Banklar va ularning bozor iqtisodiyotidagi vazifalari
“Bank” tushunchasi qadimiy fransuzcha bang va banca soʻzlaridan kelib chiqqan boʻlib, “sarrof kursisi, doʻkoni” degan ma’noni anglatadi. Bunday tushuncha tarixchilarning taxminan 2000 yil muqaddam faoliyat koʻrsatgan bankirlar haqidagi ma’lumotlarida ham mavjud.
Moliya bozoridagi operatsiyalar moliya muassasalari vositasida amalga oshiriladi. Bunday muassasalarga turli xil banklar, birjalar, depozitariylar, sugʻurta kompaniyalari, investitsiya fondlari, agentliklar va h.k.lar kiradi.
Pul munosabatlarining rivojlanishi banklarni yuzaga keltirgan. Bank iqtisodiyot ishtirokchilarining pul yuzasidan boʻlgan aloqalariga xizmat qiluvchi institut (muassasa)dir. Pul bilan bogʻliq xizmatlarni koʻrsatuvchi tashkilotlar koʻp, ammo ularning markazida banklar turadi. Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunida, bank nima, degan savolga quyidagicha javob topish mumkin:
Bank – tijorat tashkiloti boʻlib, bank faoliyati deb hisoblanadigan faoliyat turlari majmuini amalga oshiradigan yuridik shaxsdir.
Oʻzbekistondagi bank tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, aksiyadorlik-tijorat banklari va xususiy banklardan iboratdir. 2005-yil 1-iyul holatiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimi 29 tijorat bankini oʻz ichiga oldi.
Banklar pul olamini harakatga keltiruvchi motor – yurak, pul bilan boʻladigan hisob-kitoblarni amalga oshiradi. Hamma pul toʻlovlari (transfertlar) banklar orqali oʻtadi. Banklar quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
pul va qimmatli buyumlarni omonatga olib, saqlab beradi;
pul bilan boʻladigan hisob-kitob operatsiyalarini, xususan, pul toʻlash ishlarini bajaradi;
chet el valyutasini sotadi va sotib oladi;
oʻz qoʻlidagi pulni qaytarish, foizlilik va muddatlilik sharti bilan unga (muhtojlarga) qarz (ssuda)ga beradi, ya’ni, kredit bilan shugʻullanadi;
oʻz puliga aksiya sotib olib, uni boshqa sohaga joylashtiradi;
biznes yuzasidan maslahat beradi va hokazo.
Bank ishi pul olamida boʻladigan biznesdir. Bank biznesi foyda topish maqsadida yuritiladi.
Markaziy bankning monopollik mavqei uning mamlakatdagi pul va pirovard natijada iqtisodiy barqarorlik uchun alohida javobgar ekanligi bilan chambarchas bogʻliq.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining bosh maqsadi va asosiy vazifalari quyidagilar:
“Markaziy bankning bosh maqsadi milliy valyutaning barqarorligini ta’minlashdan iborat.
Asosiy vazifalari:
Monetar siyosatni hamda valyutani tartibga solish sohasidagi siyosatni shakllantirish, qabul qilish va amalga oshirish;
- Oʻzbekiston Respublikasida hisob-kitoblarning samarali tizimini tashkil etish va ta’minlash;
Banklar, kredit uyushmalari va garovxonalar faoliyatini litsenziyalash hamda tartibga solish, banklar, kredit uyushmalari, garovxonalarni nazorat qilish, qimmatbaho qogʻozlar blankalari ishlab chiqarishni litsenziyalash;
Oʻzbekiston Respublikasining rasmiy oltin valyuta rezervlarini, shu jumladan kelishuv boʻyicha hukumat rezervlarini saqlash va tasarruf etish;
Davlat byudjeti kassa ijrosini Moliya vazirligi bilan birgalikda tashkil etishdan iboratdir”*.
Tijorat banklari Markaziy bankda oʻz qisqa muddatli va oʻrta muddatli majburiyatlaridan muayyan foiz hajmida eng kam zaxira deb yuritiladigan foizsiz omonatlarni saqlashga majbur.
* Ўзбекистон Республикасининг “Ўзбекистон Республикаси Марказий Банки тўғрисида”ги Қонуни, 3-модда, 1995 йил. 21 декабрь / Ўзбекистон банк тизимини ислоҳ қилиш ва эркинлаштириш бўйича қонунчилик ҳужжатлари тўплами. Т.: Ўзбекистон, 2003., 8 - б.
Markaziy bank banklar faoliyatini nazorat qilishda oʻzining mintaqaviy boʻlinmalari orqali kredit muassasalaridan majburiy ravishda axborot, oylik hisobot va yillik yakuniy balans ma’lumotlarini taqdim etish asosida qatnashadi.
Kredit muassasalarining boʻysunishiga qarab bank qonunchiligi hamda kredit tizimining pastdan yuqoriga tomon tarkibiy tuzilishiga muvofiq tarzda bank tizimini ikki asosiy: bir bosqichli va ikki bosqichli turga ajratish mumkin.
Bir bosqichli bank tizimi doirasida barcha kredit muassasalari, jumladan, Markaziy bank ham, yagona bosqichda turadi hamda mijozlarga kredit - hisob xizmati koʻrsatishda bir xil vazifalarni bajaradi. Ikki bosqichli tizimda banklar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar boʻyiga (vertikal) va eniga (gorizontal) yoʻnalishlarida tuzilishiga asoslanadi. Vertikal – rahbarlik qiluvchi, boshqaruvchi markaz hisoblangan Markaziy bank bilan quyi boʻgʻinlar – tijorat va ixtisoslashgan banklar oʻrtasidagi boʻysunish munosabatlari, gorizontal- turli quyi boʻgʻinlar oʻrtasidagi teng huquqli sheriklik munosabatlari
tushuniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |