IKKI YOVUZ GIRDOBIDA
Toʻxtasin Moʻminov oʻzining “Turkiston ikki asr girdobida” kitobida yozishicha, Buxoro amiri Rossiya bilan munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, Astraxanda ruslarga qarshi koʻtarilgan isyonda ishtirok etgan va asrga tushgan buxorolik oltin toparlarni ozod qilish maqsadida Pyotr birga qimmatbaho buyumlar yuklangan yuzta tuya joʻnatadi. Karvonga toʻpchiboshi Xonquli (islom dinini qabul qilgan rus asiri Andrey Rodikov) boshliq etib tayinlanadi. Rossiya imperatori Pyotr I murojaatga rozi boʻlmaydi. Buxorolik
Ashur (Xonqulining oʻgʻli), Olim Shayxov va Bahodir Toshimov oltin konlarini izlash uchun Sibirga surgun qilinadi.
Ashur Oʻrol togʻlarida katta oltin va kumush konlarini topadi. Olim Shayxov ham keyinroq Pyotr birinchi tomonidan Germaniyaga ana shunday vazifa bilan – oltin konlarini topish maqsadida joʻnatiladi. U Germaniyada bu borada oʻzini koʻrsatadi. Uzoq yillar Drezden universitetida togʻ-kon ishidan talabalarga dars beradi. 97 yoshgacha yashagach, universitet bogʻiga musulmon ahkomlari boʻyicha dafn etiladi. Bahodir
Toshimov esa Oʻrol togʻlarida bir necha kumush va qoʻrgʻoshin konlarini topadi. (T. Moʻminov, “Turkiston ikki asr girdobida”. Toshkent-2013 yil, 16-17–betlar).
Shunday qilib, Pyotr birinchi Turkiston oʻlkasiga har xil ekspeditsiyalar joʻnatib,
Markaziy Osiyodagi oltin konlarining va qazib olinayotgan qimmatbaho metallar hajmini aniqlashning uddasidan chiqolmagan boʻlsa-da, nomlari zikr etilgan buxorolik mutaxassislarning yordamida oʻz davlatida yangi konlarni kashf etgan.
Qisqasi, Rossiyaning Pyotr birinchidan keyingi hukmdorlarining, jumladan, bolsheviklarning ham fikri-xayoli Amirning xazinasini qoʻlga kiritishga qaratilgan bosqinchilik harakatidan iborat edi.
Buxoro Amirining xazinasi haqida koʻp yozilgan, ayniqsa, soʻnggi yillarda. Ularda tarixchilar va boshqa sohalar mutaxassislari ayni masalaga oʻzlarining qarashlarini, xazinaning taqdiri-yu miqdorini bayon etishgan. Tarixchi Qahramon Rajabovning fikricha (“Fayzulla Xodjayev”, Tashkent – 2011 g, str 14), 1920 yili xazinaning talontaroj qilingan oltin va boshqa qimmatbaho ashyolari hajmi bugungi narxlarda taxminan 80 milliard dollardan kam emas. Oʻsha yillari bu boylik, deb taʼkidlaydi muarrix, taxminan 77 mln. tilla rubl deb baholangan. “Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, deb yozadi Nikolay Kucherskiy, Buxoro Amirining 1920 yildagi oltin zaxirasi 250 tonna boʻlgan”. (N. Kucherskiy, “Zoloto Kziʼlkumov”, Tashkent-2002 g, str 25).
Biroq bu xazina qayerga va qanday yoʻqolgan? Mangʻit xonlari sulolasining Amirlikdagi yuzlab yillik hukmronligi davrida toʻplangan boylik, haqiqatan ham, shunchalar koʻp boʻlganmi? Lekin yana xayolga xalqona bir hikmat keladiki, “yoʻqolgan pichoqning sopi oltindan”.
Arxiv materiallarini oʻrganish jarayonida har xil papkalardan joy olgan ishlar (delolar), shuningdek, operativ, kuzatish, tergov va boshqa hujjatlar toʻplamlarida saqlanayotgan alohida, “yoʻl-yoʻlakay” yigʻilgan, muayyan vaqt, joy va shaxsga unchalik bogʻliq boʻlmagan maʼlumotlarga ham duch keldikki, shunga qaramay, mazkur epizodlarning Buxoro Amiri xazinasiga daxldorligi bor, deb oʻylash uchun asos boʻla oladi. Ushbu materiallar umumlashtirilsa, Buxoro hukmdorining boyligi atrofida yuzaga kelgan vaziyat haqida muayyan xulosalar chiqarish imkonini beradi. Ayni paytda, xazinaning talon-taroj qilinish koʻlamiga yaqin manzara ham namoyon boʻladi.
Avvalo, xazinaga oid ochiq maʼlumotlarni shunchaki oʻrganib chiqishning oʻzidan ayon boʻladiki, saltanatda qancha oltin, brilliant va boshqa qimmatbaho boyliklari boʻlganini, hatto Amirning oʻzi ham bilmagan. 1918 yilda Rossiyada amalga oshirilgan davlat toʻntarishidan keyin “qullar va ochlar dunyosi”ning kurashlari bu oʻlkalarga ham yetib kelishini, shuningdek, Qoʻqonda yuz bergan qonli voqealarni hisobga olib, hukmdor xazinasida hisob-kitob oʻtkazish va uni talon-tarojdan muhofaza qilish lozim degan xayollarga borgandir. Ishlari oʻngidan kelsa, mavjud xazinaning muayyan qismini xorijiy mamlakatlarning banklariga omonatga qoʻyib, foyda olishni ham oʻylagandir.
Amirning oʻz xazinasining hajmini aniqlash masalasida ayni qarorga kelishining boshqa talqini ham bor: masalan, Amirni bunday qarorga kelishga, qushbegi (Bosh vazir)
Nasrullo undagan boʻlishi mumkin. Qushbegining boshini esa chor Rossiyasining Buxorodagi siyosiy agenti A. Ya. Miller aylantirgan. (U 1917 yili Rossiya muvaqqat hukumatining ham Buxorodagi vakili boʻlgan). A. Ya. Miller nega bunday qilganini anglash qiyin emas.
Darvoqe, tirix kitoblarida oʻz vaqtida “Kolesov fitnasi” (1918 yilning marti) deb atalgan voqealardan koʻp oʻtmay, arkoni davlatdagi Buxoro Amirining xazinasiga oid sirlardan voqif boʻlgan yagona odam – qushbegi Nasrullo oʻldiriladi.
Demak, aniq boʻladiki, Amir oʻz xazinasini talon-tarojdan saqlab qola olmagan. 1920 yil sentyabr oyining boshida Buxoroni bosib olgan M. Frunze qoʻshinlari komandirlarining birinchi qilgan ishi aholiga – “ezilgan xalqqa” – gʻamxoʻrlik koʻrsatish emas, balki Said
Olimxon tashlab ketgan Arkdan Amirning xazinasini izlab topish boʻlgan. Shunday qilib, bosqinchilar oʻzini oʻtga-choʻqqa urib izlab topgan xazinaning bir qismi temir yoʻl vagonlariga (ayrim manbalarga qaraganda – 14, boshqalarida qayd etilishicha – 18 vagon) zudlik bilan yuklangan va Markazga joʻnatilgan.
Buxoro amirlarining umumiy boyligi – xazinasining miqdori haqida har xil taxminlar yuradiki, qay biri haqiqatga yaqinligini aytishga til ojiz. Jumladan, nomi zikr etilgan “Turkiston ikki asr girdobida” kitobida (Oʻsha kitob, 115-bet) qayd qilinishicha, xazinada quyidagicha boylik boʻlgan:
1 mln. 148 ming 380 dona Buxoro tilla tangasi. Qayd etilganki, tangalar 950 probali;
4 mln. 635 ming 100 dona rus tilla tangasi;
17 tonna Gamburg oltini;
62 mln. 834 ming 780 dona Buxoro tilla tangasi.
Shaxsan Amirga va uning oilasiga 968 karat, yana 8617 karat har xil kiyimlarga qadalgan brilliantlar mansub boʻlgan.
Fikrimcha, bu uzundan-uzoq roʻyxatni davom ettirishga ehtiyoj yoʻq.
Xazinaning qancha qismini M. Frunze Moskvaga olib ketgani haqida aniq maʼlumot yoʻq, zero, hisob-kitob yuritilmagan. Ayni paytda, joʻnatilgan boylik Moskvagacha toʻla yetib bormagan. Buni M. Frunzening harbiy eshelonini Moskva shahrida F. Dzerjinskiy boshliq VCHK (Butunittifoq Favqulodda Komissiyasi) xodimlari kutib olganidan ham bilsa boʻladi. ChK Amirning ayrim (eng bebaho) qimmatbaho mulki yoʻlda yoʻqolganidan xabar topgan edi. Shaxsan V. Leninning aralashuvi bilan M. Frunze va uning komandirlari oʻzlarining boshiga tushishi mumkin boʻlgan eng dahshatli baloqazolardan qutulib qolgan.
Eʼtibor bering, ana shunday sharoitda qurol-yarogʻ (1000 samolyot, 300 ogʻir artilleriya, 200 bronli avtomobil va hokazo) sotib olish uchun nemislar tomonidan maxsus tashkil etilgan “Vogra” harbiy guruhiga 1921 yilning avgustida 2 million rubl miqdoridagi oltin toʻlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |