Savol va topshiriqlar:
1. Matn bo‘yicha lug‘at tuzing.
2. Matnni tarjima qiling va mazmunini o‘zbek tilida so‘zlab bering.
3. Matndagi x va h tovushlari ishtirok etgan so‘zlarni ikki ustunda yozing va imlosini tahlil qiling.
4. Matndan ijodiy foydalangan holda o‘zingiz o‘qiyotgan fakultetingiz haqida gapirib bering.
Topshiriq. Berilgan Mehmon va mehmondo‘stlik haqidagi maqollarni o‘qing va ma’nosini sharhlang. I va e harfli so‘zlarning talaffuzi va imlosiga diqqat qiling.
Birinchi kun mehmon — oltin mehmon,
Ikkinchi kun — kumush,
Uchinchi kun — mis,
Uchdan o‘tsa — pes.
Kelguncha mehmon uyalar,
Kelgandan so‘ng mezbon uyalar.
Kelmoq ixtiyor bilan,
Ketmoq ijozat bilan.
Mezbon borini qo‘ysa,
Mehmon ozga sanamas.
Mehmon kelsa, pastga tush,
Palov bermoq ahdga tush.
Topshiriq. Siz ham ta’lim muassasangiz hayotiga oid pulitsistik maqola yozing.
Publitsistik uslub
Publitsistika (lot. publika - xalq, omma) davrning eng muhim, dolzarb masalalarini o‘quvchilarga, tinglovchilarga, tomoshabinlarga gazeta-jurnal, radio, televideniye orqali yetkazish, ommani jonlantirish, kishilarning ongiga atrofda sodir bo‘layotgan voqealarni singdirish, ularning ijtimoiy qarashlarini shakllantirish uchun xizmat qiladi. Ommaviy axborot vositalarida (gazeta-jurnal, radio, televideniye), Oliy Majlis yig‘inlarida, turli xil anjumanlarda qo‘llaniladigan nutq uslubi publitsistik uslub sanaladi. Publitsistik uslub ikki xil shaklda namoyon bo‘ladi: 1) yozma shakl;
2) og‘zaki shakl.
Ijtimoiy-siyosiy masalalarga bag‘ishlangan bosh maqolalar, felyeton va pamfletlar, murojaatnomalar, chaqiriqlar, deklaratsiyalar publitsistik uslubning yozma shakliga mansubdir. Radio va televideniyeda chiqayotgan siyosiy sharhlovchilar, notiqlarning nutqlari esa publitsistik uslubning og‘zaki shaklidir.
Publitsistik uslubning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u muayyan ijtimoiy masalalarga faol munosabatda bo‘lishlik, hozirjavoblik, ta’sirchanlik belgilariga ega. Bunday nutq uslubi ijtimoiy masalalarga harakatchanliligi tufayli unda ijtimoiy-siyosiy tushunchalarni ifodalovchi so‘zlar ko‘proq qo‘llaniladi. Masalan, isyon, irqchilik, qo‘poruvchilar, siyosiy tanglik, bitim va boshqalar.
Publitsistika bir qancha janrlarga ega. Har qaysi janrning o‘zi, masalan, gazeta, radio, televideniyeda beriladigan reportajlar uslub va uslubiy vositalari hamda o‘zida berilayotgan reportaj, pamflet, felyeton kabi nutqiy vositalari jihatidan farqlanadi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan ularning hammasi bir umumiy belgi asosida publitsistik nutqning turli ko‘rinishlari sanaladi. U ham bo‘lsa, nutqning jamiyatga qaratilganidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |