Topshiriq. Matnni o‘qing va mazmuni bo‘yicha fikr yuriting. Ushbu matnni qaysi uslubda ekanligini ayting.
Iskandariya mayog‘i
Misrning Iskandariya shahri yaqinida joylashgan qadimiy mayoq. Ushbu mayoq Ptolemy II davrida, mil.avv. taxminan 280-yilda qurilgan bo‘lib, balandligi 134 metrni (40 qavatli bino balandligi bilan teng) tashkil etgan. Uning eng baland qismiga olov yoqib qo‘yilardi, bu esa dengizchilarning manzilni tez topib olishlari uchun qulay bo‘lardi. 955-yilda ro‘y bergan bo‘ron va zilzila oqibatida mayoq qancha zarar topdi, XIV asrgacha esa zilzila oqibatida umuman buzilib ketdi.
Miloddan avvalgi 227-yilda zilzila natijasida vayron bo‘lgan yettinchi “mo‘jiza” Misrda Nil daryosining dengizga quyilish joyida, Faros orolida bo‘lgan. Uni Iskandariya mayog‘i deb atashgan. Iskandar Zulqarnayn Misrni zabt etgandan keyin o‘ziga yangi poytaxt — Iskandariya shahrini quradi. Shahar dengiz sohilida bunyod etilganligi uchun savdo-sotiq rivojlanib, tez orada yuksak madaniyatli, fan taraqqiy etgan shaharga aylanadi. Hashamatli saroylar, qasrlar, go‘zal binolar quriladi. Shaharga Metalar qatnovini yaxshilash uchun miloddan avvalgi 280-yilda Faros orolining sharq tomonida — Iskandariya shahri yonida mayoq qurishga qaror qilindi. Uning loyihasini o‘z zamonasining mashhur va talantli me'mori Knidli Sostrat yaratgan. Mayoq minora shaklida qurilgan. U uch qavatli bo‘lib, balandligi 120 metr edi. Mayoq poydevori kvadrat shaklida, har bir tomoni 30,5 metrga teng edi. Uni dastlab xarsang plitalar bilan ishlab, ikkinchi qavatini sakkiz qirrali toshlardan qurishgan va ajoyib marmar plitalar bilan pardoz berishgan. Minoraning qirralari sakkiz tomondan esadigan asosiy shamol yo‘nalishlariga mo‘ljallab qurilgan. Uchinchi qavati esa yumaloq qubbali minora shaklida bo‘lib, uning ustiga dengiz xudosi Poseydonning bronzadan ishlangan ulkan haykali o‘rnatilgan edi. Uchinchi qavatning qubbalarini granit ustunlar tutib turar edi. Xuddi mana shu yerda gulxan yoqilardi. Gulxan alangasi uzoq masofadan ko‘rinib turishi uchun maxsus ko‘zgular o‘rnatilgan edi. Yoqilg‘ini eng yuqori qavatgacha eshaklarga ortib olib chiqishgan. Aylanma zinalar shunday qurilgan ediki, ustiga yoqilg‘i ortilgan eshaklar bu zinalardan bemalol yuqoriga chiqa olgan. Mayoqdagi xonalarda butun boshli bir garnizon askarni joylashtirsa bo‘lardi. Mayoq kemalarga yo‘l ko‘rsatibgina qolmay, o‘ziga xos kuzatuv punkti ham bo‘lgan. Arab tarixchilarining yozishlariga qaraganda, mayoqning ikkinchi qavatini, ya’ni sakkiz qirrali minorani juda ko‘p bronza haykalchalar bezab turgan. Haykalchalardan biri Quyosh qaysi tomonga o‘tsa, o‘sha tomonga qarab olarkan. Boshqa bir haykalcha kecha-yu kunduz har soatda bir marta bong urgan. Yana bir haykalcha dushman kemasi yaqinlashayotganda harakatga kelib, dengizga ishora qilgan va ovoz chiqarib xabar bergan. Albatta, bu hikoyalar mubolag‘adan xoli emas, lekin shu narsa aniqki, Farosdagi mayoq dunyoda tengi yo‘q, yagona inshoot bo‘lgan. Zamonlar o‘tishi bilan nam havo va to‘xtovsiz shamollar mayoqqa o‘z ta'sirini o‘tkazdi. XIV asrdagi zilzila natijasida mayoq batamom vayron bo‘ldi. Bizgacha mayoqning poydevorigina yetib kelgan, xolos. (Гадоев К, Бердиева С. Сайёрамиз мўъжизалари. Тошкент: “O‘zbekiston”. 2012. 103-б.)
Topshiriq. Qavs ichidagi so‘zlarga tegishli kelishik qo‘shimchalarini qo‘yib ko‘chiring.
(O‘z vaqti) bajarildi, (qiyinchiliklar) duch kelmoqdamiz, (ushbu masala) o‘rganib chiqdim, (talabalar uyi) tekshirdik, muhokama (qilinishi) so‘raymiz.
Topshiriq. Quyidagi so‘zlar ishtirokida ilmiy uslubda matn tuzing. So‘zlarning imlosiga e’tibor bering.
Moddalarning yetti ko‘rinishi
1. Qattiq holati
2. Suyuq holati
3. Gazsimon holati
4. Plazma holati
5. Neytron holati
6. Epiplazma holati
7. Fizik vakuum holati
Topshiriq. Mutaxassisligingizga oid ilmiy uslubga xos bo‘lgan matn tuzing.
Do'stlaringiz bilan baham: |