1.
Falsafiy kategoriyalarning birinchi va eng muhim guruhi – har qanday falsafiy muammolarni tahlil
qilishda qo‘llaniladigan umumiy kategoriyalar, ya‘ni borliq kategoriyalaridir (falsafiy adabiyotlarda bu
kategoriyalarni dialektika kategoriyalari deb nomlash odat tusini olgan).
2.
Ikkinchi guruhni falsafaning turli bo‘limlariga tegishli bo‘lgan maxsus kategoriyalar tashkil etadi.
Masalan, ontologiya borliq va yo‘qlik, substantsiya, dunyoning birligi, materiya, ong, makon, zamon, harakat kabi
kategoriyalar mazmunini aniqlaydi va muayyan tarzda talqin qiladi. Naturfalsafa, gnoseologiya, antro‘ologiya,
praksiologiya, ijtimoiy falsafa, globallashuv falsafasi ham o‘z kategoriyalar a‘‘aratiga egadir.
3.
Uchinchi guruhni maxsus falsafiy fanlar: mantiq, axloq (etika), estetika kategoriyalari tashkil etadi.
Masalan, axloq fanida falsafiy bilimning ayni shu sohasi va falsafaning axloq bilan turdosh bo‘limlari –
antropologiya, ijtimoiy falsafa, aksiologiyaga xos bo‘lgan kategoriyalar tizimi (yaxshilik va yomonlik, sha‘ni va
qadr-qimmat, hayot ma‘nosi, baxt va boshqalar) vujudga kelgan. Tushunchalar, mulohazalar, mushohadalar,
dalillash va hokazolar mantiq kategoriyalari hisoblanadi. Estetikada go‘zallik va xunuklik, fojeaviylik va kulgililik,
ulug‘vorlik va tubanlik kabi kategoriyalar qo‘llaniladi. Biz esa falsafaning umumiy kategoriyalarini ko‘rib chiqamiz.
Falsafa kategoriyalari muayyan fanlarning kategoriyalaridan ancha farq qiladi. Bu farq shundan iboratki,
dialektika kategoriyalari ob‘ektiv dunyo hodisalari turkumlarining muhim xossalari va aloqalarinigina emas, balki
barcha moddiy jarayonlarga xos bo‘lgan eng umumiy xossalar va aloqalarni aks ettiradi. SHunday qilib, dialektika
kategoriyalari ob‘ektiv dunyoni ideal aks ettirishning o‘ta keng shakllari bo‘lib, ular voqelikni bilish va ma‘naviy-
amaliy o‘zgartirishning asosiy printsiplari bo‘lib xizmat qiladi.
Dialektika kategoriyalarini ikki turga ajratish mumkin: substantsion kategoriyalar va munosabatdosh
kategoriyalar. Substantsion kategoriyalar – bu boshqa kategoriyalardan qat‘iy nazar, alohida-alohida qo‘llaniladigan
kategoriyalar. Bunday kategoriyalar qatoriga «borliq», «materiya», «harakat», «rivojlanish», «makon», «vaqt »,
«ziddiyat» va hokazolar kiradi. Ular ob‘ektiv voqelikning muayyan umumiy xossalarini qayd etadi, lekin bu
kategoriyalarning boshqa kategoriyalar bilan aloqalari haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini bermaydi.
Munosabatdosh kategoriyalar biri ikkinchisi bilan uyg‘un bog‘liq bo‘lib, bilish jarayonida biri ikkinchisini
nazarda tutadi; ularning biri haqida tasavvur hosil qilganda boshqasini hisobga olmaslik mumkin emas. Bunday
kategoriyalar qatoriga quyidagilar kiradi: yakkalik va umumiylik; hodisa va mohiyat; shakl va mazmun; qism va
butun;
sabab va oqibat; tasodif va zaruriyat; imkoniyat va voqelik.
Biz falsafa kategoriyalarini batafsilroq ko‘rib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: