Kasallik rivojlanishi. Kasallik qo’zg’atuvchi zamburug’ yerga to’kilgan barg va mevalarda psevdotesiy murtaklari yordamida qishlaydi. Zamburug’ 2 jinsli (geterotallik) bo’lib, kuz so’ngi - qish boshlarida zararlangan barg to’qimasi (mezofill) ichida uning har xil jinsli namoyandalarining gifalari qo’shiladi; hosil bo’lgan yangi gifalardan psevdotesiy murtaklari rivojlanadi. Murtaklarning ko’pchiligi barg tuproqqa tushgandan so’ng 4 hafta ichida paydo bo’ladi. Ular rivojlanishini davom ettirishi uchun 0oS yoki pastroq haroratda tinim davrini o’tishi lozim. Tinim davrini o’tgan murtaklar bahorda yetilgan psevdotesiylarga aylanadi, 8-10oS optimal haroratda, har bir psevdotesiy ichida 50-200 ta xaltacha rivojlanadi. Har bir xaltacha ichida 8 ta askospora paydo bo’ladi. Askosporalar yetilishi uchun qulay harorat 16-18oS ni tashkil etadi. Qishlagan barglar erta bahorda namlangan paytda xaltachalar psevdotesiy uchiga keladi va ulardan askosporalar yuqori osmotik bosim ta’sirida otilib chiqadi. Ular shamol bilan daraxtlarda ochilayotgan gul kurtaklari va birinchi ochilgan barglarga tushadi. Askosporalar birlamchi infeksiya manbai bo’lib, ular yetilishi va tarqalishi 5-9 hafta davom etadi. Barg va gul kurtaklariga tushgan askosporalar faqat tomchi namlik (yomg’ir, shabnam) mavjudligida, harorat 1-27oS va nisbiy namlik 95% dan yuqori bo’lganida o’sadi va o’simlik to’qimalariga kirib, zararlaydi. Zararlanish amalga oshishi va zararlanish darajasi havo harorati va namlik saqlanishining davomiyligi bilan bog’liq.. 1-2oS haroratda zararlanish amalga oshishi uchun tomchi namlik barg va gul kurtaklari ustida eng kami bilan 48 soat mavjud bo’lishi lozim; optimal haroratda (16-24oS) esa buning uchun 9 soat kifoya. 26oS dan yuqori haroratda to’qimalar deyarli zararlanmaydi. Faqat yosh barglar zararlanadi, yozilganidan keyin 25 kundan ko’proq vaqt o’tgan barglar zararlanmaydi. To’qima ichida zamburug’ gifalari epidermis va kutikula orasida rivojlanadi va kutikula tagida stroma, uning ustida esa konidiyalarni hosil qiladi. Konidiyalar havo nisbiy namligi eng kami bilan 60-70% bo’lganida, o’simlik birlamchi zararlangandan 8-21 kun (17-21oS haroratda 8-9 kun) o’tganda paydo bo’ladi. Konidiyalar ikkilamchi va undan keyingi zararlanishlarni hamda kasallik o’suv davrida tarqalishini ta’minlaydi. Har bir dog’ ustida 100 000 tagacha konidiya hosil bo’lishi mumkin. Ular yomg’ir va shamol vositasida boshqa barg va mevalarga tarqaladi, zararlaydi, yangi dog’lar paydo qiladi va bu jarayon mavsum davomida bir necha marta takrorlanadi. O’zbekiston sharoitida zamburug’ 1 mavsumda 9-10 avlod beradi. To’kilgan barglarda zamburug’ psevdotesiy murtaklarini hosil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |