Raqs san‟ati. Bu san‘at turi Yevropada xoreografiya deb ataladi va raqsning barcha turlarini o‘z ichiga oladi.
Raqs qo‘l va oyoq harakatlariga asoslanadi, lekin bu harakatlar ritm, muqom va badanning plastik egiluvchanligi
vositasida shiorona xayolot parvozini ifodalaydi. Bu vositalarning hammasi musiqa yordamida (juda bo‘lmaganda
bir musiqiy asbob ishtirokida) umumiy bir uyg‘unlikni tashkil etadi, ana shu uyg‘unlik raqsning san‘at sifatidagi
mohiyatini anglatadi. Raqsning ham o‘z ichki turlari ko‘p, diniy-falsafiy raqslar, mehnat raqslari yoki kasbiy raqslar,
sof o‘yindan iborat raqslar, insoniy kayfiyatni anglatadigan raqslar, maxsus sstenariy (libretto) asosida
sahnalashtiriladigan va uzoq vaqt davom etadigan raqslar v.h. M., hind mumtoz raqslarida diniy-falsafiy mazmunni
ifodalash birinchi o‘rinda turadi, qo‘llar, oyoqlar, qosh-ko‘z harakatlari olamning vujudga kelishidan tortib, qadimgi
Hindiston ma‘budlarining hayotigacha aks ettiradi. Bu raqslar daqiqalar emas, soatlar mobaynida ijro etiladi.
Zamonaviy balet ham mazmunni aks ettirishda hind raqslariga o‘xshab ketadi, lekin bu erda asarni sahnalashtirish –
teatrlashtirish muhim o‘rin egallaydi. O‘zbek xalq raqslarida esa egiluvchanlik, o‘yin unsuri bo‘rtib ko‘zga
tashlanadi va butun xatti-harakat asosan tomoshabin qalbiga quvonch hamda zavq berishga yo‘naltiriladi. Unda ayol
latofatining she‘riyati, nozikligi, noz-karashmasi erkaklarning mardona ulug‘vorligi, qudrat ramzini anglatuvchi
harakatlari aks etadi. Kasbiy raqslarda esa muayyan mehnat turining shoirona tasviri o‘z ifodasini topadi («CHo‘pon
raqsi», «Terimchi raqsi» v.h.).
Raqs san‘ati, yuqorida aytganimizdek, folklorning uzviy qismi tarzidagi va sahnaviy – teatrlashtirilgan
ko‘rinishlarga egaligi bilan birga, mintaqaviy-mahalliylik xususiyatiga ham ega. M., o‘zbek raqsida uch yo‘nalish
mavjud: Toshkent-Farg‘ona, Xorazm va Buxoro yo‘llari (ba‘zan usullari ham deyiladi). Ular bir-biridan ifodaviy
usullarning o‘ziga xosligi bilan farqlanadi, ayni paytda har bir raqqosa yoki raqqosning o‘z uslubi bor. M.,
Mukarrama Turg‘unboeva bilan Galiya Izmaylovaning raqslari bu san‘atning buyuk namunalari bo‘lgani holda,
uslubiy jihatdan bir-biridan farq qiladi.
So‘nggi paytlarda raqs san‘ati bizda keng yoyildi va unda havaskorlik unsurlari shu qadar ko‘payib ketdiki,
natijada istagan qo‘shiqchi o‘zi raqqosalik, raqqoslik qila boshladi, raqsning san‘at turi sifatidagi qonun-qoidalari
tan olinmay qo‘yildi. Goho bir qo‘shiqchi 6-8 nafar raqqosani, ba‘zan esa ayollar ayollarni «o‘ynatadi». Bunday
hol professional san‘at havaskorlik darajasiga tushirishga, uning tanazzulga uchrashiga xizmat qilmoqda. O‘zbek
milliy raqsi an‘analari, haqiqiy san‘at «erkin», «ommaviy raqs bo‘tqasi» ichida asl yuzini yo‘qotib bormoqda. Shu
sababli, ming afsuski, hozirgi paytda kechagina sahnada bo‘lgan qizlarxon Do‘stmuhamedova, Malika Ahmedova,
Rushana Odamboeva kabi san‘atkorlarning o‘rnini bosish u yoqda tursin, ularning yoniga yaqin keladigan
raqqosalar yo‘q.
Do'stlaringiz bilan baham: |