BOB. OCHIQ IQTISODIYOTDA VALYUTA KURSI SIYOSATI
Valyuta va jahon valyuta tizimi tushunchasi.
Xalqaro valyuta munosabatlari pulning xalqaro toʻlov jarayoniga xizmat qilishi jarayonida vujudga keladi. U tashqi savdo bilan birga paydo boʻldi va rivojlanishning uzoq yoʻlini bosib oʻtdi. Tarix davomida jahon puli va xalqaro hisob-kitob shakllari oʻzgardi. Bir vaqtda valyuta munosabatlari ahamiyati oʻsdi va ularning nisbatan mustaqil darajasi oshdi. Tovarlar, xizmatlar, kapitallar va ishchi kuchi harakati mamlakatdan mamlakatga koʻchadigan pul massasalari oqimi yordamida amalga oshadi. Bu harakatni tartibga solish zarurligi xalqaro valyuta tizimi va jahon valyuta tizimlarining shakllanishiga olib keldi. Valyuta – keng ma’noda mamlakat pul birligi (masalan, soʻm, dollar, funt-sterling va hokazo)ni anglatadi. Qisqa ma’noda valyuta atamasi chet davlatlarning pul belgisi ma’nosida qoʻllaniladi. Har bir milliy bozor xususiy milliy valyuta tizimiga ega.
Milliy valyuta tizimi bazasida jahon bozori rivojlanishi natijasida tarkib topadigan va davlatlararo kelishuvlar bilan mustahkamlangan xalqaro valyuta munosabatlarini tashkil qilish shakli boʻlgan jahon valyuta tizimi amal qiladi.
Mamlakatlar oʻrtasida tovar va xizmatlar oqimi koʻpaygani sari pul vositalarini ayirboshlashi ham tobora oshib boradi, oʻzaro hisob- kitoblardagi nomutanosiblik muammolari yuzaga keladi. Bularning barchasi jahon valyuta tizimining barpo etilishiga obyektiv shart- sharoitlar yaratadi. Uning maqsadi – mamlakatlar oʻrtasidagi barcha turdagi bitimlarni amalga oshirishni tartibga solishdan va shuningdek, bu ishlarni tezlashtirishdan iborat. Shunday qilib, jahon valyuta tizimi – bu, xalqaro ayirboshlashning barcha shakllariga xizmat qilishga va ularning samarali rivojlanashini ta’minlashga qaratilgan mamlakatlar oʻrtasidagi valyuta munosabatlarining yigʻindisidir. Xalqaro iqtisodiy
munosabatlarning tarkibiy qismi sifatida u quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Xalqaro bitimlarda foydalaniladigan toʻlov va kredit vositalarini (oltin, eng rivojlangan mamlakatlarning milliy valyutalari, xalqaro pul birliklari);
Valyuta kurslarini oʻrnatish va saqlab turish mexanizmini;
Valyuta bozorining ishlash tartibini;
Xalqaro hisob-kitoblarni amalga oshirish tartib va qoidalarini;
Valyuta yordamida tartibga solish va nazorat qilish tizimini;
Valyuta munosabatlarini tartibga solib turuvchi va jahon valyuta tizimining barqaror faoliyatini ta’minlovchi xalqaro tashkilotlar tizimi (Xalqaro valyuta fondi, Umumjahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki).
Hozirgi zamonda xalqaro hisob-kitoblarda va kreditlashda asosan uch xil koʻrinishdagi pul vositalari ishlatiladi:
oltin, hozirda oʻzining asosiy toʻlov va hisob-kitob vositasi xususiyatini yoʻqotgan boʻlsada, ammo koʻpchilik valyuta zaxiralarining sezilarli qismini tashkil etadi va muhim tashqi savdo opyeratsiyalariga xizmat qilish va kreditlashni kafolatlash uchun ishlatiladi;
jahonda asosiy oʻrin tutuvchi rivojlangan mamlakatlarning milliy valyutalari (AQSh dollari, YEVRO, Ingliz funt-sterlengi, Yaponiya ienasi va boshqalar);
xalqaro pul birliklari.
Bunday pul birliklariga shu paytga qadar foydalanilgan EKYu, SDR misol boʻla oladi. Ular barcha mamlakatlar tomonidan tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda ishlatiladi. Xorijda kreditlash va investitsiyalashda, chet ellik ishchi kuchi mehnatiga, shuningdek, mamlakat valyuta zaxiralarini yaratishda qoʻllaniladi.
Xalqaro valyuta yoki xalqaro toʻlov-hisob va kreditlash vositalariga javob berishi kerak boʻlgan talab ularning konvertirlashuvi hisoblanadi. Valyuta konvertirlashuvi deganda uni boshqa xorijiy valyutalarga almashish qobiliyati tushiniladi. Hozirgi paytda ular erkin konvertirlanadigan, qisman konvertirlanadigan va konvertirlanmaydigan valyutalarga ajratiladi.
Erkin konvertirlanadigan valyuta – bu, amaldagi kurs boʻyicha har qanday boshqa xorijiy valyuta erkin va cheklanmagan miqdorda ayirboshlanadigan valyutadir. Bunga misol qilib AQSh, Yevropa hamjamiyatiga a’zo mamlakatlar, Yaponiyalar valyutalarini kiritish mumkin.
Qisman konvertirlanadigan valyuta – bu, faqat ba’zi xorijiy valyutalarga almashtiriladigan va xalqaro toʻlov oborotini qisman qamrab oladigan milliy valyutadir.
Konvertirlanmaydigan valyuta – bu, faqatgina ichki toʻlovlarga xizmat qiladigan va xorijiy valyutaga ayirboshlanmaydigan milliy valyutadir.
Konvertirlashni ichki va tashqi konvertirlashga ham ajratish mumkin. Ichki konvertirlash rezidentlarining mamlakat ichkarisida xorijiy valyutani sotib olishi, uni saqlab turishi va u bilan ayrim operatsiyalarni olib borishi imkoniyatini aks ettiradi. Tashqi konvertirlashda xorijda toʻlovlarni amalga oshirishga va moliyaviy aktivlarni ushlab turishga ruxsat etiladi. Valyutalarni konvertirlash koʻpgina mamlakatlar olib borayotgan iqtisodiy siyosatlarning muhim maqsadi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |