Ekish muddatlari. O’tlarni sof yoki aralashma holida erta bahorda, shuningdek, yoz oxiri-kuz boshida ekish ularning biologik xususiyatlariga mos keladi. Ammo bu muddatlarni joyning tabiiy iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda belgilash ma’quldir.
Xo’jalik nuqtai nazaridan erta bahorda, ya’ni tuproq yetilishi bilan ekish qulayroq sanaladi, chunki bunda dukkakli va g’allasimonlarni birdaniga, bitta seyalkada ekish mumkin bo’ladi. Erta bahorda ekilganda o’tlar birinchi yili sekin rivojlanadi va kam hosil beradi, buning sabablari ularni begona o’tlar bosib ketishi va ko’pyillik g’allasimon, dukkakli o’tlarning qishki tipda rivojlanishi hisoblanadi.
Yoz oxiri-kuz boshida ekilganda yoppasiga unib chiqish uchun qulay sharoit bo’lganda yosh maysalar sovuq tushguncha ancha yaxshi rivojlanib oladi, qishning noqulay sharoitlariga yaxshiroq chidamli bo’ladi va bahordan yaxshi rivojlanib hayotining birinchi yilidayoq yuqori hosil beradi.
O’zbekiston chorvachilik ilmiy tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko’ra O’zbekistonda o’tlar urug’lari yozgi-kuzgi muddatlarda, ya’ni avgust oxiridan oktyabr oxirlarigacha ekilganda yaxshi natijalarga erishilgan. Biroq, shuni unutmaslik kerakki, bedani yetarli sug’ormaslik yoki kechikib ekish yaxshi rivojlanmasligiga qishda nobud bo’lishiga sabab bo’ladi. Buning oldini olish uchun urug’ni eng qulay muddatlarda - avgust o’rtalarida, kechi bilan 15 sentyabrgacha yaxshi tayyorlangan, begona o’simliklardan toza yerga ekish kerak.
Yozgi-kuzgi muddatlarda ekilgan dukkakli-g’allasimon o’t aralashmalari beda uchinchi juft barg yozmasdan 5-7 kun avval sug’orilishi kerak, shunda ular yaxshi qishlab chiqadi.
Ekish muddatining yana bir yo’li g’allasimon o’tlar urug’lari yozgi-kuzgi davrda ekilib, keyingi yilning erta bahorida ustiga beda urug’i ekishdir.
O’t aralashmalarini ekish usullari. O’t aralashmalari yoki ko’pyillik o’tlarni boshqa ekinlar urug’lari bilan birga ekish mumkin, bunda g’alladon ekinlari tez rivojlanib, birinchi yilda o’tlar ularning ostida qoladi. Bunday ekishni qoplovchi qilib ekish deb yuritiladi, qoplovchisiz ekishda o’tlar alohida ekiladi.
Qoplovchili qilib ekishning maqsadi o’tlar aralashmalari yoki ko’pyillik o’tlardan ular hayotining birinchi yilida ko’proq hosil olish va begona o’tlar bosishining oldini olish hisoblanadi. Ko’pincha, kuzgi javdar, kuzgi bug’doy, kuzgi arpa, bahorgi qoplovchi sifatida esa suli, arpa, bug’doy va boshqalardan foydalaniladi.
Ko’pyillik o’tlarni qoplovchi qilib ekish ularga turlicha ta’sir ko’rsatadi. Qizil sebarga, ajriqbosh, duragay sebarga, oqso’xta, mushukquyruq kabi o’tlar soyaga chidamli bo’ladi, chunki rivojlanishning dastlabki davrlarida ularning ildiz sistemasi va vegetativ organlari tez o’sadi. Oq sebarga, o’tloq qo’ng’irboshi, betaga kabi past bo’yli(ostki bargli)lar va yorug’sevar baland bo’yli-beda, esparsetlar qoplovchili ekishga chidamsiz bo’ladi. Qoplovchi o’simlikning salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida uni ekish normasini 20-25 foizga kamaytiriladi. Ko’k o’t yoki pichan uchun erta o’rib olinadigan o’simliklar g’alla-don ekinlariga nisbatan yaxshi qoplovchilar hisoblanadi. Rivojlanishining dastlabki davrlarida sekin o’suvchi-makkajo’xori, sudan o’ti, tariq kabilar qoplovchi qilib ekilganda, ko’pyillik o’tlarga ularning salbiy ta’siri kamroq bo’ladi.
Odatda, qoplovchi ekinlar urug’lari yirik, o’tlarniki esa mayda va ularning to’kiluvchanligi turlicha bo’ladi. Bunday urug’larni aralash holda ekish ancha qiyindir. To’kiluvchanligi yomon (qiltiriqsiz yaltirbosh, o’tloq mushukquyrug’i, bo’ychan mastak, betaga, o’tloq qo’ng’irboshi va boshqalar) o’tlar urug’lari alohida mashinalarda ishlanib, po’st, qiltiriq, tuk va boshqalardan tozalanadi, so’ng ularni har qanday seyalkada ekish mumkin bo’ladi.
Qoplovchi donli ekin va o’tlarning urug’larini ekish chuqurligi turlichadir, birgalikda ekilganda bu salbiy oqibatlarga sabab bo’lishi mumkin.
Yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun o’t aralashmalari ekishni kesishtirib, qatorlar orasiga va qatorlab-sepish-ekish usullari qo’llaniladi.
Kesishtirib ekish usullari qo’llanilganda, avval belgilangan urug’ ekish normasi kerakli chuqurlikka qoplovchi ekin urug’lari ekiladi, so’ng unga ko’ndalang ravishda o’tlar urug’lari ekiladi. Tuproq yuzasidan sug’oriladigan yerlarda avval dala suv yurishiga ko’ndalang ravishda qoplovchi ekin urug’lari, so’ng suv yurish yo’nalishi bo’yicha o’tlar urug’lari belgilangan norma va chuqurlikda ekiladi va ekish bilan sug’orish egatlari ochib ketiladi. Bu usulda ekish ikki mustaqil jarayondan tashkil topadi va qo’shimcha mehnat sarflari talab etiladi.
Qatorlar orasiga ekish usulida o’tlar urug’lari maxsus don-o’t ekuvchi seyalkalarda qoplovchi ekin urug’i bilan birdaniga ekiladi. Qoplovchi ekin qatorlari orasiga ekilgan ko’pyillik o’tlar urug’lari birtekis va to’laroq unib chiqadi, natijada hosili kesishtirib ekilgandagiga nisbatan yuqori bo’ladi.
O’tlar urug’larini ekish uchun don-o’t ekishga mo’ljallangan SZT-3,6 va SLT-3,6 foydalaniladi. Bu seyalkalarda o’tlar va qoplovchi ekin urug’larini ekish bilan birga o’g’itlar ham solish mumkin.
Qatorlab sepish usuli qo’llanilganda SZTN-19 seyalkasidan foydalanish ma’quldir. Bunda qoplovchi ekin urug’lari bir qatorga, yirik urug’li o’tlar ikkinchi qatorga, mayda urug’li o’tlar qoplovchi ekin va yirik urug’li o’tlar qatorlari orasiga urug’ tushadigan shlangdan sepib ketiladi. Sepilgan mayda urug’lar tuproqqa xalqa bilan ko’miladi.
Urug’larni ekish chuqurligini to’g’ri belgilash o’simlikni to’la undirib olishda muhim agrotexnik tadbirdir. Mayda urug’lar (oq va duragay sebarga, ajriqbosh, o’tloq qo’ng’irboshi) 0,5-1,5 sm, o’rtacha yiriklikdagi urug’lar (beda, qizil sebarga, betaga, oqso’xta, yaylov mastagi) -1,5-3,0 sm. va yirik urug’lar (esparset, yaltirbosh)-2-4 sm chuqurlikka ekiladi. Mexanik tarkibi og’ir tuproqlarda urug’lar sayozroq, yengil tuproqlarda chuqurroq ekiladi. Odatda, tuproqda namlik yetarli bo’lsa - sayozroq, yetarli bo’lmasa chuqurroq ekiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |