Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889-1929) “Yangi adabiyot”, “Oʼqish kitobi”, “Qiroat kitobi” kasbi darsliklarida tovushli savod oʼrgatish metodini ishlab chiqqan. Uning taʼlim nazariyasidagi asosiy gʼoya oʼqitish va tarbiyalashga kompleks yondoshish, yoshlarning aqliy, axloqiy va estetik tarbiyasini oʼzaro bogʼliq holda amalga oshirishdan iborat edi .
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, hozirgi paytda pedagogika nazariyasidan oʼquv dasturini, qoʼllanma va darsliklarni yaratishda oʼzbek xalq pedagogikasi va Sharq mutafakkirlarining didaktik merosidan foydalanmasdan turib taʼlim va tarbiya jarayonida yuksak samaradorlikka erishishi mumkin emas. Xususan, al-Xorazmiy, al-Kindiy, Аbu Rayhon Beruniy, al-Forobiy, ibn Sino va boshqa mutafakkirlarning didaktik gʼoyalari dunyo ijtimoiy-pedagogik fikrlar taraqqiyotiga koʼp jihatdan taʼsir etib, muayyan darajada Yevropada Uygʼonish davrining asosiy shart-sharoitlarini yaratib bergan, albatta.
Bunday fikrlarni tasdiqlash uchun quyidagi bir necha dalillarning oʼzi kifoya. Masalan, Аl-Xorazmiyning “Аl-kitob-al-muxtasar fi-hisob al-jabr va-l-muqobila” (“Аljabrda muqobala hisobi haqida qisqacha kitob”) hamda “Kitob surat al-arz” risolalaridan jahonga mashhur matematik va geograflardan Fibonnachi, Pichioli, Tartalьya, Kardano, Ferrari, Leonardo mashhur yunon olimi Klavdiy II Ptolemey, Nьyuton, Gershelь, Jozef Tussen Reyno va boshqalar keng foydalanganlar.
Shuningdek, Аbu Аli ibn Sinoning “Hayy ibn Yaqzon” (“Ziyrakli – Tirik oʼgʼlon”) asari ispaniyalik pedagog va adib ibn Tufaylaning “Yakzon oʼgʼli Xayya” haqidagi qissasini; J.J.Russoning “Emilь yoki tarbiya haqida” asarini, Forobiyning “Fanlar sanogʼi” risolasi ispaniyalik pedagog olimi Gundisalning (XII asr) “Falsafaning boʼlinishi” asarini yozilishiga asos boʼldi.
Oksford universitetining professori Rodjr Bekon (XII asr) al-Forobiy va ibn Sinolarning didaktik gʼoyalarini chuqurlashtirib, qomusiy kitoblarini yozadi. Bu asarlar, Yevropa universitetlarida oʼquv qoʼllanmalari sifatida qoʼllanilgan va bu maʼlum darajada XV-XVI asrlarda pedagogikadagi pansofik harakatga turtki beradi. Pansofik harakatning yorqin namoyondalaridan biri chex pedagogi Yan Yamos Komenskiy “Buyuk didaktika” asarida didaktikaning taʼlim nazariyasini rivojlantirishga katta hissa qoʼshgan boʼlsa-da, lekin didaktikani taʼlim nazariyasida taʼlim-tarbiya mazmuni, shakli va uslublari (ayniqsa, sinf-dars tizimi gʼoyasi) ibn Sinoga tegishli gʼoya ekanligini alohida qayd etib oʼtishimiz lozim. Zero, Sharqda IX asrda hali Yevropaning koʼp hududlarida, xusnixat ishlatilmagan va sinf-dars tizimining nimaligini bilmagan bir vaqtda Xorazmdagi Maʼmun akademiyasi qoshida tashkil etilgan maktab va madrasalarda ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shugʼullangan qomusiy olimlar yaratgan pedagogik nazariyaning oʼziga xosligi shundan iboratki, ular ilgari surayotgan didaktik gʼoyalar bevosita oʼrganilayotgan fan mantigʼidan ajratilmagan. Taʼlim-tarbiya maqsadi, printsiplari, mazmuni va uslublariga xos gʼoyalar bironta fanda aniq bilim va koʼnikmalarni shakllantirish jarayonida yoritiladi. Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan qomusiy olimlarning asarlari lotin tilida oʼrta asr Yevropa Universitetlarida oʼquv qoʼllanmalari sifatida foydalanilgan. Yuqorida bu asarlar Yevropada tabiiy va ijtimoiy-pedagogik ilmlarni rivojlantirish uchun asos boʼlganligiga toʼxtalgan edik.
Umuman, didaktika taʼlim, bilim berish jarayoni va oʼqitish nazariyasini umumiy qonuniyatlarini aniqlab berish bilan birga, har bir oʼquv fanining oʼqitish metod (usul)lari uchun asos boʼlib xizmat qiladi.
Didaktika butun pedagogik faoliyat uchun, yaʼni taʼlim-tarbiya bilan shugʼullanuvchilarning nazariy va amaliy harakatlari uchun metodologik asos vazifasini oʼtaydi.
3. Didaktikaning asosiy kategoriyalari va didaktik tushunchalar tizimi. Muayyan fanga xos boʼlgan tushunchalarda ijtimoiy taraqqiyot jarayonida toʼplangan bilimlar aks etadi. Mavjud ilmiy tushunchalar ikki asosiy guruhga ajratiladi:
1) falsafiy tushunchalar;
2) xususiy ilmiy, yaʼni, muayyan fangagina xos boʼlgan tushunchalar.
Didaktika uchun “umumiy”, “alohida”, “mohiyat”, “hodisa”, “qarama-qarshilik”, “bogʼliqlik” kabi falsafiy tushunchalar ham muhim ahamiyatga ega. Didaktikada qoʼllaniladigan umumiy-ilmiy tushunchalar orasida “tizim”, “tuzilma”, “vazifa”, “element” kabilar alohida oʼrin tutadi.
Pedagogikaga xos didaktik tushunchalarsirasiga quyidagilar kiradi:
Do'stlaringiz bilan baham: |