Fizik usullar materiallar va buyumlarning katta-kichikligini, zichligini, hajm massasini, kvadrat metr massasini, buyum massasini, materiallarning shakli oʻzgarishini, kuchlanishini, qattiqligini, charchaganligini, issiqlik sigʻimini va shu kabilarni aniqlashda hammadan keng qoʻllaniladi.
Pardoz tovarlarida (pudra, pushti-qizil yogʻupa, lab boʻyogʻi va boshqalar) kukun materiallarning mayda-yirikligini elakdan oʻtkazish usuli yoki maxsus mikroskop yordamida oʻlchash mumkin. Toʻldiruvchi qattiq zarralarning maydalanganlik darajasi ularning dispersligini belgilaydi.
Pastalar, emallar va boʻyoqlar tarkibidagi qattiq zarralarning katta-kichikligi grindometrlar (boʻyoqlar va emallarni qirgʻichdan oʻtkazish darajasini aniqlash uchun qoʻllaniladigan “Klin” degan pribor) yordamida aniqlanadi.
Mebelning katta-kichiklik oʻlchamlari oʻlchov vositalari (chizgʻich, ruletka va shu kabilar) yordamida va konkret buyumning vazifasiga qarab belgilanadi. Stol qopqogʻining va stul oʻrindigʻining balandligigacha boʻlgan oʻlchamlar, shuningdek narsalar saqlanadigan buyumlarning chuqurlik oʻlchamlari optimal belgilangan oʻlchamlar, deb hisoblanadi.
Baʼzi isteʼmol predmetlari amaldagi kattalik oʻlchamlari bilan birga ishlatiladigan ogʻirligi boʻyicha ham albatta meʼyorlanadi. Bular bolgʻalar, boltalar, maxsus asboblardir. Materiallarga shaklini oʻzgartirib ishlov berish (katta bolgʻalar) ancha mexanik taʼsir koʻrsatishni talab qiladi, bu esa buyumlarning ogʻirligini meʼyorlash bilan taʼminlanadi.
Materiallarning xossalarini, masalan, namligini aniqlashda namunaning quritilguncha va quritilganidan keyingi ogʻirligiga oid maʼlumotlar keyingi hisob-kitoblarda boshlangʻich maʼlumot boʻlib xizmat qiladi.
Materiallarning zichligi boʻyicha taʼrifi tayyor buyumlarning ogʻirligi toʻgʻrisida fikr yuritish uchun, materiallarning baʼzi mexanik xossalarini, gʻovakligini va shu kabilarni hisoblash uchun juda muhimdir.
Zichlik piknometrlar (suyuqliklar va qattiq jismlar uchun) va areometrlar (suyuqliklar uchun) bilan aniqlanadi. Gʻovak materiallar moddalarining zichligi ular yupqa qilib maydalanganidan keyin aniqlanadi; simob perimetriyasi usuli bilan ularning gʻovakligi aniqlanadi.
Hajm massasini aniqlash materiallarning zichligini, ularning issiqlikdan saqlash xossalarini va boshqalarni aniqlash uchun zarur, gʻovaklari yopiq boʻlgan mikrogʻovak materialning hajm massasi qancha kam boʻlsa, u shuncha koʻp issiqlikni saqlash xossalariga ega boʻladi.
Bir kvadrat metr materialning massasi gazlamalarni, charmni, trikotaj matoni, qogʻozni va boshqa materiallarni baholash vaqtida aniqlanadi.
Buyumlar massasini aniqlash oʻyin inventari turlarini, yengil atletika inventarini, qurilish materiallarini (tul oʻramini, taxta, tomga yopiladigan materialni) va boshqalarni identifikatsiyalash vaqtida kerak boʻladi.
Shakl oʻzgarganligi metallar (uglerodli poʻlat, choʻyan va boshqalar), toʻqimachilik materiallari (gazlama, trikotaj mato), loy, qalay, qoʻrgʻoshin va shu kabilarning mexanik pishiqligini oʻrganish vaqtida aniqlanadi. Ogʻirlik va shakl oʻzgarishi oʻlchamlariga hammadan koʻp ahamiyat beriladi, bunday holatlarda materialning buzilishi yuz beradi.
Qattiq jismga tashqaridan taʼsir (yuk, harorat va boshqalar taʼsiri) koʻrsatilgan vaqtda jismda paydo boʻladigan egiluvchanlik kuchi jismni avvalgi holatiga qaytarishga harakat qiladi, buning natijasida jismda ichki kuchlanish paydo boʻladi. Masalan, yozish vaqtida ruchkani (peroni) bosganda, lampa osilgan simda,kiyilgan vaqtda poyabzalda va kiyimda, metallarni bolgʻalaganda va boshqa holatlarda kuchlanish paydo boʻladi.
Qattiqlik metallar, plastik massalar va boshqalar mexanik xossalarining asosiy belgisidir.
Moʻrt materiallar (koshin, kafel) uchun qattiqlik olmos bilan chizib koʻrish usuli bilan, yumshoq materiallar (charm, gazlama, namat) uchun materialni standart igna sanchib teshganda sarflangan kuchga qarab, metall uchun muayyan diametrdagi va tegishli massaga ega boʻlgan chiniqtirilgan qattiq poʻlat sharchani botirish usuli bilan aniqlanadi.
Materiallarning charchaganlik koʻrsatkichi ogʻirlik tushgan muhim detallar yoki buyumlarning (tirsakli vallar, prujinalar va boshqalar) materiallari uchun, shuningdek kalavani, gazlamani, rezinani, elastik tasmani va boshqalarni baholash uchun hammadan koʻp ahamiyatga ega.
Issiqlik sigʻimi koʻrsatkichidan metallarning, issiqlikni saqlaydigan materiallar va boshqalarning xossalarini baholashda foydalaniladi.
Issiqlikdan kengayish koʻrsatkichi metallarni, oynani, shisha idishni, keramika buyumlarining koshinini, oʻta aniq mexanizmlarni, oʻlchov asboblarini va boshqalarni baholashda muhimdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |