O`zbekiston Respublikasi valyuta birjasi respublikaning yagona va uzoq yillar davomida faoliyat yuritib kelayotgan valyuta bozori boʻlib, milliy valyuta bilan operatsiyalar uchun likvidlik markazi sifatida Markaziy bankning pul-kredit siyosatini samarali amalga oshirish uchun savdo maydonchasi boʻlib xizmat qiladi. Spot valyuta bozorining umumiy hajmida birja yuqori ulushga ega.
O`zbekiston Respublikasi valyuta birjasining yagona savdo va post-treyding tizimi bozor ishtirokchilariga savdo, kliring va hisob-kitob xizmatlarini koʻrsatgan holda, chet el valyutasini sotib olish va sotish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish va savdolar toʻgʻrisida maʼlumot olish uchun teng imkoniyatlarni taqdim etadi.
Hozirgi vaqtda O`zbekiston Respublikasi valyuta birjasi savdo tizimi orqali “Oʻzbekiston respublika valyuta birjasining chet el valyutasi oldi-sotdisi boʻyicha birja savdolari qoidalari”ga muvofiq chet el valyutasi oldi-sotdisi boʻyicha birja savdolari, shuningdek “O`zbekiston Respublikasi valyuta birjasida valyutaviy svop operatsiyalarini oʻtkazish qoidalari”ga muvofiq valyutaviy svop operatsiyalari oʻtkazib kelinmoqda.
Davlat qimmatli qog'ozlari bozori O'zbekiston respublika valyuta birjasida (O'zRVB) elektron savdo-depozitar platformasi joriy etilgan bo'lib, mazkur platforma orqali davlat qimmatli qog'ozlarining dastlabki joylashtirilishi va muomalasini tashkil etish va amalga oshirish, tuzilgan bitimlar bo'yicha operatsiyalar kliringini va hisob-kitobini o'tkazish, shuningdek, davlat qimmatli qog'ozlariga bo'lgan huquqlarni saqlash va hisobga olish amalga oshiriladi.
O'zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog'ozlari (DQQ) tarkibiga quyidagilar kiradi:
O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan hujjatsiz shaklda chiqarilgan va tijorat banklari, shuningdek boshqa yuridik shahslar - O'zbekiston Respublikasi rezidentlari o'rtasida joylashtiriladigan kuponli va diskontli g'aznachilik majburiyatlari va obligatsiyalari;
hujjatsiz shaklda chiqarilgan va tijorat banklari o'rtasida joylashtiriladigan O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki obligatsiyalari.
DQQni joylashtirish oddiy auksion shaklida o'tkaziladi.
DQQ muomalasi auksion savdolarida uzluksiz ikki tomonlama auksion uslubida amalga oshiriladi.
Davlat qimmatli qog'ozlari savdolarini tashkil etish va o'tkazish " O`zbekiston Respublikasi valyuta birjasida davlat qimmatli qog'ozlari bilan savdolar o'tkazish qoidalari" va " O`zbekiston Respublikasi valyuta birjasida O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining obligatsiyalari bilan savdolar o'tkazish qoidalari" bilan tartibga solinadi.
DQQ muomalasi bo'yicha barcha operatsiyalar Markaziy bank va O`zbekiston Respublikasi valyuta birjasi bilan tuzilgan bitimlar asosida operatsiyalarni o'tkazishga vakolatli dilerlar orqali amalga oshiriladi.
Davlat qimmatli qog'ozlari bozori ishtirokchilari uchun qo'shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida O`zbekiston Respublikasi valyuta birjasida " O`zbekiston Respublikasi valyuta birjasida O'zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog'ozlari bilan REPO operatsiyalarini tuzish va amalga oshirish qoidalari"ga muvofiq amalga oshiriladigan to'g'ridan-to'g'ri va dilerlar o'rtasida REPO bitimlarni tuzish mehanizmlari joriy etilgan.