Topshiriq. Quyidagi matnni o‘qing va qaysi uslubga mansub ekanligini aniqlang. Uslubni hosil qiluvchi vositalarni izohlang.
Baribir Abdulla aka bu jurnallarni o‘qiy olmasdi. Bunga sabab qop orqalagan, chamadon ko‘targan, bola opichlagan erkagu-xotinlar kelib, uni tinch qo‘yishmasdi.
Hoy shopir vokzalga necha pulga oborasan?
Shopir bolam, Chuqursoyga obormaysanmi?
Abay bozorigacha qancha olasan?
Abdulla aka shunaqalardan bezor bo‘lib, mashinani qulflab yo‘lkaga chiqib, betoqatlik bilan Kibriyo opani kutardi. (Саид Аҳмад. “Йўқотганларим ва топганларим”. Тошкент: “Сано-стандарт”, 2014. 120-б.)
Topshiriq. Quyida berilgan ertakni o‘qing. Siz ham qanday o‘zbek xalq ertaklarini bilasiz? Shu haqida so‘zlab bering. Tagiga chizilgan so‘zlar keyingi qatorga qanday ko‘chirilishini ayting.
SHIRIN UYQU
Bir odamning uchta o‘g‘li bor ekan. U vafoti oldidan o‘g‘illariga: “Uyquni shirin qilib uxlang, ovqatni shirin qilib yeng”, - deb vasiyat qilibdi. Bu gapni katta o‘g‘illari bir xil tushunibdi. Kichik o‘g‘li esa boshqacha tushunibdi.
Katta o‘g‘illar yerlarga suv sepib, karavotga ko‘rpani qalin to‘shab, har xil shirin taomlarni ustma-ust yeb yotaverishibdi. Oxiri yeyishga ovqatlari qolmabdi. Kichkina o‘g‘il esa ko‘p mehnat qilib, temirchilik hunarini o‘rganibdi. Ishlab-ishlab, horib charchab kelgach, yegan qattiq noni-yu, ichgan suvi shirin tatiyveribdi. Uxlasa uyqusi ham shirin bo‘lib, kun sayin tetiklashib, borgan sari davlati ziyoda bo‘lib ketaveribdi.
O‘zbek xalq ertaklari
Topshiriq. Ertak, latifa va askiyalardan 5 tadan o‘qib, yozib keeling.
45-MAVZU: MEN SEVGAN ASAR (SHE’R, HIKOYA, QISSA, DOSTON, ROMAN, SPEKTAKL, FILM V.H.). TAQRIZ
Men sevgan asar
Men sevgan asar ilm va ilmsizlikning kurashi hamda ilmsizlik tufayli kelib chiqadigan oqibatlar haqida yozilgan Behbudiyning “Padarkush” asaridir. Asar mazmuniga ko‘ra bir boy odam o‘zi savodsiz bo‘lgani holda, farzandini ham ilmli qilmoqchi emas. O‘g‘li o‘spirin yoshiga yetsa-da, maktab ko‘rmagan. Ota bundan mutlaqo tashvishlanmaydi. Chunki, o‘ziga ota meros mulk qolib, boylikda bahuzur yashayotganidek, o‘g‘li ham shu taqdirni takrorlaydi, degan o‘yda. Asar muallifi boy fikrini o‘zgartirish uchun o‘z davri ma’rifatining ikki vakili - eski maktab “domla”si va “usuli jadid” targ‘ibotchisi - ziyolini uning huzurida ko‘rsatadi. Avval domla, so‘ng ziyoli kelib, boyning o‘g‘li Toshmurodni maktabga berib, ilmi diniy va ilmi zamondan bahramand etishga da’vat qiladilar. Bu so‘zlarga beparvo, bepisand boy har ikki mehmondan ham ranjib, ularni bir amallab haydash chorasini izlaydi. Otaning bema’ni hayot tarzini ko‘rib o‘sgan farzand uch-to‘rt bezori, chapani yigitlarga qo‘shilib ichkilik ichadi, maishiy buzuqlikka mayl bildiradi va oxir-oqibat ana shu ehtiyojlari uchun mablag‘ istagida otasining kushandasiga aylanadi. Voqeaning fojiaviy yakunidan so‘ng sahnaga kirib kelgan Domla va Ziyoli o‘z so‘zlariga quloq osmagan boyning mash’um ibratida ilmsizlik, jaholatning dahshatini, fojiasini ta’kidlab, xalqqa murojaat etadilar: “Ilm va tarbiyasiz bolalarning oqibati shuldir. Agarda bularni otasi o‘qutsa edi, bu jinoyat va padarkushlik alardan sodir bo‘lmas va bular ichkilikni bo‘yla ichmasdi, xun beg‘ayri haqqin qilmas edi. Oh, haqiqatda boyni o‘ldurgan va yigitlarni azobi abadiyg‘a giriftor qilgan beilmlikdur. Bu ishlarni yo‘q bo‘lmog‘iga o‘qumoq va o‘qutmakdan boshqa iloj yo‘qdur”.
“Padarkush” pyesasida ilgari surilgan g‘oya ana shu so‘zlarda aks etadi. Shunga ko‘ra ko‘pgina mutaxassislarimiz uni sof ma’rifiy xarakterdagi asar sifatida baholab keladilar. Darhaqiqat, ilmsizlik, jaholatga qarshi ma’rifat g‘oyasi har bir sahifada yaqqol ifodalangan. Ayni chog‘da jadidchilikning o‘zak masalasi bo‘lgan istibdodga qarshi g‘ayrikolonial g‘oya ham asarning bir necha o‘rinlarida goho ochiqroq, gohi pardali va yoki matn tagzaminidan anglashilib turadi. Anglashilgan sari esa, avvalo shu g‘oya nazarda tutilgan emasmikan, degan fikr sobitlashib boradi. Bir qadar oshkora ko‘ringan istibdod masalasi juz’iyroq shaklda domlaning quyidagi so‘zlarida seziladi: “Ko‘rarmizki, yigirma-o‘ttiz yildan beri barcha savdo ishlari armani, yahudiy va boshqa ajnabiylar qo‘lig‘a o‘tdi”. Agar domla shu so‘zlarni aytib, o‘qimoqqa, xususan, musulmonlik, din, islomiyat ravnaqiga da’vat etsa, undan so‘ng kirgan ziyolining tilida “millat” so‘zi qayta-qayta takrorlanadi. U “millatga keraklik ilmlar to‘g‘risida” so‘ylarkan, mavjud asorat tuzumi bilan bog‘liq quyidagi fikrni bayon etadi: “Hozir yangi va boshqa bir zamondir. Bu zamong‘a ilm va hunarsiz xalqni boyligi, yeri va asbobi kundan-kun qo‘lidan ketganidek, axloq va obro‘yi ham qo‘ldan chiqar, hatto dini ham zaif bo‘lur”. Ziyolining bunday hur fikrlari asar so‘ngida rivojlantiriladi va yana-da ochiqroq matnda beriladi: “Bizlarni xonavayron, bachagiryon va bevatan va bandi qilg‘on tarbiyasizlik va jaholatdur: bevatanlik, darbadarlik, asorat, faqir-u zarurat xorliklar hamasi ilmsizlik va betarbiyalikning mevasi natijasidur. Dunyog‘a taraqqiy qilgan xalq, ilm vositasi ila taraqqiy qiladi. Asir va zabun bo‘lganlarda beilmlikdan”.
“Padarkush”da asorat tufayli fojialar yuz berayotganiga yana bir jiddiy ishora bu asardagi “pivoxona manzarasi”dan anglashiladi. Uch-to‘rt kuchga to‘lgan, navqiron yigitlar o‘spirin Toshmurod boyvachchani yonlariga olib, ichkilik ichib, mast holatda o‘tirganlarini ko‘rsatadi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, “Padarkush” dramasi sof ma’rifiy xarakterdagi asar bo‘lib, ilmsizlik, jaholatga qarshi ma’rifat g‘oyasi har bir jumlada yaqqol ifodalangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |