Y. Yuzelyunasning Beshinchi simfoniyasi (1982).
Umuman olganda, boshqa
respublikalar kompozitorlari singari Boltiqbo‘yi kompozitorlari ham 70-80-yillarda
sermahsul ijod qilishgan. Ularning ijodida katta hajmli opera, simfoniya kabi
asarlardan tashqari, aralash shaklda yozilgan eksperimental asarlar ham talaygina.
Bularning qatorida Y. Yuzelyunas tomonidan yozilgan simfonik asarlar o‘ziga xos
o‘rin egallaydi.
Y. Yuzelyunasning Beshinchi simfoniyasi “Vodiylar qo‘shig‘i” deb nomlanib,
o‘z nomiga monand ravishda epik mavzu bilan ajralib turadi. Asar janri simfoniya
deb belgilangan bo‘lsa-da, torli orkestr va ayollar xori uchun yozilgan. Asarning
intonatsion rivojlanishi xalq ijodiyoti namunasi – sutartines qo‘shiqchiligi
an’analariga asoslangan.
J. Pliyevaning Uchinchi simfoniyasi (1979).
Kavkaz mavzusi davrning yosh
kompozitorlari ijodida ham baralla yangraydi. 70-80-yillarga kelib Osetiya
kompozitorlik maktabi shakllanadi. Nisbatan yosh kompozitorlar o‘zining
dunyoqarashini, zamonga, atrof-muhitga bo‘lgan munosabatini yangi musiqiy til
vositasida namoyish qilishga harakat qilishadi. Uchinchi simfoniyasida J. Pliyeva
146
an’anaviy qo‘shiq variantligini sonorika, aleotorika uslublari bilan taqqoslashga
harakat qiladi. Bir necha musiqiy vositalar qatlami bir-biri bilan taqqoslanar ekan,
hayot go‘zalligi, yangilanishi haqidagi fikrlar yana bir karra tasdiqlanadi.
Simfoniyaning yakuniy qismida fonogramma orqali bolalarning yig‘isi va
kulgusining musiqiy to‘qimaga ulanishi asar g‘oyasini yanada aniqlashtiradi.
G. Kanchelining simfoniyalari
.
Gurjiyaning go‘zal tabiati, osmono‘par tog‘lari,
g‘urur va donoligi bilan ajralib turuvchi insonlari G. Kancheli asarlariga ilhom
manbai bo‘lib xizmat qiladi. Kompozitor simfonik asarlari orqali o‘z xalqining
matonatini, mehnatkashligini tasvirlaydi. Aynan G. Kanchelining simfoniyalari
Gurjiyaning musiqiy madaniyatida yangi sahifa ochdi.
Kompozitorning simfoniyalarini o‘sha davrda butun Ittifoqda mashhur bo‘lib
ketgan Gurjiya kinofilmlari bilan solishtirish mumkin. Masalan, bugungi kungacha
O‘zbekiston telekanallarida doimo uzatilib turadigan I. Chxaidze, Shengelaya kabi
rejissorlarning qisqa metrajli filmlari. Bu filmlarda aniq va yorqin bo‘yoqlar orqali
Gurjiyaning kechagi va bugungi kuni, go‘zal odamlari, urf-odatlari namoyish etiladi.
Shu bilan birga mazkur kinofilmlarni o‘ziga xos shoirona tili mavjud.
G. Kanchelining ham musiqasida ana shunday o‘ziga xoslik bor. Kompozitorning
asarlarida kurash, qarama-qarshilik, harakat kabi dinamik usullarni uchratmaymiz.
Aksincha, kompozitorning musiqiy tili nihoyatda tiniq va sokindir. U go‘yoki
qadimiy gurji afsonalari singari shoshma-shosharlikni yoqtirmaydi. O‘xshatishlar,
timsollar, esdaliklar orqali astalik bilan voqealar bayon etiladi. Shuning uchun ham
harakatga chaqiruvchi simfoniyalarning o‘rnini kuzatuv va falsafiy fikrlashga
qaratilgan simfoniyalar egallaydi.
G. Kanchelining simfoniyalarini insoniylik va ulug‘vorlik birlashtiradi. Ularning
barchasiga falsafiylik va go‘zallik xosdir. Kundalik muammolardan yuqori turadigan
tushunchalar kompozitorni qiziqtiradi. U o‘z asarlari orqali abadiy qadriyatlar haqida
so‘zlaydi. Bunday obrazlarni musiqiy til bilan tasvirlashda ekspressiv bo‘yoqlardan
foydalanadi.
Kompozitorning dunyoqarashi zamonaviy muammolardan ustun keladigan
o‘lchamlar bilan fikrlashida seziladi. Yangi obrazlar, yangi musiqiy tafakkur yangi
147
musiqiy uslublarni talab etadi. Shunga ko‘ra kompozitor simfoniyaning yangi
shaklini ixtiro etadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Simfoniyalarning mazkur turi
monolog yoki she’riy-monolog deb belgilangan. (210, 295)
G. Kancheli Ikkinchi simfoniyasidan e’tiboran bir qismli simfonik monologlar
yarata boshlaydi. Mazkur monologlarda lirik kuzatuvlar shiddatli xarakatlar bilan
almashib keladi. Kompozitor asosiy e’tiborini tovush rango-rangliliga, yorqin
koloritiga qaratadi. Asarda hatto stereofonik vositalar ham qo‘llaniladi. Sababi, bir
paytning o‘zida psixologik aniqlik orqali berilgan insonning boy ichki dunyosi bilan,
vaqt o‘lchamidan yuqori turgan, umumlashtirilgan tashqi muvozanat tasvirlanadi.
Kompozitor o‘zining To‘rtinchi simfoniyasini Uyg‘onish davrining buyuk
rassomi Mikelanjeloga bag‘ishlaydi. Mazkur simfoniyada monumental obrazlilik
bilan chuqur psixologik aniqlik birlashadi. Keskin kontrastlilik – romantizmga xos
bo‘lgan bo‘rttirib tasvirlash simfoniyada yanada shiddat bilan ko‘rsatiladi. Asosiy
taqqoslanish turg‘unlik va shiddatli xarakat o‘rtasida kechadi.
Simfoniyaning rivojlanishi tovushlarning sokinlik bilan ijro etiladigan bo‘limlari
va his-hayajon bilan to‘lib-toshgan bo‘limlarining ketma-ketligida kuzatiladi.
Kompozitor mazkur simfoniyasi orqali musiqiy tafakkur, kengroq oladigan
bo‘lsak, umuman badiiy ijod haqida fikrlaydi. Uyg‘onish, romantizm davrlari bilan
XX asr ijodiyotini birlashtiradi.
G. Kancheli ijodida yangi musiqiy-dramaturgik vositalarni izlash va ixtiro etish
istagi ko‘zga tashlanadi. Kompozitor yangi liriko-epik fikrlash uslubini yaratadi.
Ya’ni, bir holatga ma’lum bir vaqt davomida chuqur kirib borish va aynan shu
muvozanatda fikrlash. Bunday fikrlash sharq madaniyatiga xos bo‘lgan meditatsiyani
eslatadi. Hind, yapon, koreys musiqiy madaniyatlarida keng qo‘llaniladigan
meditatsiya vositalari G. Kancheli tomonidan ijodiy o‘zlashtiriladi. Uning
simfoniyalarida ikki qatlam bir-biriga qarama-qarshi qo‘yiladi. Bir tomondan
meditativ fikrlash simfoniyalarning katta qismini tashkil etadigan bo‘lsa, ikkinchi
tomondan his-hayajon va harakat obrazlari qisqa va lo‘nda beriladi. Aynan shu
harakat obrazlarida simfoniyaning shiddatli energiyasi sezilib turadi.
148
XX asrning deyarli barcha kompozitorlari kino uchun musiqa bastalaganlar.
20-yillarning oxiriga kelib tovush bilan boyitilgan kino san’ati davr kompozitorlarini
yangicha fikrlashga, yangi musiqiy til va uslublarni ixtiro etishga chorlagan.
G. Kanchelining ijodi ham bundan istisno emas. Gurjiya kinofilmlari uchun qator
musiqiy asarlar yozgan kompozitor, musiqiy fikrni kadrlarga ajratishni o‘rgangan.
Ya’ni, o‘rtadagi bog‘lovchi vositalarsiz, turli sahnalar montaj uslubi bilan bir-biriga
bog‘lanadi. Shunda turli rango-rang obrazlarning ketma-ketligi, mutlaqo yangi
mazmun yaratadi.
Kino san’atidan musiqaga kirib kelgan montaj uslubi, XX asrning oxirgi
choragida turli musiqiy uslublarning ketma-ket namoyish etilishiga asos bo‘lib
xizmat qiladi. Turli davr uslublariga tegishli bo‘lgan musiqiy matnlar
tomoshabinning assotsiativ bilimiga tayangan holda yangi mazmun kasb etadi.
Masalan, G. Kanchelining Beshinchi simfoniyasida (1974) klavesin sozining mayin
ovoziga mumtoz simfonik orkestrning ijrosi qarama-qarshi qo‘yiladi. Bunday
taqqoslanishda chuqur ma’no bor. Klavesin sozining ijrosini o‘tmish deb qabul
qiladigan bo‘lsak, simfonik orkestrning baralla yangrashida bugungi kun
gavdalanadi.
Yana bir ma’no shundaki, turli usulublarning taqqoslanishida hayoliy va
realistik dunyolar birlashuvi kelib chiqadi. Simfoniyaning umumiy fojeaviy
yo‘nalishi esa, umuminsoniy fojea taassurotini keltirib chiqaradi. To‘satdan ochilib
ketgan jarlik dunyo oxirati manzaralarini tasvirlaydi.
G. Kanchelining ijodi Gurjistonning hayoti, go‘zal manzarasi, xalqining
dunyoqarashi bilan yo‘g‘rilgandir. Shunga ko‘ra kompozitorning simfonik ijodida
ham xalq musiqasi bilan simfonik tafakkur birlashib ketgan. Xalq san’ati bilan
zamonaviy musiqiy tilning birligi bayon etishning epik uslubini keltirib chiqargan.
Natijada kompozitor partituralarining o‘ziga xos stereofonik yangrashi yuzaga
kelgan. Bu taassurotni sonoristik uslublar bilan ko‘p ovozli o‘ziga xos garmoniyalar
kuchaytiradi.
G. Kanchelining simfoniyalari Gurjiston musiqa madaniyatida yangi sahifa
ochadi. Uning ijodi yangi avlod kompozitorlariga katta ta’sir o‘tkazadi. Ayniqsa, bir
149
qator simfoniyalar yaratgan S. Nasidzeni G. Kanchelining davomchisi desak,
mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuni ta’kidlash joizki, G.Kanchelining simfoniyalari sof
milliylikka qarata qo‘yilgan dastlabki qadamdir.
Xulosa o‘rnida shuni qayd etish mumkinki, 70-80-yillarga kelib barcha
respublikalarda kompozitorlik maktablari shakllanadi. Professional ijodkorlar
tomonidan yaratilgan simfoniyalarda milliylik barq urib turadi. Deyarli har bir
respublika kompozitorlari o‘zining uslubiga, betakror musiqiy madaniyatiga ega
bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |