Ts – Texnik samaradorlik;
RTs – Resurslarni taqsimlashning samaradorligi.
Kaliforniya shtati universiteti professori Rojer Arnold fikricha «Samaradorlikka marjinal daromadlar marjinal xarajatlarga teng bo’lganda erishiladi».8
AQSh olimlari K.Makkonnell va S.Bryular ikki turdagi samaradorlikni farqlashadi: ishlab chiqarish samaradorligi va resurslarni taqsimlashning samaradorligi: «Ishlab chiqarish samaradorligi bu ma’lum bir mutanosiblikdagi tovar va xizmatlar miqdorini eng kam xarajat bilan ishlab chiqarishdir....Resurslarni taqsimlashning samaradorligi esa, aksincha jamiyatning tovar va xizmatlarga bo’lgan extiyojini to’laroq qondirilishini ifodalaydi»9. Ya’ni, resurslarni taqsimlashning samaradorligi nazariyasiga ko’ra, birinchi o’rinda resrslar tejami emas, balki jamiyatning ma’lum turdagi tovar va xizmatlarga bo’lgan talabining qondirilishi yotadi.
Edvin Dj. Dolan va Devid Ye.Lindseylar ishlab chiqarish samaradorligi haqida ham fikr yuritishib, uni: “Mavjud bilim darajasi va ishlab chiqarish resurslaridan foydalanib, boshqa bir nechta mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatini yo’qotmasdan, eng ko’p mahsulot ishlab chiqarish jarayonidir”10 deb tushuntiradilar.
Ular bu ta’rifda samaradorlikni oshirishni, ixtisoslashtirish bilan mustaxkam bog’lab olib borishni nazarda tutganlar. Agar asosiy mahsulot deb olinadigan mahsulot muhim ahamiyat kasb etadigan bo’lsa, albatta qo’shimcha va yordamchi mahsulotning ham ahamiyati yo’qolmaydi. Agar boshqa mahsulotlar ham asosiy mahsulot bilan tenglasha oladigan darajada ahamiyatli bo’lsa, u holda eng samaralirog’ini yetishtirish bilan shug’ullanish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Bir qator iqtisodchilar: (A.O’lmasov, M.Sharifxo’jayev, I.Ya.Petrenko, P.I.Chujinov)“Ishlab chiqarish samaradorligi ishlab chiqarish xarajatlari bilan olingan natijaning o’zaro nisbatidir”11–deb, «Yer maydoni birligi hisobiga olingan mahsulotni, yer sifatini va tejamkorligini yo’qotmagan holda ko’paytirib borishdir»12 -deb ta’kidlashgan.
Bu fikrlar, samaradorlikning ta’rifidan kelib chiqqan fikrlar bo’lib, aslida gap shu olingan natijaning qanday qilib va qanday xarajatlar va qanday resurslar evaziga hosil bo’lishini tahlil qilishdadir.
Samaradorlik to’g’risida shug’ullangan ba’zi xorijlik iqtisodchilar(Robert Pindayk, Daniyel Rubinfeld, V.F.Maksimova) resurslar adolatli taqsimlangandagina eng yuqori samaradorlikka erishish mumkinligini ta’kidlashgan13. Lekin, bozor iqtisodiyoti sharoitida, ya’ni rakobat mavjud bulgan sharoitda, resurslarni adolatli taqsimlash va uni qayta taqsimlash masalasi ancha murakkab jarayon bo’lib, asosiy maqsadga mavjud, cheklangan resurslardan oqilona foydalanishni yo’lga qo’yish orqaligina erishiladi.
Rus olimi N.A.Popov14 samaradorlikni olingan natija bilan ushbu natijani olishda sarflangan xarajatlar nisbati bilan ta’riflaydi. Uning fikricha, iqtisodiy samaradorlik ta’rifidan quyidagi ikki vazifani keltirib chiqarish mumkin: to’g’ri-berilgan xarajatlar darajasida maksimal samaraga erishish (ko’pincha resurslarnig cheklanganligi bilan izohlanadi) va teskari-belgilangan samaraga minimal xarajatlar hisobiga erishish. Har bir korxonada o’z sharoitlaridan kelib chiqib, u yoki bu vazifani yechishlari lozim bo’ladi.
A.Abdug’aniyev «samaradorlik» va «iqtisodiy samaradorlik» tushunchalarini quyidagicha ta’riflaydi: «....«iqtisodiy samaradorlik» tushunchasi «samaradorlik» tushunchasiga nisbatan kengrok mazmunga ega. Iqtisodiy samaradorlikda bir yil davomida(ma’lum davrda) amalga oshirilgan tadbirlar tizimi bilan bog’liq xarajatlar ular natijasida olingan sof foyda summasi bilan taqqoslanadi. Shunda sarflangan xarajatlar evaziga olingan sof foyda miqdori qancha ko’p bo’lsa, iqtisodiy samaradorlik darajasi shuncha oshgan hisoblanadi va aksincha. Samaradorlikni esa u yoki bu tadbirlarni, ishlarni, mahsulotlarni yetishtirish natijasida erishilgan yutuqlar ifodalaydi»15.
Bu kengaytirilgan takror ishlab chiqarish jarayonidagi umumlashtiruvchi ko’rsatkichdir degan ma’noni bildiradi.
Olimlarning samaradorlik tushunchasiga oid yuqoridagi fikrlariga ma’lum darajada qo’shilgan holda quyida o’z tushunchalarimizni beramiz. Samaradorlik bu-aniq maqsadni hal etish uchun ma’lum muddatda (1 yilda) sarflangan moddiy, mehnat, mablag’ shaklidagi xarajatlarning (pul shaklida) 1 so’mi evaziga yaratilgan yalpi ichki maxsulot (mamlakat, majmua, tarmoq miqyosida) va olingan sof foyda (korxona, yo’nalish, mahsulot doirasida) ning inikosidir.
Iqtisodiy samaradorlik darajasi qanday bahodagi resurslar hisobiga iqtisodiy samaraga erishilganligini bildiradi. Samara qancha katta va xarajat shuncha kichkina bo’lsa, ishlab chiqarish iqtisodiy samadorligi shuncha katta bo’ladi va aksincha. Resurslar va iqtisodiy samaradorlik o’rtasida ma’lum bir uzviy aloqa mavjud. Xarajatlar ikki xil bo’lishi mumkin: jonli va buyumlashgan. Jonli mehnat, asosiy va moddiy aylanma vositalarning absolyut miqdori resurslar (xarajatlar) sifatida, ular miqdorining kamayishi va ularni tejash – iqtisodiy samara shaklida ko’rinadi. Yoki boshqacha qilib aytganda, iqtisodiy samaradorlik ta’rifidan ikki asosiy vazifani keltirib chiqarish mumkin: bevosita – ma’lum bir xarajatlar hisobiga maksimal darajada samara olish (ko’pincha resurslarning cheklanganligi bilan ifodalanadi) va bilvosita – belgilangan samaraga minimal xarajatlar bilan erishish.
Qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi iqtisodiy samaradorligining mohiyati, uning mezoni (kriteriyasi) va ko’rsatkichlari orqali ochiladi.
Mezonning ilmiy tushunchasi ma’lum bir belgi, baho o’lchovini ifodalaydigan asosiy sifati, uning muhim xossasidir. Qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi iqtisodiy samaradorligining mezoni jamiyatga kerak bo’lgan yer maydoni birligidan chiqadigan qishloq xo’jaligi mahsulotlarining olinishi va shu bilan bir qatorda ishlab chiqarishning tejamliligi va yuqori sifatini ta’minlash va pirovard natijada resurs birligi hisobiga ko’proq sof mahsulot va sof foyda olishdir.
Ko’rsatilgan mezon qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishining maqsadiga – tarmoq mahsulotiga aholining o’sib borayotgan talabini to’laroq qondirishga javob beradi va uning yutuqlari yo’lini – ishlab chiqarish resurslaridan oqilona foydalanish va intensivlashtirish asosida sistemali ravishda ishlab chiqarishni yuksaltirishni aniqlab beradi. Shu bilan birga bu mezonda qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishining o’ziga xos xususiyati, eng avvalo yer resurslari bilan mustahkam aloqasi aks etadi.
Xalq xo’jaligi samaradorligi oziq-ovqatga bo’lgan iste’molini qondirish, sanoatning xom ashyoga bo’lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, tarmoqni umumdavlat, xalq xo’jalik topshiriqlari va muammolarini hal qilishda moliyaviy hissasi nuqtai nazaridan baholanadi. Tarmoq samaradorligi resurslar potensialidan foydalanishda, xalq xo’jaligining shu tarmog’ida samara (natija) va resurs (xarajat) o’rtasidagi erishilgan nisbatning natijasini aks ettiradi.
Qishloq xo’jaligida samara va resurslarning bosqich darajasiga qarab, ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorligi quyidagi turlarga bo’linadi: qishloq xo’jaligi ishlab chiqarish samaradorligi, davlat, kooperativ korxonalar, ijara kollektivlari, dehqon xo’jaliklari samaradorligi, ayrim qishloq xo’jaligi tarmoqlari va mahsulotlari samaradorligi, alohida ishlab chiqarish resurslari, shuningdek alohida xo’jalik tadbirlari agrotexnik, zootexnik, veterinariya, texnika, iqtisodiy tashkiliy munosabatlar va boshqalarning samaradorligi aniqlanadi.
Davlat va kooperativ korxonalar, ijara jamoalari, dehqon xo’jaligi ishlab chiqarishining samaradorligi korxona darajasidagi samaradorlik bo’lib hisoblanadi. Qishloq xo’jaligi tarmoqlari va alohida mahsulot turlarini ishlab chiqarish samardorligi dehqonchilik, chorvachilik va shu tarmoqlar mahsulotlari – g’alla, paxta, kartoshka, sabzavot, go’sht, sut, tuxum va boshqalarning pirovard iqtisodiy natijalarini xarakterlaydi.
Alohida ishlab chiqarish resurslari bu – yer, suv, mehnat va moddiy resurslar samaradorligidir.
Yangi sharoitda, ishlab chiqarishni intensivlashtirish jarayonida amalga oshiriladigan turli xo’jalik tadbirlarining iqtisodiy samaradorligini aniqlash ancha muhim hisoblanadi. Bunday tadbirlar jumlasiga ekin maydonlarining turli tarkibi, qishloq xo’jaligining yangi navlari, ilg’or texnologiya va alohida agrotexnik tadbirlar (tuproqni ishlash, ekish, hosilni yig’ish va boshqa usullar), hayvonlarning yangi zoti, poda strukturasi, oziqlantirish rasioni va boshqalarning samaradorligi kiradi.
Shu bilan birga, kishilarning iste’molini qondirish darajasi ishlab chiqarilgan mahsulotning faqat miqdoriga emas, balki sifatiga ham bog’liq. Mahsulot sifatini yaxshilash bir tomondan oziq-ovqat mahsulotlari miqdorining ko’payganligini bildirsa, qayta ishlash sanoati uchun qishloq xo’jalik xom-ashyosining sifatining yaxshilanishi aholining turli xil iste’mol buyumlariga bo’lgan talabini to’laroq qondirishga imkoniyat yaratadi.
Demak, qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi iqtisodiy samaradorlik ko’rsatkichlari bir tomondan ishlab chiqarish resurslari va samara(natija) o’rtasidagi nisbatni va boshqa tomondan, joriy ishlab chiqarish xarajatlari bilan natija o’rtasidagi nisbatni ifodalaydi, bu ishlab chiqarish samaradorligining ikkita konsepsiyasini – resurs va xarajat – vujudga keltiradi. Resurs konsepsiyasi – takror ishlab chiqarish jarayonida qo’llanilgan ishlab chiqarish resurslaridan foydalanish samaradorligini, xarajatlar konsepsiyasi – shu resurslarning iste’mol qilingan qismi samaradorligini baholashga imkon beradi. Maqsadga qarab resurs yoki xarajatlar konsepsiyasi yoki ikkalasidan ham bir vaqtda foydalanish mumkin. Resurslar konsepsiyasida ham, xarajatlar konsepsiyasida ham samaradorlikning asosila sof foyda yotali. By haqda rentabellik bobida fikr yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |