Savol va topshiriqlar
1. Barqaror birikma deganda nimani tushunasiz?
2. Barqaror birikmaning qanday turlari mavjud?
3. Frazeologizm nima?
4. Maqol va matal deganda nimani tushunasiz?
5. Qanday birikmalar hikmatli so‘zlar (aforizmlar) sanaladi?
Topshiriq. Berilgan gaplarni erkin va barqaror birikmalarga ajrating va farqini ayting.
1. Toshkentdagi istiqlol davrida qurilgan inshootlarni ko‘rib og‘zim ochilib qoldi. Yer haydasang kuz hayda, kuz haydamasang yuz hayda, deydi xalqimiz. 3. Kechagi majlisda menga ham til tekizibdi. 4. Bahorning mayin shabadasi daraxt shoxlarini tebratdi. 5. Oltin o‘tda bilinadi, odam mehnatda bilinadi. 6. Arslon izidan qaytmas, tigit so‘zidan. 7. Tuyaning dumi yerga yetganda qarzini to‘laydi. 8. Bir tariqdan bo‘tqa bo‘lmas. 9. Ular bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qiladilar.
Topshiriq. Erkin va barqaror birikmalar haqidagi nazariy bilimlarni o‘zlashtirib barqaror birikmalarga misol topib daftaringizga yozing.
11-MAVZU: “TOSHKENT – MAMLAKATIMIZ POYTAXTI”. IBORALAR VA ULARNING NUTQDAGI AHAMIYATI
Toshkent
Toshkent shahri qadimda “Choch”, “Shosh” nomlari bilan atalgan. XI asrdan Toshkent deb yuritila boshlagan. Toshkent geografik jihatdan qulay yerda joylashgan, iqlim sharoiti ham mo‘tadil bo‘lganligi uchun dehqonchilik va chorvachilik rivojlangan. Qadimgi Toshkentning atrofi baland va qalin devorli qo‘rg‘on bilan o‘ralgan edi. Shaharning bo‘yi ham, eni ham 6-7 kilometr uzunlikka teng bo‘lgan. Yozma manbalar va arxeologik tadqiqotlar shaharning yoshi 2000 yildan ortiqligini tasdiqlaydi.
Shahar devoridan tashqarida eng sersuv yerlar o‘zlashtirilib, obod etilgan. Aholi meva, sabzavot va g‘allaga zoriqmagan.
Toshkent o‘zaro urushlar, qo‘zg‘olonlar, ko‘chmanchi qabilalar hujumlari natijasida bir necha marta vayron qilindi va qayta tiklandi. XIII asrgacha Toshkent qal’a, ichki va tashqi shahardan iborat bo‘lib, atrofi bir necha qator mudofaa devori bilan o‘rab olindi. Shaharda kulolchilik, o‘q-yoy, gazlama, charm mahsulotlari ishlab chiqarish rivojlangan. XV-XVI asrlarda Toshkentda yirik tarixiy ansambllar qad ko‘taradi. XVIII-XIX asrlarga kelib, shahar yana-da kengaydi va hududi 15 ming gektarga yetdi. Shahar to‘rt daha va yuzlab mahallalarga bo‘lingan. Shaharga 12 darvoza orqali kirilgan.
Toshkent 1930-yildan O‘zbekistonning poytaxti deb e’lon qilindi. Shu yillar ichida Toshkentning qiyofasi tubdan o‘zgardi. Tor, qing‘ir-qiyshiq ko‘chalar o‘rniga keng va elektrlashtirilgan yorug‘ xiyobonlar barpo etildi, ko‘p qavatli binolar qurildi. Ayniqsa, 1966-yilgi zilziladan so‘ng Toshkent tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Shahar maydoni kengaydi, uning chegarasidan 67 kilometrli aylanma yo‘l o‘tkazildi. 1977-yili O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Toshkent metrosi ishga tushdi. 1985-yili bo‘yi 375 metrli ulkan teleminora qurildi. 18 qavatli Ma’muriy bino, Matbuot uyi, “Paxtakor”, “Bunyodkor” stadionlari, “O‘zbekiston”, “Chorsu” kabi mehmonxonalar, Navoiy, Muqimiy, Hamza teatrlari, Xalqlar do‘stligi saroyi, Rassomlar uyi, Oliy Majlis, Senat, Milliy bank binolari, A.Temur va adabiyot muzeylari Toshkentni yana-da ulug‘vor ko‘rsatadi.
Yirik ilmiy va ma’rifat markazi hisoblangan poytaxtimizda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, o‘nlab ilmiy tekshirish institutlari, 40 ga yaqin oliy o‘quv yurtlari, 20 ga yaqin muzey, 700 ga yaqin kutubxona, o‘ndan ortiq teatr, o‘nlab madaniyat saroylari, yuzlab kinoteatrlar mavjud.
Toshkent mamlakatimizning ulkan sanoat markazi bo‘lib, bu yerda 300 dan ortiq yirik zavod va fabrikalar muntazam ishlab turibdi. Toshkentda mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati tez rivojlanmoqda. Poytaxtimizdagi to‘qimachilik, trikotaj kombinatlari, traktor, samolyotsozlik zavodlari, boshqa davlatlar bilan hamkorlikda ochilayotgan qo‘shma korxonalar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar jahon bozorida o‘z xaridorini topmoqda.
Toshkent sharqda rivojlangan shaharlardan biri bo‘lib, bu yerda har yili ijtimoiy taraqqiyot, tinchlik, ekologiya, fan va texnika, madaniyat, san’at va boshqa sohalarga bag‘ishlangan o‘nlab xalqaro anjumanlar, sport musobaqalari o‘tkaziladi. Toshkent ko‘p millatli ulkan shahar bo‘lib, hozir unda 2,9 milliondan ortiq aholi yashaydi. Uning chiroyi kundan kunga ortib boryapti.
Do'stlaringiz bilan baham: |