nosidagi ergash gapli qo`shma gaplar reallashgan bo`lsa, keyinchalik -sa markerining "sinxron ko`p ma'nolilik" (E.I.Shendels) belgisiga ega bo`lgan polifunktsionalligidan ergash gapli qo`shma gaplarning payt, chog`ishtirish-qiyoslash ma'nolarini ham anglatuvchi boshqa omonimik konstruktsiyalar vujudga kelgan.
Xulosa
Til o‘z kommunikativ vazifasini sintaktik qurilma — gap vositasida amalga oshiradi. Tildagi barcha — fonetik, leksik, morfologik hodisa ana shu sintaktik qurilishga xizmat qiladi. Biroq bular sirasida leksika va morfologiyaning til grammatik qurilishidagi ishtiroki o‘ziga xos. Zero, har qanday sintaktik hodisada so‘z va morfologik ko‘rsatkichni ko‘ramiz. Shu boisdan sintaktik mohiyatni belgilashda leksik va morfologik omilga tayaniladi. Gap, aslida, so‘zning erkin birikuviga ham asoslanganligi tufayli so‘zning bog‘lanish qonuniyati, so‘z birikmasi ham sintaksisda o‘rganiladi. So‘z birikmalarini o‘rganish gap ta’limotining tarkibiy qismi, undan ajratilgan holda qaralishi mumkin emas. Sintaksis so‘zning har qanday birikuvini emas, balki hokim-tobelik munosabatiga kirishgan erkin nutqiy birikuvning lisoniy mohiyatini tekshiradi. Qaysidir yo‘sindagi so‘zning birikuvi bo‘lgan qo‘shma so‘z (uchburchak, ertapishar, sotib olmoq), frazeologik birlik (ilonning yog‘ini yalagan, po‘konidan yel o‘tmagan, ko‘ngli bo‘sh) sintaksisning tadqiq doirasidan chetda qoladi. Chunki ular erkin bog‘lanishga ega emas. Sintaksis atamasi grammatika atamasining o‘zi kabi ikki ma’noli: 1) tilning sintaktik qurilishi; 2) grammatikaning tarkibiy qismi. Atamani ana shu ikkinchi ma’nosida qo‘llab, birinchi ma’no ifodasi uchun sintaktik qurilish atamasini ishlatamiz. Gap barcha tillarda grammatikaning asosiy tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Gap turlarinining o'rganilishiga, gap tadqiqi bilan bog’liq muammolar va turli tillarda gaplarning taqqoslash va qiyoslash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Shuning uchun turli oila va guruhlarga mansub tillardagi gaplarni va ularning turlarini qiyoslash va farqlash bugungi kun dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda gaplar tishunoslikning turli yo'nalishlarida o’rganilib kelmoqda, jumladan, kontrastiv tilshunoslik, areal tilshunoslik, qiyosiy tipologiya, kognitiv tilshunoslik, lingvokulturologiya va pragmatik tilshunoslik. Albatta, tilshunoslikning har bir yo'nalishida gaplar va ularning muammolarini tahlil qilish yangicha yondashuvlarni va usullarni talab qiladi. Shuning uchun, gaplarning asosiy til birligi sifatida alohida o’rganish mavzusi diqqatga sazovordir. O’zbek tili sodda gap sintaksisning takomillashuvida B.O’rinboyevning “Hozirgi o’zbek tilida vokativ kategoriya”, N.Mahmudovning “O’zbek tilidagi sodda gaplarda mazmun va shakl assimetriyasi” monografiyalari ahamiyatli bo’ldi. O’zbek tili qo’shma gap sintaksisi shakllanishida akademik G.Abdurahmonov va M.Askarovlarning xizmati kattadir. O’zbek tili qo’shma gaplarning tadqiqiga bag’ishlangan “Hozirgi zamon o’zbek tilida ergashgan qo’shma gaplarning sostavi” asari bilan o’zbek tilida qo’shma gaplar alohida tadqiq qilinishni boshladilar. 1955 yilda F.Kamol “Qo’shma gaplarga doir masalalar” kitobini nashr etdi va unda qo’shma gaplarning maqomi, ularning tasnifi haqida dastlabki ma’lumot berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |