5-ma’ruza: Gazsimon yonilg’ilar.
O´quv moduli birliklari:
1.Gazsimon avtomobil yonilg`ilari, neftmas yonilg`ilar.
2.Gazsimon yonilg`ilar.
3.Suyultirilgan uglevodorod gazi.
4.Siqilgan uglevodorod gaz.
5.Ichki yonuv dvigatellari uchun muqobil yonilg`ilar.
6. Keng fraktsiya tarkibli yonilg`ilarni ishlatish.
Tayanch so´z va iboralar
Gazsimon yonilg’ilarda ishlaydigan avtomobillarning texnik va ekspluatasion afzalliklari. Gazsimon yonilg’ilar. Suyultirilgan uglevodorod gazi. Siqilgan uglevodorod gazi. Gazsimon yonilg’ilarni ishlatish sohalari.
1. Gazsimon yonilg`ilar
Respublikamiz katta miqdordagi gazsimon yonilg`ilar zahirasiga ega. Undan foydalanish sanoatdagina emas, balki avtomobil Transportida ham yildan yilga ortib bormoqda.
Gaz yonilg`ilar suyuq yonilg`ilarga nisbatan qator afzalliklarga ega, shuning uchun ular istiqbolli va atomobil dvigatellarida keng ko`lamda qo`llash uchun maqbul yonilg`i hisoblanadi. Ko`pgina hollarda ular mahalliy yonilg`i turlari bo`lib, suyuq yonilg`ilarga nisbatan ancha arzon.
Uchqun bilan yondiriladigan dvigatellarda yonuvchi gazlarni qo`llash aralashma hosil qilish jarayonining, shuningdek ishlatish sharoitlarida aralashmaning tsilindrlar bo`ylab taqsimlanishini yaxshilaydi va yengillashtiradi, chunki gazlar havo bilan turli nisbatlarda ancha oson aralashadi. Ko`pgina gazlar suyuq yonilg`ilarga nisbatan alanga tarqalishining ancha keng kontsentratsion diapazoniga ega, ya`ni ular aralashmada havo miqdori ancha ortiq bo`lganda ham tez va to`liq yonadi.
Bularning barchasi yonuvchi aralashma olish uchun qo`llaniladigan moslamani soddalashtirishga va unda yonilg`i va havoning atmosferaga zaharli moddalar kam mikdorda chiqariladigan nisbatlaridan foydalanishga imkoniyat yaratadi. Gazsimon yonilg`ilardan foydala-nilganda dvigatelning sovuq holda ishga tushirish va qizdirilgan holatda ishlashidagi yonilg`iningg bug`lanishi bilan bog`liq bo`lgan qiyinchiliklar bo`lmaydi, atrof-muhit harorati yuqori bo`lganda ta`minlash tizimida bug` tiqinlari hosil bo`lish hollari o`z-o`zidan yo`qoladi. Gazsimon yonilg`ilar benzinlarga nisbatan antidetanatsion xususiyatlarga ega, bu esa dvigatelning siqish darajasini ko`tarishga va yonilg`i tejamkorlingini. oshirishga imkon beradi. Shu bilan birga gazsimon yonilg`ilar yana bir qator afzalliklarga ega:
keng tarqalgan, arzon, uning katta zahiralari mavjud;
yonganda qorakuya va smolalar ajralib chiqmaydi, kul hosil bo`lmaydi, yonish mahsulotlari tarkibida tirik tabiat uchun zararli moddalar yo`q;
iste`molchi manbalarga quvurlar orqali oson uzatiladi va markazlashgan holda saqlanadi;
gazsimon yonilg`idan foydalanilganda motor moyining eskirish jarayoni sekinlashadi va almashtirish muddati suyuq yonilg`ilardan foydalanganga nisbatan 2-4 marta uzayadi. Buning asosiy sababi, gazsimon yonilg`i ishlatilganda tsilindr devorida yonilg`i bug`lari kondensatsiyalanmaydi, bu o`z navbatida motor moyining chala yoki yonmagan yonilg`i bilan suyulishining oldini oladi;
dvigatelning ta`mirlashgacha ish muddati ham 1,5-2 marta oshadi, chunki bunda suyuq yonilg`ilar kabi yonmay qolgan yonilg`i tsilindr-porshen guruhi va yonish kamerasi devorlarida qurum va boshqa cho`kindilar miqdori nisbatan kam bo`lib, tsilindr-porshen guruhining yeyilishini kamaytiradi;
siqilgan yoki suyultirilgan holda ham ishlatiladi;
detonatsiyaga qarshi turg`un.
Yuqorida ta`kidlab o`tilgan fikrlardan ko`rinib turibdiki, gazsimon yonilg`ilar kompleks xususiyatlarga ko`ra yonuvchi aralashma tsilindr tashqarisida hosil qilinadigan va uchqun bilan yondiriladigan dvigatellar uchun ancha mos keladi, shuningdek dizellarda foydalanilishi ham mumkin.
portlovchanlik xususiyatining yuqoriligi ko`pgina gazsimon yonilg`ilar (tabiiy gazlar, vodorod, metan) ning asosiy kamchiligidir. Yonuvchi gazlarning eng kichik nozichliklardan ham chiqib ketishi ulardan ehtiyot bo`lib foydalanishni talab qiladi. Agar xavfsizlik texnikasi hamda yong`inga qarshi xavfsizlik qoidalariga rioya qilinsa, shuningdek tavsiya qilingan tadbirlar bajarilsa, gaz qurilmalaridan ishonchli va xavfsiz foydalanish mumkin.
Shuningdek gazsimon yonilg`ilar qo`llanilganda tsilindrni to`ldirish koeffitsienti kamligi suyuq yonilg`ilarga nisbatan dvigatel quvvatining kamayishiga olib keladi. Masalan, benzin o`rniga suyultirilgan gaz qo`llanilganda dvigatel quvvati 6...8 foizga, siqilgan gaz ishlatilganda 18...20 foizga kamayadi.
Gazsimon yonilg`ilarning kelib chiqishi turlicha bo`ladi: tabiiy gaz (gaz konlaridan olinadi), yo`ldosh gaz (neftni qazib olish va qayta ishlashda), sanoat gazi (domna, koks, yorituvchi, kanalizatsiya gazlari), generator gazi (qattiq yonilg`ilarni gazga aylantirishda) va boshqalar. Ularning tarkibi va xossalari shu jumladan yonish issiqligi keng ko`lamda o`zgaradi. Odatda, ular turli xildagi yonuvchi va inert gazlarning aralashmasidan iborat. Ularning tarkibiga yonuvchi gazlar: metan, propan, butan, CnHm formulali boshqa uglevodorodlar, vodorod, is gazi va sh.k., shuningdek, inert gazlar va ifloslantiruvchi moddalar (korbonat angidrid, azot, namlik, smolasimon moddalar, mexanik zarralar, oltingugurtli birikmalar va boshq.) kiradi. Respublikamizda ishlatilayotgan asosiy gazsimon yonilg`ilarning tarkibi va asosiy xususiyatlari 5.1-jadvalda keltirilgan.
Barcha gazsimon yonilg`ilar yonish issiqligiga ko`ra uch guruhga bo`linadi:
past kalloriyali, yonish issiqligi 10000 kJ/m3 gacha bo`lgan gazlar (generator, domna, aralash, ruda gazlari va boshqalar);
o`rtacha kalloriyali, yonish issiqligi 10000-20000 kJ/m3 gacha bo`lgan gazlar (koks, yoritish gazlari va boshqalar);
yuqori kalloriyali, yonish issiqligi 20000 kJ/m3 dan ortiq bo`lgan gazlar (bu gazlarga gaz konlaridan olinadigan turli tabiiy gazlar, neft quduqlaridan neft bilan birga olinadigan neft gazlari yoki yo`lakay gazlar, shuningdek neftni qayta ishlashda olinadigan turli kreking gazlari va boshqa gazlar kiradi).
Gazsimon yonilg`i tabiiy va sun`iy bo`lishi mumkin. Tabiiy gazsimon yonilg`ilarga neft qazib chiqarishda olinadigan yengil gazsimon uglevodorodlar hamda sof gaz konlaridan olinadigan tabiiy gazlar kiradi. Turli konlardan olinadigan tabiiy gazlar tarkibi va issiqlik berishiga ko`ra bir-biridan kam farq qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |