Qon tomirlar bajaradigan faoliyatiga ko‘ra 6 turga bolinadi. 1) amortizatsiyalovchi, tekkislovchi (elastik turdagi) qon tomirlar; 2) rezistiv (qarshilik ko‘rsatuvchi) qon tomirlar; 3) sfinkter (jumrak) qon tomirlar; 4) almashinuv qon tomirlari; 5) hajmli qon tomirlar; 6) ulovchi (shuntlovchi) qon tomirlar.
Amortizatsiyalovchi (tekkislovchi) tomirlar devorida elastik tolalar ko‘p . Bu tomirlarga aorta, o‘pka arteriyasi va ularga yaqin katta arteriyalarning qismlari kiradi. Bu tomirlar juda qayishqoq bo‘lganidan sistola vaqtida qon bosimining keskin ko‘tarilib ketishiga, diastola vaqtida esa 0 darajagacha tushib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Rezistiv (qarshilik ko‘rsatuvchi) tomirlarga arteriyaxarning oxirgi qismi va arteriolalar, qisman kapillyarlar va venulalar kiradi. Arteriyalar oxiri va arteriolalar yeki prekapillyar tomirlar devorida silliq muskul qavati yaxshi rivojlangan, diametri nisbatan kichik. Bu tomirlar qon oqimiga hammadan ko‘p qarshilik ko‘rsatadi. Silliq muskul qisqarishi va bo‘shashishi tufayli ro‘y beradigan tomirlar ko‘ndalang kesimining o‘zgarishi qon bosimini o‘zgartiradi. Tananing a‘zo va qismlaridan oqib o‘tadigan qon hajmi (qon oqimining hajm tezligi) ko‘proq shu rezistiv tomirlar tonusiga bog‘liq.
Ko‘proq venulalarning qisqarishi va bo‘shashishi qon oqimiga bo‘lgan postkapillyar qarshilikni belgilaydi. Pre-kapillyar bosim bilan postkapillyar bosim nisbati kapillyarlardagi gidrostatik bosimga tasir etadi va shu yo‘l bilan kapillyarlarda filtrlanish va qayta so‘rilish tezligini o‘zgartiradi.
Sfinkter (jumrak) tomirlar — prekapillyar arteriolalarning oxirgi qismi. Bu tomirlar qisqarganda ishlab turuvchi (teshigi ochid, qon o‘tkazuvchi) kapillyarlarning soni kamayadi. Ular bo‘shashsa, bunday kapillyarlarning soni oshadi; modda almashinuvi yuzasi o‘zgaradi.
Kapilyarlar modda olmashinuvida ishtirok etadigan tomirlarga kiradi. Ahamiyati juda katta bo‘lgan diffo‘ziya va filtrlanish jarayonlari faqat kapillyar devori orqali sodir bo‘ladi. Kapillyarlar qisqaruvchi unsurlarga ega bo‘lmaganidan faol qisqara olmaydi. Ammo ularning diametri pre- va postkapillyar bosim o‘zgarishi bilan sfikter tomirlarning holatiga qarab, sust o‘zgaradi.
Hajmli tomirlar — bular asosan venalardir. Venalar juda cho‘ziluvchan bo‘lganidan ko‘p mikdordagi qonni o‘ziga sig‘dirib, saqlab turishi va qon aylanishiga qayta chiqarishi mumkin. Shuning uchun ham venalar qon zadirasi vazifasini bajaradi. Bazi venalar qon zadirasi sifatida ancha ko‘p hajmga ega. Bularga jigar venalari, qorin bo‘shlig‘i, yirik teri venalari kiradi. Bu venalardagi mavjud qon miqdori 1 l chamasida ko‘payib-kamayib turishi mumkin.
Ulovchi (shuntlovchi) tomirlar arteriovenoz anastomoz lardan iborat. Bu tomirlar ochiq vaqtida kapillyarlar orqali qon oqish kamayadi, butunlay to‘xtab qolishi ham mumkin.