15.5. Ma’naviyatlilik psixologik salomatlikning mezoni sifatida
Psixik salomatlikning mezonlari orasida ma’naviyatlilik alohida o’rin tutadi, ya’ni, inson ko’rgan-kechirgan, bilganlarining haqiqatga yaqinligi, haqqoniylik, insoniylik tamoyillarining ustivorligi (mehr-muruvvat, adolatlilik va boshqalar), o’z ustiga ishlashga layoqatlilik, doimiy barkamollikka intilish kabilar inson salomatligining dastlabki ma’naviy poydevoridir. Bu sifatlar ayniqsa, O’zbekiston sharoitida o’ta muhimdir. Chunki aynan ma’naviyatli insonlar nafaqat o’zlarining, balki yaqin atrofdagilarning ham sog’lig’iga ijobiy ta’sir ko’rsatuvchilar ekanligi azaliy qadriyatimiz sirasiga kiradi. Masalan, bozorda harid qilayotgan odamga nisbatan ko’rsatilgan samimiy hurmat, e’tibor, adolatlilik xaridor kayfiyatini shu qadar ko’taradiki, olgan xarid moli timsolida “pulini uyiga qaytarib ketayotganday” mamnun bo’ladi. Shuning uchun ham qiziqarli psixologiyada “pul psixoterapiyasi” atamasi borki, bu eng avvalo xotin-qizlarda sinab ko’rilgan. Agar ayol ishda asablari charchab uyga kelayotib, o’zi istagan har qanday narsani harid qilsa, ayniqsa uni xushmuomala sotuvchidan sotib olsa, uning ruhiyatiga orom beradi, uyga xush kayfiyat bilan kirib keladi, bu o’z navbatida uning oila a’zolari kayfiyatini ham ko’taradi. Shuning uchun oilada, kasalxonada, mehnat jamoasi, transport yoki bozor-o’charda odamlarning o’zaro samimiy muomalalari salomatlikning samarali kafolatlaridan bo’lib, bu sifatlar faqat o’zimizga bog’liqdir.
Bevosita shaxsning o’ziga aloqador bo’lgan jihatlardan yana biri bu uning maqsadga intiluvchanligi hisoblanadiki, ayni sifat uning ongida hayotning mazmun-mohiyati borligi, irodasining quvvati, faolligi, shijoati, g’ayrati, o’z xulqini nazorat qila olishi, o’ziga nisbatan bahosining me’yoriyligini taqozo etadi. Bu ko’proq axloq masalasi bo’lib, uning ilk maktabi – oiladir.
Jamiyatga bog’liq boshqa mezonlar
Shaxsning ijtimoiy salomatligi undagi quyidagi tavsiflar orqali tushuntiriladi: ijtimoiy borliqdagi voqyea-hodisalarni to’g’ri, xolis idrok etish; tashqi muhit hodisotlariga nisbatan qiziqishning mavjudligi, tabiiy atrof muhit hamda odamlar muhitiga tez moslashish – kirishimlilik, ijtimoiy foydali ishlarga ixlosmandlik, iste’mol madaniyati, altruizm, empatiya, o’zgalar oldida mas’uliyatni his etish, ochiq ko’ngillilik, xulq-atvor va tafakkurdagi demokratizm hissi. Demak, bunday inson befarq, loqayd emas, unga yana dangasalik, xudbinlik, johillik, jangarilik kabi salbiy sifatlar xos emas, u o’zini o’rab turgan jamiyatning ta’sirlari og’ushida.
Inson salomatligini ta’minlovchi, jamiyat ta’siriga bog’liq psixologik omillarning mazmun-mohiyatini ruhiy nosog’lomlikning nimalarda namoyon bo’lishini ham tavsiflash orqali tushunish mumkin. Masalan, agar odam zararli odatlar og’ushida bo’lsa, o’zining xatti-harakatlari uchun mas’uliyatni his etmasa, o’ziga ishonmasa, ma’nan qashshoq, passiv bo’lsa, uni ruhan nosog’lom deyish mumkin. Ko’p narsalarga loqaydlik, befarqlik, sal narsaga asabiylashish – zaharxandalik, g’ayirlik, har narsadan shubhalanish kabilar odamlarni omadsizlikka, tushkunlikka olib keladiki, ular kundan kunga salomatliklari yomonlashib borayotganligidan noliyveradigan bo’lib qoladilar. Bunday odamlarning fikrlash tarzi ham buziladi, ba’zan bo’lar-bo’lmas gaplarni gapiraveradigan, yoki bir narsani xadeb qaytaraveradigan, xudvaysaqi bo’lib qoladi.
Ruhan nosog’lom shaxsda shunday salbiy o’zgarishlar tufayli uning atrof-muhitga umuman qiziqishi so’nib boraveradi, yaqinlari bilan munosabatlarida ham hadeb jizzakilik qilaveradi, hayotiy pozisiyasi tobora yo’qolib borayotganday bo’ladi. Ba’zan bu holat o’ziga nisbatan haddan ziyod talabchanlik bilan qarash yoki irodaning umuman susayganligi bilan ham bog’lanishi mumkin. Ruhiyatdagi bunday og’ishlar xulq-atvordagi salbiy og’ishlarni keltirib chiqaradiki, oqibatda odam atrofdagilar – yaqinlari, do’stlari, hamkasblari, kursdosh yoki sinfdoshlar bilan ziddiyatga boraverish, boshqalar qayg’u-g’amlarini ham mensimaslik, ba’zan o’zgalar ustidan hokimlik qilish, mansabparastlik, manmanlik, moddiy boyliklarga ruju qo’yishda o’z ifodasini topishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |