Tadqiqotlardan ko‘rinib turibdiki, haqiqattan ham inqiroz deganda bir hayotiylik tizimida rivojlanib borayotgan obyekt yoki subyektni taraqqiyotidagi orqaga ketishi tushuniladi. Inqirozda harakatlanayotgan jism o‘zini tiklay olmasa yo‘q bo‘lib ketishi muqarrar. Inqiroz faoliyat va jarayonning har bir bosqichida to‘satdan yoki ma’lum va noma’lum sabablarga ko‘ra paydo bo‘lishi va uni harakatlanib ketayotgan yo‘lidan bir turtki bilan chiqarib yuborishi mumkin. SHu xususiyati bilan ham u xatarlarning manbaasidir.
Har qanday iqtisodiy tizim inqirozlarsiz bo‘lmaydi. Buni e’tiborga olgan holda, inqirozga qarshi doimiy ravishda qo‘shimcha tadbirlar ishlab chiqish talab qilinadi.
Iqtisodiy sikl bo‘yicha inqirozga baho berilganda, u siklning har bir fazasida, ya’ni jonlanish, ko‘tarilish yoki turg‘unlik davrida paydo bo‘lishi mumkin. O‘z mohiyatidan kelib chiqib inqiroz har bir grafikda pasayish tarzida aks etadi.
Ushbu fan nuqtai nazaridan qaraganda, inqirozga yondosh tushunchalar qatoriga bankrotlik, iqtisodiy nochorlik, zarar ko‘rib ishlash kabi tushunchalar ham qo‘llaniladi.
Inqirozga qarshi boshqaruv jarayoniga iqtisodiy tomondan baho berilganda – avvalambor, iqtisodiy nochor va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni moliyaviy-iqtisodiy tomondan sog‘lomlashtirish bo‘lib, boshqaruvning bu usulini harakatga keltiruvchi omil iqtisodiy nochorlik belgilari va zarar ko‘rib ishlash hisoblanadi. Respublikamiz qonunchiligida iqtisodiy nochorlik bankrotlik tushunchasi bilan bir xil atama sifatida qo‘llaniladi.
Zarar ko‘rib ishlash sanoat korxonalarida hisobot davridagi resurslarning yo‘qotilishini bildiradi. Zarar – mahsulot ishlab chiqarishga sarflangan xarajatlar shu mahsulotning bozorda sotilishidan kelib tushuvchi tushumdan ko‘pligini anglatadi. Sarflangan xarajatlar esa korxona resurslarining ma’lum maqsadda chiqib ketishi bilan aniqlanadi. Ularning qaytib kelishi esa daromad ko‘rinishida bo‘ladi. Korxona o‘z imkoniyatlaridan foydalanib, foyda olish maqsadida tavakkalchilik sharoitida o‘z resurslarini sarflaydi.
Zararning mohiyati xarajat qilingan resurslarning sarflangan holatiga nisbatan kamayib qaytishi hisoblanadi. Masalaga dialektik yondashilsa, jamiyat boyligi bu holatda kamaymaydi deb xulosa qilish mumkin. Lekin yo‘qotilgan resurs korxonaga qaytarilmasligi sotilgan mahsulot iste’molchilar tomonidan arzon baholanganligini e’tiborga olib, korxona zarar ko‘rganida resurlar jamiyat a’zolari o‘rtasida notekis taqsimlanadi va bozordagi raqobatga salbiy ta’sir qiladi deb aytish mumkin.
Zararga olib keluvchi sabab, faqat arzonga sotish emas, balki tayyor mahsulot iste’molchiga etib bormasdan omborda turishi, chirishi, tabiiy yo‘qotilishi ham mumkin. Bu holatda korxona resursining zarar ko‘rinishida yo‘qotilishi jamiyat boyligining kamayishiga olib keladi. SHuning uchun korxonalar nochorligi va zarar ko‘rib ishlashini tahlil qilishda ularning sonidan ko‘ra, ko‘rilgan zarar miqdori, yo‘qotilgan resurslar hajmini tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi. SHu bilan birga, ko‘rilgan zarar miqdorini tahlil qilish korxona faoliyatining kelgusidagi holatini oldindan baholashni osonlashtiradi hamda boshqaruv qarorlari qabul qilish jarayoni samaradorligini ham ko‘rsatib beradi.
Aytib o‘tilganidek, sanoat korxonalari zarar ko‘rishi oqibatida iqtisodiy resurslarning muntazam kamayib borishi, korxonada moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelayotganligidan dalolat beradi. Kreditorlik qarzlarining esa ko‘payishi bankrotlik taomillarini qo‘llash ehtiyojini hosil qiladi.
Iqtisodiy nochorlik zarar ko‘rib ishlashning hosilasi hisoblanadi. CHunki korxona tomonidan ko‘rilgan zarar hajmi ortgani sari, to‘lov qobiliyati ham pasayib boraveradi. Bu holatni korxona kapitalining shakllanishi yordamida tahlil qilish iqtisodiy inqirozning ehtimollik darajasini aniqlash imkonini beradi. Ko‘rilgan zararning iqtisodiy nochorlikka ta’siri korxona kapitalining qaysi manbadan ko‘proq shakllanganligiga bog‘liq.
Masalaga iqtisodiy tahlil nuqtai nazaridan yondashilsa, korxona jami iqtisodiy resurslarining shakllanish manbaini ikki katta guruhga bo‘lish mumkin.
Birinchi holatda, sanoat korxonasi o‘z kapitalining asosiy qismi odatda uzoq muddatli aktivlardan tashkil topgan bo‘ladi deb hisoblansa, chetdan jalb qilingan mablag‘ ko‘proq aylanma mablag‘larning shakllanishiga asos bo‘ladi. Muntazam ravishda past rentabelli yoki zarar ko‘rib ishlash yuqorida ta’kidlanganidek, korxona iqtisodiy resurslarining chiqib ketishini ta’minlaydi.
Xususiy kapital o‘zgarmagan sharoitda, chetdan jalb qilingan aylanma mablag‘lar tabiiy kamayib boradi. Oqibatda korxonada jalb qilingan mablag‘larning kamayib ketishiga olib keladi, to‘lov qobiliyati ham pasayib kreditor qarzdorlikning muddatdan o‘tgan qismi paydo bo‘ladi va korxonada iqtisodiy nochorlik alomatlari vujudga keladi.
Ikkinchi holatda agar sanoat korxonalari uzoq muddatli aktivlarini chetdan mablag‘ jalb qilish hisobiga shakllantirib, o‘z mablag‘laridan aylanma mablag‘ sifatida foydalanayotgan bo‘lsa, zarar hisobiga kamayish o‘z mablag‘lariga ta’sir ko‘rsatadi va uni kamaytiradi. Birinchi holatdan farqli o‘laroq bu jarayonda iqtisodiy nochorlikka o‘z mablag‘larining chiqib ketishi sabab bo‘ladi.
Uchinchi holatda agar korxonada joylashgan aktivlar manbalarini aniqlashning iloji bo‘lmaganda, zarar umumiy jihatdan yana aktivlarni kamaytiradi va to‘lov qobiliyatini pasaytiradi.
Keltirilgan har bir holatda, aktivlarning chiqib ketishiga nisbatan kirib kelishining davriy ravishda pasayishi e’tiborga olinsa, korxonada o‘z mablag‘larining kamayishi yoki chetdan jalb qilingan mablag‘larning kamayishidan qat’iy nazar iqtisodiy nochorlik yuz beraveradi va korxona har qanday vaziyatda ham huquqiy jihatdan aybdor hisoblanadi. Bu esa korxonaga mablag‘ni chetdan jalb qilish uni o‘zlashtirish ekanligi va zarar yoki foyda ko‘rib ishlashdan qat’iy nazar uni qaytarish zarurligini ko‘rsatadi.
Iqtisodiy nochorlik esa korxonaga chetdan mablag‘lar jalb qilganda vujudga keladi. Lekin ta’kidlash zarurki, birinchi holatda korxonaning bankrot bo‘lish ehtimoli boshqa holatlarga nisbatan yuqoriroq. Chunki aylanma mablag‘larga chetdan jalb qilingan mablag‘ning uzoq muddatlilarga nisbatan qaytarish davri tezroq bo‘ladi. Korxonaning zarar bilan ishlashi esa ularni qaytarish imkoniyatini kamaytiradi. Shu sababli korxona kapitalini tashkil etish jarayonida chetdan jalb etilgan mablag‘lar uzoq muddatli aktivlarga investitsiya qilish maqsadida yollansa va o‘z mablag‘lari aylanma mablag‘larni shakllantirishga yo‘naltirilsa, bankrotlik ehtimolligi kamayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |