o‘zining badiiy-estetik talqinidagi Yangi asarni taqdim etadi, ya‘ni drama yozuvchining, spektakl esa asosan
rejissyorning asari. Rejissyorning mahorati, aktyor va rassom ko‘magida sahnani o‘ziga xos olamga aylantiradi:
unda biz o‘z zamonamizni ham, kechmish zamonlarni ham ko‘ramiz, ularning eng muhim, xarakterli jihatlarini
ilg‘ab olamiz.
Rejissyor o‘ylagan g‘oyani aktyorlar amalga oshiradi. Aktyor – sahnaning joni, uning har bir holati, yuz
ifodasi, ovozidagi ohang, monolog va dialog paytlaridagi qo‘l harakatlari badiiy qiyofani yaratadi. Zero
spektaklning o‘zi boshdan-oyoq dinamik harakat mahsulidir. Shu bois ham aktyor mahorati, iste‘dodi sahna asari
darajasini belgilaydigan asosiy omillardan. M., Otello rolini buyuk aktyor Abror Hidoyatov bilan ijro etgan spektakl
orasida T. Azizov garchand u ham iste‘dodli aktyor bo‘lsa-da juda katta, qiyoslab bo‘lmaydigan darajada farq bor.
Teatr san‘atining yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, unda sahna asari tomoshabin oldida yaratiladi, o‘sha
rejissyor, sahnaga qo‘ygan o‘sha aktyorlar o‘ynagan bugungi spektakl kechagidan farq qiladi. Bu sahna san‘atining
doimiy ijodiyligini ko‘rsatadi, bugungi ijroga aktyor nimanidir qo‘shadi yoki undan olib tashlaydi. Bu uning ruhi,
ijodiy kayfiyati, ikki yoki uch kunlik o‘sishi bilan bog‘liq.
Teatrning turlari ko‘p: yoshga qarab bo‘linadigan yoshlar teatri, bolalar teatri, jonli aktyor ishtirok
etmaydigan qo‘g‘irchoq teatri bor. SHuningdek, musiqadan juda keng foydalanadigan, butun boshli piesa yoki
librettoga bastakor alohida, davomli, kuy bastalaydigan balet musiqali drama, operetta, opera singari estetik
mohiyatiga qarab ajratiladigan teatr turlari ham mavjud. Lekin qaysi turdagi teatr san‘ati bo‘lmasin, u millat va
shaxs estetik didini yuksaltirishda katta ahamiyatga ega.
O‘zbek milliy teatri qadim zamonlarda avval qo‘g‘irchoq («chodir xayol») tarzida mavjud edi. Faqat
keyinchalik, XX asr boshlarida milliy drama paydo bo‘lgach (M.Behbudiy, «Padarkush»), zamonaviy teatr vujudga
keldi, deb aytishimiz mumkin. Teatr jadidchilik harakati bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, favqulodda juda tez va keng
yoyildi. O‘zbekiston hududida XX asr 10-yillarining o‘zida Samarqandda, Toshkentda va Qo‘qonda teatr truppalari
paydo bo‘ldi, o‘zbek xalqi ma‘naviyati xazinasi yana bir go‘zal san‘at bilan boyidi. Behbudiy, Avloniy, Hamza kabi
buyuk ziyolilar bunda katta xizmat qildilar. Keyinchalik Mannon Uyg‘ur, Etim Bobojondek ulkan rejissyorlar,
Abror Hidoyatov, Obid Jalilov, SHukur Burxon, Olim Xo‘jaev, Sora Eshonto‘raeva, Nabi Rahimov, Hamza
Umarov, Rahim Pirmuhamedov kabi buyuk dramatik aktyorlar etishib chiqdi. Karim Zokirov, Halima Nosirova,
Bernora Qorieva, Soadat Qobulova, Muyassar Razzoqova, Guli Hamraeva singari opera va baletning mumtoz
ustalari jahonga tanildilar. Hozirgi o‘zbek teatri ma‘naviy-axloqiy maskan, haqiqiy ibratxona sifatida diqqatga
sazovordir. «Chunki sahna san‘atining odamlarga nafaqat zavq-shavq baxsh etishi. ayni paytda milliy g‘urur, milliy
iftixor manbai, qudratli tarbiya vositasi ham bo‘la olishi – bu isbot talab qilmaydigan haqiqatdir»
201
.
Do'stlaringiz bilan baham: