Sistemali yondashuv – umumilmiy bilimning tarmoqlangan sohasi bo‘lib, uning predmetiga reduksiya, yaxlitlik va kontrreduksiyaning metodologik muammolari ham kiradi. Bu o‘rinda shuni qayd etib o‘tish kerakki, reduksiya, yaxlitlik va kontrreduksiya tamoyillari ayni bir ob’ektni har xil darajada ko‘rish imkonini beradi. Bunda aniqlangan xossalarga, agar ob’ekt rivojlanayotgan Olamning yagona tizimiga qo‘shilgan yaxlitlik sifatida to‘liq tavsiflangan bo‘lsa, to‘ldiruvchanlik tamoyili nuqtai nazaridan qarash lozim.
Modellashtirish tamoyili va o‘xshatish metodi – ob’ektlarning ba’zi bir xossalarini ularga o‘xshagan moddiy yoki nomoddiy (konseptual tushunchaga asoslangan, mantiqiy-matematik) konstruksiyalarni tadqiq qilish orqali bilish mumkinligiga asoslanadi. Mohiyat-e’tibori bilan bu qiyosiy bilish yo‘lidir. «Qiyoslash», «o‘xshatish», «model» tushunchalari metodologik nuqtai nazardan ko‘p jihatdan o‘xshashdir. SHu munosabat bilan modellashtirish (qiyosiy bilish) tamoyilini tushunishni engillashtirish uchun I. Kantning quyidagi so‘zlarini keltirish o‘rinli bo‘ladi: «...Qiyosiy bilish ...ikki narsaning nomukammal o‘xshashligini emas, balki ikki mutlaqo o‘xshash bo‘lmagan narsalar o‘rtasidagi ikki munosabatning mutlaq o‘xshashligini anglatadi»1.
Mantiqdan ma’lumki, qiyosiy dalillar eng kuchsiz dalillardan biridir. SHuningdek muvofiq modelni yoki tadqiq qilinayotgan ob’ektga muvofiq keladigan o‘xshash ob’ektni tanlash muammolari ham mavjud. Bunday muammolarni, jumladan, yangi ilmiy bilimning shakllanish tarixidagi quyidagi epizodlar bilan tushuntirish mumkin: «Kimyoviy birikmalarning tarkibi yuzasidan Prust bilan Bertolle o‘rtasidagi bahs fan tarixida noto‘g‘ri qiyosiy xulosalar chiqarish zaminida tug‘ilgan munozaralarga yorqin misol bo‘ladi. Prust karrali og‘irlik nisbatlarining aniq namoyon bo‘lishi holatlarini umumlashtirib, kimyoviy birikmalar tarkibining ma’lumligi to‘g‘risida xulosa chiqardi. Bunda u tarkibining ma’lumligi deyarli sezilmaydigan nisbatan murakkab kimyoviy birikmalarga tayandi. Bertolle esa tarkibning noma’lumligi g‘oyasini himoya qildi. Ularning har biri o‘z sohasida o‘zicha haq edi. Ammo bahs ikki olim bir-birining sohasiga aralashishi natijasida tug‘ildi. Prust o‘sha davrda (XIX asrning dastlabki o‘n yilliklarida) kuchayib borayotgan nisbatan umumiy atomistik ta’limotga tayanganligi uchun mazkur bahsda yutib chiqdi. XX asrning boshida, issiqlik nurlanishi nazariyasidagi to‘lqinli va korpuskulyar manzaralarning qarama-qarshiligi esa mutlaqo teskari xotima topdi. Bunga ham nisbatan umumiy konsepsiya–materiyaning korpuskulyar-to‘lqinli dualizmi konsepsiyasi mavjudligi sabab bo‘ldi»2.
Paradigmalarni engish qoidasi - ilmiy hamjamiyatda yuzaga kelgan paradigmalar (namunalar, andozalar, stereotip, sxema, dogma, talqin va fikrlash uslublari)ni engish qoidasi–ilmiy bilish faoliyatini mutlaqo yangini kashf etish yo‘liga solishning hamda shakllangan konsepsiyalar negizida yaratilgan yangi g‘oyani qabul qilishning muhim omili.
Tafakkurning turg‘unligi hamda ilmiy hamjamiyatda yuzaga kelgan «paradigmalar» munosabati bilan barcha yangi g‘oyalarni inkor etish muammolari T. Kunning «Ilmiy inqiloblar tuzilishi» asarida mufassal ko‘rib chiqilgan.
Tarixiylik tamoyili – ob’ektni kelib chiqishi va rivojlanishiga bog‘lab, uni mufassal o‘rganish mumkin.
Mavhumlashtirish, ideallashtirish va formallashtirish metodlari –ilmiy tadqiqot jarayonida real ob’ektlarni eng muhim xossalari cheklangan ob’ektlar shaklida (mavhumlashtirish) ifoda etish, shuningdek ularning aniq belgilangan xossalari («ideal gaz», «moddiy nuqta», «mutlaqo qora jism»)ga tayanib, xayoliy obrazlarini yaratish qulaydir. Mazkur ob’ektlarning xossalarini va ularni o‘z ramz, belgilari shaklida ifodalash, ya’ni formallashtirish juda oson. Bu ularning xayoliy obrazlari va matematik timsollarini boshqarish (matematik formalizmdan foydalanish)ni ancha engillashtiradi.
Metodologik tamoyillar va yondashuvlarning tabiati har xildir. Masalan, reduksiya, yaxlitlik, kontrreduksiya tamoyillari tadqiqotning tabiiy ob’ektlari tabiatini: verifikasiya, falsifikasiya tamoyili, mantiq qonunlari esa bilish va fikrlash faoliyatining shakllarini: to‘ldiruvchanlik, tarixiylik tamoyillari va sistemali yondashuv esa tadqiqot ob’ektlari hamda bilish va fikrlash faoliyatining xossalarini ifoda etadi.
Metodologik tamoyillar ro‘yxati ochiq xususiyatga ega bo‘lib, ko‘payishda davom etmoqda. So‘nggi davrda tez-tez tilga olinayotgan «antrop tamoyili»da tabiatni ilmiy bilish metodologiyasi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan narsani ko‘rmadik. Uni maxsus ajratish, balki, qadimiyatga borib taqaluvchi turli antroposentrik ta’limotlarni birlashtirish uchun foydali bo‘lishi mumkin. Antrop tamoyilning asosiy g‘oyasi, mohiyat-e’tibori bilan, Olamda mavjud bo‘lgan barcha ob’ektlar o‘z mavjudligi bilan ana shu Olamda mavjud bo‘lgan boshqa ob’ektlarga zid kelmasligi kerak, degan siyqasi chiqqan qarashga asoslanadi. Bu nuqtai nazardan antrop tamoyili o‘rniga, aytaylik, «elektron tamoyili» yoki «timsoh tamoyili» to‘g‘risida ham so‘z yuritish mumkin.
Normativ metodologiya, aniq ta’riflangan tamoyillardan tashqari, «yarim normativ» shaklda, ayni paytda «yarim deskriptiv» shaklda ilmiy bilishning ideallari va normalari, fanlarning o‘zaro ta’siri, ilmiy nazariyalarning shakllanishi va asoslanishi haqidagi ta’limotlarda, eksperimental faoliyat tamoyillarida, bilimlarni birlashtirish va sintez qilish muammolarida, ilmiy bilishning imkoniyatlari va chegaralari, ilmiy bilishning tilida ham bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, maxsus metodologiyaning o‘ziga xos xususiyatlari alohida fan sohalari: matematika, fizika, kimyo, biologiya, texnika va texnologiya, evolyusiya jarayonlari, ekologiya va hokazolarning muayyan tarzda ishlab chiqilgan metodologiyalarida o‘z aksini topadi.
Ilmiy bilish tizimida metodologiyaning tutgan o‘rni, vazifalari haqida bildirilgan fikrlarga shuni qo‘shimcha qilish kerakki, metodologiyaning operasional-amaliy ahamiyatidan tashqari, uning inson aqliy va bilish faoliyatining ayrim mexanizmlarini ochib beruvchi bilim tizimi sifatidagi ahamiyati to‘g‘risida so‘z yuritish mumkin. Zotan, bu inson o‘z-o‘zini anglashi uchun ham, «sun’iy intellekt» tizimlarini yaratish uchun ham muhimdir. Bundan tashqari, har qanday ilmiy bilish faoliyati doimo muayyan metodga va u haqdagi qarashlarga (ya’ni ma’lum protometodologiyaga yoki aniq bo‘lmagan metodologiyaga) asoslanishini ham tushunish kerak. Ammo barcha tadqiqotchilar ham metodologiya muammolarini maxsus o‘rganavermaydi va ishlab chiqavermaydi. Bu metodologiya har qanday ilmiy bilish faoliyatining ajralmas qismi ekanligini tushunib etish uchun muhimdir.
Tabiiy ob’ektlar xossalarining to‘rt turi – barcha tabiiy ob’ektlarga xos bo‘lgan xossalarning turlarini aniqlash fan metodologiyasining muhim vazifasidir. Tabiiy ob’ektlar, deganda kelib chiqishi insonning ongli ijodi bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday yaxlit ob’ektlar: atomlar, molekulalar, tirik organizmlar, tabiiy til, jamiyat va shu kabilar tushuniladi. Turli sohadagi ilmiy bilimlarning katta hajmini va muayyan fanlardagi shaxsiy ish tajribasini anglab etish natijasida har qanday tabiiy ob’ektga xos bo‘lgan turli-tuman xossalarning to‘rt turini ajratdik.
Do'stlaringiz bilan baham: |