Savollar:
1. 70-80-yillarda yetakchilik qilgan janrlar?
2. Rekviyem janri tarixiy kesimda?
87
3. S. Slonimskiyning epik simfonizmini tushuntiring.
4. 70-80-yillar san’at sinteziga ta’rif bering.
5. Kontrast qarama-qarshilikka misollar keltiring.
KOMPOZITORLARNING QADIMIY FOLKLOR VA MA’NAVIY
QADRIYATLARGA MUROJAATI
Tayanch so‘zlar:
Folklor, xor kontsertlari, minimalizm, xor simfoniyasi.
70-yillarda xor kontsert janrining tiklanish davri kelgan edi, desak mubolag‘a
bo‘lmaydi. Rus madaniyati uchun an’anaviy hisoblangan bu janr uzoq vaqt davomida
kompozitorlar diqqatidan chetda qolib ketgan edi. Kontsert sahnasida XVII-XVIII asr
qadimgi xor kontsertining tiklanishi, N. Diletskiy, V. Titova, D. Bortnyanskiy,
A.Vedel, M. Berezovskiylarning o‘ziga xos va yorug‘ obrazli musiqiy dunyosi
kompozitorlarning dastlabki janrga, ya’ni Rusda mashhur bo‘lgan xor kontsertiga
bo‘lgan qiziqishni orttirdi. Musiqachilar dunyo sirlarini anglashdagi yana bir bilim
turi sifatida unga murojaat qilishgan. V. Salmanovning “Oqqushlar” (1967), “Botir
yigit” (1978), G. Sviridovning “Pushkin gulchambari” (1978), S. Slonimskiyning
“Tinch Don” (1980), A.Shnitkening Xor kontserti va “Tavba she’rlari” (1988). “Janr
xotirasi” bu yerda ham katta ahamiyatga ega bo‘lgan.
O‘z vaqtida xor kontsert janri rus xor musiqasining eng oliy ko‘rinishlaridan biri
bo‘lgan. U hayot kontrastlarini, borliqning falsafiy mazmunini to‘liq qamrab olgan.
Xor kontserti o‘zining tarixiy vazifasi bo‘yicha katta bir tarixiy davrning eng yuqori
cho‘qqisi bo‘lib uni yakunlagan. Vokal musiqasi sohasida ko‘p qatlamli sintezning
yuqori bosqichini bildirgan. Unda sovet va kult belgilari, vokal va instrumental
shakllar, kontsert va teatr ko‘rinishlari va boshqa bir qancha o‘ziga xos bo‘lgan
jihatlar birlashgan.
Sintez barqaror belgi, janrlarning tiklanishi esa qonuniyat bo‘lgan 70-80-yillar
san’ati, insoniylik qonuniyatlarini anglashda o‘ta qimmatli tajribani qamrab olgan
ma’naviy merosni o‘zlashtirishga kirishib ketgan o‘tmish tajribasi yangi shakllarda
88
ham namoyon bo‘ladi. Masalan, 70-yillarda folklor ko‘rinishining yangi shakli – xor
teatri joriy etila boshlandi. Uning paydo bo‘lishiga shiddat bilan rivojlanayotgan
televideniye turtki bo‘ldi. Zero, aynan televideniye tomoshabop va dinamik
ko‘rsatuvlarga moyillik bildirar edi. Ammo televideniye xor san’ati negizida
tomoshaboplik borligini yana bir bor tasdiqladi. Chunki xor ijrosi xalq ijrosidan kelib
chiqqan bo‘lib, uning ajralmas qismi hisoblanadi. Folklor esa o‘yin kulgi bilan
bog‘liq bo‘lib o‘zida dinamika va harakatni qamrab oladi. Folklor doimo ijrochi va
tomoshabin o‘rtasida umumiylik paydo qilishga intiladi. Ya’ni, ijro yakdilligi
natijasida kuchli emotsional ta’sirlanish yuzaga keladi. Zamonaviy folklor jamoalari
ham teatrlashgan ijro orqali tamoshabin e’tiborini o‘ziga jalb etishga, qiziqishini
uyg‘otishga harakat qiladilar.
Xor ijodiyotini shiddat bilan rivojlanishi, mavzu doirasining kengayishi, xor
simfoniya janrining yuzaga kelishiga olib keldi. S.Balasanyan, A.Leman,
I.Kalninshlarning “Kurash va g‘alaba vaqti” (1975), L.Prigojinning “Marosimlar
simfoniyasi” (1977), V.Gavrilinning “Jomlar tovushi” (1981-1982) fikrimizni
dalillaydi.
Xor simfoniyasining yuzaga kelishi ijodkorlar tomonidan dunyoning yaxlit
manzarasini yaratishga bo‘lgan ishtiyoqni, insonni zamonasini tushunish uchun
qilgan harakatining natijasi bo‘ldi.
80-yillarda xor ijodiyotining rivojlanishi, shu davrda ijod etgan jamoalar bilan
bevosita bog‘liqdir.Yurlov nomidagi kapella, “Ave sol”, V. Minin, V. Polyanskiylar
rahbarligidagi xor jamoalari shular jumlasidandir.
Ijrochilar bilan kompozitorlarning muloqoti doimo bo‘lgan. Ammo
70-80-yillarda bu muloqot mualliflik darajasiga ham ko‘tarilgan. Ba’zan bunday
umumiy ijod yangilik yaratishda juda ham qo‘l kelgan.
Faqat katta jamoalar emas, balki alohida olingan talantli yorqin ijodkorlar ham
yangi janr yoki yangi shakllarni yuzaga kelishiga sabab bo‘lishgan. Misol tariqasida
M. Plisetskayaning ijodini olaylik. Aynan shu balerina R. Shedrin uchun ilhom
manbai bo‘lgan. Uning betakror raqsi, o‘ziga xos plastikasi tufayli dunyo
tomoshabini “Karmen-syuita”, “Anna Karenina”, “Chayka” kabi balet
89
spektakllaridan bahramand bo‘lishgan. Bu spektakllar o‘z navbatida O‘zbekiston
televideniyesida balet miniatyuralarini yuzaga keltirgan. Ittifoq xalq artisti Bernara
Qorieva va kompozitor Vildanovlarning ijodiy hamkorligi natijasi bo‘lib nihoyatda
ta’sirchan va benihoya nafosatli balet sahnalari yuzaga kelgan. Uch yo‘nalishdagi
ijodkorlar hamkorligi – kompozitor, baletmeyster, balerina yangi musiqiy plastik til
yaratishgan. Ming afsuski, 70-80-yillarda boshlangan bu yo‘nalish keyinchalik
davom ettirilmadi. Ammo o‘sha yillarda yaratilgan balet spektakllar televideniyening
“oltin fondidan” joy egallab, hanuzgacha tomoshabinlarni maftun etib kelmoqda.
Kompozitorlarning ijrochi – sozandalar bilan hamkorligi davom ettirilib, aynan
shu davrda buyuk musiqachilar yetishib chiqadilar. Skripkachilardan – V. Tretyakov,
V. Spivakov, O. Kagan, V. Pikayzen, B. Gutnikov, L. Isakadze; violanchelchilardan
– N. Gutman, M. Xomitser, I. Moniketti; pianinochilardan – M. Pletnyov,
E. Virsaladze, V. Kraynov kabi buyuk musiqachilarni aytib o‘tish kifoyadir. Mazkur
musiqachilarni xalqaro miqiyosda egallagan nufuzi kompozitorlar ijodini yanada
ildamlashtirdi. Musiqachilar imkoniyatini e’tiborga olgan holda yangi asarlar
yaratildi.
Instrumental kontsertlar bobida 70-80-yillarda yaratilgan asarlar janr cho‘qqisi
desak, hech bir mubolag‘a bo‘lmaydi. Turli sozlar uchun kontsertlarni katta avlod
kompozitorlari yaratadilar. Kontsertlarni E. Denisov, A. Shnitke, B.Tishenko,
S. Gubaydulina, A. Leman, G. Banshikov, B. Chaykovskiy, R. Ledenyov, Y. Butsko,
B. Getselyevlarning ijodida ko‘rishimiz mumkin. Kompozitorlarning yosh
avlodidan– A. Chaykovskiy, A. Golovin, S. Berinskiy, Y. Podgayt, M. Yermolayev,
R. Kongro, V. Lobanov, T. Sengeyeva, Y. Firsova, D. Smirnov, A. Raskatovlar
instrumental kontsertlarning yangi avlodiga mualliflik qildilar.
Kompozitorlar o‘z fikrini bayon etishda yangi shakllarni qadimgi janrlarda
izlashadi. Jumladan, “koncherto grosso” janri qator yangi kontsertlarga asos yaratdi.
Masalan, P. Plakidisning Orkestr va fortepiano uchun kontserti (1975), A. Lemanning
orkestr va fortepiano uchun simfonik kontserti (1980).
Mazkur davrda ikkitalik kontsert shakllariga bo‘lgan qiziqish ham kuchaydi. Bu
yo‘nalishda A. Golovinning Alt, violanchel va orkestr uchun “Kontsert-simfoniya”si,
90
Alt, fortepiano va orkestr uchun “Kontsert-simfoniya”si, G. Fridning Fagot,
fortepiano va torli sozlar uchun kontserti (1981) Y. Podgaytsning Ikkita skripka va
kamer orkestr uchun kontsert (1988) asarlari yaratildi.
Kompozitorlar uchun an’anaviy yakkaxon bo‘lgan sozlar – fortepiano, skripka ,
violanchellardan tashqari, nisbatan kam ishlatiladigan sozlarga kontsertlar yaratish
boshlandi. Masalan, E. Denisov fortepiano, skripka, violanchel va orkestrlarga
yozgan kontsertlari qatorida fagot va violanchel, alt, ikkita alt, fleyta va orkestrlar
uchun kontsertlar yozib beradi.
Bu yo‘nalishda ayniqsa alt sozining o‘rni o‘ziga xos bo‘ldi. Kompozitorlarning
e’tiborini o‘ziga qaratgan alt sozi inson ovoziga yaqin bo‘lgan tembri bilan, ijrosidagi
chuqurligi bilan ajralib turar edi. Mazkur sozning aynan shu xususiyatlari
kompozitorlarning ma’no ko‘lamini aks ettirish va kuylash intonatsiyasi ustida ishlov
berish yo‘lidagi izlanishlariga qo‘l keldi. Buyuk D. Shestakovichning oxirgi
opusining alt soziga bag‘ishlangani ham bejiz emasdir.
Falsafiy chuqurlikka, murakkab obrazlilikka ega bo‘lgan mazkur asar, musiqiy
tilining yangi bosqichga ko‘tarilganligi bilan ham ajralib turadi. Buyuk
kompozitorning alt sozi uchun yaratgan opusi musiqa tarixida yangi sahifa ochib,
keyingi avlod kompozitorlari tomonidan ustozning vasiyati sifatida qabul qilinadi.
Alt soziga bo‘lgan qiziqish XX asrning 20-yillarida paydo bo‘lgan. Undagi
imkoniyatlar yakkaxon soz sifatida idrok etilishiga ko‘maklashgan. Alt sozi
maktabining asoschilaridan V. V. Borisovskiy, katta avlod vakillari Y. V. Straxov,
M. N. Terianlarning ishini Y. N. Kramarov va F. S. Drujininlar davom ettirganlar.
Ammo alt sozining qayta tiklanishi deb, 70-80-yillarni aytsak, hech bir mubolag‘a
bo‘lmaydi.
Yillar ketma-ketligidan biroz ildamlab ketib, shuni aytish mumkinki,
O‘zbekistonda bu sozga bo‘lgan qiziqish asrimizning 10-yillari bilan bog‘liq.
Mustaqillikning sharofati bilan O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga Fransiya,
Olmoniya davlatlari konservatoriyalaridan mashhur musiqachilar taklif etiladilar.
Ayniqsa, Barokka davri kompozitorlarining asarlarini ijro etilishi, alt sozidan
o‘tkazilgan mahorat darslari, sozga bo‘lgan qiziqishni orttiradi. O‘zbekiston davlat
91
konservatoriyasining ustozlaridan biri D. P. Ochinnikovning jonbozligi tufayli
qadimiy, noyob alt sozi topilib, restovratsiya qilinadi.Uni ilmiy o‘rganib, tadqiqotlar
olib boriladi. Keyinchalik bu soz uchun Respublikamizda va chet ellarda o‘tkazilgan
kontsertlar katta muvaffaqiyatga ega bo‘ladi.
70-80-yillarga qaytib shunga alohida urg‘u berish kerakki, aynan shu paytda
boshlangan to‘lqin XXI asrning 20-yillariga qadar davom etib kelmoqda.
Fikrimizning dalili sifatida zamonamizning ulkan musiqachisi Y. Bashmetning
ijodini keltirishimiz mumkin. O‘z ijodiy yo‘lini 70-80-yillarda boshlagan
Y. Bashmet, alt sozida ustalik bilan ijro etgan asarlari tufayli mashhur bo‘lib ketgan.
Alt soziga bir tomondan kompozitorlarning, ikkinchi tomondan tomoshabinlarning
qiziqishini orttirgan musiqachi bir qator yangi asarlar yaratilishiga sababchi bo‘lgan.
E. Denisov, A. Eshpay, V. Barkauskas, A. Shnitke, A. Chaykovskiy,
A. Golovinlarning alt sozi uchun yaratgan asarlari, mazkur sozning yangidan talqin
etilishining natijasi bo‘lgan.
Kezi kelganda shuni ham qo‘shib qo‘yish mumkinki, Y. Bashmet O‘zbekistonga
ko‘p marotaba tashrif buyurgan. Uning Alisher Navoiy nomidagi Katta akademik
Opera va balet teatri sahnasida (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat
akademik katta teatri), Xalqlar Do‘stligi saroyi (hozirgi “Istiqlol san’at saroyi”)da
o‘tkazgan kontsertlari O‘zbekiston tomoshabinlarida katta qiziqish uyg‘otgan. Ijrochi
musiqachilarning ijodi kompozitorlarga katta ta’sir o‘tkazib, yangi asarlar
yaratilishiga turtki bo‘ladi. O‘z navbatida ko‘pgina kompozitorlarning o‘zi ham usta
ijrochi bo‘lib, asarlarini o‘zlari tomoshabinga taqdim etadilar. Tarixda o‘z asarlariga
dirijyorlik qilgan kompozitorlarni eslashimiz mumkin. Zamonamizda ham bunday
misollar talaygina.T. Sergeyeva, V. Ryabov, M. Yermolayevlar shular qatoridadir.
Mohir ijrochilarning ijodi tufayli esdan chiqib ketgan janrlar yangidan yuzaga
keladi. Misol tariqasida fortepiano transkriptsiyalarini aytib o‘tishimiz mumkin.
Pianist M. Pletnyovning P. Chaykovskiyning “Yong‘oq chaquvchi” baleti,
R. Shedrinning “Anna Karenina” baletlari musiqasining transkriptsiyalari, asarlarning
obrazliligini saqlab qolgan holda yangi bo‘yoqlar bilan boyitadi. Ijrochining
92
ta’sirchan va virtuoz ijrosi ma’lum va mashhur musiqa asasrlariga yangi hayot
baxshida etadi.
70-80-yillarning yangi badiiy yo‘nalishi sifatida vaqt va muvozanat
masalasining yangidan talqin etilishini aytishimiz mumkin. Bu tushunchalarning
ko‘lami kengayib, sifat yangi bosqichga ko‘tariladi. Jumladan, tovush berish
imkoniyatlarining kengayishi stereofonik apparaturaning paydo bo‘lishi – yangi
fikrlashni yuzaga keltirib, yangi tembr, yangi intonatsiyalar paydo bo‘ladi.
Yangilanish faqat tashqi ko‘rinishdagina bo‘lmasdan, balki ichki qurilmalarga ham
ta’sir etmay qolmaydi. Masalan, A. Shnitkening Birinchi simfoniyasi fikrimizning
yorqin dalilidir.
Vaqt tushunchasini yangidan anglash meditatsiya, monolog shaklida yozilgan
asarlarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu asarlar shoshilmasdan, sekin tempda
chalinib, ijro jarayonida ancha vaqtni talab etadi. V. Silvestrovning “Sokin
qo‘shiqlar”i, N. Sidelnikovning vokal to‘plamlari shular jumlasidandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |