Katta Yaqin Sharq konsepsiyasi. Maqolada asosiy mintaqa va Mag’ribga urg’u berilgan. Murakkab etnik va diniy muhit, hududiy nizolar hamda boshqa muhim omillar tufayli Yaqin Sharq uzoq davrdan beri ixtiloflar makoniga aylanib qolmoqda, mavjud holatga mintaqadagi dominantlikka erishish maqsadida bo’lgan tashqi kuchlarning aralashuvi vaziyatni yanada chigallashib ketishiga sabab bo’lmoqda, mintaqada yuz berayotgan har qanday o’zgarish dunyoning turli burchaklariga o’z ta’sirini o’tkazmoqda. Shu sabab Yaqin Sharq mavzusi hozirda xalqaro munosabatlarning eng birinchi darajasida bo’lgan siyosiy masalalardan biriga aylanib ulgurdi.
Sovuq Urushning oxiri va undan keyingi davrlarda Amerika Qo’shma Shtatlari Yaqin Sharqda o’zining harbiy faolligini keskin oshirdi. Ko’rfaz Urushi, Kosovo Urushi, Iroq va Afg’onistondagi urushlarda AQSh mintaqadagi siyosiy qarama-qarshiliklarni hal qilish uchun harbiy kuchni keng miqyosda qo’lladi. Biroq mazkur harbiy harakatlar ko’zlangan tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash o’rniga, Yaqin Sharq mintaqasida anti-amerikanizm ruhini avj olishi hamda yanada keskin terroristik-jangarilik kuchlarining o’sishiga olib keldi. 2001-yil 11-sentyabridagi terrorchilik harakatidan so’ng o’sha paytdagi AQSh prezidenti Jorj Bush katta miqdordagi moliyaviy xarajatlarga sabab bo’lishi ortidan qiyin iqtisodiy muammolarni keltirib chiqargan va mamlakatni Yaqin Sharq mintaqasida yanada keskin siyosiy inqirozlar bilan yuzlashtirgan “terrorga qarshi urush”ni boshladi, bu urush esa deyarli o’n yil davom etdi. Bundan tashqari 2008-yilda yuzaga kelgan global moliyaviy inqiroz AQShning iqtisodiy o’sishini turg’un holga tushib qolishi, yuqori darajali ishsizlik va salmoqli federal qarzlarga sabab bo’ldi.
Barak Huseyn Obama 2009-yilda Amerika Prezidenti sifatida qasamyod qilganda mamlakat va dunyodagi vaziyat keskinlashib ketgan edi. Iroq va Afg’onistondagi urush, xalqaro moliyaviy inqiroz, Osiyo-Tinch Okeani mintaqasidagi yangi qudrat markazlarini paydo bo’lishi AQShning jahondagi siyosiy ta’sirining keskin pasayib ketishiga olib kelgan edi. Barak Obama rahbarligidagi Amerikaning yangi hukumati oldida hal qilinishi mumkin bo’lgan o’ta og’ir muammolar bo’lib, ushbu muammolar o’ta aniqlik, pragmatizm va ongli strategik qadamlarni talab qilardi. Obama ma’muriyati bir qancha strategik o’zgarishlarni amalga oshirishga qaror qildi: ichki siyosatga ko’proq e’tibor berish, harbiy harakatlarni qisqartirgan holda iqtisodiy qudratni qaytadan tiklash, Yaqin Sharqdan nisbatan chetlanib, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida kuchlar muvozanati jarayonlariga imkon qadar ko’proq ta’sir o’tkazish shunday o’zgarishlar jumlasidan bo’ldi.
Avvaliga Yaqin Sharq mintaqasidagi AQSh faolligida cheklanish kuzatilgan bo’lsada, 2011-yilda boshlangan “Arab Bahori” vaziyatni tubdan o’zgartirdi. Endilikda Obama ma’muriyati mintaqaga nisbatan e’tiborni qayta kuchaytirishga, yuz berayotgan o’zgarishlarga ta’sir o’tkazishga, yangi kuchlar muvozanatini shakllantirishga, mintaqaviy barqarorlik va demokratik islohotlarni qo’llab-quvvatlashga majbur bo’ldi.
Boshqa tomondan Obama ma’muriyatining Yaqin Sharq siyosati keng akademik e’tiborni o’ziga jalb qildi. Faoliyatining ilk davridanoq ko’p tahlilchilar, siyosatshunoslar va tadqiqotchilar yangi “Yaqin Sharq” siyosatini tahlil qilish, Obama ma’muriyati mintaqada duch kelishi mumkin bo’lgan vaziyatlar va qiyinchiliklarni muhokama qilish, tashqi siyosatning kelajagini bashorat qilish hamda yangi rahbar amal qilishi lozim bo’lgan ba’zi maslahatlarni berish bilan band bo’lishdi. Masalan, Dennis B.Ros va Jeyms F.Jefri o’zlarining “Obama va Yaqin Sharq: AQSh tashqi siyosatining strategik maqsadlari” nomli hisobotida Obama ma’muriyati mintaqada e’tibor qaratishi lozim bo’lgan asosiy masalalar haqida so’z yuritishadi. Nyu Sinchun o’zining “Amerikaning Yaqin Sharq siyosati: Ziddiyat va dilemma” va “Tanloviy intervensiya: Amerika Yaqin Sharq siyosatining o’zgarishi” nomli maqolalarida Obama ma’muriyati mintaqada duch kelgan qiyin vaziyatni tahlil qiladi hamda AQSh yaqin kelajakda tanloviy intervensiya siyosatini qo’llashini bashorat qiladi. Shahram Akbarzoda Obama ma’muriyati qo’llashni boshlagan yangi Yaqin Sharq siyosatining potensialini hisoblab chiqadi va o’zining “Amerika Katta Yaqin Sharqda: Obama ma’muriyatining siyosati” nomli kitobida yanada izchil tashqi konsepsiyasi ishlab chiqilishi lozimligini ta’kidlaydi. Lu Baolay “Obamaning Yaqin Sharqdagi yangi siyosati doimiyligi va o’zgaruvchanligi” nomli tezisida Amerikaning Isroilga nisbatan yon bosish siyosatining o’zgarmaganligi, natijada esa Yaqin Sharq islomiy dunyosi va AQSh o’rtasidagi fundamental ziddiyat yechimsiz qolayotganligi haqida o’z fikrlarini ifoda etadi.
Shuningdek, boshqa mualliflar Obama Yaqin Sharq siyosatining Eron yadroviy dasturi, Isroil-Falastin tinchlik kelishuvi jarayoni va ular o’rtasidagi harbiy harakatlar, Arab Bahori kabi jihatlariga urg’u berishgan. Misol uchun, Pyer Gurlen “Obama tashqi siyosati: Yaqin Sharq masalasi” maqolasida yangi ma’muriyat tashqi siyosatining evolutsiyasi, o’zgarishi va ta’sirlari haqida so’z yuritadi. Favaz Jerjes “Obama Doktrinasi”ni harbiy, siyosiy, diplomatik, iqtisodiy va madaniy nuqtayi-nazardan o’zining “Yaqin Sharqdagi ‘Obama Doktrinasi’ ” maqolasida o’rganib chiqadi. Trita Parsi “Shashqol o’yini: Obamaning Eron bilan diplomatiyasi” kitobida Obamaning ilk prezidentlik yillarida ikki mamlakat o’rtasidagi diplomatik aloqalarni tahlil qiladi va o’sha vaqt o’zaro ziddiyatlarni yumshatishga diplomatik imkoniyatlar mavjud bo’lganligi haqida mulohaza yuritadi. Obama ma’muriyatining Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatini yorituvchi tadqiqotlarning aksariyati mavzu va masalalarni keng qamrab olmasdan, mikro tahlillar bilan cheklanishini ko’rish mumkin. Buni mintaqadagi vaziyat beqarorligi, voqealarning shiddat bilan o’zgarishi, bevosita va bilvosita ta’sirlarning aralashib ketganligi natijasida asl vaziyatni yetarlicha tasavvur qila olmaslik bilan izohlash mumkin. Shu sababli mazkur maqolada mikro tahlillarni umumlashtirish orqali Barak Obamaning prezidentlik davrida amalga oshirilgan Yaqin Sharq siyosatini imkon qadar chuqurroq tahlil qilish va ushbu siyosatga ta’sir o’tkazgan noan’anaviy omillar, masalan Amerika xalqi milliy o’zligidagi dinamikalarni ham o’rganish maqsad qilingan.
Zamonaviy Amerika Qo’shma Shtatlarining Yaqin Sharq siyosati alohida katta yo’nalish bo’lib, u umumiy tashqi siyosatning asl maqsadlari, vektorlari va manfaatlari ushbu yo’nalishda aks etadi. Shu sababli AQSh Yaqin Sharq siyosatini o’rganish, ushbu davlatning umumiy tashqi siyosati maqsadlarini anglab olishga zamin yaratadi. Mavzuda amalga oshirilgan tadqiqotlarning aksariyati AQShning Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatini, asosan, siyosiy, iqtisodiy va harbiy jihatdan o’rganish bilan cheklanadi. Mazkur tadqiqot ishida ushbu uch omilga qo’shimcha ravishda, Amerika xalqining tashqi siyosat shakllanishiga o’tkazadigan ta’siri, Barak Obama birinchi ma’muriyati olib borgan Yaqin Sharq siyosatidagi nomuvofiqliklar, hukumatlar yuritgan tashqi siyosat o’rtasidagi o’xshashliklar va farqli jihatlar sinchiklab o’rganilgan.
Mazkur maqolaning birinchi qismi Barak Obama hokimiyat tepasiga kelishi arafasida rasmiy Vashingtonning umumiy tashqi va Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatidagi mavjud holatni izohlashdan boshlanadi. Shuningdek, yangi prezidentning o’zi uchun ma’qul tashqi siyosat tanlashi va ushbu strategiyani amalda qo’llashi bilan bog’liq holatlar yoritiladi. Ikkinchi qismda Barak Obamaning birinchi prezidentlik davri mobaynida olib borgan Yaqin Sharq siyosati, strategik va siysosiy o'zgarishlar ta'riflanadi. Aniqlik nuqtayi-nazaridan mazkur qism Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan kelgan har bir holatni emas, balki AQSh manfaatlari uchun eng yuroqi o’rinda turuvchi masalalarni o’z ichiga qamrab oladi. Uchinchi qism Barak Obama birinchi ma’muriyatining Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatini uch yo’nalish bo’yicha tahlil qilishga qaratilgan: mazkur siyosatning asosiy xususiyatlari va tub mohiyati, AQSh qo’llagan strategiyalarning asl maqsadlari va ushbu strategiyaning shakllanishi hamda qo’llanishiliga ta’sir o’tkazgan omillar.