1904 yildagi Angliya-Fransiya bitimi
Fransiya «Uchlar ittifoqi»ni zaiflashtirib, Italiya bilan yaqinlashni yo’lini tutdi. Chunki Italiya Fransiya bilan olib borilayotgan savdo urushidan katta zarar ko’rayotgan edi. Bojxona janjallariga chek qo’yish maqsadida Fransiya bilan Italiya o’rtasida savdo shartnomasi tuzildi. 1900 yidda Italiyada iqtisodiy inqiroz yuz berib, u katta miqdorda Fransiyadan kredit oldi.
1902 yilgi bitimga muvofiq Fransiya Tripolitaniyaga bo’lgan da‘vosidan, Italiya esa Marokashga bo’lgan da‘vosidan voz kechdi. Fransiya bilan Italiya shuningdek, harbiy nizolar paytida betaraflikni saqlash majburiyatini oldilar. Bu bitim imzolanishi bilan amalda Italiyaning «Uchlar ittifoqi»dan chetlanishi, ya‘ni Italiyaning undagi ishtiroki bundan keyin foydasiz ekanligi ma‘lum bo’lib qoldi.
1904 yil aprelida Angliya va Fransiya hukumatlari mustamlakachilik masalalari yuzasidan kelishib oldilar. Fransiya «Angliyaning Misrdagi harakatlariga bundan buyon to’sqinlik qilmasligini» Misrning inglizlar «ta‘sir doirasida» ekanligini e‘tirof qildi. Bunga javoban ingliz hukumati Fransiyaning Marokashdagi harakatlariga to’sqinlik qilmaslikka va‘da berdi. Maxsus tuzilgan maxfiy bitimda Marokash sultoni «o’z vazifasini bajara olomasligi» ehtimoldan xoli emasligi va shunday bo’lgan taqdirda Marokash hududining Gibraltar bo’g’oziga bevosita tutashgan qismi Ispaniyaga berilishi, Marokashning qolgan qismini Fransiya o’z qo’liga olishi ko’zda tutilgan edi. Ingliz hukumati Gibraltar bo’g’ozi Fransiyaning emas, balki Angliya uchun «xavfsizroq» Ispaniya tasarrufida bo’lishini afzal bildi.
Fransiya Germaniyaning agressiyasidan xavfsirardi. 1904 yil oxirida Germaniya hukumati Rossiyaning rus-yapon urushda mag’lubiyatga uchrashdan foydalanib, uni o’zi uchun qulay bo’lgan savdo shartnomasini tuzishga majbur qildi.
Vilgelm II bu bilan cheklanmay, Nikolay II bilan Rossiya -Germaniya o’rtasida ittifoq tuzish haqida og’zaki muzokaralar boshladi. Shartnoma tuzilgan taqdirda Fransiyaning Rossiyaga
qarshi urush boshlashi uchun yo’l ochilgan bo’lardi. Nikolay II Vilgelm II talablarini rad etdi. Germaniya mavjud vaziyatni hisobga olib ingliz-fransuz «Antanta»siga qarshi chiqdi. Vilgelm II Marokash mustaqilligini himoya qilish niqobi ostida 1905 yil 31 martda Marokashning Tanjer portiga bordi. U o’z nutqida Germaniya Marokashga boshqa davlatlar bilan bir qatorda «teng huquq» berishni ta‘kidladi. Shundan so’ng Germaniya hukumati xalqaro konferensiya chaqirishni talab qildi.
Germaniya konferensiyadan Marokash haqidagi ingliz-fransuz bitimini bekor qilish uchun foydalanishni nazarda tutardi. Fransiya Marokash masalasini xalqaro konferensiya muhokamasiga qo’yishga rozi bo’ldi. Fransiya Bosh vaziri Ruve esa Marokash masalasida Germaniya bilan muzokara boshladi.
1906 yil yanvarda Ispaniyaning Alxesiras shahrida Marokash masalasi bo’yicha xalqaro konferensiya boshlandi. Konferensiyada Germaniya yakkalanib qoldi. Angliya, Rossiya va hatto Germaniyaning rasman ittifoqchisi bo’lgan Italiya ham Fransiyani qo’llab-quvvatladi. AQSH ham Fransiyani quvvatlab chiqdi. Germaniya Marokashdan Fransiyani «siqib» chiqara olmadi. Marokash suveren davlat deb e‘lon qilingan bo’lsada, amalda uning mustaqilligi cheklandi. Marokash polisiyasini tashkil qilish Fransiya bilan Ispaniyaga (har biri o’z «ta‘sir doirasida») topshirilgan edi. Bu avvalo, Fransiyaga «tartib saqlab turish» bahonasi bilan Marokashda o’z ta‘sirini o’tkazib turish imkonini berdi.
Marokash davlat bankini tashkil qilish masalasida Germaniyaga «yon berildi». Bu bank german, ingliz, fransuz va ispan banklari ishtirokidagi konsorsium asosida tashkil qilinadigan bo’ldi. Marokashning bojxona daromadi xalqaro nazorat ostiga olindi. Biroq Germaniya Marokashdan «umidini uzmadi».
Do'stlaringiz bilan baham: |