Tadqiqotning maqsad va vazifalari. Ishdan kuzatiladigan asosiy maqsad, Erkin Vohidovning ijod jarayoni haqidagi qarashlar, she’r, shoirlik, iste’dod, ilhom haqida, chinakam yaxshi ijod namunasi yaratish jarayonida shoirning o‘ziga xos badiiy mahoratini ochib berish, ijodkorning adabiy-tanqidiy qarashlarining o‘ziga xosliklarini yoritishdan iborat. Bundan tashqari, ushbu maqsadni amalga oshirish quyidagi vazifalarni yuzaga chiqarishni taqozo etadi.
Erkin Vohidovning adabiyotimiz taraqqiyotini belgilovchi adabiy- tanqidiy qarashlariga munosabat bildirish.
Ijodkorning “Shoiru she’ru shuur” asaridagi adabiy-tanqidiy mulohazalari haqida fikr yuritish va tahlilga tortish.
Erkin Vohidovning she’r va she’riyat haqidagi mulohazalarini tahlil qilish.
Erkin Vohidovning shoir, uning zimmasidagi mas’uliyat, haqiqiy shoir qanday bo‘lmog‘i lozimligi haqidagi mushohadalariga tahliliy yonoshiah va xulosalar chiqarishdan iborat.
Ijodkorning adabiyot va adabiyotshunoslik muammolari haqidagi turli xil fikr va tushunchalariga asoslangan holda mulohaza yuritishdan iborat.
Mavzuning o‘rganilganlik darajasi. O‘zbek adabiyotshunosligida adabiy-estetik fikrlar rivojiga oid muammolar turli ilmiy aspektlarda o‘rganilgan. Ijodkorlarning adabiy-tanqidiy qarashlari taraqqiyoti tamoyillariga bag‘ishlangan bir qancha nomzodlik, magistrlik dissertatsiyalari yozilgan. Jumladan, “Abdulla Oripovning adabiy-tanqidiy qarashlari” mavzusida magistrlik dissertatsiyasi 2017-yilda yozilgan va Abdulla Oripovning adabiy-estetik fikrlari tahlilga tortilgan. Erkin Vohidovning ijodini, ayniqsa adabiy-estetik fikrlarini o ‘rganishda ijodkorga atab yozilgan maqolalarning saralarini to‘plab zamondoshlari kitob holiga keltirganlar. Bu kitob – “To quyosh sochgayki nur” (Erkin Vohidov hayoti va ijodi zamondoshlari nigohida) nomi ostida 2018-yilda chop etilgan. Uning tarkibiga kiritilga No‘mon Rahimjonovning “Erkin Vohidovning adabiy-estetik qarashlariga doir”, Otanazar Matyoqubovning “Erkin Vohidovning musiqiy qarashlari”, Bahodir Karimovning “Adabiy fikr javhari”, Ozod Sharafiddinovning “El ustozim, men esa tolib” va boshqa ko‘plab maqolalarda ijodkorning adabiy-estetik mulohazalari o‘rganilgan, tahlil etilgan. Bundan tashqari, 2021-yilda taniqli adabiyotshunos olim Hotam Umurov tomonidan taniqli shoirlarimiz Erkin Vohidov va Abdulla Oripovlarning adabiyotshunoslikdagi faoliyatlariga atalgan “Shoir qismati va she’r mehnati” (Shoir bo‘lishni xohlaysizmi? Unda ularning saboqlarini bilasizmi?) nomli adabiy-ilmiy monografiyasi SamDU nashriyoti tomonidan chop etildi. Bu kitobda Erkin Vohidovning adabiy-tanqidiy qarashlariga ma’lum darajada to‘xtalib o‘tilgan. Biz ham ijodkorning adabiy-estetik qarashlari ustida fikr yuritishga, ijodiy jarayonni tushunish, anglash, his etish murakkabliklari haqida mulohaza yuritmoqchimiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |