Turkiy tillarda fe’l so‘z turkumi taraqqiyoti
Turkiy tillarda fe’lning shaxs ko‘rsatkichlari
Turkiy tillarda fe’l shaxs ko‘rsatkichlariniñ ikki tipi–birinchi kategoriya shaxs ko‘rsakichlari va ikkinchi kategoriya shaxs ko‘rsatkichlari mavjud.
Birinchi kategoriya shaxs ko‘rsatkichlari hozirgi va kelasi zamon, shuningdek, noaniq o‘tgan zamon va aniq zamon uchun xosdir. Uning dastlabki tizimini avvalgi holatga quyidagicha keltirish mumkin:
Birlik Ko‘plik
1-shaxs. -ban//-ben -bїz//-biz
2-shaxs. -sañ//-säñ, -sїg‘//-sig‘ -sїz//-siz
3-shaxs. - -
Ko‘rinib turganidek, fe’l affikslari vazifasida (3-shaxs birlik va ko‘plik bundan mustasno) ayrim turkiy tillarda fonetik o‘zgarishlarga uchragan kishilik olmoshlari kelgan. Natijada ularning turli variantlari paydo bo‘lgan.
1-shaxs birlikda turkiy tillarda quyidagi affikslar ishtirok etadi:
-bїn//-bin: qozoq, chulim-tatar, yoqut, xakas tillari;
-mїn//-min: yoqut, chulim-tatar, qirg‘iz, qoraqalpoq, qrim-tatar kabi tillar;
-mьn// -min: tatar, boshqird. qozoq tillari;
-man//-men: no‘g‘oy, qoraqalpoq, qumiq va o‘zbek tillari.
Yuqoridagi uchta variant umumturkiy ä ni ye tarzida ifodalaydi. Keyingi variantdagi a singarmonistik qarama-qarshilik natijasida vujudga kelgan.
-män: faqat uyg‘ur tilida uchraydi. Bunda män dagi ä qadimgi ä ni ifodalaydi;
-m: tatar va boshqird tillarida: min baram (men boraman). Aslida, bu affiks ikkinchi kategoriya shaxs affiksi bo‘lib, analogiya bo‘yicha o‘tkazilgan;
-їm//-im: oltoy, shor, qrimtatar, gagauz, turk. tillarida uchraydi.Ushbu affiks bobotil davridagi -bän bilan aloqador emas. Bu yerda 1-shaxs birlik affiksining o‘tgan zamon ko‘rsatkichi -dї ga ta’siri bo‘lgan bo‘lishi mumkin: aldїm (men oldim);
-їn//-in faqat turkman tilida uchraydi. Bir vaqtlar turkman tilida ushbu ko‘rsatkich xuddi turk tilidagidek, -їm//-im shakliga ega bo‘lib, oxirgi -n ta’sirida 1-shaxs birlikdagi men olmoshidagi m>n: їm>- їn;
-am//-äm: ozarbayjon tili uchun xos bo‘lib, a//ä istak mayli shakli ta’sirida hosil bo‘lgan bo‘lishi mumkin: ozarb. alam (olsam edi)~tur. yazam (yozsam edi);
-p (-ъp): faqat chuvash tilida uchraydi. Ushbu shakl muayyan darajada chuvash tilida 1-shaxs birlikdagi oxirida, n bo‘lmagan ebi (men)ni ifodalaydi.
2-shaxs birlik quyidagi ko‘rsatkichlarga ega:
-sїñ//-siñ: qirg‘iz, qaraim;
-sїn//-sin: turk, gagauz;
-sьñ//-siñ: tatar, boshqird, qozoq, qoraqalpoq, no‘g‘oy tillarida uchraydi. Bu shakllarda turkiy bobotildagi e ning ifodalanishi me’yoriy emas, sababi qirg‘iz va turk tillaridagi ä, qoida bo‘yicha, i ga aylanmagan. Old qatorli variant señ tarzida bo‘lishi kerak edi. Bu yerda 2-shaxs birlikdagi olmosh siz ning ta’siri bo‘lgan;
-señ: tuva tilida uchraydi. Orqa qator variantga ega emas;
-sañ//-señ: o‘zbek, qoraqalpoq, no‘g‘oy tillarida uchraydi. Señ dagi a ning e tarzida ifodalanishi me’yoriy hisoblanadi;
-san//-sän: ozarbayjon tili uchun xos bo‘lib, old qator sän varianti bobotildagi äni aks ettiradi;
-sa//-se: qorachoy-balqar tilida uchraydi. Oxirgi n tushib qolishi natijasida sañ//-señdan hosil bo‘lgan;
-sen: uyg‘ur tilida uchraydi. Orqa qator varianti yo‘q, e unlisi bobotildagi ä ni ifodalaydi;
-s’їñ//-s’iñ: turkman tilida uchraydi;
-hьñ//-häñ: faqat boshqird tilida uchraydi;
-g‘їn//-gin: faqat yoqut tilida uchraydi.
3-shaxs birlik ko‘rsatkichlari turkiy bobotilda alohida ko‘rsatkichga ega bo‘lmagan. Oltoy tilida -ї//-i affiksi bor: otur-ї (u o‘tiribdi), baradїr-ї (u boryapti) kabi.
1-shaxs ko‘plikning ko‘rsatkichlari quyidagicha:
-bїz//-biz: qorachoy-balqar, qirg‘iz, qumiq, qaraim;
-bьz//-biz: tatar tilida uchraydi;
-bьz’//-biz’: boshqird tilida uchraydi;
-bїs//-bis: oltoy, xakas, shor va tuva, chulim-tatar tillarida uchraydi.
-bїt//-bit: faqat yoqut tilida uchraydi. Ushbu affiks -bїs//-bis dan vujudga kelgan, sababi yoqut tilidagi s affikslarda t ga aylanadi;
-mїz//-miz: qrimtatar va o‘zbek tillarida uchraydi;
Uyg‘ur tilida old qator varianti -miz uchraydi;
-mьz//-mьz: qozoq, qoraqalpoq, no‘g‘oy tillarida uchraydi;
-їz//-iz: turk, gagauz tillarida mavjud. Ushbu affiksni, aslida, bobotil davridagi -bїz//-biz dan vujudga kelgan, deb bo‘lmaydi. Ushbu affiksni qadimgi ko‘plik yoki ikkilanishni anglatadigan son ko‘rsatkichi, deyish mumkin: tur. ikiz, o‘zb. egiz kabi;
- їs’//-is’: faqat turkman tilida uchraydi. Mazkur affiksdagi (-їz//-iz) oxirgi -z jarangsizlanib, tish oralig‘i s’ ga aylangan;
-vїs//-vis: chulim tatarlari tilida uchraydi;
Affiks boshidagi intervokal holatda b>v holatda bo‘ladi;
-їx//-ix: ozarbayjon tilida mavjud: yazїrїx (biz yozamiz). Ushbu affiks qadimgi ko‘plik ko‘rsatkichi -їq//-ikka to‘g‘ri keladi;
-pъr//-pir: chuvash tilida uchraydi: pъr//-pir~bїz//-biz.
2-shaxs ko‘plik affikslari quyidagicha:
-sїz//-siz: qumiq, qaraim, uyg‘ur, o‘zbek tillarida uchraydi;
-sьz//-siz: tatar, no‘g‘oy, qoraqalpoq tillarida uchraydi;
-s’їñїz’//-s’iñiz’: turkman tilida uchraydi. Ushbu affiks ikkita qismdan, ya’ni 2-shaxs birlik ko‘rsatkichi -sїñ//-siñ va ikkilanish sonining qadimgi affiksi -їz//-iz dan tashkil topgan. Mazkur affiks -sї+ñїz tarzida ham shakllangan bo‘lishi mumkin. Bunday holatda -sї elementining kelib chiqishi ma’lum bo‘lmay qoladi. Bu yerda alasїg‘їz, alasїñiz (olsingiz) tipidagi so‘zlardagi qadimgi forma–asї ning ta’sirida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin;
-hьg‘z//-higiz: faqat boshqird tilida uchraydi. Ushbu, aslida, affiks tarixan -sїg‘їz’//-sigiz’dan kelib chiqqan bo‘lib, bundagi -sїg‘//-sig 2-shaxs birlik affiksi variantiga qadimgi ikkilanish soni yoki ko‘plik ko‘rsatkichi -їz//-iz ni qo‘shish bilan vujudga keltirilgan;
-sьñdar//siñder va -sьzdar//-sider: qozoq tilida uchraydi. Birinchi holatda 2-shaxs birlik affiksiga ko‘plik affiks variantlaridan biri -dar//-der, ikkinchi shakl hurmat shakli bo‘lib, 2-shaxs ko‘plik affiksi -sьz//-siz+dar//-der ni o‘ziga biriktiradi;
-sїñar//-siñer: chulim-tatar, xakas, qirg‘iz tillarida uchraydi. Uning ikki unli orasida s ning jaranglilashgan variantlari bo‘lishi mumkin: olt. -zїñar//-ziñer. Mazkur affiksning tarkibi juda aniq bo‘lib, unda 2-shaxs birlikdagi -sьїñ//-sin (-z їñ//-ziñ) affiksiga ko‘plik ko‘rsatkichlaridan biri -ar//-er birikkan;
- qirg‘iz tilida hurmat ma’nosini ifodalaydigan -sїzder//-sizder affiksi ham bor (2-shaxs ko‘plik -sїz//-siz+ko‘plik affiksi -dar//-derdan hosil bo‘lgan);
-zar//-zer: xakas, shor tillarida uchraydi. Bundagi -ar//-er elementi qadimgi ko‘plik ko‘rsatkichlaridan biridir. Birinchi z elementi s ning jaranglilashgan ko‘rinishidir;
-sїg‘ar//-sig‘ar va -zїg‘ar//-zig‘ar: oltoy tilida mavjud bo‘lib, birinchi element 2-shaxs birlikning qadimgi varianti -sїg‘//-sig‘ affiksiga ko‘plik ko‘rsat-kichlaridan biri -ar//-är qo‘shilib hosil qilingan;
-g‘їt//-git (-kїt//-kit, -xїt//-xit, -ñїt//-ñit) faqat yoqut tilida uchraydi. -g‘їt affiksi <-g‘їz (-giz>-g їs>-g їt);
Do'stlaringiz bilan baham: |