Yolg’izlik – bu shaxsning hissiy holatiga ta’sir ko’rsatadigan, odamlardan ayro, o’zgargan sharoitlarda yuzaga keluvchi psixogen omildir. Yolg’izlik holatiga tushib qolgan odamlar darhol atrofdagilar bilan munosabatlarni to’xtatishga harakat qiladilar, muloqotga kirishmaydilar. Bu holat o’tkir hissiy reaksiyani yuzaga kelishiga sabab bo’ladi.
Kuzatishlardan ma’lum bo’lishicha, yolg’iz qolgan odamda xavotirlanish, depressiya holati kuchayadi. Odam yolg’izlikda qanchalik ko’p qolsa, odamlar bilan bo’ladigan muloqotga ehtiyoji shunchalik ortib boraveradi.
Faylasuf, yozuvchi Genri Toro 19 – asrda yolg’izlik muammosiga oid o’z qarashlarini bayon etdi. U yolg’izlikni xudoning visoliga yetish yo’lidagi birinchi qadam deb baholadi. Odam yolg’iz qolar ekan, o’zining diqqat – e’tiborini faqat o’z ichki dunyosini boyitishga, o’z hatti –hatakatini tahlil qilishga qaratadi degan g’oya olg’a suriladi.
Genri Toro yolg’izlikka shaxsni himoyalovchi vosita sifatida qaraydi. “Shaxsni yolg’izlik ruhan, ma’naviy jihatdan boyitib, uni ijtimoiylashuviga xizmat qiladi” deb yozadi u. 2
Yevropalik faylasuf Edmund Gusserl. Kyerkegor qarashlarini yoqlab chiqdi. 19-asrning oxiri 20-asrning boshlarida ijod etgan bu faylasufning fikriga ko’ra, yolg’izlik o’ziga xos alohida holat. Inson ongidan to’xtovsiz o’tib turadigan tasavvurlarning tashqi dunyoga umuman ta'siri yo’q, chunki ong barcha narsalardan tozalangan bo’lishi lozim. Ongdan tashqarida qolgan barcha hodisalar inson ongidan aks etgan tasvirlardir, inson va tashqi dunyo orasida o’tib bo’lmas begonalik va yolg’izlik mavjud deb hisoblaydi olim.
20-asrda Jan Pol Sartr yolg’izlik muammosini o’rganishni o’z ijodining bosh g’oyasi deb e'lon qildi. Sartrning fikricha, "shaxs o’zining anglashga intilar ekan, o’z "Men"idan tashqariga chiqib ketadi, ammo hayot insonga bunday imkoniyat bermaydi" . "Shaxsning ijtimoiy aloqalar jarayonida o’z umid va ishonchini yo’qotadi. Yolg’izlik hissi inson turmush -tarzining asosini tashkil etadi, deb ta'kidlaydi Sartr.
Inson o’z ongida, hayolida yolg’izlik hissini tuyadi, tanho qolishdan qo’rqadi. B.Miyuskovichning fikricha yolg’izlik kasallik emas, tibbiy jihatdan ham, ijtimoiy jihatdan ham yolg’izlik insonning ichki dunyosida, ruxiy holatida mavjud.
"Psixologik yolg’izlik o’z istagiga binoan muloqotga kirishmaslik, o’z shaxsiga bo’lgan ichki bir achinish, insoniy munosabatlardan qochish ko’rinishida bo’ladi. Bunday holatga tushgan odamlarda kamfaollik, holsizlik, depressiya holati kuzatiladi”.3
Yuqorida fikrlari, qarashlari keltirilgan olimlar o’z ilmiy asarlarida yolg’izlik fenomenini inson hayotidagi salbiy hodisa deb baholaydilar. Mazkur olimlar yolg’izlikni iqtisodiy munosabat sharoitida hissiy, ijtimoiy cheklanganlik holati bilan bog’liq holda tahlil qiladilar.
Mustaskas o’zining "Yolg’izlik" kitobida "inson olg’a borar ekan, o’z qobiliyatlarini namoyon etishga, ko’kka intilishga harakat qiladi. Inson yolg’izlikda qolar ekan, o’z ichki dunyosi bilan yashaydi" deb yozadi. Mustaskas, yolg’izlik inson uchun salbiy holat, ayni damda ijod qilish uchun sharoit yaratadi, deb ta'rif beradi. 20-asrda yolg’izlik muammosiga falsafiy yondashuvlar ijtimoiy, psixologik xarakter kasb etdi. 20-asrda, xususan harbiy davlatlarda insoniy munosabatlar shaxsning individualligi ta'siri ostida taraqqiy etadi, degan umumiy fikr paydo bo’ldi. Shunday bo’lsada yolg’izlik tushunchasi doimiy ravishda rivojlanib bordi. Individning muloqotga kirisha olmasligi ko’pincha ijtimoiy munosabatlarga o’z salbiy ta'sirini ko’rsatadi. Doimiy ravishda yolg’iz qolish insonni turmush tarziga, hayotdagi salbiy vaziyatlarga sabab bo’lishi mumkin.
Yolg’izlik - ichki hayotning paydo bo’lish oqibatida yuz beradigan tabiiy hodisadir. Yolg’iz qolish insonga o’z fikrlari, hissiyotlari ustida o’ylash, o’z-o’zini tahlil qilish, refleksatsiya uchun yordam beradi. U barqaror ijtimoiy munosabatlar, o’z-o’zidan rozilik, o’z-o’zini hurmat qilish bilan birga kechishi mumkin. Biroq yolg’izlik destruktiv xarakterga ham ega bo’lishi, insonning o’z-o’zidan noroziligiga, o’zidan nafratlanishiga, o’z shaxsiga salbiy baho berishiga sabab bo’lishi mumkin. O’ziga bo’lgan hurmatning pastligi nizoga, boshqalarga nisbatan ishonchsizlikka moyillik bilan ko’pincha korrelyatsiyalanadi. Insonning o’ziga bo’lgan hurmati qanchalik past bo’lsa, uning yolg’izlikdan azoblanayotganligining ehtimoli shunchalik yuqori bo’ladi. Bu holat atrofdagilar bilan bo’lgan emotsional aloqalarning uzilib qolganlgi yoki mavjud emasligi, bunday aloqalarni o’rnata olmaslik, tengdoshlar jamoasi bilan bo’lgan munosabatlarning buzilganligi, birovga bog’lanib qolish va birovni yaxshi ko’rib qolishga qodir emaslikda namoyon bo’ladi.
Bregg o’z tadqiqotlarida aniqlashicha, yolg’izlikni har doim ham depressiya bilan bog’lash to’g’ri emas. Ezilgan va yolg’iz insonlar o’z hayotining nafaqat ijtimoiy , balki ijtimoiy bo’lmagan jihatlaridan ham ko’gillari to’lmasligi mumkin. Ezilganlikni his qilmaydigan yolg’izlar esa faqat ijtimoiy qoniqmaslikdan aziyat chekadilar. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, depressiyaning sababi faqat yolg’izlik emas. Biroq yolg’izlikdan depressiyaga o’tish osonligini payqamaslik mumkin emas. Ijtimoiy aloqalarning yo’qolishi yoki kamligida o’zini ayblayotgan kishida asta-sekin depressiya shakllanib boradi. Yolg’izlik va depressiya bir-biri bilan uzviy bog’liqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |